Ulug‘bek rasadxonasi joylashgan yerni aniqlash masalasi uzoq yillar davomida ko‘plab olimlarni qiziqtirgan bo‘lsa, binoning tuzilishi, unda ishlatilgan asboblarni aniqlashtirish ham xuddi shunday uzoq cho‘zilgan bahsli masalalardan biri bo‘lib kelgan. Ulardan birini hal qilish O‘zFA akademigi, tarix fanlari doktori Dilorom Yusupovaga nasib etdi. D.Yusupova 1963-yilda Toshkent davlat universiteti Sharqshunoslik fakultetining Eron-afg‘on bo‘limida tahsilni tamomlagach, Fanlar akademiyasi huzuridagi Sharqshunoslik institutida ish boshlaydi. Olima to hozirga qadar shu dargohda faoliyat yuritayotir.
Hali ilmiy darajaga ega bo‘lmagan yosh tadqiqotchi fors tilini mukammal bilishi, qo‘lyozmalarni qiynalmay o‘qiy olishi, o‘z ishiga o‘ta mas’uliyatli ekani bilan akademik Yahyo G‘ulomovning e’tiboriga tushadi. Ustoz olim 1972-yili Dilorom Yusupovaga o‘zini ko‘pdan beri o‘ylantirib kelayotgan masaladan gap ochadi va uning qo‘liga bir qo‘lyozmaning fotonusxasini tutqazadi. Bu – rasadxonada Mirzo Ulug‘bek bilan birga faoliyat yuritgan, rasadxona qurilishi va ishida bevosita ishtirok etgan G‘iyosiddin Jamshid Koshiyning Samarqanddan Koshon shahrida yashagan otasiga 1420-1421-yillarda yozgan fors tilidagi tarixiy maktubi edi (Yusupova D. G‘iyosiddin Koshiyning Samarqanddan Koshonga, otasiga yozgan maktubi // Amir Temur va Ulug‘bek zamondoshlari xotirasida. Toshkent, “O‘qituvchi”, 1996. 266-bet).
Y.G‘ulomov kichik ilmiy xodimning salohiyatiga, bu qo‘lyozma tarjimasini a’lo darajada uddalay olishiga katta ishonch bildiradi. D.Yusupova bu maktub tarjimasi Ulug‘bek rasadxonasi qurilishi, binoning tuzilishi, unda foydalanilgan astronomik uskunalar, asboblar va atamalar bilan bog‘liq uzoq davom etib kelayotgan bahsli munozaralarning yechim topishida katta hissa bo‘lib qo‘shilishini ta’kidlaydi. (Mazkur maqola muallifi tomonidan 2024-yil 8-fevralda Toshkent davlat Pedagogika universiteti Tarix fakultetida akademiklar Ahmadali Asqarov va Dilorom Yusupovaning talabalar bilan uchrashuvi tashkil etildi. Yuqoridagi ma’lumotlar ana shu uchrashuvda olima tomonidan aytildi.)
Shu o‘rinda G‘iyosiddin Koshiy haqida qisqacha to‘xtalib o‘tsak. Riyoziyot, falakiyot ilmida peshqadam alloma Jamshid ibn Mas’ud ibn Mahmud G‘iyosiddin Koshiy Tehron va Isfahon orasida joylashgan tarixiy Koshon shahrida tug‘ilib o‘sgan. Tavallud topgan vaqti noma’lum, hayotining so‘nggi davrida Samarqandda yashagan, taxminan 1429-yili vafot etgan. U Eron, Yunoniston, O‘rta Osiyo olimlarining asarlarini tarjima qilgan va sharhlar yozgan. Otasiga yozgan maktubidagi ma’lumotlar nafaqat O‘zbekiston tarixi uchun, balki dunyo astronomiya fani uchun ham katta ahamiyatga ega.
D.Yusupova maktub tarjimasiga kirishadi. Dastlab maktubdagi geometriya, astronomiyaga doir atamalar va turli so‘z birikmalari tarjimada qiyinchilik tug‘diradi. Yosh olima bu muammoning ham yechimini topadi: O‘zFA Astronomiya institutiga qatnab, u yerda saqlanayotgan astronomiyaga oid turli asbob-uskunalar, ularning nomlanishi, tuzilishi, bajaradigan vazifasini sinchiklab o‘rganadi.
Ko‘p o‘tmay, tarixiy maktubning tarjimasi yakuniga yetadi. Tarjimonning Astronomiya institutida astronomik uskunalarning nomlanishi, tuzilishi va bajaradigan vazifasiga doir olib borgan izlanishlari natijasi ham tarjimaga ilova qilinadi. D.Yusupova maktub tarjimasi orqali tarixchilarga Mirzo Ulug‘bek va Qozizoda Rumiy shaxsi, rasadxona qurilishi, uning tuzilishi haqida yangi tarixiy ma’lumotlarni ma’lum qilgan bo‘lsa, ilovadagi izohlari bilan osmon jismlarini kuzatishda qo‘llangan qadimiy astronomik asboblar, ularga oid atamalarni fanga taqdim etdi.
Shuningdek, maktubda Ulug‘bekning atrofidagi olimlar ichida tengi yo‘q ekani, arab tili, fiqh, mantiq, adabiyot, riyoziyot, falakiyot ilmini mukammal egallagani, o‘zi qurdirgan madrasada riyoziyotdan ma’ruza qilgani, kuchli xotira sohibi ekani, rasadxona devorida osig‘liq turgan quyosh soatiga oid ma’lumotlar ham bor. Usturlob, sudsi faxri, sekstant, kvadrant, zot ul-xalq, zot ul-lak, zot ul-mast, zot ul-hadafa kabi astronomik asbob-uskunalar haqida ham yozilgan. D.Yusupova rasadxonadagi ana shu nomlarga mos keladigan asboblarni aniqlashtirib bergan. Xususan, o‘sha vaqtgacha olimlar orasida davom etgan “Ulug‘bek rasadxonasining bugungi kungacha saqlanib qolgan qismi sekstantmi yoki kvadrant?” qabilidagi munozaraga chek qo‘yildi. Olima inshoot kvadrant ekaniga oydinlik kiritdi.
Dunyo olimlari maktubning katta ahamiyatga ega ekaniga tarjimadan ancha avval e’tibor qaratgan edilar. Jumladan, maktub 1940-yili fors tilida, ayrim parchalari 1960-yili turk tilida, o‘sha yili ingliz tilida, 1963-yili arab tilida, 1972-yili rus tilida nashr etilgan.
Olimaning aytishicha, qo‘lyozmaning tarjimasini nashr etish bir oz vaqt akademik Y.G‘ulomovning ham, D.Yusupovaning ham e’tiboridan chetda qolgan. Tarjima 1979-yili yana bir akademik, matematika fanlari doktori Sa’di Sirojiddinovni qiziqtirib qoladi. U Mirzo Ulug‘bek davrida astronomiya, matematika, geografiya va tarixga doir ilmiy maqolalar jamlangan “Из истории науки эпохи Улугбека” nomli maxsus to‘plamni tayyorlash jarayonida unga G‘iyosiddin Koshiyning maktubini ham kiritishni taklif qiladi. Shu zaylda bu tarjima O‘zbekistonda ilk bor kirish so‘zi, izohlar bilan birga S.Sirojiddinov tahriri ostida rus tilida nashr etiladi (Юсупова Д. Письмо Гийас ад-дина Каши к своему отцу из Самарканда в Кашан / Из истории науки эпохи Улугбека. Ташкент, “Фан”, 1979. Стр. 245).
Maktubning o‘zbekcha matni esa kirish so‘zi, izohlar bilan 1996-yili Bo‘riboy Ahmedov ilmiy tahriri ostida tayyorlangan “Amir Temur va Ulug‘bek zamondoshlari xotirasida” nomli to‘plamda chop etiladi. 2009-yili mazkur to‘plam lotin alifbosida qayta nashr qilinadi.
Xulosa qilib aytganda, Vasiliy Vyatkin yozma manbalar va arxeologik qazishmalar natijasida Ulug‘bek rasadxonasi joyini topib katta kashfiyot qilgan bo‘lsa, hali ilmiy darajaga ega bo‘lmagan yosh o‘zbek qizi Dilorom Yusupova G‘iyosiddin Koshiyning tarixiy maktubini rus va o‘zbek tillariga tarjima qilib, rasadxonaning bugungacha saqlanib kelayotgan qismi sekstant emas, kvadrant ekaniga aniqlik kiritib, olimlar orasida uzoq davom etib kelgan bahsli munozaraga yakun yasadi.
Guldona TANIYEVA,
tarix fanlari doktori, professor
“Tafakkur” jurnali, 2024-yil 3-son.
“Olti asrlik jumboq” maqolasi
Adabiyot
San’at
Til
Adabiyot
Jarayon
Ma’naviyat
Til
Jarayon
Tarix
Ta’lim-tarbiya
Tarix
Tarix
Din
San’at
//
Izoh yo‘q