Buxoro jadidlari: islohot va tanazzul


Saqlash
10:57 / 29.11.2021 9998 0

Buxorodagi islohotchilik harakati Ovrupodagi ilg‘or g‘oyalar ta’sirida XX asr boshlarida vujudga keldi. Taraqqiyparvar milliy ziyolilar Rossiyaga mustamlaka bo‘lgan bu o‘lkaning umumjahon taraqqiyotidan tobora ortda qolayotgani, iqtisodiy, diniy, ma’naviy sohada yuzaga kelgan turg‘unlikni anglab, keng ko‘lamli islohot yo‘lida kurash boshladi.

 

Buxorodagi islohotchilik harakati murakkab va mashaqqatli yo‘lni bosib o‘tdi. Ko‘hna zaminda jadidchilikning vujudga kelishida XX asr boshlarida Rossiya, Eron, Turkiyada kechgan inqilobiy harakatlar, amirlikdagi ma’rifatparvarlarning ijtimoiy-siyosiy faoliyati muhim ahamiyat kasb etgan (Jadidchilik: islohot, yangilanish, mustaqillik va taraqqiyot uchun kurash. Toshkent, “Universitet”, 1999. 58-bet).

 

Fayzulla Xo‘jayev Buxorodagi jadidchilikning Turkistondagi islohotchilik harakatidan farqli jihatlariga e’tibor qaratib bunday yozadi: “Buxoroda harakat boshqa yo‘l bilan bordi. Buxoro jadidchiligi dehqonlar va mayda savdogarlarga tushadurgan soliq og‘irliqlarini yengil qilish ham soliq ishlarini umumiy tartibga solish to‘g‘risida ochilgan gapdan boshlab, tadrijiy sur’atda ko‘p a’zolar, sho‘balar va Buxoro xalqining har xil tabaqalari orasidag‘i o‘ziga xayrixoh omma bilan birga haqiqiy bir yashirin jamiyatga aylana bordi” (Xo‘jayev F. Buxoro inqilobining tarixiga materiallar. Toshkent, “Fan”, 1997. 63-bet).

 

Keyinchalik bu harakatga maktab va madrasalarni isloh qilish, dunyoviy fanlarni o‘qitishga e’tiborni kuchaytirish kabi ma’rifatparvarlik g‘oyalari bilan chiqqan ayrim hukumat amaldorlari, mahalliy boylar, savdogarlar, ulamolar, mudarrislar va talabalar qo‘shildi. Ular safida Ahmadjon Hamdiy, Abduvohid Munzim, Hamidxo‘ja Mehriy, Sadriddin Ayniy, Xoja Rofe’, Mukammal Burhon, Usmonxo‘ja Po‘latxo‘ja o‘g‘li, Atoxo‘ja kabilar bo‘lgan.

 

1908-yil oktabrda Abduvohid Munzim o‘z uyida tojik tilida dars beruvchi ilk usuli jadid maktabini ochadi. Bir yildan so‘ng ushbu maktab o‘quvchilari tantanali sur’atda imtihon topshiradi. O‘quvchilarning bilimidan ta’sirlangan keksa ziyoli Bo‘riboy afandi ko‘ziga yosh olib, majlis ahliga bunday murojaat qiladi: “Men umidvormanki, o‘n yilgacha Buxoroda inqilob voqe’ bo‘lur, vatan avlodi bu kuni razolat va safolatdan qutulur, esizki, u kunni men ko‘ra olmayman, siz yoshlar ko‘rasiz. Ming qatla shukurkim, ishning boshlanganini ko‘rdim” (Ayniy S. Asarlar. 8 tomlik. 1-tom, Toshkent,O‘zSSR davlat Badiiy adabiyot nashriyoti”, 1963. 210-bet).

 

Ammo bu xayrli ish eski tartib tarafdori bo‘lgan “qadimchilar” qarshiligiga uchradi. Mulla Qamar, Mulla Xolmurod, Mulla Abdurasul Zakun va Mulla Abdurauf mudarris, ulamolar vakili sifatida, qushbegidan maktabni yopishni qat’iy talab qildi.

 

Maktab yopib qo‘yilsa-da, jadidlarning g‘ayrati zarracha susaymadi. 1909-yil dekabrda Sadriddin Ayniy, Abduvohid Munzim, Ahmadjon Hamdiy, Hamidxo‘ja Mehriy, Hoji Rofe’, Mukammal Burhonovlar “Tarbiyai atfol” jamiyatini tuzadi. Ma’rifatparvarlar yashirin ish olib borib, Termiz, Karki, Yangi Buxoro va G‘ijduvonda jamiyatning 28 ta shaxobchasini ochdilar. Jamiyat o‘z faoliyati davomida: 1) ilmga tashna yoshlarga iqtisodiy va ma’naviy yordam ko‘rsatib, ularni Rossiya hamda Turkiyada o‘qitishga alohida e’tibor qaratdi; 2) Rossiyaning musulmon shaharlarida, Turkiya va Eronda chiquvchi matbuot nashrlari bilan buxoroliklarni tanishtirishga harakat qildi; 3) o‘rinsiz sarf-xarajatlar, to‘y va ma’rakalardagi isrofgarchiliklarga qarshi kurashdi; 4) amaldorlar, ulamolarning zolimligi, yulg‘ichligini xalqqa tushuntirib, bu ishlar shariatga tamoman zidligini aqliy va naqliy dalillar bilan isbotlab bordi (o‘sha asar, 234-235-betlar).

 

Ushbu jamiyat Buxoroda ilk bor usuli jadid maktablarini darslik va o‘quv qo‘llanmalari bilan ta’minlovchi “Ma’rifat” shirkatini ochdi. Jamiyat qisqa fursat bo‘lsa-da, o‘zbek tilida “Turon”, “Buxoroi sharif” gazetalarini chiqarishga muvaffaq bo‘ldi, bu nashrlar butun Turkiston o‘lkasida e’tibor qozondi.

 

1914-yil qadimchilarning urinishi bilan Buxoroda ikkinchi marta jadid maktablari yopildi. “Sadoi Turkiston” gazetasining 11-iyul sonida Muzofir imzosi ostida chop etilgan “Buxoro xalqi” nomli maqolada bu haqda atroflicha ma’lumot berilgan.

 

1915-yilga kelib hukumat va qadimchilarning doimiy qarshiligida faoliyat yuritgan Buxoro jadidchilik harakati shiddat bilan rivojlanib, siyosiylasha boshladi. Jadidlar nafaqat madaniy islohot, balki davlat boshqaruvini isloh qilish, qonunchilik, savdo-sotiq, qishloq xo‘jaligi va soliqlarni tartibga solish talabi bilan chiqdilar.

 

1917-yil martda Yosh buxoroliklarning Markaziy qo‘mitasi tashkil qilindi. Abduvohid Burhonov qo‘mita raisi, Abdurauf Fitrat kotib, Usmon Xo‘jayev xazinachi, Muhiddin Raf’at, Muso Saidjonov, Ota Xo‘jayev, Ahmadjon Abdusaidov, Fayzulla Xo‘jayev va Homidxo‘jalar qo‘mita a’zolari etib saylanadi (“Buxoro inqilobi tarixiga materiallar”, 82-bet). Ular Muvaqqat hukumat va Petrograddagi ishchi, askar deputatlari hukumatini Rossiya ozodligi bilan tabriklab, Buxoroda islohotlar uchun amirga bosim o‘tkazishini so‘raydi. Ammo bu harakatlar zoye ketadi.

 

Shundan so‘ng F.Xo‘jayev Abdurauf Fitrat va Usmon Xo‘jayevni Muvaqqat hukumatni Buxorodagi ahvoldan xabardor qilish uchun Petrogradga jo‘natadi (Ходжаев Ф. К истории революции в Бухаре. Ташкент, УзГиз, 1926. Стр.19). Orenburgga yetib borgan elchilar, jadidlar va amir o‘rtasidagi nizolarni hal qilish uchun Buxoroga Rossiyadan vakillar yuborilganini eshitib, ortga qaytadilar.

 

Nihoyat, amir islohot o‘tkazishga qaror qiladi. Biroq qadimchi yetakchilardan Nizomiddin Urganjiy va qozikalon Burhoniddinlar qarshi chiqadi. Amir Olimxon va Nasrullo qushbegi ushbu masalada Yoshlar firqasi vakillari Mirza Muhiddin va eski taraqqiyparvar Hoji Mustafoqul bilan maslahatlashganida har ikkisi ham demokratik islohotlarni amalga oshirish lozimligini ta’kidlaydi (Ayniy S. Asarlar. 8 tomlik. 1-tom. Toshkent, “O‘zSSR davlat Badiiy adabiyot nashriyoti”, 1963. 271-bet).

 

Amirning manifest loyihasini Rossiyaning amirlikdagi vakili muovini Shulga tayyorlagan bo‘lib, unda taraqqiyparvar mullalar, yoshlar va jamiyatning boshqa toifalaridagi ochiq fikrli kishilardan Majlis ta’sis etish, ushbu majlis hukumatning xarajat va daromadlarini hisobga olishi, hokimlarni nazorat qilishi, yer-mulk solig‘i miqdorini belgilashi, davlat daromadining bir qismi moddiy va ma’naviy ta’minotga sarf qilinishi kabi bandlar kiritilgan edi (o‘sha asar, 275-bet).

 

1917-yil 7-aprel kuni Amir Olimxon islohotlar xususidagi farmonni imzoladi. Farmonda xiroj, zakot va boshqa soliqlarni adolat asosida tartibga solish; Rossiya bilan savdoga alohida e’tibor berish; amaldorlar ustidan nazorat o‘rnatish; foydali ilmlarning taraqqiy etishi uchun shariatga muvofiq chora-tadbirlar ko‘rish; majlis saylash; davlat xazinasini ta’sis qilish va amirlik byudjetini belgilash; bosmaxona ochish; qamoqda saqlanayotganlarni ozod qilish ko‘zda tutilgan edi (MDA, 2-ro‘yxat, I-3-fond, 513-hujjat, 42-varaq).

 

Farmonni qutlab, shahar ko‘chalarida jadidlar boshchiligida tinch namoyishlar o‘tkaziladi. Ayni choqda, qarshi kuchlar harakatga kelib, jadidlarni tanqid qiladi. Natijada amirning buyrug‘i bilan jadidlar qamoqqa olina boshlaydi. Aksar jadidlar Yangi Buxoroga qochib, jon saqlaydi.

 

1918-yili Buxoro jadidlari ikkinchi marta qirg‘inga uchradi. Amir 1500 jadidni o‘ldirib, qolganlarini ta’qib etadi. Ma’rifatparvarlar bu safar Samarqand va Toshkentga borib o‘rnashadi.

 

Doimiy ta’qib ostida bo‘lsa-da, islohotchilik harakati vakillari o‘z faoliyatini to‘xtatmadi. Vatan ozodligi, ma’rifat va taraqqiyot uchun kurash keyin ham davom etdi.

 

Dilnoza JAMOLOVA,

Kogon qishloq xo‘jaligi va xizmat ko‘rsatish

kasb-hunar kolleji o‘qituvchisi

 

Tafakkur jurnali, 2016-yil 2-son

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

So‘nggi maqolalar

Barchasi

Ma’naviyat

11:11 / 01.11.2024 0 285
Millat qanday tarbiyalanadi?





Ko‘p o‘qilgan

Barchasi

San’at

11:08 / 28.08.2021 8 21183
Dunyoning eng mashhur va qadimiy besh muzeyi

//