“Vasiyatnoma”dan “Uchburchak”kacha – O’zbek spektakllari haqida tomoshabinlarning fikri qanday?


Saqlash
23:09 / 28.10.2024 160 0

Oxirgi yillarda oʻzbek teatrlariga yangi mavzularning, yangi yoʻnalishlarning kirib kelishi sezilarli darajada koʻpaydi, deyish mumkin. Oʻz oʻrnida tomoshabinlarning ular haqidagi tahlillari, fikr-mulohazalari ijtimoiy tarmoqlarda, rasmiy va norasmiy OAVda oshib borayotgani quvonarli. Ushbu materialda 2024-yilda eng koʻp eʼtirof etilayotgan teatrlarda qoʻyilayotgan ayrim spektakllar haqida mutaxassislar va tomoshabinlar tomonidan bildirilgan mulohazalar bilan tanishishingiz mumkin.

 

Bir kishilik ikki spektakl

 

Frans Kafkaning “Otamga maktub“i va “Evrilish“i asosida yaratilgan spektaklga taklif oldim-u, yozuvchi asarlarini oʻqimaganim sabab, biroz xijolat boʻlib bordim. Teatr oʻziga xos, koloritli joyda – sanʼatga ixlosmand kishining uyida namoyish etildi. Taʼkidlash joiz, uy-hovlining oʻzgacha ruhi bor, spektakl namoyish etilgan xona atay sahna koʻrinishiga monand taʼmirlangandek; eski devor, ota-oʻgʻil ziddiyatidan dogʻ boʻlib qolgan qalbdek horgʻin ranglar, kamida (oʻylashimcha) 50-yillik eski eshik, romlar – barchasi Kafkaning otasi tomonidan unga boʻlgan tarbiya-munosabatlariga tugʻyonini, undan noroziligi-yu, qalbida qoldirgan yaralarini ifodalagandek, goʻyo. (Ha, spektakldan soʻng Kafkaning “Otamga maktub“ini oʻqib chiqdim) Aktyor ijrosi paytida eski derazadan uning yuziga nur tushib turdi; 8 ta tomoshabin sigʻadigan bu moʻjaz xona/teatr zalining orqa tomonida Vivaldining musiqalari namoyish epizodlariga mos ravishda almashib turdi, devorda ota-oʻgʻil munosabatlarini ifodalashda ishlatiladigan toʻn va doʻppi – xullas, oʻzgacha atmosfera yaratilgan!

 

Oʻzimni teatr sanʼatini zoʻr tushunadigan odamlar qatoriga qoʻshmayman, lekin ushbu sahna asari (bir aktyor tomonidan!) 70 daqiqa ichida oʻz missiyasi – asar mohiyatini tomoshabinga yetkazib berdi. Bu jarayon aktyorning intonatsiyasi, hikoyalash asnosidagi kontekstga mos xatti-harakatlari, mayda detallarga urgʻu berish va-hokazo nuqtalarga asoslanib, mahoratni namoyon qilish bilan amalga oshdi. Bir aktyor ijrosidagi teatrni tomosha qilish men uchun dastlabki tajriba boʻldi – bunaqasini oldin koʻrmaganman. Bitta aktyorning 70 daqiqa chuqur oʻylatib qoʻyadigan darajada rol ijro etishi, tomoshabinni ushlab turishiga tan bermay iloj yoʻq. Albatta, bu shaxsan menda uygʻotgan taassurot, zero spektakl baʼzilarga zerikarli tuyulgani ham bor gap. Yana bir gap, baʼzi joylarida oʻzbekcha soʻzlar sal notoʻgʻri ishlatilgandek tuyuldi.

 

 

Asarda odamzod psixologiyasi – ota va oʻgʻil munosabatlari, ota oʻgʻlidan oʻzi ham erisholmagan, ammo boʻlishni istagan “ideal odam“ yasashga urinishi muammosi koʻtarilgan. Bu haqida uzoq vaqt gapirish mumkin, lekin rakursni aynan namoyish ijrosiga qaratishni lozim topdim. Asarni oʻqing, ushbu spektaklni borib koʻring – boshqa dunyoni koʻrasiz, maza qilasiz... Teatr jamoasi, undagi aktyorlar, gʻoya muallifi, rejissyor – bu bir guruh ijodkor ziyolilar milliy teatrimizning rostakam fidoiylari. Moddiy manfaatsiz, shahar chekkasida, odamlar, jamiyat, milliy sanʼat uchun mehnat qilib, evaziga hech nima talab qilmay, beminnat va bepul ishlab, pana-panada yurgan odamlarni koʻrib, xalqimiz orasida haliyam shunaqa fidoiy odamlar borligiga qiynalib ishonasan, xursand boʻlasan.

 

***

Oradan bir yilcha vaqt oʻtib, yana “Shams-i Qamar” teatriga oilam bilan bordim. Bu gal Nodar Dumbadzening “It” hikoyasi va Jontemir Jondorning “Igna”si asosida yaratilgan asar – “Vasiyatnoma”ni tomosha qildim. “Tomosha qildim” – bu jumla olgan taassurotlarimni toʻliq ifodalay olmaydi, ammo. Unga qoʻshimcha qilib, “Vasiyatnoma”dan huzur oldim, haqiqiy sanʼatni “ushlab koʻrdim” deb aytishim mumkin. Yana aytishim mumkinki, real hayotdan uzilib, xayolan ishtirokchi boʻlib, asar ichida yurib, koʻrib, hamma hislarni yashab koʻrdim. Tomoshada tirik aktyor rol oʻynayotganini unutdim. Chunki katta harakat bilan yasalgan Spiridon doda (qoʻgʻirchoq), kuchuk obrazidagi uy shippagi va bosh qahramon Gogita aktyor Muxtor Asrorov ijrosi diqqatingizni oʻziga tortib oladi. Ha, tirik aktyor bittaligini tomosha paytida sezmay qolasiz. Teatr shunday sahnalashtirilgan; voqealar uzilishlarsiz, kadrdan-kadrga silliq oʻtishi, qoʻgʻirchoqning harakatga keltirilishi ham mohirona harakatlar bilan amalga oshirilganki, uning aktyor tomonidan boshqaruvini sezmaysiz; tomoshadan uzilishga, xayolan chalgʻishga ulgurmaysiz.

 

“Kadrdan kadrga oʻtish uzviy-silliqligi” – shu gapni ishlatgim keldi. Vaholanki, teatr bu kino emas; sahnada video-montaj yoʻq. Ammo rejissyor ishi va ijro shu darajadaki, tomosha paytida miya baʼzi kadrlarni yaqinlashtirib koʻradi, baʼzida kadr titraydi, baʼzi kulminatsion sahnalarni xuddi Tarantino kinolaridagi aktyor yuziga birdan yaqinlashtirilgan kadrlardek koʻrasiz... Spektakl pauzalarsiz, aynan montaj qilingan kinodek sahnalashtirilgan. Ammo “Vasiyatnoma”dek har bir detallarni his qilish tuygʻusini bera oladigan kinoni uchratish qiyin. Asardan maksimal taassurot olish faqat yaxshi yozilgan kitob-asarlarga xos, lekin bu spektakl ham kitobdan olinadigan mazani bera oldi.

 

Asar inson tabiati – mehribonligi-yu shafqatsizligi, bagʻrikengligi-yu xudbinligi, mulohazakorligi-yu kaltabinligi — odamning turfa xilligi; uning Alloh yaratgan boshqa jonivorlardan farqi shundaligi haqida soʻzlaydi… Nodar Dumbadze tirik boʻlganida va bu spektaklni koʻrganida oʻylaymanki, jamoadan minnatdor boʻlardi. Baʼzilar “Shams-i Qamar”ni kichik teatr deb oʻylaydi. Albatta, bir moʻjaz xonada ijro etiladigan teatr joy – kvadratura nuqtai nazaridan kichik boʻlishi mumkin. Lekin men “Shams-i Qamar”ni sanʼat va mahorat ahamiyati jihatidan Oʻzbekistonning eng katta teatrlaridan biri deb bilaman. Bunday teatr ikkita boʻlsa, biri shu (roʻyxatda davlatga tegishli, bahaybat binolardagi teatr jamoasi yoʻq).

 

Shu oʻrinda aytib oʻtishim lozim; spektakllari bepul oʻtkaziladigan ushbu teatr jamoasini qoʻllash kerak. Boring, sanʼatdan bahramand boʻling va qoʻldan kelgancha qoʻllab-quvvatlang. Bunday fidoiy jamoalarga koʻmaklashish kerak; kelajak uchun, jamiyatning madaniy hayotida lipillab turgan umid uchun.

 

Jaloliddin SA'DINOV,

 

“Ishlaganday boʻlaylik” (snos)

 

Keyingi yillarda Oʻzbekiston davlat drama teatri repertuarida yuz berayotgan oʻzgarishlarni eʼtirof etmaslik mumkin emas. Atoqli rejissyor Olimjon Salimov mazkur teatrga bosh rejissyor etib tayinlanganidan buyon jahon mumtoz va zamonaviy oʻzbek dramaturgiyasining bir necha namunalarini muvaffaqiyatli sahnalashtirib, ijodiy jamoaning imkoniyatlarini oshirdi, teatrning maqom-u nufuzini yangi pogʻonaga olib chiqdi. Albatta, bu natijalarga osonlikcha erishilayotgani yoʻq. Har bir spektakl tinimsiz izlanishlar, mashaqqatli repetitsiyalar, ruhiy azoblar-u yoʻqotilgan asab tolalari evaziga dunyoga kelayotir. Shu bois bu teatrning soʻnggi yillardagi spektakllari madaniy hayotimizda voqelik oʻlaroq kutib olinmoqda. Yaqinda premyerasi oʻynalgan va keng jamoatchilik, muxlis-u mutaxassislarning jiddiy qiziqishlariga sabab boʻlgan “Ishlaganday boʻlaylik” (Snos) spektakli ham ana shunday sahna asarlaridan biri.

 

Oʻzbekiston xalq yozuvchisi Erkin Aʼzamning “Farrosh kampirning tushi” pyesasi asosida sahnalashtirilgan spektaklda bugungi jamiyatimizdagi gʻoyat ogʻriqli, alamli muammolar achchiq kulgi ostiga olinadi, adib ijodiga xos istehzoli, kinoyali til, tigʻdor matn tomoshani serharakat, dinamikaga boy boʻlishini taʼminlaydi. Asar bundan qariyb oʻn yil burun xuddi shu teatrda rejissyor Sayfiddin Meliyev tomonidan sahnaga qoʻyilgan, oʻsha talqinda ham nedir oʻziga xoslik, ohorli topilmalar mavjud edi. Avvalgi talqinni hech kamsitmagan holda aytish lozimki, bu galgi spektakl tom maʼnoda qiyomiga yetdi, barcha ijodkorlarning yakdil maqsad atrofida birlashgani, yozuvchi gʻoyalarini chuqur his etgani namoyon boʻldi.

 

Rejissyor spektakl janrini satirik fars deb belgilaydi, ayonki, bunda voqelik boʻrttirib, shishirib koʻrsatiladi, mubolagʻa-giperbolizatsiyaga alohida urgʻu qaratiladi, natijada hajv qilinayotgan illat-u qusur bor qabohat-u fojiasi ila fosh qilinadi. Darhaqiqat, spektaklda barcha ifoda vositalari shu janr talablariga boʻysundirilgan: aktyorlarning libosidan tortib yurish-turishi, xatti-harakati, qiligʻ-u jestlari, shuningdek, sahna rekvizitlari, musiqa, ovoz, dekoratsiyadan grimgacha bari-barida nedir boʻrttirma, ortiqchalik bor. Sahnalashtiruvchi rassom Sergey Chufarnov ayni shu jihatdan kelib chiqib, voqealar yuz beruvchi “Ishlaganday boʻlaylik” idorasining manzarasini jonlantiradi: pastdan yuqoriga koʻtariluvchi zinalar, turfa oʻlchamdagi kanalizatsiya quvurlari, jild-jild qogʻoz, hujjatlar ila toʻlgan javonlar... Bu predmetlarning bari spektaklda qandaydir vazifa bajaradi: quvurlar bamisoli idoradagi gʻubor-u illatlarni yutadi; zinalar amal-u mansab pillapoyalarini ifodalaydi; hujjat toʻla javonlar esa byurokratiya – qogʻozda boru amalda yoʻq ishlarning aksi oʻlaroq jonlanadi.

 

 

Asar voqealari ana shu idorada boʻlib oʻtadi: bu dargohda hamma narsa spektakl nomiga muvofiq “Ishlaganday boʻlaylik” prinsipiga asoslangan. Sirtdan qaralsa, goʻyo tashkilotda hayot qaynaydi, biroq aslida biror xodimning tayinli yumushi, kasbi kori yoʻq. “Roʻyxatning boshida albatta shaxsiy masalalar tursin. Davlat ishlari oʻz-oʻzidan boʻlaveradi” degan shiorni dastak tutgan bu mayda qavm uchun hukumat ishidan koʻra qorin-qursoq tashvishi-yu, mazaxoʻrak davralar yo bemaʼni tomoshalar avloroq, shu yoʻsinda oʻz-oʻzini aldash, yolgʻon-u roʻyoga toʻla muhitda baayni ishlagandek koʻrinish allaqachon taomilga aylangan. Rejissyor ana shu soxta hayotni topilmalar ila, mahorat bilan koʻrsatadi: xodimlar ish vaqti oʻrniga latta qoʻgʻirchoqlarni qoʻyib, koʻzdan yoʻqoladi. Yoki “osh sahnasi” ham eʼtiborga molik. Idorada maxsus roʻyxat osigʻliq turadi: qachon, kim osh berishi yozib qoʻyilgan. Millatning qon-u suyagiga singib ketgan oshxoʻrlik illati ustidan oʻzgacha parodiya qilinadi: oq yaktag-u doʻppi kiygan bir guruh yigitlar raqsga tushib, ahli idorani osh bilan kutib oladi, ayniqsa, tanovul payti qoshiqlar sasining “simfoniya” misol eshittirilishi achchiq kulgining zahrini yanada oshiradi. Spektakldagi har bir sahna, har bir detall tomoshabinga koʻzgu tutadi: oʻz-oʻzini taftish qilish, ravish-raftoriga bir qur nazar tashlash imkonini beradi...

 

Oʻzbekiston xalq artisti Elyor Nosirov talqinidagi Muovin buva koʻp yillar idorada “ishlagan”, nafaqa yoshiga yetsa-da, hamon shu tegrada qurt-qumursqadek oʻrmalab yuruvchi boshogʻriq, betamiz chol. U shusiz ham gʻurbat-u gʻiybat, fisq-u fasodga toʻla ishxonani battar bulgʻaydi, yarashiqsiz odat-u qiliqlari bilan hammaning meʼdasiga tegadi. Shu bois cholning ketini kotiba qiz “havo-purkagich” bilan tozalab yuradi, albatta, bu ham ramziy topildiq, yaʼni, shu qariya timsolida jamiyatdagi turfa illatlar, chirkin tomoshalarni poklash zarurligiga ishora qilinadi. Elyor Nosirov mimikasi, komik mahorati, xatti-harakatlari bilan sobiq rahbarning ham kulgili, ham achinarli obrazini gavdalantiradi.

 

 

Spektaklda yana bir personaj bor – Akaxon (Yunus Asqarov). Ushbu obraz ham fars janri qonuniyatlariga koʻra boʻrttirilgan. Kelbati bahaybat, meshqorin, pufakdek shishirilgan amaldor zinalar uzra bazoʻr qadam tashlab, eng yuqoridagi joyga chiqib oʻtiradi. Soʻng quyi kaslarga, qoʻl ostidagi shotiri – Rahbar Rahbarovichga qoʻngʻiroq qiladi. Suhbat asnosida Akaxonning ovozi pastdagilarga gumburlab eshitilishi uning salobati, “katta ogʻa”lardan ekaniga ishora qilsa, fildek haybati bilan biror mantiqli, joʻyali gap aytmasligi, har gal yugurdagi orqali “jiblajibon kotiba”ga salom yoʻllashi zohiran viqorli koʻrinsa-da, asli tiynati buzuq, ichi poʻk amaldorligiga dalolat qiladi.

 

Pyesa va spektaklda birgina bezarar, tirik qahramon bor, “qulogʻi ogʻir, qoʻlida mudom latta, duch kelgan joyni artib-surtib oʻzicha javrab yuradigan” farrosh kampir. Bu personaj asarning ikki-uch oʻrnida koʻrinish beradi, xolos, lekin voqealarning bari shu kampirga kelib tutashadi. Uning farroshligi, qulogʻi ogʻirligi tasodif emas. Kampir idoradagi har turli bemaʼni, bachki soʻzlarni eshitmaydi, quloqlari bu diydiyo va olashovurlardan ihotalangan, farrosh boʻlib, nainki xonalarni saranjom-sarishta qiladi, balki bu dargohdagi maʼnaviy illat-u sarqitlarni ham yuvib tozalaydi. Harqalay, fikrlovchi oʻquvchi yo tomoshabin shunday xulosaga keladi. Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan artist Dono Boboxonova kampirning ruhiy olami, oʻzgacha feʼl-atvorini ishonarli talqin qiladi, boshqa partnyorlarining ijrosiga ham taʼsir koʻrsatadi.

 

Spektaklning final sahnasi asarning ijtimoiy ruhi va gʻoyasiga monand tarzda hal qilingan. Butun asar davomida gʻurbat-u chirkinliklarga toʻlib ketgan idora alal-oqibat qulab tushadi, rostmana vayrona, snos hodisasi yuz beradi, hatto tomoshabin bu kechmish real hayotda boʻlayotgandek choʻchib ketadi. Ana shu vayronalar ichidan odatdagidek chelag-u poltayogʻini koʻtarib, shoʻrlikkina farrosh kampir chiqib keladi. Ayon boʻladiki, tashkilotda ivirsib yurgan shuncha olomon ichida vijdonli, diyonatli inson shu kampirgina ekan, uning pokiza eʼtiqodi, “ishlaganday boʻlib” emas, haqiqiy mehnat bilan kun koʻrishi fikrimizni quvvatlaydi.

 

Shu oʻrinda bir mulohazamizni aytib oʻtsak. Fars shunday janrki, agar sal chegaradan chiqilsa, spektakl maishiy kulgiga, maynavozchilikka aylanib ketishi mumkin. Boz ustiga tomoshabin ham shunday kulgiga oʻch, qah-qaha ortidagi haqiqatni tafakkur qilgandan koʻra, qotib-qotib, yayrab-yayrab kulishni maʼqul koʻradi. Shu nuqtai nazardan aktyorlarimiz keyingi namoyishlarda ham adib matni va janr qonuniyatlariga qatʼiy rioya qilishi, tomoshabin istak-xohishlariga andarmon boʻlib qolmasligi talab etiladi. Muxtasar aytganda, “Ishlaganday boʻlaylik” spektakli jamiyatimizdagi jiddiy ijtimoiy muammolarni aks ettirgani, barcha ifoda vositalari va komponentlarining puxtaligi, oʻziga xos talqini va uslubi bilan muvaffaqiyat qozondi. Zamon bilan hamnafas, jonli sanʼat oʻlaroq teatr shunday mavzularga koʻproq murojaat qilishi, davrning ogʻriqli jarohatlariga malham izlashi darkor. Ana shunda teatr nainki ijodiy, balki ijtimoiy vazifalarini ham bajargan boʻladi.

 

Shohrux ABDURASULOV,

sanʼatshunoslik fanlari boʻyicha falsafa doktori

(“Guliston“ jurnali, 2023-yil 6-sonidagi shu nomli maqoladan qisqartirib olindi)

 

 

Meliyevning “Qizil olma”si

 

“Art house Hamsa” teatrida premyera qilingan, rejissyor Sayfiddin Meliyev sahnalashtirgan “Qizil olma” spektakli haqida bitta gapni aytish mumkin: Shunday spektakllar qoʻyiladigan boʻlsa, bu teatr birinchi (raqamli – tahr.) teatr boʻladi. Manbalardan foydalanishgani haqida gapirishdi, lekin nazarimda, spektakl ijodkorlari ulardan toʻgʻridan toʻgʻri foydalanmagan, taʼsirlanilgan chogʻi. Chunki spektaklga mustaqil bir asar deb qaradim. Bu asar muhabbat haqida, toza, kechikkan muhabbat haqida. Unda ortiqcha drama ham yoʻq aslida, oʻsha Odam Ato bilan Momo Havodan boshlangan mojaro. Bu oʻxshashi yoʻq asar, unda ifodalangan tuygʻu umr nihoyasidagi soʻniq muhabbatga oʻxshaydi, ammo, aslida u juda porloq ishq haqida hikoya qiladi. Menga tomosha benihoya yoqdi, teatr rejissyori hamda aktyorlarga katta rahmat.

 

Erkin Aʼzam, Oʻzbekiston xalq yozuvchisi

 

 

"Uchburchak" haqida

 

“Diydor” teatr studiyasida Bobur Yoʻldoshev tomonidan sahnalashtirilgan “Uchburchak” spektaklini tomosha qildim. Men bu asarni 2012-yilda oʻqib chiqqan edim. Uning asosiy gʻoyasi bugungi jamiyatda yashayotgan inson timsolini ochib beradi. Spektakldagi ikki obraz – Aziz va Iskandar misolida insonlarning nafs yoʻlidagi tabaqalashuvi koʻrsatilgan. Ammo spektaklda menga yetmagan jarayon ayni shu boʻldi. Negadir sahnada aktyorlar rollarni oʻziniki qilib olishmagandek, bir-birlari bilan muloqotdagi qoʻl harakatlarining notabiiyligi esa gʻashga tegar darajada. Teatrda bu tabiiy jarayon boʻlgani uchun spektakl bir necha marotaba qoʻyilgandan keyin balki hammasi joyiga tushib ketishi mumkinligini ham oʻyladim. Soham boʻlgani uchun spektakl stenografiyasi haqida yozish toʻgʻriroq boʻladi aslida. Yaʼni undagi Oʻzbekiston xalq rassomi Bobur Ismailov tomonidan yaratilgan bezak haqida. Nima uchun stenografiya emas, bezak, deyapman. Chunki men sahnada asar gʻoyasini oʻzida mujassam etgan badiiy yechim koʻrmadim. Balki rejissyor va rassom asar gʻoyasini umuman boshqa tomondan koʻrgan boʻlishlari mumkin. Masalan, ijodiy jamoa spektaklni Nozik obrazi atrofida qurgan boʻlsa, u holda bu yoʻlak stenografiya boʻlib xizmat qilishi mumkin.

 

 

Lekin men koʻrgan spektaklda Nozik emas, inson taqdiri birinchi planda edi. Spektakldagi musiqalarga eʼtiroz bildirish bilan bir qatorda undagi grafikani eʼtirof etish kerak. Aslida tomoshabin his-tuygʻulariga taʼsir qilishi kerak boʻlgan musiqiy fon spektakl oxirigacha xalal berdi goʻyo. Shu masalada rejissyor qayta oʻylab koʻrsa boʻlar ekan, degan fikr paydo boʻldi. Ammo hamma ham mening fikrimga qoʻshilmasligi mumkin va bu tabiiy hol, albatta. Sahna liboslari oddiy maishiy kostyumlar degan taassurotdan boshqa fikr uygʻotmadi, afsuski. Nima boʻlgandayam teatr studiyalarining erkinligi yaxshi. Bu esa bugun teatr olamida eng muhim va qadrli omil boʻlib bormoqda...

 

Mirjalol Xoliqov

 

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

So‘nggi maqolalar

Barchasi

Adabiyot

15:11 / 20.11.2024 0 111
Abdulla Qodiriy – o‘zbek detektivi asoschisi





Ko‘p o‘qilgan

Barchasi

San’at

16:08 / 28.08.2021 8 22030
Dunyoning eng mashhur va qadimiy besh muzeyi

//