Otam 1918-yilning bahorida Turkmanistonning Toshhovuzida dunyoga kelgan. Otaboy amakimning o‘limidan keyin yurak oldirib qo‘ygan bobom va buvim hayotiga otam yorug‘ nur bo‘lgan. Shu bois u kishi nafaqat bolaligi, balki butun umri davomida erka bo‘lib yashadi.
Ukam va men... Ikki farzandmiz. Oltiga to‘lganimda ukam tug‘ilgan. Demak, besh yoshgacha ota-onamning erkasi bo‘lganman. Moskvada dunyoga kelgan ekanman. Otam bu haqda shunday eslaydi:
“1954-yilda mening hayotimda muhim bir yangilik ro‘y berdi. Yoshim o‘ttizlardan o‘tib ketgan bo‘lsa ham to‘rt yillik urush, keyin o‘qish va tashkiliy ishlar bilan band bo‘lib, oila qurishim ortga surilib ketdi. Bu davr ichida oila qurishga loyiq nomzodlar kam uchragan bo‘lsa-da, bu ishni amalga oshirish imkoniyati bo‘lmadi va nihoyat 1954-yilda ortiqcha zeb-ziynatga berilmagan, ilmning qadriga yetadigan qizga duch kelib qoldim. U bilan oila qurishni ixtiyor qildim. Bu rafiqam Rahima Rahmonova edi. Mana, 50 yildan beri birga hayot kechirayapmiz. Oila qurgan paytlarimizning boshlarida Moskvada edik. Qizim Gulnora 1955-yili Moskvada tug‘ilgan. Gulnoradan keyin o‘g‘il ko‘rdik”.
Otamni ko‘proq bizga aytib bergan voqealari, hikoyalari bilan eslayman. U kishi to‘g‘ri inson edi va shu to‘g‘rilikni bizga-da singdirgan. Otam o‘zi haqida ko‘p hikoya qilib berardi, hikoyalari bilan o‘rnak edi. Esimda, bolaligi haqida qiziq voqealarni aytib bergan. Asosan katta enamiz (buvisi)ning yonida yurib, doston-u matallarini eshitib katta bo‘lgan. Katta enam otamning hayotida chiroq bo‘lib umr yo‘llarini yoritgan. “Opam (onasi) uy ishlari bilan band bo‘lgani uchun men enamning tarbiyasida bo‘lganman, – deya eslardi otam. – U mening g‘amxo‘rim, qo‘riqchim hisoblanardi. Shu sababdan dunyoni taniy boshlagan birinchi voqealarim ham enam bilan bog‘liq. Bilasizlarmi, ikki-uch yoshlarimda bo‘lsa kerak, o‘ynab kelib enamdan shirinlik so‘rayverardim. Bir gal (bezor bo‘lgan shekilli) hiyla ishlatdi. Meni tuxum qilishga yotgan tovuqning oldiga obordi-da cho‘ntagidagi konfetni olib, “Mana, buni tovuq tug‘ibdi. Boshqa so‘rama, endi tug‘maydi” dedi. Shu-shu men tegirmon tagiga biror tovuq yotib olsa, xursand bo‘lib ketardim. Bir kuni qoqoqlab joyidan turib ketgan tovuqning tagida konfet emas, tuxum ko‘rib, rosa xafa bo‘lganman. Enam esa “bu gal tuxum tug‘ibdi, kelasi gal konfet tug‘adi” degan. Men bu gaplarga ishonardim va har gal tovuq konfet tug‘ishini kutardim. Tegirmon tagida yotgan tovuqni ko‘rsam, enamni konfetni oberishga qistalang qilgan vaqtlarim ko‘p bo‘lgan. Tovuqning konfet tug‘masligini keyinchalik bilib oldim albatta” deb bizni rosa kuldirgan.
Hikoyalaridan otamning juda erka farzand bo‘lgani sezilardi. “Sendan oldin Otaboyim bor edi. Xudo umr bermadi, ko‘p ko‘rdi, – deb takrorlarkan onasi otamga. – Otaboyim o‘lgach, otang yuragini oldirib qo‘ydi, shu sababdan sen erka o‘sding, otang ko‘proq seni deydigan bo‘ldi, seni ardoqladi, urmadi, so‘kmadi. Kichkinaligingdan birga olib yuradigan bo‘ldi”.
“Shu sabablarga ko‘ra men dakki yemasdan o‘sdim, ancha erkin edim. Nima so‘rasam, nima talab qilsam muhayyo edi”, deb ko‘p eslardi otam. O‘zi erka o‘sgan bo‘lsa-da, bizni sira erkalatmagan. So‘z bilan suyganini aslo eslolmayman. Ayniqsa meni. Bilmadim, qiz bola deb ehtiyotkorlik qilishgandir balki. Lekin mehrini doim his qilganman – xavotirlarida, qayg‘urishlarida… Masalan, uylarni tozalayotsam, otam kelardi-da, “ish qochmas, biroz damingni ol, charchading” derdi. Xursand bo‘lib ketardim.
Otam maktabda unchalik yaxshi o‘qimagan ekan. Ko‘proq sarguzashtlarga qiziqqan bo‘lsa kerak. Hatto sinfda qolib ketishiga ham sal qolgan ekan. Go‘dakligida (balki hali tug‘ilmagan ham chiqar) bobom eski hovlining bir qismini buzib yangi uy qurgan ekan. Bir kuni otam o‘sha eski uyning tomiga chiqib, o‘tinlarning tagidan uvadasi chiqib ketgan lattaga o‘ralgan to‘pponcha topib oladi. “O‘qigan jangnomalarimning ta’sirida bo‘lsa kerak, o‘tkir qilichga ega bo‘lish yoki miltiq otib dushmanni qulatish o‘yi mening borlig‘imni egallab olgan edi. O‘tinlar orasidan chiqqan bu to‘pponcha men uchun eng zarur bir topildiq edi. To‘pponcha ancha salmoqdor, og‘ir edi. Xuddi miltiqdek ovoz berib otilardi, – deganlarini eslayman. – To‘pponcha mening fe’l-atvorimga ham ta’sir qilayotganini anglardim. Men endi xalta ko‘tarib maktabga qatnaydigan, uy ishlarida dastyorlikdan boshqa narsaga yaramaydigan bola emasman, qo‘ltig‘imdagi to‘pponchaning egasiman”. Xullas, to‘pponchaning yangi “egasi” tengdoshlariga u haqida aytadi. Dars tugagach, otishga qiziqqan bolalar to‘dalashib xilvatroq joyga borishadi. Bo‘yinsalar birin-ketin boshlaridagi do‘ppilarini tayoqchaga ildirib mo‘ljalga qo‘yib, to‘pponchaning qanday otilishini zavq bilan tomosha qilishadi. Ularning bu qilmishidan maktab direktori xabar topib, otamga rosa dakki bergan ekan. Hatto katta bir xonaga butun maktabni yig‘ib majlis ham o‘tkazadi. Majlisda otam dostonlardagi malikalarga qiyoslab, yoqtirib yurgan qiz ham qatnashadi. Maktab direktori, o‘qituvchilar birma-bir so‘zga chiqib, to‘pponcha voqeasi-yu otamning o‘qishi sustligi haqida gapiradi. Majlis adog‘iga yetib, hamma o‘rnidan qimirlay boshlagach, boyagi qiz kelib “O‘lganing yaxshimasmi?!” debdi. Otam uchun shuncha odamning dashnomi bir yon-u, shahloko‘zning dashnomi bir yon bo‘lgan. Uning gapi ta’sir qilib, otam o‘qish kerakligini his qilib, maktabda a’lo bahoga o‘qiy boshlagan ekan.
Bu hikoyadan keyin faqat ilmgina odamni har qanday vaziyatdan omon olib chiqishini his qilganmiz. Bilasizmi, otamning butun hayoti tajribalardan iborat edi. Bolaligidan hamma narsani sinab ko‘rgan. Va mana shu tajribalarini bizga ham o‘rgatardi.
Otam muomalada va hayotda yumshoq ko‘ringani bilan o‘ta qattiqqo‘l ota edi. Gapni qisqa qilardi – bir-ikki so‘z bilan fikr bildirardi, tamom. Soatlab gapirish tabiatida yo‘q edi. Yarimta so‘zdan gapning ravishini bilib olishni talab qilgan bizdan ham. Abjirlik, iroda va mehnatkashlik keyingi talabi. Ushbu sifatlar otamning o‘zida bor edi. Har bitta vaziyatga mos bir voqeani aytib berib xulosani o‘zimizga qoldirgan.
Urushning olovli yillari otam hayotida o‘chmas iz qoldirgan. Aslida otam kabilar minglab, millionlab. Misoli qirq yilday o‘tgan frontdagi to‘rt yil va toabad qayta o‘sha holatlarga tushmaslik uchun astoydil harakat qilib yashalgan umr... Otamning “Tepki bosildi” asari o‘qlar, bombalarning dahshatli ovozi ichra yashagan oddiy askarlar kechirgan mashaqqatli kunlar haqida so‘ylaydi. Urush dahshatlarini ham u kishining qisqa-qisqa hikoyalaridan bilib olganmiz: “Okopda o‘tirganimizda, tagimizda o‘liklar borligini bilmay qolgan paytlarimiz ham bo‘lgan. Urushda yashab qolish oson emas. Snaryad va bombalar zarbasidan jon saqlash, ota-ona bag‘riga omon qaytish katta ish. Minglab odamlar o‘lib ketadi, yana qay birlari nogiron bo‘lib qaytadi. Tirik qolishimga ota-onamdan o‘rgangan tajriba va ko‘nikmalarim, zukkolik va tadbirlilik yordam bergan. Paytavalarim shilta bo‘lib qolsa, tanamning eng issiq joyi – qo‘ltig‘im ostiga olib quritib keyin kiyardim. Ho‘l bo‘lganini yana qo‘ltig‘imga solib quritardim. Shunday qilib jon saqlaganman. Axir ko‘plar zotiljam, zaxdan ham o‘lib ketardi. Urush bardoshingni sinaydi, irodangni toblaydi, yashovchanligingni oshiradi”.
Otam urushda snayper bo‘lgan. U kishining hayotini kuzatib, hayotda ham mergan bo‘lganiga amin bo‘laman. Har qanday masalada mo‘ljalni aniq olar, muammolar qarshisida hissiyotga berilmasdi. Puxta va chapdast odam edi. Biz farzandlarni ham shu ruhda tarbiyalashga intilgan.
Farzandimni mashina urib yuborib, uzoq vaqt komada yotdi. Komadan chiqib, bir yilcha oyoqqa turolmadi. Ichim yondi. Muammo oldida, sinov oldida ojiz qoldim. Shifokorlar umid yo‘q deganidan keyin, otam “qizim, endi bitta bolam yo‘q deb hisobla” degan. Yillab ajal girdobida yurgan odam o‘limga ham ko‘nikib qolar ekan-da. O‘shanda otamni qanchalik yomon ko‘rganimni bilsangiz edi... Shu gapdan keyin men yanada kuchliroq bo‘ldim. Onam, erim bilan tinimsiz parvarishlab, qattiq tirishib bolani oyoqqa qo‘ydik. Lekin bugun yoshim oltmishdan oshib bilayapmanki, otam meni kuchli bo‘lishga, bu sinov oldida egilib qolmaslikka tayyorlagan ekan. Boshga tushgan har bir tashvishni boricha qabul qilib, munosib hal qilish kuchli odamning ishi. Onam ham kuchli va qattiqqo‘l edi. Men ana shu ikki kuchli odamning daldasi bilan shu vaziyatdan chiqib ketdim.
Men ham ota-onam singari qarorlarimda qaysar edim. Esimda, institutga hujjatlarimni tayyorlab yurganimda otam:
– Qizim, filologiyaga topshiraqol, – degan.
– Yo‘q, men shifokor bo‘laman, – deganimda otam qayta majburlamagan. O‘qidim, shifokor bo‘ldim. Qarigan chog‘larida xastalanib qolganida shu kasbni tanlaganimdan mamnun bo‘ldi. Qaysidir do‘stiga “qiz bola yaxshi bo‘larkan, yaxshiyam shu qizim bor ekan” deganini eshitib, ko‘nglim tog‘day o‘sgan.
Turmush qurishimda ham otamning maslahatiga tayanganman. Xo‘jayinim toshkentlik. Sovchilar kelganida otam bilan maslahatlashdik. Otamda bobomdan o‘tgan bashoratgo‘ylik kuchli edi. Bobom tartibli va yiqiladigan joyiga oldindan ko‘rpacha to‘shab qo‘yadigan puxta odam bo‘lgan ekan. Otamning hikoya qilishicha, bobom urush boshlanmasdan oldin o‘ra qazib, oziq-ovqat mahsulotlarini ko‘mib qo‘ygan. Urush yillari oila shundan jon saqlagan ekan. Turmush qurish masalasida ham juda ko‘p mulohazalardan keyin otam meni yoniga olib, “qizim, yigit yaxshi, ammo hayotning asosiy qiyinchiliklari sening yelkangga tushadi. Ana shu mas’uliyatni bo‘yningga olishga tayyormisan?” dedi. “Tayyorman” dedim baralla. Otam haq chiqdi. Lekin men qarorimdan afsuslanmadim. Hayotning barcha sinovlariga boshimni baland tutib bordim. Agar yana qayta tanlov berilsa, men yana shu hayotni tanlayman!
Mantiq qani?! Bu bizning hayotiy shiorimiz desam ham bo‘ladi. Otam “har bir harakatda mantiq bo‘lishi kerak” derdi. Bolaligimizda oddiygina oyoqkiyimimizning ipini bog‘lolmasak, “mantiq qani?” derdi. Hatto hozirgacha biror ishimiz o‘xshamay qolsa, uydagilar bilan “mantiq qani?” deb bir-birimizga hazillashib qo‘yamiz.
Matyoqub Qo‘shjonovning bo‘sh vaqtini topish o‘ta qiyin masala edi. Qachon qaramang, shogirdlar qurshovida. Chorvoqda dachamiz bo‘lardi. O‘sha yerga dam olishga borsak ham, birpasda uyimizga tumonat odam yig‘ilardi. Bu odamlar otamning kelishini qayerdan bilarkan deb hayron qolardim. Shogirdlaridan, hamkasblaridan qo‘lidan kelgan yordamini ayamagan. Hozirgacha shogirdlari eslaydi buni. Otam o‘ta demokrat odam edi. Dars berishni yaxshi ko‘rgan. Talabalarga “Bu dars sizlarning ehtiyojlaringiz bo‘lishi kerak. Agar ko‘nglingizda istak bo‘lmasa, darsga qatnashmang, men talabalarni majburlamayman. Darsimga istab keling” der ekan.
Xonadonimizda oilaviy ikir-chikirlar onamning zimmasida edi. Onam onkolog shifokor bo‘lishiga qaramay, barcha muammolarni hal qilardi. Otam birovga og‘iri tushmagan holda o‘ziga juda yaxshi qarardi. Onam otamni yaxshi parvarishlagan, hatto keksayganda otamga qarash uchun ertaroq pensiyaga ham chiqib ketgan.
Otam inson ruhiyatini yaxshi bilgich edi. “Muloqotga kirishishdan oldin suhbatdoshingning ruhiyatini birinchi suhbatdayoq o‘rganib ol, yutqazib qo‘ymaysan. Agar niyati yaxshi bo‘lmasa, senga qanday hamla qiladi, qaysi tarafingdan keladi, darrov payqa. Pozitsiyani berma, chap berib ket” derdi.
Oxirgi paytlarda otamning ikki ko‘zi ham ko‘rmay qoldi. Vaziyatga tez moslashdi. Arz-dod qilmadi. Yozish bilan bog‘liq ishlarini diktofonda bajarishga o‘tdi. Otam meni o‘shanda yana bir bor qoyil qoldirgan. “Snayper o‘tkir odam bo‘ladi” derdi. Haqiqatan o‘tkir edi. U kishiga to‘g‘ridan to‘g‘ri hamla qilinsa, chap berib ketardi. “Oldinga bitta qadam bossang, orqaga ikkita qadam bos” der edi. Bugun men otamning hamma o‘gitini bolalarimga aytaman. Shunday odamning qizi ekanimdan faxrlanaman!
U kishi juda yaxshi yashadi. Bizni ham hayotning barcha qiyinchiliklariga toshday turib beradigan inson qilib tarbiyaladi. Qiyinchiliklar oldida dovdirab qolmadik. Doim ota-onamiz kabi kuchli bo‘ldik.
Akademik Matyoqub Qo‘shjonovning qizi Gulnora Qo‘shjonova
xotiralarini Guljahon Namozova oqqa ko‘chirdi.
“Ma’naviy hayot” jurnali, 2024 yil 3-son.
“Hayotda ham, adabiyotda ham snayper...” maqolasi
Adabiyot
Til
Adabiyot
Adabiyot
Jarayon
Til
Til
Jarayon
Tarix
Ta’lim-tarbiya
Tarix
Tarix
Din
San’at
//
Izoh yo‘q