So‘zimiz avvalida ayrim raqamlarga e’tibor qaratsak: 2023-yilda dunyo bo‘yicha har soniyada 8,4 nafar kishi turli ijtimoiy tarmoqlarga obuna bo‘lgan. Yil davomida ularning soni 5,6 foizga o‘sib, 266 million nafarga ko‘paygan. Hozir yer yuzida ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilari soni 5,04 milliard nafardan ziyod. Ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilari bir kunda o‘rtacha 2 soat-u 23 daqiqa vaqtini internet uchun sarflaydi. Agar bu raqamlarning umumiy yig‘indisi hisob-kitob qilinsa, 2024-yilda insoniyat 500 million yil vaqtini turli ijtimoiy tarmoqlarda o‘tkazar ekan.
Ha, internet, ijtimoiy tarmoq va mobil telefonlar allaqachon odamlar hayotining ajralmas qismiga aylanib ulgurdi. Biznes, ishlab chiqarish, ta’lim-tarbiya, tibbiyot, axborot almashinuvi kabi qator sohalarni o‘rgimchak to‘risiz tasavvur qilish mushkul. Hatto yurish-turishimiz, yeb-ichishimiz, kiyinishimiz, eng muhimi, dunyoqarashimiz shakllanishini ham internet belgilab berayotir. Kunda, kunora yangi texnologiyalar yaratilayotgan shiddatli davrda oqimga qarshi suzish, har qadamda o‘zingni ihotalab yashashing imkonsiz.
Diqqat bilan qarasangiz, biz ham dunyo ahli singari o‘rgimchak to‘ri ichra yashamoqdamiz. Go‘yo keng dunyo o‘rgimchak iniga aylanib qolganday, hamma tomonni ko‘zga ko‘rinmas to‘r qoplagan. Lekin bu jarayonni o‘rgimchak to‘ri emas, bilim va imkoniyat manbai sifatida ko‘rsa ham bo‘ladi. Faqat kimga qanday?
Ikki yil burungi ma’lumotga ko‘ra, O‘zbekiston aholisining internetdan foydalanuvchilari soni 31 million nafar bo‘lib, ularning 29,5 millioni mobil telefon orqali mazkur xizmatdan foydalanadi. Xo‘sh, yurtdoshlarimiz internetdan qanday foydalanmoqda?
Tanganing ikki tomoni bo‘lgani singari, internetning ham yaxshi va yomon tomonlari bor. Undan qanday maqsadda foydalanish har bir insonning o‘ziga bog‘liq. Shoir aytganiday “hikmat izlaganga hikmat, g‘urbat izlaganga g‘urbatdir dunyo”. Internet ham kimdir hikmat topsa, kimdir g‘urbat topadigan dunyoga aylandi. Internetning uzog‘imizni yaqin, og‘irimizni yengil, ko‘p yumushlarimizni qo‘limizdan olgan dastyor sifatidagi yaxshi imkoniyatlarini inkor etmay, ayrim yurtdoshlarimizning kaltabinligi, saviyasizligi, nosog‘lom fikr yuritishi sababli milliy tafakkur va ma’naviy hayotimizni botqoqqa tortishda vosita bo‘lib qolayotganini aytib o‘tish o‘rinli. Shuning uchun biz bu maqolamizda ko‘proq xatarli, xavotirli jihatlar haqida to‘xtalmoqchimiz. Maqsadimiz – ogohlik.
Ko‘p hollarda odamlarimiz, ya’ni katta-kichik yurtdoshlarimizning qosh qo‘yaman deb ko‘z chiqarib qo‘yayotganiga guvoh bo‘layapmiz. Har holda ijtimoiy tarmoqlarda xalqimizning turli qatlami vakillari tomonidan yozilayotgan, foto va video ko‘rinishida joylayotgan bachkana va didsiz axborotlar shunday xulosaga kelishimizga asos bo‘la oladi. Keling, quyida ana shunday ba’zi misollarni tahlil qilib ko‘raylik.
“Youtube” tarmog‘ida 509 mingdan ortiq obunachiga ega bir kanalda yurtimizda anchagina taniqli bo‘lgan xonanda bilan uyushtirilgan suhbatga e’tibor qarataylik:
– Oilangiz haqida gaplashsak? – kanal nomini familiyasi bilan atagan boshlovchi xonim savol so‘raydi.
– Hozirgi kunda oilam yo‘q, – deb javob beradi yolg‘ondakam bo‘lsa-da afsuslanishni xayoliga keltirmayotgan haligi xonanda.
– Ajrashgansiz? Agar sir bo‘lmasa, ayting-chi, necha marta turmush qurgansiz o‘zi? Bolalarim ko‘p deb doim gapirib yurasiz.
– Sanab ko‘rishim kerak! Chunki dabdurustddan bu savolga javob berishim qiyin. Aslida to‘g‘risi ham shu. Allohdan yashirmagan, bandasidan yashirarmidim?
Xonandaning javoblarini eshitib boshlovchi kulib qo‘yadi.
– Hamma bolalaringizni o‘zingiz yuz foiz ta’minlaysizmi?
– Ikki bolamga aliment to‘layman. Bir qizim Germaniyada yashaydi. Hozir 19 yoshda. Shu kungacha unga biror nima qilib berdim deb katta gapirolmayman.
– O‘sha qizingiz birinchi turmushingizdan, shundaymi?
– Ha, shunday. Onasi bilan ajrashganmiz. Ikkinchi turmushimdan esa uch nafar farzandim bor. Ularning issiq-sovug‘idan xabardor bo‘lib turish bo‘ynimda. Uchinchi va to‘rtinchi turmushimdan ham bir nafardan o‘g‘lim bor. Ularga aliment to‘layman. Beshinchi turmushimdan yana bir qizim bor. Uning hol-ahvolidan xabar olib turaman. Oltinchi turmushimdan yana bir nafar o‘g‘il farzand bor. Onda-sonda ko‘rishib turishimizni aytmasam, ochig‘i, mutlaqo xabarlashmaymiz.
– O‘g‘lingiz bilanmi?
– Ha.
– Hozir o‘sha o‘g‘lingiz necha yosh?
– Bilmadim. Ikki yosh bo‘ldimikan-a?..
Yo tavba! Ellikka kirgan odamning gaplariga qarang-a! Fojeali taqdiri haqida hech xijolatsiz, uyalmasdan, go‘yo bir ishni do‘ndirib qo‘ygan qahramonday mardonavor gapirib o‘tiribdi. Hayotidagi xatolaridan to‘g‘ri xulosa chiqarish o‘rniga qilgan ishidan mamnunday. Olti marta uylanganidan masrurday! Hayotning oq-u qorasini ko‘rgan odam ommaga shu gaplarni tortinmay aytib tursa, hali hayot qozonida qaynab ko‘rmagan yoshlarimizdan nimani kutish mumkin?
Afsuski, bunday holat birinchisi ham, oxirgisi ham emas. Sal ilgari yana bir ashulachi besh nafar xotini, 15 nafar farzandi borligini aytib maqtangan edi. Boshqa bir yallachi umrida umuman kitob o‘qimaganidan faxrlanib gapirib chiqdi. El ichida taniqli bo‘lgan bir tadbirkor esa maktabda “ikki”chi bo‘lganini tan oldi.
Afsuski, so‘nggi paytlarda bu shakl va mazmundagi gurunglar internetning o‘zbek segmentida juda ko‘payib ketdi. Har kim og‘ziga kelgan gapni o‘ylamay-netmay gapirib yotibdi. Kimdir e’tiroz bildirguday bo‘lsa, so‘z erkinligini pesh qilib darrov og‘zingizga uradi. Ohanjamaga o‘ch yurtdoshlarimiz esa bilib-bilmay, gapning ma’nisiga yetmay, ularning piligiga moy quyish bilan band. Bunday qora tashviqot ertaga farzandlarimizning kelajagiga salbiy ta’sir qilishi haqida hech kim o‘ylayotgani yo‘q. Ma’lumki, omma azal-azaldan mashhur, taniqli kishilarning hayoti, ular haqidagi ma’lumotlarga qiziqadi. Ko‘p hollarda ularning ibratli ishlaridan, yurish-turishidan, o‘rni kelsa, xatolaridan xulosa chiqargan odamlar yomondan yaxshilikka, o‘g‘rilikdan to‘g‘rilikka o‘tgan. Bugun odamlarimiz mashhurlardan nimalarini o‘rganishi mumkin? Qayta-qayta xotin olishnimi? Farzandlar holidan xabar olmaslik va ularning tarbiyasi bilan shug‘ullanmasliknimi?
O‘zbek xalqi mudom oilani muqaddas sanab kelgan. Oilaning mustahkamligi, farovonligi yo‘lida ne-ne mashaqqat va sinovlarga dosh bergan. O‘rni kelsa, ayolning yoki erkakning aybi, xato va kamchiliklari yashirilgan. Taajjubki, hozir er-xotin tinmasdan aybni bir-biriga ag‘daradi, yetmaganiga butun ommaning oldiga chiqib, bir-birini yer bilan yakson qiladi. “Ursang eti, gapirsang beti qotadi” deganlariday, internet tarmog‘ida kun sayin urchib borayotgan bunday bemaza va tuturuqsiz videolar boshqa oilalar muhitiga u yoki bu darajada salbiy ta’sir ko‘rsatishi aniq. O‘zi shundoq ham yurtimizda muammoli oilalar ko‘payib ketayapti. O‘zbekistonda 9 milliondan ortiq oila bor. Yiliga 250–300 ming yangi oila qurilmoqda. Ammo shu bilan birga, har yili o‘rtacha 45–49 ming oila buzilib, ajrashib ketayapti. Shuncha oilaning barbod bo‘lishi butun jamiyatga ta’sir qiladi.
Internet olamidagi yana bir mavzu katta-kichikning e’tiborini jalb etdi. Gap shundaki, bir yosh futbolchining ayoli “Youtube” tarmog‘idagi bir kanalga intervyu berib, qaynotasini unga shilqimlik qilganlikda aybladi. Ana ko‘ring-da tomoshani. Avvaliga o‘zbek segmentidagi barcha saytlar, kanallar, boringki, ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilari ham o‘z sahifalariga bu xabarni yashin tezligida joylab, shov-shuv ko‘tarib yubordi. So‘ngra turli guruh va davralarda muhokamalar boshlanib ketdi. Kimdir kelinchakning tarafini olib iddao qilsa, boshqa birov hali o‘zbek erkaklarining or-nomusi o‘lmagan deb qaynota tomonda turib baqir-chaqirni boshlab yubordi. Qisqasi, yuz minglab yurtdoshlarimiz ikki-uch kun ana shu video bilan ovora bo‘lib yashadi.
Oradan to‘rt-besh kun o‘tib, loyqa suvlar tinganday edi. Ammo kutilmaganda yana hammasi qaytadan boshlandi. O‘sha videoni internetga joylagan kishilar bu safar har ikki tomonning mazkur voqeaga munosabatini e’lon qildi. Tabiiyki, hech kim aybdor emas, tomonlar bir-biriga tosh otish bilan ovora. Xullas, boshi-oxiri yo‘q “dedi-dedi”lar.
Uch kun ichida ikki yuz ellik ming odam ko‘rgan bunday videolar o‘zbek jamiyati uchun yarashmaydi, albatta. Ikkovora gurungda ham tilga olish uyat bo‘ladigan bunday mavzularning ommaviy efirga tarqatilishi yaxshilik alomati emas. Asta-sekin yuqumli tus olib, ommalashib borayotgan bunday illatlar borib-borib milliy qadriyatlarimiz, milliy ongimiz va madaniyatimizning ich-ichidan yemirishi mumkin. Millat tafakkuriga yot g‘oyalarni, “ommaviy madaniyat” niqobidagi bo‘lmag‘ur hayot tarzini, G‘arbning o‘zini-da dovdiratib qo‘yayotgan g‘arbona buzg‘unchi odatlarni turmush tarzimizga singdirib yuborishi ehtimol. Galdagi misoldan ham xavotirimiz nechog‘li o‘rinli ekanini anglasa bo‘ladi.
Besh-olti oy ilgari turli ijtimoiy tarmoqlarda dilni xira qiladigan bir video tarqaldi. O‘zganing uyiga kirib, shkafga berkinib olgan begona yigit ushlab olinib, to‘rt-beshta kishi tomonidan tergalgan holat tasviri jamoatchilikda g‘azab uyg‘otdi. Kutilmaganda esa...
Oradan ko‘p fursat o‘tmay birovning uyiga ko‘z olaytirgich o‘sha yigit kutilmaganda ayrim befarosat yurtdoshlarimiz tomonidan salkam qahramon darajasiga ko‘tarib yuborildi. Dastlab bir bloger u bilan hamkorlikda videorolik olib, sotiladigan uyni reklama qildi. So‘ngra boshqa odamlar ham uning ismini qo‘shib, misoli birovning uyiga yashirincha kirib olgandek bo‘lib o‘nlab, balki yuzlab videolar tasvirga olib, ijtimoiy tarmoqlarga tarqatdi. Ular orasida o‘zbek ayol va qizlarining ham borligi juda achinarli.
Ha, bugun gazeta-jurnallar, kitoblarni bir chetga qo‘ya turaylik, ko‘pchilik televizor ham ko‘rmay qo‘ydi. Chunki odamlar tafakkur qilishga, fikr yuritishga erinib qoldi. Yengil-yelpi, arzon-garov mahsulotlarning xaridoriga aylandi. Hayotning ma’nosini ijtimoiy tarmoqlardagi bachkana, saviyasiz, didsiz turli audio va videolar bilan o‘lchaydigan bo‘ldi. Hatto tadbirkorlar ko‘proq foyda olish ilinjida mahsulotini o‘shalarga reklama qildirayapti. Pulning hidini olgan ayrim bloger va vaynerlar moyli mijozni qo‘ldan boy bermaslik payida qo‘lidan kelgancha tayini yo‘q videolar olib, odamlarning e’tiborini tortishga urinmoqda. Oqibatda na mantiqqa, na axloq-odob mezonlariga to‘g‘ri keladigan, qo‘pol qilib aytganda odam jirkanadigan “ijod mahsullari” ommalashmoqda. Ayrim videolarda millatning ustidan kulish, mahalliychilik qilish, hatto qishloq odamlarini ovsar qilib tasvirlash tez-tez uchrab turibdi. Bu haqda taniqli rejissyor Jahongir Ahmadov ham ijtimoiy tarmoqdagi sahifasida kuyinib fikr bildirdi:
“Odamlarni ovsar, landavur, ahmoq, jinni, qoloq, omi, befarosat, savodsiz qilib ko‘rsatmoqchi bo‘lishsa, nega boshiga do‘ppi kiydirib qo‘yishadi?! Bironta turkning milliy boshkiyimini kiyvolib qiyshanglayotganini ko‘rganmisiz? Men hatto qozoq, qirg‘iz qardoshlarimizning ham bunday qilishganini ko‘rmaganman.
Yigitlar, do‘ppi o‘zbek millati uchun shunchaki boshkiyim emas, bu qadriyat! Aqlni yig‘ib olish kerak!”.
Ijtimoiy tarmoqlardagi yana bir og‘riqli masalalardan biri – oxirgi vaqtlarda hissiyotni junbishga keltiruvchi dorilar reklamasi hamda er-xotin munosabatlariga burnini suqib, ularga aql o‘rgatuvchilar toifasi ko‘payib ketdi. Hadeganda qarshingizdan chiqib keladigan bu reklamalarda taniqli artistlar ishtirok etayotgani biroz g‘alati. Bir filmda muallim, boshqasida oqsoqol rolini o‘ynaydigan kishilarning shu mahsulotni ichsangiz undoq bo‘lib ketasiz, bundoq natijaga erishasiz deb turishini, ochig‘i, hazm qilish qiyin. Ularning kuyib-pishib bu dorilarni reklama qilishini ko‘rgan odam O‘zbekistonda birorta sog‘lom erkak va ayol qolmabdi degan xayolga boradi. Vaholanki, o‘tgan yili qaysidir xorijiy tashkilot bu borada o‘zbeklarda muammo yo‘q deya hisobot bergan edi.
Qisqasi, internetning o‘zbek segmentidagi ijtimoiy tarmoqlarni kuzatib baraka topish qiyin. Tosh bosadigan chiqishlar barmoq bilan sanarli. Misollarda keltirilgan kabi “asar”lar ommaga yoqqani bilan millatning kelajagi, yurt ravnaqi uchun foydasiz. Qaytanga, odamlarning didini, saviyasini o‘ldirmoqda. Kimdir istamasang internet yoki ijtimoiy tarmoqlardan nari tur deyishi turgan gap. Lekin yosh-u qarining qo‘lida mobil telefoni bo‘lgan hozirgi zamonda bu imkonsiz. Yaxshisi, har birimiz tafakkur qilib, o‘zimiz, bolalarimiz taqdiri uchun xulosa chiqaraylik. Aytib o‘tganimizday, internet va ijtimoiy tarmoqlardan g‘urbat yo illat emas, hikmat topsa ham bo‘ladi.
Azim RO‘ZIYEV
“Ma’naviy hayot” jurnali, 2024-yil 3-son.
Adabiyot
Til
Adabiyot
Adabiyot
Jarayon
Til
Til
Jarayon
Tarix
Ta’lim-tarbiya
Tarix
Tarix
Din
San’at
//
Izoh yo‘q