Endi foydalanuvchilar davlat organlari ularning Telegram profilini tekshirganligini bilib olishi mumkin


Saqlash
17:35 / 24.10.2024 385 0

Telegram foydalanuvchilari endi davlat idoralari ularning akkauntlari haqida maʼlumot soʻragan yoki soʻramaganligini bilib olishi mumkin boʻladi.

 

Kuni kecha eʼlon qilingan yangilikka koʻra, bundan buyon Telegram asoschisi Pavel Durov foydalanuvchilarga shaxsiy hayotlari aslida qay darajada maxfiyligini nazorat qilish imkonini taqdim etadi. @transparency boti orqali har kim davlat organlaridan oʻz maʼlumotlariga nisbatan tekshiruv soʻrovi boʻlgan-boʻlmaganligini aniqlashi mumkin. Buning uchun botga kirib, “Ishga tushirish” tugmasini bosish va quyida chiqqan tugmani tanlash yetarli – kimdir sizning Telegramʼingizni tekshirib koʻrgisi kelganini bilib olasiz.

 

Hech kimga sir emas, Telegram millionlab insonlarning ish va shaxsiy hayotida doimiy hamrohiga aylangan va bu oʻz navbatida, qiziquvchan insonlarni oʻziga jalb qiladi. Boshqacha qilib aytganda, Telegram nafaqat oddiy messenjer, balki “detektiv”larning oʻljasiga ham aylanmoqda.

 

Albatta, Durov bot orqali profilingizga kirishga uringan “muxlislaringiz” haqida barcha maʼlumotlarni birdan ochiqlashga vaʼda bermaydi. Lekin yoʻqdan koʻra, deganlaridek, foydalanuvchilar xavfsizligi uchun qadam tashlanmoqda.

 

Telegram va ochiqlik: bundan qanday maqsad koʻzlangan?

 

Pavel Durov davlat senzurasi va messenjer foydalanuvchilarining maʼlumotlari xavfsizligini taʼminlash borasida hech qaysi davlat hukumati bilan murosa qilmaydi. U foydalanuvchilar maxfiyligi kompaniyaning asosiy qiymati ekanligini taʼkidlab, yuqori davlat organlarining maʼlumotlar boʻyicha soʻrovini koʻp bora rad etgan.

 

Biroq bu yangi harakat baʼzi qiziqarli savollarni tugʻdiradi. Telegram oshkoralik sari intilayotgani aniq – agar davlat idoralari maʼlumot soʻrasa, Telegram nafaqat unga qarshilik koʻrsatadi, balki endi bu harakatlarni foydalanuvchilar uchun ochiqlaydi. Qiziq, yana qancha platformalar bu kabi yondashuv bilan maqtana oladi?

 

Pichoq suyakka qadalganidan soʻng

 

Shunisi eʼtiborga loyiqki, bu qadam butun dunyo boʻylab foydalanuvchilar shaxsiy maʼlumotlariga hukumat aralashuvi bilan bogʻliq koʻplab janjallardan soʻng eʼlon qilingan. Telegram uzoq vaqtdan beri messenjerni blokirovka qilish yoki foydalanuvchi maʼlumotlarini uzatishni talab qilishga urinishlar boʻlgan turli mamlakatlar tomonidan bosimga duch kelgan. Masalan, 2018-yilda shifrlash kalitlarini talab qilib, Telegramʼni blokirovka qilishga uringan Rossiyani eslaylik.

 

Endilikda Telegram asoschisi rasmiylarning soʻrovlari sirligicha qolmasligi bilan ogohlantirmoqda. Bu shaxsiy hayotga yashirincha aralashish mumkin deb hisoblaydiganlar uchun kuchli toʻsiq boʻlishi mumkin. Bir vaqtning oʻzida ham foydalanuvchilar, ham hukumatlar bilan birga “oʻynaydigan” turli tizimlardan farqli ravishda Durov Telegramni shaffoflik boʻyicha yangi darajaga olib chiqmoqchi.

 

Koʻza kunida sinadi

 

Albatta, “meni qaysi kuni ammamnikiga mehmonga borganim, yoki ulfatlarim bilan qayerdagi choyxonada oʻtirganimiz kimga ham qiziq”, deyishingiz mumkin. Ammo raqamlashib borayotgan dunyoda “data” juda katta ahamiyatga ega, boshqa tarafdan esa, nechta boʻlsa ham hamyurtlarimizning maʼlumotlarini ularning ruxsatisiz “kattalar” tomonidan istalgan vaqt olinaverishi… sizga ham navbat kelmasligiga kim kafolat beradi?

 

Oʻz maʼlumotlaridan muntazam ravishda qoʻrqadiganlar uchun bu ayni muddao.

 

Biz Slack va Signal kabi tashqi kirishlardan himoyalangan messenjerlarni bilamiz, lekin oʻzini-oʻzi himoya qilayotgan foydalanuvchilarning maʼlumotlarini bevosita berishdan “bosh tortadigan” platformalar orasida Telegram birinchilardan, deb hisoblasak boʻladi.

 

Messenjer @transparency boti faqat birinchi qadam ekanligini aytmoqda. Kelgusida imkoniyatlarni kengaytirish, jumladan, davlat organlari tomonidan har qanday soʻrov boʻlsa, foydalanuvchilarga real vaqt rejimida xabar berish rejalashtirilgan. Bu shunchaki qoʻshimcha funksiya emas, balki global miqyosda shaxsiy hayot huquqlarini himoya qiladigan toʻliq mexanizm boʻladi.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

So‘nggi maqolalar

Barchasi





Ko‘p o‘qilgan

Barchasi

Adabiyot

18:04 / 05.04.2024 0 20528
Yaponiya sotuvga qo‘yiladi

//