General Jo‘rabekning qotili kim?


Saqlash
22:22 / 29.10.2024 812 0

Abdulla Qodiriy hazratlari bir maqolasida ahvolotini ushbu mazmunda bayon qiladi: “Yurt buzilgan zamonlarda yashash peshonasiga yozilganlar taqdiri shunday kechishi tabiiy – orzulari armonga, yorug‘ kunlari qora tunlarga, haq aytmishlari bo‘htonlarga aylangan, aylantirilgan bandalarga oson tutmang!..”

 

Birinchi o‘zbek generali, jadid harakatining faol a’zolaridan bo‘lmish Jo‘rabek Qalandar qori o‘g‘li 1906-yilning yanvarida Toshkentning Qorasuv dahasidagi dalahovlisida vahshiylarcha o‘ldirilgan. O‘shanda u 66 yoshda edi.

 

General Jo‘rabekning hayoti jangi jadallar, murakkab va ziddiyatli voqealar, fojialar ichida kechgan desak yanglishmaymiz. Ul adoqsiz ko‘rgiliklar, so‘ngsiz iztiroblar uchun kim javob beradi? Ne tongki, erksevar va ma’rifatparvar bobomizning muborak xoki qayerda ekani-da ma’lum emas.

 

Manglayiga qaltis zamonlarda yashamoq bitilgan jo‘mard zotning ayanchli taqdiriga doir manbalar ko‘p, ammo aksari chala-yarim, mavhum va mubham. Haqiqatning ildiziga yetaman desangiz, qarama-qarshi fikrlar girdobi sizni domiga tortib ketadi.

 

Nihoyat, bir necha o‘n yillar mobaynidagi izlanishlarimiz hosilasi o‘laroq “General Jo‘rabek: davr va qismat” degan kitob yozib tugallandi. Qimmatli manbalar, tarixiy ma’lumotlarni (qo‘limiz yetmog‘i mushkul bo‘lgan maxfiy manbalar mavjudligini inkor qilmaymiz) o‘rganish, tahlil qilish, o‘tmishga yangi zamon nuqtai nazari ila qarash, “ulug‘ og‘alar” bitgan yolg‘on­yashiq tarixning sarasini sarakka, puchagini puchakka chiqarish istagi bosh maqsadimiz bo‘ldi.

 

Armonli, alamli zamonlar ortda qoldi. Endi o‘tmish xatolaridan oqilona saboq chiqarmoq va haqqoniy xulosa qilmoqqa shoshilaylik. Shunday ezgu niyatlar ila sevimli jurnalimiz mushtariylari hukmiga yangi kitobdan bir bobni havola etmoqdamiz.

 

Mudhish tun

 

O‘sha yili Toshkentga qor har yilgidan ko‘proq yoqqan, havo sovuqligidan erib bitmas, yurganda etik ostida g‘ijirlab ajib saslar berar, ayniqsa, tunda ko‘chada ketayotgan odamning qadam tovushini bir chaqirimdan eshitish mumkin edi.

 

Egniga qoratus qalin matodan tikilgan ovrupocha palto kiygan, mo‘yna telpagini qoshigacha bostirgan, payg‘ambar yoshidan oshib ketgan bo‘lsa-da, haliyam gavdasi tik, qadamlari zalvarli odam xufton mahali Eskishaharda o‘tgan ixcham mashvaratdan uyiga qaytayotgan edi. U o‘sha kuni ertalab vaqtli yig‘inga jo‘narkan, ostonada devorga ilinib turgan beqasam to‘niga bir qur nazar tashlagan, bir xayoli paltoni yechib, to‘nni yelkasiga ilmoqchi ham bo‘lgan edi. Ammo chor ma’murlari-yu son-sanoqsiz ayg‘oqchilar birinchi navbatda shaharda to‘n kiygan odamlarga e’tibor qaratishini o‘ylab, fikridan qaytdi. Harqalay tashqi ko‘rinishi ovrupolikka o‘xshaydi. O‘zimizniki deb e’tibor berishmas, manzilga xavotirsiz yetib olarman, deb o‘ylagan. Aslida uni, necha kunki, qattiq kuzatayotganlarini qaydan ham bilsin?

 

 

Ayoli ilhaq bo‘lib o‘tirgandir. Hovli to‘ridagi xonada alohida yashaydigan jiyani Usmon ham hamisha sergak holda tog‘asi kelishini kutadi, o‘tgan kun haqidagi gurungini eshitmaguncha uxlamaydi; hozir ham darvoza ochilishiga quloq solib yo‘lini poylayotgandir. Lekin vaqt qora xuftonga og‘ib ketgani bois uydagilarni uyg‘otib yubormaslik uchun eshikni ochayotganda ovoz chiqarmaslikka harakat qildi. Dahlizga qadam qo‘ydi-yu ikki sharpaga ko‘zi tushdi. G‘ira-shirada talmovsirab turgan bu kimsalar negadir yuzlariga niqob taqib olgan edi.

 

Jo‘rabekni bir lahzagina g‘aflat bosdi shekilli, qo‘ynidagi to‘pponchasini olgani harakat qilmadi. Bu kimsalar kunda-kunora uyiga uni qora tortib kelib, o‘z muammolarini dasturxon qiladigan arzgo‘ylardir, degan xayolga ham bordi. Yuzidagi niqobni ham ko‘chadan kelayotganida o‘zini tanitmaslik uchun taqqandir, deb o‘yladi.

 

Ikki notanish kimsa go‘yo uy egasiga peshvoz chiqib, salom bermoqchidek gavdasini oldinga tashladi. Oradagi masofa ikki qadam qolganida Jo‘rabek ulardan biri eski paltosi baridan allanimani ildam sug‘urib olganini ko‘rdi. Dahlizning ochiq eshigidan kirgan xira nurda nimadir yaltirab ketgandek bo‘ldi. Ikkinchisi uning yon tomoniga o‘tmoqchi bo‘lgan choqda sherigi qo‘lidagi narsani baland ko‘tardi. Ana shu oniy lahzada niqobli nusxaning qo‘lidagi bolta ekanini ko‘rdi-yu bir qadam ortga chekindi.

 

U yog‘i devor edi...

 

Qotillar aniq, buyurtmachilar-chi?

 

Rus armiyasining iste’fodagi generali Jo‘rabekning tunda o‘ldirib ketilishi katta shov-shuvga sabab bo‘ldi. Toshkentda chop qilingan gazetalar bu haqda shoshilinch xabarlar berdi. Ma’rifatparvar insonlarning hamdardlik nomalari e’lon qilindi.

 

Jo‘rabek Qalandar qori o‘g‘lining janozasiga yig‘ilgan tumonat odamni Qorasuv dahasi ko‘chalari sig‘dira olmay qoldi. U o‘zining dalahovlisiga dafn qilindi. Keyinchalik yaqinlari va unga ixlosi baland odamlar o‘zini shu qabr yoniga qo‘yishlarini sharaf deb bildi. Oradan o‘n besh yil o‘tgach esa, mard vatanparvarning so‘nggi manzili katta qabristonga aylanib ketadi...

 

Mahalliy nashrlar qotillikda gumondor sifatida uch shaxs hibsga olingani haqida yozgan. Jumladan, “Turkiston viloyatining gazeti”da (1906-yil 6-fevral) quyidagi ma’lumot berilgan: “Marhum general Jo‘rabekni o‘ldurg‘on bosmachilar ichida uch nafari topilib, mahbus bo‘linibdur. Chunonchi, bir armani Nerses Osipov, ikkinchisi Buxoroga tobe Jo‘raboy Ortiqboy o‘g‘li, uchinchisi Samarqand shahrining fuqarosi Qodir Xudoyberdi o‘g‘lidur”.

 

Taniqli adib Nabijon Boqiy 1988-yil “Yoshlik” jurnalida chop etilgan “General Jo‘rabekni kim o‘ldirgan?” sarlavhali maqolasida ilk bora ushbu qotillik buyurtmachilarini topish bilan bog‘liq turli taxminlarni o‘rtaga tashlaydi. Unda “Туркестанские ведомости” gazetasida o‘sha vaqtda bosilgan maqoladan iqtibos keltirilgan: “Marhumning dushmanlari yo‘q edi. Shubhasizki, qotillik talonchilik maqsadida sodir etilgan: general Jo‘rabek janobi oliylari Buxoro amiriga ajoyib bog‘ini ijaraga bergani uchun kuni kecha bir necha ming so‘m pul olgan edi. Jinoyatchilar javondagi barcha buyumlarini, yozuv stoli g‘aladonlarini, garderobni ag‘dar-to‘ntar qilib tashlashibdi, lekin, chamasi, faqat pullarini o‘g‘irlab ketishibdi. Qimmatbaho buyumlarga, jumladan, javonda turgan o‘qlanmagan to‘pponchaga (hozirgi zamonda qimmatbaho hisoblanadigan ashyo) qo‘l tekkizilmagan...”

 

Turkiston general-gubernatorligining rasmiy nashrida chop etilgan maqolaning e’tiborni tortadigan tomoni shuki, atayin bo‘lsa kerak, Buxoro amirligi eslanmoqda. Chor ma’murlari Jo‘rabek amir bilan hech qachon kelisha olmaganini yaxshi biladi. Bog‘ ijarasi kim tomonidan taklif qilindi va Jo‘rabek nega bunga rozi bo‘ldi, degan savolning javobini endi izlash befoyda. Agarda haqiqatan ham bir kun oldin amir ijara uchun pul bergan bo‘lsa, buni bilganlar hali Toshkentda bo‘lishi kerak emasmidi? Ana o‘shalarning o‘zi qotil yollamadimikan?

 

Xulosa qilmoqqa shoshmaylik, fursati bilan tafsilotlarga o‘tamiz.

 

Endi N.Boqiy o‘z maqolasida o‘rtaga tashlagan yana bir taxminni ko‘rib chiqamiz. Muallif yozadi: “Rasmiy hujjatlarda generalni chakana o‘g‘rilar o‘ldirdi, deb qayd etilgan. Lekin, o‘sha kezlardagi siyosiy vaziyatni nazarda tutsak, general Jo‘rabek tasodif tufayli halok bo‘lganiga ishonish qiyin: u milliy qasoskorlar tomonidan inqilob nomi bilan qatl qilingan bo‘lishi mumkin”.

 

Adib talqinini shunchaki faraz deb qabul qilgan holda bunga qo‘shila olmaymiz. Birinchidan, Jo‘rabek chor armiyasi bilan Qo‘qon xonligini bosib olishda ishtirok etgan, xolos. Bunda ham balki Xudoyorxonga nisbatan qasosi borligi uchundir, u yog‘ini Xudo biladi. O‘shanda birorta harbiy nishon olmagani uning janglarda qanday urushganini ko‘rsatadi. Yana bir marta, ya’ni 1880-yillarda ruslarga qarshi vodiyda ko‘tarilgan qo‘zg‘olonni bostirishda qatnashgani aytiladi, ammo yana taqdirlanmaydi.

 

Unga ilk harbiy orden yangi tayinlangan general-gubernator Mixail Chernyayevga muxolifligi, uning ustidan oqpodshoga qadar norozilik xatlari yozgach, Chernyayev Peterburgga chaqirib olinganidan keyingina beriladi. Bu aslida mahalliy aholi orasida katta obro‘ga ega shaxsni tan olish edi. Qolaversa, Jo‘rabek o‘sha ikki yurishda qatnashganidan buyon chorak asrcha vaqt o‘tgan edi.

 

Chor Rusiyasidagi beqaror vaziyat: rus – yapon urushi, birinchi inqilobiy chiqishlardan so‘ng Jo‘rabek o‘lkani ozod qilish uchun fursat pishib yetildi degan o‘yda aholi orasida mustamlakachilarga qarshi norozilik kayfiyatini uyg‘otish harakatiga tushgan edi. O‘z uyida bu masalada to‘rt marta yashirin yig‘ilish o‘tkazgani ma’murlarga yetkazilgan chaquvlarda aks etgan.

 

Afsuski, qo‘lga olingan uch nafar qotil ustidan yuritilgan tergov harakatlari bayoni, ayblov xulosasi va sud jarayoni muhokamalari matbuotda ochiqlanmagan. Ustiga-ustak, hujjatlar arxivlarda ham saqlanib qolmagan. Bu esa qotillar tergov va sud jarayonida haqiqiy buyurtmachilar kimligi haqida “gullab” qo‘ymadimikan, degan mulohazaga undaydi.

 

“Turkiston viloyatining gazeti” xabarida yana bir shubhali o‘rin bor: “uch nafari...”. Nima, qotillar ko‘pchilikmidi?

 

Qotillar orasida Buxoro amirligiga tobe shaxs bo‘lganini tushunamiz. Lekin birinchi bo‘lib eslatilgan armani Nerses Osipov kimning odami o‘zi degan savol tug‘iladi.

 

Shu o‘rinda chor ma’murlari (keyinchalik sho‘rolar ham) boshqa xalqlarni itoatda tutib turishda o‘zga millat vakillaridan foydalangani masalasiga to‘xtalsak. “Дашнокцутюн” millatchi partiyasining bosh maqsadi turkiy xalqlardan qasos olish bo‘lgan. Buni yaxshi bilgan chor hukumati, O‘rta Osiyoni zabt etarkan, mahalliy millat oydinlarini doimo qo‘rquvda ushlab turish uchun aynan ushbu millatchilardan foydalangan bo‘lishi ehtimoli katta. Qizig‘i, ular asl ism-familiyasini o‘zgartirgan va mahalliy xalq orasiga singib ketgan.

 

Esingizdami, Turkiston ozodligi harakatida faol qatnashgan Usmonli sarkardasi Anvar poshoni ham unga yordamchilik qilib yurgan kimsa o‘ldiradi. G‘irt musulmoncha ism-sharifli va yana islom farzlarini bekam-u ko‘st bajarib yurgan bu qotil chekistlarning ayg‘oqchisi, dashnoq bo‘lib chiqadi.

 

1918-yili Qo‘qon muxtoriyatini tugatishda sho‘rolar aynan dashnoqlardan foydalangani, ular o‘n mingdan ortiq tinch aholini qirg‘in qilgani ham tarixdan ma’lum.

 

General Jo‘rabekning qotillari orasida birinchi bo‘lib zikr qilingan o‘sha Nerses Osipov marhum xonadoniga talonchilik uchun kelmagani aniq. Chorizm va sho‘rolar davrida bu millat mansublari boshqalarga qaraganda to‘q va farovon yashaganini bilamiz.

 

Yana buxorolik, samarqandlik va yashash manzili tayinsiz shaxs birgalikda qotillik rejasini tuzgani shubhali. Balki, Nerses Osipov ikkovlonni “generalning uyida pul ko‘pligi”ga ishontirgandir? Bosh qotilning yordamchilari bo‘lgan mahalliy millat vakillari unga ishongan, u tuzgan rejaga uchgan bo‘lishi ham mumkin. Ehtimol, qotillik siyosiy asosga ega emas deb o‘ylashlari uchun generalning uyidan pul olingandir?!

 

Aynan Nerses Osipov qotillar boshlig‘i bo‘lgani general Jo‘rabek chor ma’murlari tomonidan o‘ldirildi, degan taxmin haqiqatga yaqinligini tasdiqlaydi.

 

“Turkiston viloyatining gazeti”da bosilgan “faqat uch nafar qotillikka aloqador shaxs ushlangani” haqidagi xabar Jo‘rabekning yaqinlarini befarq qoldirmagan. Ular barcha qotillar va ularning buyurtmachilari topilishini istagan. Marhumning rafiqasi Iqlimbibi va o‘g‘li Olloqulibek bu masalada Turkiston general-gubernatori nomiga bir necha marta arz qilgan, ammo murojaatlar javobsiz qoldirilgan. Bu ham ko‘ngildagi shubhalarimizni kuchaytiradigan jumboqdir.

 

Ta’ziyanoma ortidagi sir

 

Туркестанские ведомости” gazetasining 1906-yil 17-sonida Jo‘rabekning o‘limi munosabati bilan ta’ziyanoma chop qilingan. Unda general-mayor Jo‘rabekning Kitob begi bo‘lgani, so‘ng “chor ma’murlari xizmatiga o‘tgani va sadoqat ko‘rsatgani” badiiy bo‘yoqlarda tasvirlangan. Asosiy urg‘u Jo‘rabekning Mixail Skobelev qo‘shini safida Qo‘qon xonligini tugatishdagi ishtirokiga berilib, “uning otryadi Andijonni qo‘lga kiritishda Mahram qishlog‘i yonida “jasorat ko‘rsatgani” va bu “xizmatlari uchun podsho oliy hazratlari Jo‘rabekka polkovnik unvoni bergani” qayd etiladi.

 

Shu yerda bir zum tin olib, tarixiy sanalarga aniqlik kiritib ketamiz. Ta’ziyanoma mualliflari Jo‘rabek Andijonni olish uchun Mahram qishlog‘idagi janglarda jasorat ko‘rsatdi, shuning uchun podsho tomonidan harbiy unvonga loyiq ko‘rildi, deyapti. Mazkur jang 1876-yil 1-oktyabrda bo‘lib o‘tgan, Jo‘rabekka polkovnik unvoni esa 1882-yili berilgan. Uning “jasorati”, nahotki, oradan olti yil o‘tgach eslariga tushib qolgan bo‘lsa?

 

Ta’ziyanomaning yana bir joyida Jo‘rabekning 1880-yillari Farg‘onada ro‘y bergan to‘polonlarni tinchitishda jonbozlik ko‘rsatgani, ayni shu xizmatlari uchun polkovnik unvoniga sazovor bo‘lgani aytilgan. Qaysi biriga ishonish kerak? Umuman, o‘sha “Farg‘ona to‘polonlari” (ta’ziyanomada o‘rischa “смута” deyilgan) qanday voqea o‘zi? Aniq qaysi sanada ro‘y bergan? Mavhumlik ochiqlanmagani ortida ham qandaydir sir bor. Bu vaqti kelganida Jo‘rabekka “o‘z xalqiga qarshi kurashdi” degan tamg‘ani bosish uchun o‘ylab topilgandek tuyuladi.

 

Ta’ziyanomada Jo‘rabek “xalq qo‘zg‘olonlarini bostirishda faol qatnashgani” iddao qilinsa-da, uning mualliflari bir narsani unutgandek. Gap shundaki, 1882-yil 24-iyunda Toshkentda tarixga “Vabo isyoni” nomi bilan kirgan qo‘zg‘olon ro‘y beradi. O‘sha yili bahor adog‘ida shaharda vabo tarqaladi. Chor ma’murlari vaboga qarshi bir qator chora-tadbir belgilab, ularning ijrosiga mahalla-mavzelardagi oqsoqollarni mas’ul qilib tayinlaydi. O‘shanda Matyoqub oqsoqol degan kishi adolatsizlikka yo‘l qo‘yib, shahar ma’muriyati ajratgan pulni o‘z tanishlariga berib yuboradi, dori-darmon tarqatishda ham xolis bo‘lmaydi. Xastalik keng yoyilib, odamlar “Vabodan o‘lgandan ko‘ra, adolat uchun kurashib o‘laylik!” deya uyushgan holda qo‘zg‘aladi. 600 nafardan ortiq isyonchi politsiya boshqarmasiga borib, shahar boshlig‘i Putinsevdan Matyoqub oqsoqolni topib berishni talab qiladi. Mahalladoshlari g‘azabiga uchrashdan qo‘rqqan oqsoqol politsiya mahkamasiga yashiringan edi.

 

Putinsev xalq talabini rad etadi, shundan so‘ng g‘azablangan isyonchilar uni kaltaklay boshlaydi. Bu orada kazak otliqlari kelayotgani xabari yetib, qo‘zg‘olonchilarning bir guruhi Matyoqub oqsoqolning uyiga boradi va uning mol-mulkini vayron qiladi. Isyon kattalashishidan qo‘rqqan general Grodekov qo‘shin bilan ularning ortidan boradi va qurolsiz xalqqa o‘q uzishni buyuradi. Otishmada 10 kishi halok bo‘ladi. Askarlar qurolsiz kishilarni do‘pposlab, anhorga uloqtiradi. Keyinchalik anhordan 80 kishining o‘ligi topiladi. Kechqurun isyonchilar yana to‘planadi va Matyoqub oqsoqolning qolgan imoratlarini vayronaga aylantirib, katta bog‘ini tamom payhon qilib tashlaydi. Qo‘zg‘olon ertasi kuni kazak otliqlari yordamida bostiriladi. 60 kishi sudga tortilib, ulardan 8 nafari o‘limga, 17 kishi mahbuslik rotalariga hukm qilinadi. Keyinroq shaharning taniqli kishilari talabi bilan o‘lim hukmi surgunga almashtiriladi. Talabnomani general-gubernatorga shaxsan Jo‘rabek olib boradi.

 

Bu ma’lumotni nega keltiryapmiz? Chor ma’murlari Jo‘rabekning tarjimai holini soxtalashtirar ekan, uni “xalq qo‘zg‘olonlarini shafqatsiz bostiruvchi” sifatida ko‘rsatishga uringan. Mahalliy xalq vakili sifatida Jo‘rabek necha yuz chaqirim uzoqdagi qo‘zg‘olonni bostirishga yuborilgan ekan, nega unda besh qadam joy, shundoqqina shahar ma’muriyati burni ostidagi g‘alayonni tinchitishda undan foydalanishmadi? Axir, isyonchilar shahar politsiya idorasini qamal qilganda boshqarma yonginasidagi general-gubernatorlik mahkamasida Jo‘rabek ishlab o‘tirgan edi-ku!

 

Bilmadik, balki vaziyat jiddiylashib ketishidan hadiksiragan bosqinchilar shunday iltimos bilan Jo‘rabek yoniga kelgandir. U rozi bo‘lmay, “o‘zlari pishirgan oshni o‘zlari ichishlari kerakligi”ni aytgandir... Bu haqda rasmiy hujjatlar sukut saqlaydi.

 

Yana ta’ziyanomaga qaytamiz. Uning teng yarmi “Jo‘rabekning chorizmga xizmatlari, ofitser qasamiga hamisha sodiq bo‘lgani, unda rus ziyolilariga xos xislatlar namoyonligi” kabilardan iborat. Hatto “u umri oxirigacha chorizm siyosatini yoqlab, o‘z xalqi tinch va farovon yashashi uchun harakat qildi” degan jumlalar ham tiqishtirilgan.

 

Ta’ziyanoma Toshkentdagi chor ma’muriyati tomonidan puxta o‘ylab tayyorlangani aniq. Undagi asosiy urg‘u qotillikda chor ma’murlarining mutlaqo aloqasi yo‘q, degan xulosani aniq ko‘rsatib turibdi. Nekrologda Jo‘rabek iste’foga chiqqach, umrining so‘ngida chorizm siyosatiga qarshi turgani, birinchi rus inqilobi davrida namoyishlarda qatnashgani, uyida yashirin yig‘inlar o‘tkazgani, chor siyosatini mo‘g‘ullar yuritgan siyosat bilan tenglashtirib, bu haqda rus olimlariga hech ikkilanmay, qo‘rqmay gapirgani haqida bir og‘iz jumla yo‘q. Ha, bunday ma’lumotlarni ta’ziyanomaga qo‘shib bo‘lmasligini uni tayyorlaganlar yaxshi bilardi. Hatto ishora qilinganida ham, qotillik izi qay tomonga tortib ketishi ochilib qolardi.

 

Aslida, chor ma’murlari rasmiy nashrida chop qilingan ta’ziyanoma tarix sudi mahkamasida ularning o‘zlariga qarshi aybnomadir! Yarmi yolg‘on, yarmi nisbatan chin nekrolog chorizm yuritgan ikkiyuzlamachilik siyosatini fosh etib qo‘ygan.

 

Talonchilik emas

 

General Jo‘rabek talonchilik maqsadida o‘ldirilmaganini qotillikdan so‘ng uning uyida o‘tkazilgan tintuv xulosalari tasdiqlaydi. Generalning to‘pponchasini nega olishmadi? Talonchilar uchun har qanday qimmatli buyum ahamiyatli-ku! Bu toifa qo‘lga ilingan, bozorda hemiri turadigan narsa borki, oladi. O‘sha vaqtda generalning to‘pponchasi “qora bozor”da o‘g‘rilar, turli jinoiy guruhlar uchun o‘ta qimmatbaho mol hisoblangan. Hatto odamini topib, Buxoro amiri ijaraga bergan puldan ko‘proqqa pullash mumkin edi. Xo‘sh, nega olinmagan?

 

Balki buyurtmachilar puldan boshqa buyumlarga tegmaslikni tayinlagandir? Negaki, pul – o‘g‘ri uchun o‘sha zamonda oson o‘lja. Muomalaga kiritilganidan so‘ng raqamlari orqali pulning kim tomonidan kimga berilganini aniqlash tergov organlarida keyinchalik rusumga aylandi. To‘pponcha esa sanoqli bo‘ladi. Yana uning raqami mavjud. To‘pponchani sotib olgan odam qachondir qo‘lga tushsa... ana unda kimdan olgani oydinlashadi – qotillarni topish, eng asosiysi, ularning buyurtmachilarini “suv yuziga chiqarish” mumkin bo‘ladi. Bu kabi detallar qotillik ortida kasbiy mahoratga va tajribaga ega kuchlar turganini ko‘rsatadi. Bizningcha, Buxoro amiri buyurtmachi bo‘lganida masalaning bu jihatlariga e’tibor bermasdi.

 

Amir kimdan qo‘rqardi?

 

Amir Muzaffar otasi kabi kenagaslardan ko‘p bora zarba yegan hukmdor edi. Jo‘rabek ham mudom uning yo‘lida to‘g‘anoq bo‘lgan. Kenagaslar Kitob va Shahrisabz bekliklarini amirlikdan mustaqil qilib, salkam o‘n yil o‘zlari boshqargan. Otasi taslimchilik yo‘lini tutgach, o‘g‘li Abdumalik to‘ra yovga qarshi urush e’lon qilganida, amir qo‘shinini yengib, hatto Samarqandni qamal qilganida uni qo‘llagan ham Jo‘rabekning erksevar kenagaslari edi. O‘shanda Konstantin fon Kaufman istasa, amirni taxtdan ag‘darib, o‘rniga o‘g‘lini qo‘yishi, u bilan sulh tuzishi ham haqiqatga yaqin kelardi.

 

Amir Muzaffarning qo‘rquvi Jo‘rabek va Bobobek o‘z yurtini tark etib, Toshkentda yashagan davrda ham arimagan edi. Ulardan hamisha hayiqqan, o‘rnimni egallashadi, degan o‘y tojdorni hech qachon tark etmagan. Buning isbotini quyidagi voqeada ko‘rish mumkin. Polkovnik Bobobekning qizi To‘xtabibining Shahrisabzga ketishi bilan bog‘liq yozishmalar saqlanib qolgan. To‘xtabibi Toshkentda Sayyid Mirak Musaxo‘ja o‘g‘liga turmushga chiqadi. Qiz tug‘ilgan vaqtidayoq shu yigitga “beshikkertti” qilingan edi. Yosh kelin-kuyov Shahrisabzga borib yashash uchun ko‘p ovoragarchiliklarni boshdan kechiradi. Negaki, Buxoro amiri Bobobekning hatto qizi ham Shahrisabzga kelishini istamas edi.

 

1897-yil 31-martda Bobobek Turkiston general-gubernatoriga talabnoma yozadi. Unda qizi To‘xtabibi bir yilki eri bilan Toshkentda yashayotgani, ular bobolari yurtiga borib, muqim yashamoqchi ekani bayon qilingan. Chor mahkamasining elchilik bo‘limi talabnomaga javoban baron Aleksandr Vrevskiy imzosi bilan chor Rusiyasining Buxorodagi agenti Vladimir Ignatevga quyidagicha maktub yo‘llaydi: Polkovnik Bobobekning qizi To‘xtabibining Shahrisabzga ko‘chib borishiga e’tirozim yo‘q deb hisoblashim haqida Buxoro hukumatiga xabar berishingizni so‘rayman!”

 

Jo‘rabekning iltimosi bilan o‘ris ma’murlari yana bir bora masalaga aralashadi, ammo o‘sha vaqtda Yaltada dam olayotgan amir Muzaffar ruxsatisiz bu ish amalga oshmas edi. Xabar amirga yetkazilganida, u rozilik bermaydi.

 

Bu orada ma’murlar amir baribir ijobiy javob beradi degan umidda Bobobekning qizi va kuyoviga yo‘lga chiqishga ruxsat beradi. Ushbu mojaroning tafsilotlari uzun. Muxtasar aytsak, kelin-kuyov bir muddat Shahrisabzda yashaydi, amir Muzaffarning shaxsan general-gubernatorga yozgan maktubidan keyin esa Toshkentga qaytishga majbur bo‘ladi.

 

Ajabo, oddiygina fuqarolik ishi, yosh er-xotinning bobolari yurtida yashash masalasi general-gubernatorlik va Buxoro amirligi o‘rtasida jahonshumul siyosiy voqeaga aylanib ketgani nimani anglatadi?

 

Javob aniq: polkovnik Bobobekning qizi va kuyovi Shahrisabzda muqim yashar ekan, Jo‘rabek va Bobobekni yaxshi bilgan, shu ikki jo‘mard farzandi Toshkentda majburan “madaniy surgun”da yurganidan xabardor kenagaslar ular atrofida yana to‘planishi mumkin edi. Bobobek yoki Jo‘rabek biror to‘y-marosim bahona kelin-kuyov yoniga kelsa... ana unda bir kunda katta qo‘zg‘olon ko‘tarilishi hech gap emas edi. Jo‘rabekning nomi kenagaslarni bir lahzada birlashishga undar edi. Xo‘sh, agar shunday bo‘lsa, Jo‘rabek kenagaslardan katta qo‘shin to‘plab Buxoro sari yursa nima bo‘lardi?

 

Amir Muzaffar chor mustamlakasini tan olgach, ilgari ilkida bo‘lgan ko‘p sonli muntazam qo‘shin sonini keskin qisqartirgan. Qo‘l ostidagi shahar va kentlarni o‘ris ma’murlari ko‘magida ushlab turgani uchun g‘aznaga ortiqcha chiqim bo‘lgan askarlari soni kamaygan, faqat amir saroyi va boshqa dalahovlilarini qo‘riqlaydigan bir qism qo‘shin qolgan. Amir Muzaffar o‘rislar yordamida saltanatda tinchlik o‘rnatgach, maishatga berilgan, haramidagi kanizaklar soni ikki yuzdan oshib ketgan edi...

 

Har qanday qo‘shin tez-tez urush bo‘lib tursagina jangovarligini saqlaydi. Jang ko‘rmagan, dangasa bo‘lib qolgan amir qo‘shinini Jo‘rabek biror o‘n ming kishilik ko‘ngillilar bilan tor-mor etishi va Buxoroni qiyinchiliksiz egallashi mumkin edi.

 

Shunday qo‘zg‘olon ro‘y berganida chor ma’murlari nima qilar edi? Ular Samarqanddagi garnizonni amirga ko‘makka darrov yubormas, ikki turkiy qavmning o‘zaro urushishini kuzatar edi. Bunday isyon bosqinchilar foydasiga ishlar, sara yigitlar bir-birini mahv etib, qarshilik qiladigan vatanparvarlar soni kamayardi. Basharti Jo‘rabek Buxoro taxtiga o‘tirsa, uni mahalliy xalq qo‘llashi aniq edi. Ular Jo‘rabekning adolatli sardor ekanini bilar, boz ustiga, amirning maishatbozligi, elning chiroyli, yosh qiz-o‘g‘illarini haramiga tortishi, soliqlarni haddan oshirgani raiyatning joniga tekkan edi.

 

Buxoro taxtiga o‘tirishi mumkin edi, deya faraz qilganimiz Jo‘rabekka nisbatan chor ma’murlari qanday yo‘l tutardi? Avvalo o‘zlari “ikki qarshi tomon nizosini tinchitgan, yurtda osoyishtalik o‘rnatgan, yovvoyi osiyoliklarni kelishtirgan” bo‘lib maydonga chiqar, “Qaranglar, bizlar bo‘lmasak bular bir-birining go‘shtini yeydi!” deb dunyoga jar solar edilar. Buxoro xalqi irodasiga qarshi bormay, ularning talabi bo‘yicha Jo‘rabekni amir deb e’lon qilib, u bilan muzokara olib borishardi.

 

Mana, amir Muzaffar nimadan qo‘rqqanini endi angladingizmi?

 

Jo‘rabekning qotillari orasida Buxoro fuqarosi bo‘lgani bejiz emas. Bu jinoyat kim tomonidan uyushtirilganini chalg‘itish uchun atay qo‘llangan usul bo‘lsa kerak. Qotillarning biri buxorolik ekanini eshitgan odamlar orasida “Ha, Buxoro amiri oxiri azaliy dushmani Jo‘rabekdan qasdini olibdi-da!” degan mish-mish tarqashi mumkin edi. Xuddi shunday bo‘ldi ham.

 

Bek kundalik yuritganmidi?

 

...General Jo‘rabekning vahshiylarcha o‘ldirib ketilgani xabari shu ondayoq butun shaharga tarqaladi. Mahalliy politsiya izquvarlari tong mahali yetib kelganida, qonga belangan eri jasadi ustida sochlarini yulib yig‘layotgan musibatzada ayolni ko‘radilar.

 

Izquvarlar ishga kirishadi: jasad sinchiklab ko‘zdan kechiriladi, atrofda shubhali ko‘ringan narsalar suratga olinadi, ko‘cha boshidan, darvoza oldi va dahlizdan begona oyoq kiyim izlari axtariladi.

 

Bu orada shahar bosh polismeysteri va chor mahkamasidan bir general ham yetib keladi. Uyda, ko‘cha boshida mashhur inson ta’ziyasiga odamlar to‘plana boshlaydi...

 

Izquvarlar Jo‘rabek yashagan xonani ham ko‘zdan kechiradi. So‘ng uning kutubxonasiga o‘tishadi va ayni shu yerda ko‘proq ushlanib qolishadi. Javondagi kitoblarni birma-bir olib ko‘rishgan, hatto ayrim kitoblar sahifalari orasini ham silkib-silkib nimalarnidir izlashgan. Kutubxonadagi uy egasi foydalangan yozuv stoli usti, g‘aladonlaridagi har bir varaq qog‘oz e’tibordan qochirilmaydi. Bu yoqda mayyit egalari marhumni dafn qilish tadorigiga kirishgan, kutubxonada izquvarlar nima ish bilan bandligi hech kimni qiziqtirmagan...

 

General Jo‘rabek kundalik yuritganmidi? O‘z yurti tarixi, boshidan kechgan voqealar to‘g‘risida qoralamalar qilganmidi? Balki u umr xotiralarini tizimli ravishda yozib borgandir? Afsuski, buni bilmaymiz. Bilganimiz shuki, o‘sha kuni uning ish stolidagi ko‘pgina qog‘ozlar, daftar va qo‘lyozmalar tergovchilar tomonidan “qotillik sababini aniqlash va qotillarni topishda asqatadi” degan bahona bilan olib ketilgan.

 

Hech bo‘lmaganda, mahalliy aholi Jo‘rabekka o‘z muammolari yuzasidan yozgan arizalar, ularni o‘rganish uchun to‘plangan hujjatlar bo‘lgandir ish stolida?

 

Chor ma’murlarini marhum jasadidan ko‘ra aynan qo‘lyozmalar ko‘proq qiziqtirgani aniq. Turkiston general-gubernatorining eng yaqin odami bo‘lmish akademik Vasiliy Bartoldga “chor ma’murlari mo‘g‘ul ma’murlaridan farq qilmasligi” haqida ochiq-oydin gapirishga jur’at qilgan inson kundaligida bundan ham keskin fikrlar bildirgan bo‘lsa ajab emas. Ish stolidan topilgan har bir sahifa marhumning kimligini, siyosiy nuqtai nazarini ifoda etar va chorizm tuzumiga qarshi asosli ayblov bo‘la olar edi.

 

Keyinchalik yaqinlari o‘sha mash’um kun Jo‘rabekning kutubxonasidan qandaydir qog‘ozlar olib ketilgani haqida eslaydilar. “Tergov uchun olingan” hujjatlarning bir qismi keyin qaytarib berilgan. Hammasi emas, albatta! Qaysidir ilmiy, badiiy kitobdan ko‘chirma tarzida olingan ahamiyatsiz qog‘ozlar qaytarilgan bo‘lishi mumkin. Jo‘rabekning shaxsiy qarashlari, chor ma’murlari, ularning zulmi, poraxo‘rligi haqidagi qaydlari, shu mazmundagi fuqarolar murojaatlari bitilgan qog‘ozlar qaytarib berilmagan, ularning keyingi taqdiri bugungi kungacha noma’lum bo‘lib qolmoqda.

 

Jo‘rabekning kundaliklari haqida o‘ris missioneri Nikolay Ostroumov bilib­bilmay og‘zidan gullab qo‘ygan. Uning guvohligiga qarang: “Jo‘rabekning yondaftaridagi qaydlar Turkistonning kelgusi tarixchilari uchun ahamiyat kasb etajak!” Demak, bir vaqtning o‘zida “ma’rifatparvar”, yana “noshir va sharqshunos”, aslida ayg‘oqchi va missioner bo‘lgan Ostroumov general Jo‘rabek bilan uzoq vaqt “do‘st bo‘lib” uning suhbatlarini olgan, uyida mehmon bo‘lgan kezlarda yondaftarini ko‘rgan, undagi qaydlarni o‘qigan. O‘sha daftardagi qaydlar faqatgina tarixiy voqealar silsilasidan iborat bo‘lmay, har bir holat va voqeaga muallifning o‘z nuqtai nazari, qarashlari, siyosiy bahosi aks etgandirki, Ostroumov uni o‘ta muhim deb baholaydi. Jo‘rabek shunchaki stenografist emasdi, faqat qayd etish bilan cheklanmasdi. U Turkiston boshiga tushgan musibatni aritish, ommani uyg‘otish, qadim an’analarni qayta jonlantirish ustida ko‘p bosh qotirgan. Binobarin, bu boradagi fikr-mulohazalari, maqsad-rejalarini izchil yozib borgani aniq. Olim Rashid Boytullayevning quyidagi fikri bunga isbot bo‘la oladi: Jo‘rabekning dovyurakligi, hamisha haqiqat yuziga tik boqishi, podsho amaldorlari haqida tanqidiy, ayni paytda, haqqoniy fikrlar bildirishi Furqatda unga nisbatan kuchli mehr-muhabbat, ixlos uyg‘otgan edi”.

 

Manbashunos olim, professor Sharif Yusupovning yozishicha, Toshkentda 1905-yil noyabr-dekabr oylarida Jo‘rabek boshchiligida yig‘inlar o‘tkazilib, o‘lkani chidab bo‘lmas og‘ir ahvoldan qutqarish masalasi kun tartibiga qo‘yilgan. Qahramonimizning bu harakatlariga bosqinchilar qo‘rquv, xavotir bilan qaragani ma’lum. Sh.Yusupov arxivdan ayni o‘sha kunlarda Peterburgga jo‘natilgan bir maxfiy xatni topganini qayd etgan. “Yerlilar orasida o‘zlarining turmushini yaxshilash maqsadida hukumatga ariza berish uchun harakatlar bo‘lib turibdi. Shu sababli yerli xalq o‘zining maqsadiga erishish uchun chor hukumatining hozirgi qiyin ahvolidan foydalanmaydi deb bo‘lmaydi”, deyiladi nomada.

 

Bunaqa maxfiy xatlar qancha yuborilgan ekan? Ularning qanchasida general Jo‘rabek eslangan ekan? Chor ma’murlari o‘z sirlarini ochadigan hujjatlarni arxivga topshirmagan. Topshirilgan taqdirda ham unga hammaning qo‘li yetmagan.

 

Jo‘rabekning yondaftari hozir Rossiyaning qay bir maxfiy fondida saqlanayotgan bo‘lishi mumkin. Kelgusida uni topish, tadqiq etish tarixchilarimiz oldidagi muhim va muqaddas vazifadir.

 

Norqobil JALIL

 

Ro‘zimboy HASAN

 

“Tafakkur” jurnali, 2024 yil 3-son.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

So‘nggi maqolalar

Barchasi





Ko‘p o‘qilgan

Barchasi

San’at

16:08 / 28.08.2021 8 24244
Dunyoning eng mashhur va qadimiy besh muzeyi

//