Turkiy adabiyot izlanuvchisining izlamlari


Saqlash
20:43 / 25.10.2024 237 0

Turkistonda jadid davri adabiy jarayo­nini o‘rganish o‘zbek adabiyotshunosligida alohida ilmiy yo‘nalish sifatida shakllangan. Ustoz Ozod Sharafiddinov yirik adabiyotshunos olim Begali Qosimovni yaxshi ma’noda “so‘nggi jadid” deb atagan edi. Zotan, butun ilmiy faoliyatini jadid ma’rifatparvarligi tarixini o‘rganishga bag‘ishlagan olim shax­siyatida millat oydinlarining xarakterli jihatlari mujassam edi.

 

To‘g‘risini aytganda, bu professor Begali Qosimovga nisbatan xo‘b topib aytilgan o‘xshatish. Domlaning jadidlarga mengzalishi odamni mamnun qilardi, ammo nima uchundir nomdagi “so‘nggi” so‘zi biroz mulohazali, nazarimda. Shuk­rim, millat tarixini o‘rgangan va o‘rgana­yotgan olimlarimiz “so‘nggi” so‘zining ziddi o‘laroq jiddiy izlanishlar olib borishdi. O‘zlari ham jadidlar singari xulqlangan ulug‘ olimlar Erik Karimov, Boybo‘ta Do‘stqorayev, Naim Karimov, Sherali Turdiyev, Sirojiddin Ahmad singari ustozlar “so‘nggi jadid” ijodiy yo‘lini uzaytirishga xizmat qilishdi.

 

Abdulla Qodiriy nomidagi ijod maktabida uyushtirilgan bir uchrashuvda yozuvchi Xurshid Do‘stmuhammad yig‘in ishtirokchilariga ustoz Sirojiddin Ahmadni “zamonamiz jadidi” deb tanishtirdi. Ko‘ngil birdan yorishib ketdi. Sababi, “so‘nggi” jadid tushunchasini mazmunan yangilagan “zamonamiz jadidi” atamasi o‘ta zakiylik bilan o‘rnida qo‘llangan edi. Haqiqatan ham Sirojiddin Ahmad chin ma’noda yarim asrdan ortiq ilmiy faoliyatini jadidlik tarixiga bag‘ishlagan olim. Begunoh qora ro‘yxatlarga tirkalib, shahid bo‘lgan insonlar ismini qayta tiklash, xotirasini abadiy­lashtirish, ularning yurt ozodligi yo‘lidagi xizmatini ko‘rsatish kabi savobli ishlarni ustoz xolis bajarmoqda. Kamtar va kamsuqum olimning ilmga katta da’vosi yo‘q. Barcha mehnatlari manfaatsiz, ta’masiz. Qilayotgan ishlarini esa muqaddas burch deb biladi. Muallif tomonidan nashrga tayyorlangan kitoblar jadid adabiyoti kutubxonasining bir qancha javonini to‘ldiradi. Ustozning jadidlik harakati haqidagi kitoblarini milliy durdona va eng boy xazina deb bilish mumkin.

 

Sirojiddin Ahmadning keyingi yillarda ketma-ket nashr qilinayotgan bir qator kitob­lari ham “zamonamiz jadidi” tushunchasini kengroq anglashimizga yordam beradi. Ustoz tarixning sirli sahifalarini o‘zida jamlagan qo‘lyozmalarni sinchiklab o‘rgangan. Doimo birlamchi manbalarga tayanib ish ko‘rgan olim tagmatn sirlarini o‘ta noziklik bilan ilg‘ay oladi. Zahmatkash olim Turkiston tarixining eng murakkab davrini o‘rganishga butun umrini bag‘ishladi. Millat tarixidagi qonli sahifalar va yurt oydinlari faoliyatini yoritish, ma’rifatparvarlar hayotini chin mazmun-­mohiyati bilan ochib berishga o‘zini mas’ul sanadi.

 

Olimning ilmi amali bilan mutanosib bo‘lsa, soz ustiga soz. Ustoz chin ma’noda­gi ziyoli, kamtar, amalini so‘ziga sozlagan inson. Ustoz kitob tiklashda ham o‘ziga xos yo‘ldan boradi. “Milliy hurriyat ada­biyoti” (2018) nomli kitob tuzilishi va kompozitsiyasi bilan an’anaviy mundarijadan farqlanib, shakldagi bunday ayirma mazmunda ham aksini topgan. Kitob davr muammolari negizida tarixiy-adabiy jarayonni bo‘y-basti bilan ko‘rsatib beradi. Undagi tarixiy voqea va hodisalar o‘tgan asrning 20-yillari matbuot materiallari, shu kungacha xalq ko‘zidan maxfiy tutilgan va oshkora manbalar asosida yozilgan. Kitob mundarijasining o‘zi e’tiborni tortadi: “Muxtoriyat va adabiyot”, “Milliy qarama-qarshi turish adabiyoti”, “Gʻorat yoxud harbiy kommunizm davri adabiyoti”. To‘g‘ri, bo‘limlarning nomida hali muomalaga kiritilmagan o‘rinlar talaygina, ammo yondashuv­ning o‘ziyoq o‘quvchida ayricha tasavvur uyg‘otadi.

 

Olimning Munavvar qori Abdurashid­xonov, Mahmudxo‘ja Behbudiy, Sattor Jab­bor, Tohir Shokir ijodi bilan bog‘liq tadqiqotlari qomusiy xarakterga ega bo‘lib, kemtiklarni to‘ldiruvchi nodir manba sifatida ahamiyatlidir. Muallifning “Ikki imperiya asoratida” (2018) nomli ikki jilddan ibo­rat kitobida Turkiston mustaqilligi yo‘lida faoliyat yuritgan yurt qahramonlari haqida ma’lumot beriladi. Dukchi Eshon, Is’hoqxon Ibrat, Abdurahmon Sayyoh, Abduvohid qori Abduraufqoriyev, Zahriddin A’lam Qosimov (Cho‘lponning tog‘asi) kabi insonlarning Turkiston ozodligi yo‘lida qilgan xizmatlari birlamchi manbalar asosida yoritib beriladi. Muallif asl nashrlarga tayangan holda yurt istiqloli yo‘lida kurash olib borgan bir yarim mingdan ziyod diniy ulamolarning “Qizil terror” asosida qatl qilinganini ko‘rsatadi, ularni nomma-nom taqdim qiladi.

 

Kitobda ulamolarning millat ma’naviy va madaniy ravnaqi yo‘lida olib borgan xizmatlari ochib beriladi. Bosqinchilar yurtda dinga bo‘lgan ehtirom va e’tiqodni ko‘rib, avval diniy ulamolarni yo‘q qilish va ularni badnom etishni maqsad qiladi. Zahriddin A’lamning qu­yidagi fikrlari ham bizga ba’zi narsalarni oydinlashtiradi. “…Nimadandir butun Sharq ulusidan ko‘z yumub, qo‘l siltaydir. O‘rtoq unday emas, bechora Sharqning o‘ziga yarasha an’anasi bor: moddiy yoqda oqsag‘on bo‘lsa, ma’naviy va axloqiyotiga kunbotar ustodlaringiz ham insof qilur… So‘ng zamon mutaassiblari ul fanlarni chi­qo­rib, madrasalarni badnom qilg‘on ekan, endi qaytadan tiriltirib, Sharqning o‘z madaniyatini to‘plab, yetishmaganiga Gʻarbdan qo‘shsak, xalqni-da qochirmag‘on bo‘lurmiz. Xalq bilan birlikda madaniylashgan yaponlar, madrasadan qo‘l siltab taraqqiy izlagan usmonlilardan qancha yuqoriga chiqdi…”. Ustoz jadidlik g‘oyasini diniy va milliy qayg‘u, deb biladi. Uning izlanish­larida mana shu g‘oya bir butunlikda bo‘y ko‘rsatadi.

 

Olim tomonidan Tohir Shokirning “Tanlangan asarlar (Turkistonda turk mafkurasi va Alisher Navoiy)” (1922) nomli kitobi nashrga tayyorlanib, chop etildi. Muallif so‘zboshida Tohir Shokir haqida qisqacha ma’lumot hamda tanlangan maqolalari borasida sharh berib o‘tadi. Tohir Shokir hazrat Navoiy ijodiga bag‘ishlangan maqolasida ikki muammoni ochib berishni maqsad qiladi:

 

1. Turkistonda turk mafkurasi;

 

2. Alisher Navoiy ijodi va turkiy tafakkur masalasi.

 

Olim Navoiy fenomenini ochib berishda turkiy tafakkurning qadim ildizlariga, turk ulusi va ruhi masalasi kesimida Turkiston tarixiga nazar soladi. Turkistondagi turklikning Navoiygacha bo‘lgan madaniy va adabiy davrining yirik polotnosini yara­ta­di. Olim “Qutadg‘u bilig”­ni “milliy ruh va milliy tafakkurning timsoli”, deya baholab, turkiy qavm arab va fors tili bosimi ostida o‘z ruhidan uzoqlashib ketayotgan pallada Yusuf Xos Hojib, Ahmad Yassaviyning “kurash bayrog‘ini” ko‘tarib chiqqaniga ishora qiladi. Shoir butun faoliyati davomida milliy mafkurani shakllantirishga, “turk ruhi, turk rangi, turk fikr adabiyoti”ni “yakqalam” qilishga intildi va muvaffaqiyat qozondi. “Iymoni zaiflashib ketgan saroy doirasi miyalarini toza­lab to‘g‘ri milliy yo‘lg‘a solmoqchi” bo‘ldi va maqsadiga yetdi.

 

Sirojiddin Ahmadning Munavvar qori Abdurashidxonov ijodiga bag‘ishlangan “Men sendamen” (2023) kitobi ham jiddiy tadqiqot sanaladi. Munavvar qori Abdurashid­xonovning “Adibi avval”, “Adibi us-soniy”, “Yer yuzi”, “Havoyiji diniya”, “O‘zbekcha til saboqligi” kitoblari, xotira yozishmalari va turli mavzudagi publitsistik maqolalari millat ma’naviy merosining tarkibiy qismidir. “To‘plamdagi xotiralar uning mahbuslik davrida, uzlatda vah­shiyona qiynoqlar ostida yozilgan. Eski o‘zbek imlosi dastxatni kirill harfiga o‘girib, ayrim arzimas tahrir bilan e’lon qilinmoqda. Zero, uning qanday sharoitda yozilgani sezilib tursin”.

 

Kitobda avval e’lon qilinmagan maqolalar, xotira va nutqlar, Munavvar qorining majburiyat yuzasidan xorijda yashab qolgan shogirdlarining yozishmalari ilova qilingan. To‘plamda adabiyotshunoslikka oid mutlaqo yangi ma’lumotlar beriladi. Xusu­san, Hamza va Munavvar qori maktub­larini o‘rganish orqali ko‘p faktlarni bilish mumkin. Hamza Munavvar qorini o‘ziga “pir” deb biladi. 1915-yil oktyabr-noyabr oylarida yozilgan maktublarda Hamza­ning “Feruzaxonim” nomli nasriy asari borligi aytiladi. Munavvar qorining Hamzaga ushbu asar yuzasidan tavsiyalardan iborat yo‘llagan maktubidan parcha keltirib, uning nozik didli munaqqid ekanligini tasdiqlaydi. Sirojiddin Ahmad “Feruzaxonim” Hamzaning taqdiri noma’lum romanidir, buni topish va yanada aniqlik kiritish hamzashunoslarga havola”, degan mulohazani o‘rtaga tashlaydi. Fikrlarini asoslash uchun bir qancha faktlarni keltirib o‘tadi. Munavvar qorining maktubidagi “…chunki romanga (ta’kid bizniki – S.A.) ruh kiritadurg‘on va o‘quvchini qiziqsindiradurg‘on o‘rinlari shul…” so‘zlari ham bunga dalil. Munavvar qori Hamzani shogird sifatida tarbiyalashga intilgani, uning ijodkor sifatida unib-­o‘sishi uchun xolis takliflar bergani­ga guvoh bo‘lish mumkin.

 

Muallif xotiralarni tayyorlashda noyob arxiv materiallaridan unumli foydalangan. Necha yillarki arxivda qog‘oz changlari va gardlari orasidan haqiqat atalmish nurni qidirayotgan olim zaxirasida millat ma’naviyati xazinasini to‘ldiradigan hali ko‘p ma’lumotlar bor. Buni ustoz bilan qilingan o‘zaro suhbatlar tasdiqlaydi. Sirojiddin Ahmad chin ma’nodagi zamonamiz jadididir. Olim­ning Turkiston tarixi va jadidlarning ijtimoiy-ma’naviy harakatlarini yoritib berishga qaratilgan asarlari bilan tanishish har bir o‘zbek ziyolisi uchun manfaatlidir.

 

Sanobar TO‘LAGANOVA,

filologiya fanlari doktori

 

“Jadid” gazetasi, 2024-yil 18-oktyabr 43-son.

Zamonamiz jadidimaqolasi

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

So‘nggi maqolalar

Barchasi

Adabiyot

15:11 / 20.11.2024 0 106
Abdulla Qodiriy – o‘zbek detektivi asoschisi





Ko‘p o‘qilgan

Barchasi

San’at

16:08 / 28.08.2021 8 22030
Dunyoning eng mashhur va qadimiy besh muzeyi

//