Chingiz Aytmatov tuhmatdan himoya qilgan “nasr dehqoni”


Saqlash
15:36 / 25.10.2024 278 0

Bundan 47 yil muqaddam, 9-sinfda o‘qib yurgan kezlarimda, Shahrisabzda adabiyot fani bo‘yicha olimpiadada ilk marta O‘zbekiston xalq yozuvchisi Pirimqul Qodirov bilan uchrashganman. Olimpiadaning oxirgi kunlarida Pirimqul aka mashhur olim Matyoqub Qo‘shjonov bilan birga Shahrisabzga keldi. O‘zbek adabiyotining bu ikki darg‘asi bilan bo‘lgan uchrashuv orzular osmonida uchib yurgan biz o‘quvchilarga qizg‘in hayajonlar bag‘ishlagan edi. Uchrashuvdan so‘ng adib ilg‘or o‘quvchilar bilan alohida gaplashdi. Ular orasida men ham bor edim. Pirimqul akaga ma’qul keldim shekilli, menga uy manzilini berib: “Menga xat yozib turing, she’rlaringizni yuboring” dedi. Shunday katta yozuvchining bir o‘quvchi bolani sizlab gapirishi va muloqotga undashi meni hayron qoldirgan. Bu e’tiborning o‘zi uch-to‘rtta xom mashqlari havosida masrur yurgan g‘o‘rgina bola uchun archa bayram edi. So‘ng olimpiada tugab, o‘quvchilar uy-uyiga – kapa to‘yiga tarqalishdi.

 

Keyinroq... Surxondaryoning chekkadan chekka bir qishlog‘i Boymoqliga, “to‘g‘ri kelgan narsani she’r deb kuylab”, qog‘oz qoralab yurgan tuynak bir o‘smirga kimsan O‘zbekistonning ulkan adibi Pirimqul Qodirovdan bir necha marta xatlar borgan. Shunday mashhur yozuvchining bir maktab bolasi uchun vaqt ajratib xat yozishi, yo‘l-yo‘riq ko‘rsatib, mashqlariga fikr bildirishi katta gap edi. Bunday mehr va samimiyat har kimning ham haddi emas. Ba’zan men hozirgi yoshimda chekka bir qishloqdagi biror bo‘z bolaga shunday himmat va rag‘bat ko‘rsata olamanmi, deb o‘zimga savol berib ko‘raman va javobda ikkilanib qolaman. Bu xatlar menga qanot bergan. Ularni saqlab qololmaganimga mudom achinaman. Bu xatlar menga qadrdon xatlar edi. Garchi yillar shamoli ularni qaylargadir qushlarday uchirib ketgan bo‘lsa-da, qalbimga muhrlangan xatlar edi.

 

Menga Pirimqul akaning ko‘p yaxshiliklari o‘tgan. Maktabni bitirgan yilim mamlakatning eng nufuzli jurnali “Guliston”da she’rlarim chiqdi. Men “Guliston” jurnalining manzilini ham bilmas edim. Tahririyatga she’r yuborganim ham yo‘q edi. Bu men uchun kutilmagan hayajonli voqea bo‘ldi. U paytlar “Guliston”da chiqish degani katta yo‘lga chiqish uchun fatvoday gap edi. Chunki bu jurnalning boshida asr donishmandi Asqad Muxtor turardi. Keyin bilsam, Pirimqul Qodirov Asqad Muxtorga mening mashqlarimni tavsiya qilgan ekan.

 

Toshkentga o‘qishga kelganimdan so‘ng Pirimqul akaning ko‘p gurunglarini olganman. Juda madaniyatli, bag‘rikeng, doimo fikri-zikri yozayotgan asari bilan band bo‘ladigan zahmatkash bir inson edi. Hamma narsani teran nigoh bilan kuzatardi. Bir kuni Pirimqul akaning Asqad Muxtorga qo‘shni uyida o‘tirganimizda, u kishi menga o‘sha kunlari yozayotgan yangi asarining qo‘lyozmasini ko‘rsatdi. Qo‘lyozmani ko‘zdan kechira turib, bir narsadan ajabalanganman. Bir varaq oq qog‘ozda bor-yo‘g‘i 8 yo 9 qator yozuv yozilgan, har bir qator orasi 3-4 santimetr ochiq qoldirilgan. Aslida qo‘lyozmada bir sahifaga 30 qatorgacha yozuvni sig‘dirsa bo‘ladi. Lekin bu qo‘lyozmaning hamma sahifalarida ochiq qolib ketgan joylar dehqonning ekin ekilmay qolgan yeriday bo‘sh yotardi. Ko‘nglimdan “Pirimqul aka qog‘ozni rosa isrof qilar ekan-da”, degan o‘y o‘tdi. Kuzatuvchan, farosatli odam emasmi, darrov dilimdagini fahmladi. “Men ataylab qator orasini ochiq qoldiraman – dedi u qo‘lyozmaga qo‘li bilan ishora qilib, – Buning boisi keyin yozganlarimni qayta ishlayotganimda varaqdagi ochiq joylar menga juda asqotadi. Tahrir talab joylarini o‘zgartiraman, so‘zlar va jumlalar ustida ishlaganimda qog‘ozda bo‘sh joy ko‘p kerak bo‘ladi. Shuning uchun shunday yozaman. Ba’zida bir qo‘lyozmani o‘n martalab qayta ishlashga to‘g‘ri keladi”. So‘ng Pirimqul aka javondan eski bir qo‘lyozmasini olib ko‘rsatdi. Haqiqatan, butun boshli sahifada bir santimetr ham ochiq joy yo‘q edi. O‘chirilgan, chizilgan, qayta yozilgan, so‘zlar bo‘yab tashlangan, boshqa so‘zlar qo‘shilgan, naq asalari uyasiday millimetrlargacha hisobda. Men zahmatkash, fidoyi adibning qo‘lyozmasi bilan yuzma-yuz turardim. Bu men uchun ulug‘ musavvirning tsaviriy asarini tomosha qilishday zavqli edi. Shunda men Pirimqul akaning qanday mehnat qilishini his qilganman. Bir so‘z bilan aytganda, Mirtemir domla “nazm dehqoni” deb ta’riflanganiday, Pirimqul aka nasr dehqoni edi.

 

Adiblarning qo‘lyozmalari ko‘p kechinmalarga guvohlik beradi. Ularning ishlash nizomini, ijodiy salohiyatini, so‘zga munosabatini, badiiy didini, farosatini ko‘rsatib turadi. Qo‘lyozma insonning ichki qiyofasining oynasi kabidir. Lekin afsuski, biz qo‘lyozmalar yo‘qoladigan asrda yashayapmiz. Keyingi asrda qo‘lyozmalar bo‘lmaydi. Hatto imzolar saqlanib qolishi ham dargumon. Bu esa bani basharning katta yo‘qotishlaridan yana biri bo‘lishi tayin.

 

Bir gal Pirimqul akaning uyiga borganimda, u kishini qattiq xafa holda ko‘rdim. Juda madaniyatli, vazmin, sabrli, har narsaga ma’rifat ko‘zi bilan qaraydigan bu donish adib odatda ranjini birovga sezdirmas edi. Uning teran nigohli katta-katta ko‘zlarini mung qoplagan edi. Hamma narsani ichiga yutadigan tog‘day og‘ir bu odam portlash oldida turardi. Uning atrofida kechayotgan suronlardan xabarim borligi uchun ne derimni bilmay turganimda, birdan o‘zi yorilib qoldi: “Men Boburni noto‘g‘ri ulug‘lagan emishman. U imperator, yovuz podsho emish. Men Boburni ideallashtirgan emishman. Podsholar haqida bunday asarlar yozish mumkin emas emish.” 

 

O‘sha kunlar “Yulduzli tunlar” romani ayovsiz tanqid-u ta’qibga uchragan, shaxsan Markazqo‘mning ideologiya kotibi g‘azab otiga minib olib, mamlakat bo‘ylab chang-to‘zon ko‘targan, qizil minbarlarda pishqirib Bobur Mirzoga qarshi qilich yalang‘ochlab chiqqan kunlar edi. Aslida Boburning bitta nigohi qarshisida yetti bukilib qoladigan bunday kimsalar besh yuz yil avval xoinlar xiyonati bilan vatandan ketishga majbur bo‘lgan Boburning nomini endi kitoblardan, matbuot sahiflaridan, televizor ekranlaridan, yanayam aniqrog‘i, millat xotirasidan haydab chiqarishga bel bog‘lagan edilar. O‘n yillik juda mashaqqatli mehnatning samarasi bo‘lgan “Yulduzli tunlar” romani bu siyosiy fitnaning markaziga tushib qolgan edi. 

 

Men o‘shanda Pirimqul akaning ahvolini tushunganman. U o‘zini haqoratlanganday, xo‘rlanganday his qilardi. Shunday katta xizmatni qilgan odam tuhmatga qolib o‘tirardi. Holbuki, Oybek domla “Navoiy” romani bilan Alisher Navoiy siymosini qanday porlatgan bo‘lsa, Pirimqul Qodirov “Yulduzli tunlar” romani bilan buyuk Bobur siymosini shunday porlatdi. Hukmron saltanat uchun bunday ulug‘ siymolarning ziyosi qaysidir xandaqlarda ko‘milib ketishi muhim edi. Lekin bu ta’qib-u taz’yiqlar qanchalik xatarli bo‘lmasin, roman xalq qalbidan joy olib bo‘lgandi. Endi uni yo‘qotish o‘rtoq Boykenjayevning “aralash qabristoni”ni ochishday jo‘n emasdi. O‘sha vaqtlarda “Yulduzli tunlar” asariga qilingan zulmga nisbatan buyuk adib Chingiz Aytmatov o‘z munosabatini bildirib chiqdi va Pirimqul Qoldirov ishini himoya qildi.

 

Pirimqul Qodirov “Yulduzli tunlar”, “Avlodlar dovoni”, “Qora ko‘zlar”, “Olmos kamar” kabi romanlar, qator qissalar va hikoyalar yozib milliy adabiyotimiz xazinasiga hissa qo‘shish bilan birga mustaqillikning dastlabki kunlaridan “Labbay” deb yurt xizmatini zimmasiga olgan fidoyi adiblardan biridir. U Oliy Majlisda mamlakat kelajagiga daxldor muhim Qonunlarning qabul qilinishida, O‘zbekiston bayrog‘ining loyihasini ishlashda, Konstitutsiya, Davlat tili bilan bog‘liq masalalar va boshqa jarayonlarda faol qatnashgan. Pirimqul Qodirovning ijtimoiy faolligining o‘zi alohida o‘rganilishi kerak bo‘lgan mavzu.

 

Pirimqul Qodirov haqida gap ketganda, men o‘zim ishtirokchi bo‘lgan yana bir voqea borki, uni aytib o‘tish mening qarzim deb bilaman. Bu voqea Pirimqul akaning inson sifatidagi yorqin jihatini, samimiyati va mehr-oqibatini namoyon qiladi.

 

Toshkentga oilam bilan ko‘chib kelgan paytlarimiz edi. Bir farzandimiz bor. Turar joyimizning tayini yo‘q. Adashgan qushlarday u shoxdan bu shoxga uchib-qo‘nib yurgan kezlarimiz. Endi ishga kirgan vaqtlarim. 100 so‘mcha maoshim oyning yarmidan o‘tmay, ado bo‘ladi. Dekabrning oxirlari edi. Devori suvoq qilinmagan, derazasining bir ko‘ziga oyna qo‘yilgan bo‘lsa, bir ko‘ziga karton qog‘oz qoqilgan, kuni temir pechkaga qolgan, bitmagan uyda yashaymiz. Buyog‘i yangi yil bayramiga juda yaqin qolgan. Hamma uylarda bayram tayyorgarligi boshlanib ketgan. Shunday kunlarning birida Pirimqul aka meni uyiga chaqirdi. U yog‘-bu yog‘dan gurunglashganimizdan so‘ng, u kishi menga chek yozib berdi. “Navoiy 30ga borib, omonat kassaga uchraysiz, shu chekni ko‘rsatasiz?” Men Pirimqul akaga “yo‘q, qo‘ying, aka” deganday savol alomati bilan qarab turardim. U kishi buni ham darrov sezdi. “Bu sizlarga, kelinga, o‘g‘lingizga bizdan yangi yil sovg‘asi. Yangi yilni yaxshilab kutib olinglar” dedi. Men o‘sha kuni “Navoiy-30”dagi omonat kassadan 120 so‘m pul oldim. So‘ng to‘g‘ri Markaziy Univermagga borib, 67 so‘mga ko‘kimtir rangdagi, nimchali kostyum-shim sotib oldim. Bu kostyum-shimni “Pirimqul akam obergan kostyum” deb maqtanib, uzoq vaqt kiyib yurdim. Qolgan pulga barakali bozor qilib, oilam bilan yangi yilni kutib olganmiz. Bu bayram oilamiz hayotidagi ajoyib bayramlardan biri bo‘lgan

 

Eshqobil SHUKUR

 

“Jadid” gazetasi, 2024-yil 24-oktyabr, 44-son.

“Olis va yaqin xotiralar” maqolasi

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

So‘nggi maqolalar

Barchasi

Adabiyot

15:11 / 20.11.2024 0 106
Abdulla Qodiriy – o‘zbek detektivi asoschisi





Ko‘p o‘qilgan

Barchasi

San’at

16:08 / 28.08.2021 8 22029
Dunyoning eng mashhur va qadimiy besh muzeyi

//