“Atirgullar ochdi chiroy”, "Bolayik birge", "Ezizim" – xalqlarni birlashtirgan oʻzbek qoʻshigʻi


Saqlash
22:52 / 29.11.2021 3173 0

“Masxaraboz” filmi saundtreki boʻlgan “Atirgullar ochdi chiroy” qoʻshigʻini 2014-yili xonandalar Jasurbek Jabborov va Dilnoza Akbarova “Azizim” nomi bilan qayta kuylagach, nafaqat respublikamiz boʻylab, balki xorijda ham ommalashib ketdi. Klip birgina “YouTube” tarmogʻi oʻzbek sigmentidagi eng yirik musiqiy portal –“RizaNova.uz«da ayni vaqtga qadar 22 milliondan ortiq koʻrilgan, 5000 ga yaqin izoh yozilgan. Ularning orasida turli millat vakillarining oʻzbek sanʼatini behad yaxshi koʻrishi haqidagi eʼtiroflari, minnatdorlik izhorlarini koʻplab uchratish mumkin. “Oyina.uz” tahririyati ushbu qoʻshiqning yaratilish tarixi va internetda keng tarqalishi tafsilotlarini oʻrgandi.

 

 

Qoʻshiq internet olamida ommalasha boshlagach, 2016-yili qozogʻistonlik mashhur xonandalar Quandiq Rahim va Albina Shardarova qozoqchaga tarjima qilib, «Bolayik birge» nomida ijro etishdi. Buning uchun bastakor Mirhalil Mahmudovdan ruxsat soʻrashgan. Soʻzlari sezilarli oʻzgargan. Qiziqarlisi, klip Oʻzbekistonda suratga olingan. Yangicha talqin qozogʻistonliklar tomonidan iliq kutib olinib, ijrochilarga mashhurlik keltirdi.

 

 

Taronaning sayohati Qirgʻizistonda davom etdi. Nurlan Nasip va Samara Karimova qoʻshiqni oʻzbekchadan emas, qozoqchadan tarjima qilib, yangi asar deya muxlislarga havola etgan. Ammo qirgʻizlar qoʻshiqning aslidan xabardor boʻlgani bois soʻzlari oʻzgarganidan norozi boʻlishadi. Shundan keyin qoʻshiq rostdan ham original emasligini tan olishdan boshqa iloj qolmadi.

 

«Bu qoʻshiq bir necha tillarda kuylangan ekan. Uning boshlanishi Hindistondan kelgan, deyishadi. Lekin men hind tilidagi variantini uchratmadim. Oʻzbekchasini, qozoqchasini eshitdim. Juda yaxshi kuylashibdi. Menga bu qoʻshiqni aytishni Nurlan Nasip taklif qildi», degan Samara Karimova.

 

 

Ikki yil avval ijtimoiy tarmoqlarda hindcha ijro ham keng tarqalgan edi. Duetdoshlar kelin-kuyov boʻlib, “Azizim” toʻy qoʻshigʻi sifatida maxsus kuylangan.

 

 

Dunyo boʻylab shu qadar shuhrat qozongan qoʻshiqning sheʼri muallifi kim? 1994-1996-yillari suratga olingan “Masxaraboz” filmi ssenarist va rejissyori Sharof Boshbekov, saundtrekni Kozim Qayumov va Zaynab Mirzatillayeva ijro etgan.

 

Yangicha talqin ijrolaridan biri, “Nihol” mukofoti sovrindori Dilnoza Akbarova bilan bogʻlanishning iloji boʻlmadi. Prodyusseri Nurbek Majidov aslida ushbu qoʻshiqni qayta kuylash uning gʻoyasi ekani va Kozim Qayumovdan, Zaynab Mirzatillayevaning farzandlaridan, keyinroq Mirhalil Mahmudovdan ruxsat olganini taʼkidladi:

 

– Qoʻshiqni bolaligimdan yaxshi koʻrib takrorlab yurardim. Qayta kuylash gʻoyasini aytganimda avvaliga xonandalar unashmadi. Keyin ovoz yozish jarayonida oʻzlari ham yoqtirib qolishdi. Chin yurakdan kuylashdi. Ahliyor Azimov qayta sayqal bergach, qoʻshiqning jozibasi yanayam oshdi. Klip suratga olib, ijtimoiy tarmoqlarga qoʻyganimizdan soʻng qozoq, qirgʻiz, uygʻur, ozor qardoshlarimiz kuylay boshladi. Bilasizmi, ular bu qoʻshiqni davlat tadbirlarida muntazam ijro etadigan boʻlishgan. Ammo oʻzimizdagi rasmiy marosimlarda biz emas, boshqalar aytib keldi. Shu yil Navroʻz bayramidagina Dilnoza Akbarova kuyladi. Qoʻshiq qoʻshni davlatlarda bir necha mukofotlarga sazovor boʻldi, konsertlarda qirgʻizlar bilan birga kuylandi. Kozim aka qoʻshiqni qayta aytishimizga qarshi boʻlmagan. Aksincha, “Kino ichida qolib ketgandi, sizlar filmdan tashqariga olib chiqdingiz. Endi oʻsha qoʻshiqni kuylab berishni mendan ham soʻray boshlashdi”, deb aytgan. Bu men uchun juda quvonchli gap, aslida. “Azizim” ommalasha boshlagach, Mirhalil akadan ham ruxsat oldim, kech soʻraganimizga biroz xafa boʻldilar, albatta. Ammo Sharof aka bilan gaplashishga biroz iymandim. Ammo borib, uzrimni aytib, duosini olish niyatim bor, – dedi Nurbek Majidov.

 

Shundan soʻng “Oyina.uz” tahririyati Sharof Boshbekov bilan bogʻlanib, saundtrekning yaratilish tarixi haqida surishtirdi:

 

– Qoʻshiq matni muallifi men emasman. Film ssenariysi va undagi yana bir saundtrek – “Yigʻlamayman”ning soʻzi menga tegishli. “Atirgullar ochdi chiroy” esa Azim Suyun qalamiga mansub. Shoirga ssenariyni berib, maxsus sheʼr bitishini soʻragandim. Juda tez, bir-ikki haftada yozib kelgani yodimda. Keyin Mirhalil unga musiqa bastaladi. Shu tariqa yangi qoʻshiq yaratildi. Bugun chet ellarda ham mashhurligidan xabarim bor, yangi talqinini Dilnoza Akbarova yaxshi aytgan, – dedi Sharof Boshbekov.

 

 

“Atirgullar ochdi chiroy” (“Azizim”) oʻzbek, qozoq, qirgʻiz, uygʻur, ozor kabi oʻnga yaqin tillarda kuylandi. Barcha ijrolar oʻz davlatida tinglovchilar mehriga sazovor boʻlib, oʻzbek sanʼatini dunyoga tanitishga hissa qoʻshdi. Ijtimoiy tarmoqlarda ushbu qoʻshiq sabab Oʻzbekistonni koʻrish istagi uygʻongani haqidagi izohlarni koʻplab uchratish mumkin. Tinglovchilarning munosabatlarini oʻqib, xalqlar oʻrtasidagi doʻstlik rishtalarini mustahkamlashda sanʼatdan oʻtadigani yoʻq, degan eski haqiqatga yana bir karra amin boʻlasiz.

 

Liliya Guseva: Чарующая песня согревает душу в заснеженной Москве, напоминая о родном крае!  (Jozibali qoʻshiq qorli Moskvada qalbni isitadi, bizga ona yurtimizni eslatadi)

 

Жаңабай Төлеуіш: Отличная песня. Оригинал. Узбекский язык – это язык СЕРДЦО и Доброты. Рахмет. (Ajoyib qoʻshiq. Betakror. Oʻzbek tili bu – qalb va ezgulik tili. Rahmat.)

 

Анара Асылханова: Горячий привет из Казахстана солнечному народу Узбекистана. Красивая песня. Дильноза передала всю красоту Узбеков (Qozogʻistondan quyoshli Oʻzbekiston xalqiga qaynoq salomlar. Goʻzal qoʻshiq. Dilnoza oʻzbeklarning butun goʻzalligini yetkazgan).

 

Aizada Kuralbekova: Сколько нежности 😍😍😍. Узбекский язык похож на Казахский, я без перевода поняла текст песни (Qanchalar yoqimli. Oʻzbek tili qozoq tiliga oʻxshaydi. Qoʻshiq matnini tarjimasiz tushundim).

 

Раиса Халитова: В Дагестане тоже любят вашу музыку. Здесь тоже живут народности тюркской группы(Dogʻistonda ham qoʻshiqlaringizni yaxshi koʻrishadi. Bu yerda ham turkiylar yashaydi).

 

Zuhra Nurutdinova: Узбекския язык похож на наш кумыкский, очень мелодичный...⚘⚘⚘ (Oʻzbek tili bizning qoʻmiq tiliga oʻxshaydi. Juda ohangdor)

 

FiKa Music: Я из Болгарии. Эта песня моя любимая, и я слушаю ее с большим удовольствием! (Men Bolgariyadanman. Bu mening sevimli qoʻshigʻim. Oʻzgacha zavq bilan tinglayman)

 

Javid Huseyn: Очень красивая песня, исполнители супер. Большое спасибо. Привет из Азербайджана (Juda chiroyli qoʻshiq, ijrochilar ajoyib. Ming rahmat. Ozarboyjondan salom).

 

Möminə Mömin: Türk soyunun bütün dilləri belə şirin, mahnıları da ürəyə yatandır. Alqışlar özbək türklərinə və Türk soylarına 🤟. Mahnı superrr (Turkiy qavmning barcha tillari shirin, qoʻshiqlari ham yurakka xush yoqadi. Oʻzbek turklariga va turkiy xalqlarga olqishlar boʻlsin. Qoʻshiq ajoyib!).

 

Feruza XAYRULLAYEVA,

"Oyina.uz" muxbiri

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

So‘nggi maqolalar

Barchasi

Adabiyot

16:11 / 22.11.2024 0 79
Maktab amma

Adabiyot

15:11 / 20.11.2024 0 270
Abdulla Qodiriy – o‘zbek detektivi asoschisi





Ko‘p o‘qilgan

Barchasi

San’at

16:08 / 28.08.2021 8 22083
Dunyoning eng mashhur va qadimiy besh muzeyi

//