Bola tarbiyasi – bugun ekib, peshindan keyin hosili o‘rib olinadigan mavsumiy ish emas


Saqlash
22:28 / 24.10.2024 436 0

Bir yig‘inda ma’ruzachi islom dinida olimlik bag‘oyat yuksak martabaga egaligini o‘ta ta’sirchan misollar bilan tushuntirib berdi. Erkensal degan  olim bundan ko‘p yillar avval: “Zamonaviy ilmlarning tamal toshini qo‘yishdek sharafli vazifa musulmonlarga tegishlidir”, deb yozgan. Allen Debusning bu xususdagi fikri yanada g‘ururli: “Musulmonlar Uyg‘onish davriga debocha bo‘lgan texnologik o‘sishlar eshigini ochib berishdi. Afsuski, keyinchalik johillik degan illat urchidi. Ilm-ma’rifat yo‘llarida g‘ovlar paydo bo‘ldi, uxroviy va dunyoviy ilmlar o‘rtasida o‘tib bo‘lmas devor tiklanib, ular bir-biriga zid qo‘yildi. Din olimi zamona ilmiga e’tibor bermadi, dunyo olimi, aksincha, moddaparastlikni “chin ilm” deb bayroq qildi, boshqalarni ham shu fikrga chorladi”.

 

1922-yili “Haqiqat” jurnalida chop etilgan maqolalardan birida bunday jumlalar bor: “So‘nggi asrlardagi ma’rifatsizlik, johillikning sababi ilmsiz, ma’rifatsiz xonlar elning chirog‘i-yo‘lboshchisi bo‘lgan ulamolarni o‘z bo‘yinturug‘lari ostiga olib, sof yo‘lni o‘z shaytanat yo‘llariga tatbiq etishganidir”.

 

Alloma Alixonto‘ra Sog‘uniy bu fikrni yanada rivojlantiradi: “O‘zlarini din homiylari deb e’lon qilgan hukmdorlar xalqni ma’rifat nuridan mahrum, zamonaviy fanniy ilmlardan butunlay yiroq tutdilar. Shuning uchun xalqda uyg‘onish, fikriy ochilish bo‘lmadi. Davlatning inqirozi, millatning ongsizligiga shu johillar sababchidur”.

 

Donishmandlar “Ilm ochilmagan qalb ko‘zini ochuvchi, qorong‘u zulmatga nur bag‘ishlovchidir, zaif badanlarga kuch-quvvatdir, ilm bilan banda yaxshi kishilar darajasiga ko‘tariladi, oliy martabalarga yetishadi”, deb allaqachon aytib  qo‘yishgan. Demak, biz bugun – Uchinchi Renesans ostonasida texnologik o‘sishlar eshigini yanada keng ochib, yoshlarni uning beqiyos imkoniyatlaridan bahramand etishimiz kerak. Millat rivojining bardavomligi uchun bundan boshqa yo‘l yo‘q.

 

 

O‘rinsiz xavotir

 

Tahririyatga shikoyat xati bilan kelgan o‘rta yoshli kishidan kasb-korini so‘rasam, o‘ylab o‘tirmay: “Olti bolaning otasiman, birodar”, deb javobni qisqa qildi. Suhbatdoshimning fikrini anglab, ko‘nglim ko‘tarildi. Xudo bergan olti farzandni “qushga cho‘qitmay, yo‘lda qoqiltirmay” voyaga yetkazish, odob-axloqli, ilm-ma’rifatli qilib tarbiyalashning o‘zi g‘oyat mas’uliyatli lavozim emasmi?! Bugunning va, shubhasiz, ertangi kunimizning, undan keyingi davrlarning ham eng muhim vazifasi shu.

 

Tasavvur qiling, agar o‘sha olti farzandli ota bolalari tarbiyasi bilan shug‘ullanmay, ularni o‘z holiga tashlab qo‘ysa, yosh g‘unchalar ko‘cha “tarbiya”sini olsa, ertaga jamiyat oldida oltita jiddiy muammo paydo bo‘lmaydi, deb kim ayta oladi? Goho bola tarbiyasi bilan shug‘ullanib, uyda qolayotgan ayollarga bepisand munosabatda bo‘lamiz. Kelajakda qaysi bir oilaning baxti, halovati, jamiyat uchun kerakli shaxsning kamolga yetishi ayni shu – bugun uyda farzandiga tarbiya berayotgan, o‘g‘li, qizi, nabirasini hidoyat yo‘liga boshlab, ularni g‘arazli, buzg‘unchi “shamol”lardan asrayotgan ayolga bog‘liqligini o‘ylab ham ko‘rmaymiz.

 

Bola tarbiyasi – bugun ekib, peshindan keyin hosili o‘rib olinadigan mavsumiy ish emas. Bolani tarbiyalayotib, o‘zimiz ham tarbiya olamiz. Bizning xush-noxush harakatlarimiz, aytgan-deganlarimiz farzandlarimiz ko‘z o‘ngida, qulog‘i ostida kechadi. Er-xotin o‘rtasidagi muomala, so‘zlashuv odobimiz, kiyinishimiz, yurish-turishimiz, daromad-u buromadimiz, rost-yolg‘onimiz – bularning hammasi bolalar shuuriga marjondek tizilib boradi. Ota-ona farzandiga iymon-e’tiqoddan nasihat qila turib, o‘zi shu aytganlariga amal qilmasa, bola qalbi jarohatlanadi, ko‘ngli cho‘kadi, vujudini ketmas bir o‘kinch chulg‘aydi.

 

Bundan uch ming yil avval dunyoga kelgan “Kalila va Dimna” asarida uch ming yil avvalgi bir xavotir keltiriladi: “Yoshlar tarbiyasi aynib ketdi, bu ketishda dunyo hademay buzilib ketadi...”. Buyuk Gerodot Misr ehromlaridagi yozuvlarni o‘qib, ularni kelajak avlodlarga qoldirib ketgan: “Yoshlar buzilib ketdi. Nima qilish kerak?”

 

Bu xavotir hozir ham bor. Dunyo  esa buzilganicha yo‘q. Ulug‘ muallim Konfutsiy: “Dunyoni farosatsizlar buzganchalik boshqa hech kim buza olmaydi”, deydi. Shu e’tirofni unutmasligimiz kerak.

 

 

Har kimniki o‘ziga...

 

G‘arbda oilaviy munosabatlar butunlay boshqacha. Masalan, nikohsiz yashab, farzand ko‘rish ayb sanalmaydi. Ko‘ngillari boshqani tusab qolsa, bir-birlariga kulib qarab, “bay-bay” deyishadi-da, shod-xurram ikki tomonga burilib ketishaveradi. Ajrashish − bir choynak choyni oxirigacha ichmay, yarmini sovib qoldi, deb sepib yuborishday gap. O‘zlarining nechog‘li erkin ekanini namoyish qilish uchun ba’zi hollarda ajrashish marosimiga do‘st-qadrdonlarni taklif qilib, dasturxon yozish odatlari ham bor. Telekameralar ular bir-birini so‘nggi bor bag‘rilariga bosayotganini suratga tushiradi. Erta o‘tib indiniga yoki sal keyinroq ko‘ngillari tusab qolsa, qaytib ham kelaveradilar. Matbuot yangi ishqiy sarguzashtlar haqida bong uradi.

 

G‘arbda farzand tarbiyasida ham ajib ayrichiliklar mavjud. Bola voyaga yetdimi, u ota-onasi qay holatdaligidan qat’i nazar, alohida yashashga intilishi kerak. Shunday qilgan farzandga rahmat deyiladi. Alohida yashashga, o‘z qozonini o‘zi qaynatish taraddudiga tushib qolgan bola – bo‘ladigan bola, ota-onasi atrofida o‘ralashavergani esa – noshud.

 

O‘tgan asr to‘qsoninchi yillarining boshida Toshkentga kelib, o‘zbek xonadonlaridan birida yarim yil istiqomat qilgan xorijlik bir hamkasbimiz yurtiga qaytib borganidan keyin o‘zi ishlaydigan gazetada o‘zbek oilasi to‘g‘risida bir necha maqola e’lon qildi. “O‘zbek oilasidan ko‘p narsa o‘rganish mumkin,− deb yozadi u xotiralarida. − Ammo menga bir odatlari tushunarsiz bo‘ldi. Men yashayotgan xonadon sohiblari − chol bilan kampirning ikki qiz, bir o‘g‘li bor. Hammalari allaqachon uyli-joyli bo‘lib ketishgan, shaharning turli mavzelarida yashashadi. Ammo ertalab, tushlikda, kechqurun kelib, keksalardan xabar olishadi. Bittasi issiq non, qaymoq olib kelsa, boshqasi boshqa bir yegulik ko‘tarib keladi. Yakshanba kunlari hammalari yig‘ilib, hovlida taom pishirishadi. Qizlar kir yuvadi, hovlini supurib-sidirishadi. Ota-ona “Hoy, bunday qilmanglar, ishlaringdan qolib ketasizlar”, demaydi...”.

 

Biz shunday yashaymiz. Ishqilib, har kimniki o‘ziga buyursin-da. Shunday deyman-u, goh-goh u yer-bu yerda bizga mutlaqo to‘g‘ri kelmaydigan yangi “qadriyatlar” bo‘y ko‘rsatayotgani, biz ularga asta-sekin ko‘nikib, bir-birimizga qarab, “Ha, endi, bugun shunaqa, eh, yoshlar”, deya o‘zimizni o‘zimiz ovutayotganimiz va bu bilan milliy karaxtlik sari qadam qo‘yayotganimiz ko‘ngilni g‘ashlaydi.

 

 

Bolangizni bilasizmi?..

 

Buzilgan ko‘prik yoki yo‘lni tuzatish mumkin. Tadbirkorlik bilan ish tutilsa, har qanday taqchillik ham barham topadi. Ammo oiladagi nosog‘lom muhit oqibatlarini tugatish oson kechmaydi. Bola esini taniganidan boshlab unga non aziz, ushog‘i yanada aziz, deb uqdiramiz. Suvga tupurma, o‘zingdan  kattalarga salom ber, oldilarini kesib o‘tma, ish buyurishsa “xo‘b” degin, deymiz. Bu nasihatlar bola xotirasida naqsh bog‘laydi va keyinchalik hech narsa ularni o‘zgartira olmaydi.

 

Bolalar tarbiyasi muammolari bilan shug‘ullanuvchi bir olima yuzdan ortiq bog‘chada bo‘lib, ota-onalar har kuni kechqurun farzandlarini olib ketishga kelishganida tarbiyachilarga qanday savol berishlariga qiziqibdi. Ma’lum bo‘lishicha, so‘ralganlarning deyarli barchasi bolalari kun davomida nima ovqat yeganiga qiziqar ekan. Hech kim: “Bolam boshqa bolalar bilan yaxshi o‘ynaydimi, qizg‘onchiq emasmi, o‘zidan kichiklarga munosabati qanday?” deb so‘ramas ekan...

 

Do‘ppini boshdan olib o‘ylashga arzirli tadqiqot. Bu bozor-dunyoda hech bir sotarman o‘z molini yomon demaganidek, hech kim o‘z pushti panohidan bo‘lgan bolasini o‘zi yomonotliqqa chiqarmaydi. Bolalar hovlida, ko‘chada, maktabda jiqqamusht bo‘lishsa, janjal sababini bilsak ham bolamizni haq deb, hammaning oldida uning yonini olamiz, Tarbiyachilar: “Bolangizning xulqi yomon bo‘lib ketyapti”, deyishsa, jahl bilan: “Bolamda ayb yo‘q, falonchi-falonchilarning bolasiga qo‘shildi-yu, aynidi”, deymiz. Shu paytda o‘sha falonchi-falonchi ota-onalar ham qo‘llarini biz tomonga bigiz qilib, aybni o‘z bolasidan soqit qilib turgan bo‘ladi.

 

Vaqt charxpalagi to‘xtovsiz aylanadi. Bolalar ulg‘ayadi. Dunyoqarashi, xarakteri shakllanadi. O‘shanda “Tuppa-tuzuk bolam nega yomon yo‘lga kirib ketdi”, deb boshimizni qashlab qolmaslik uchun bugun harakat qilishimiz kerak.

 

 

Marlboro

 

To‘qsoninchi yillarning boshida Toshkentning qoq markazida joylashgan Darxon mavzesida turardik. Olti qavatli “moskovcha” uylar. Qo‘shnilar ham shunga yarasha – vazir, vazir o‘rinbosari, prokuror, sudya, yuqori lavozimli harbiy, endi-endi oyoqqa turayotgan yangi o‘zbek boylari. Qo‘shnichilik bilinar-bilinmas darajada. Ko‘pchilik o‘zi bilan o‘zi ovora. Kirdi-chiqdi yo‘q hisobi. Bahorda hovlini tozalash uchun hashar uyushtirgan edik, ellikdan ortiq xonadondan atigi uch-to‘rt kishi pastga tushdi. Bir-ikkita xonadon egalari mardikor yollashibdi.

 

Ha mayli, shunisiga ham shukr, deb hovlini tozaladik, suv yo‘llarini ochdik, daraxtlar tagini yumshatdik. Ko‘rgan kishining bahri-dili ochiladigan hovli bo‘ldi. Ammo... Oradan uch-to‘rt kun o‘tib-o‘tmay, hovli yana ifloslana boshladi. Kimdir balkondan otganmi, yo‘lakda konserva bankalari, qimmat konfet, sigareta, kolbasa, qora-qizil uvildiriq va yana boshqa – oddiy odamlarning shu choqqacha ko‘zi ham tushmagan yegulik, ichgiliklarning idishlari.

 

Kim shunday qilishi mumkin? O‘zimcha jurnalist tekshiruvi o‘tkazdim. Olti qavatli uyning har qavatida ikkitadan xonadon bor. Birinchi qavat – yo‘q, bu qo‘shnilar bunday qilishmaydi. Ikkinchi qavatda o‘zimiz turamiz, Uchinchi qavatdagilar o‘ta ma’rifatli.

 

Asta yuqoriga ko‘tarila boshladim. O‘zbekistonga tartib o‘rnatish uchun kelgan desantchi prokuror yashaydigan xonadon eshigi oldida to‘xtadim. “Ha, shu oilaning ishi. Domimizda “Marlboro” sigaretasini shu “tartibchi”dan boshqa hech kim chekmaydi. Qimmat konfetlar, kolbasalar shundaylarning dasturxonida bor, xolos”.

 

Xulosam aniqligiga ishonch hosil qilgach, sochilib yotgan chiqindini paketga joylab, eshik qo‘ng‘irog‘ini bosdim. Qo‘limdagi paketni menga yovsirab qarab turgan xizmatkor ayolning qo‘liga berib, orqamga qaytdim.

 

Ertasiga ertalab desantchi prokuror bilan hovlida uchrashib qoldik. U menga o‘dag‘aydab, po‘pisa qildi, “Mening uyim senga musurxonami?” dedi.

 

Men harbiychasiga: ”Xuddi shunday, janob prokuror”, deb battar jazava qo‘zg‘adim. Sho‘rtakkina bir-ikkita gap aytdim. Popugi pasaydi. Chunki... qo‘lidagi sigareta uni allaqachon fosh qilib bo‘lgandi.

 

 

O‘rtadagi odam

 

Bir vaqtlar “Chekkadagi odam” degan maqola yozgan edim. “Chekkadagi odamga yaxshi, chekkaga chiqib qarab turaveradi, hech narsaga javob bermaydi, zimmasiga hech qanday mas’uliyat olmaydi. Agarki, birov unga tanbeh bergudek bo‘lsa, “Aka, meni nega tergaysiz, men bir chekkada turgan odam bo‘lsam...”, deydi-qo‘yadi.

 

O‘ylab ko‘rsam, o‘rtadagi odamga yaxshi ekan. Bunday odamning umri huzur-halovatda o‘tadi. Hech kim unga: “Hoy, sen nega imillayapsan, tezroq qimirlasang-chi”, deb tanbeh bermaydi. To‘da ichida bor-yo‘qligi goh bilinadi, goh bilinmaydi. G‘azab otiga mingan boshliqning ko‘zi unga birinchi bo‘lib tushmaydi. Oldinga chiqib ketib, peshonasiga tosh, kesak tegmaydi ham.

 

O‘rtadagi odam kam xato qiladi. Chunki u hamisha orqa-oldiga qarab turadi. O‘zicha bir ish qilmaydi, bir nima demaydi. Zarur bo‘lsa, o‘zini eslatib qo‘yish uchun avval oldindagilarga yaqinlashadi, keyin ortda qolayotganlarga “tezroq bo‘lmaysizlarmi”, deya sigirqarash qiladi. Bunday odamlar dimog‘dor bo‘ladi ham. “O‘rtada, mana, biz turibmiz, tashvish qilmang”, deyishadi. E’tiroz bildirib ko‘ring-chi...

 

 

Kitob

 

Bir ota tahririyatga qizini yetaklab olib keldi. “Kenjatoyimiz, shoira, har kuni  she’rlar yozadi. Uchta kitob chiqardik. To‘rtinchisi ham tayyor. Mukofotga qo‘ymoqchimiz. She’rlarini chiqarishga yordam bering, qanaqa xizmat bo‘lsa, tayyormiz”, deya menga viqor bilan qaradi.

 

Bir dasta she’rni ikki-uch bor o‘qib, arang bittasini tanladim. “Mayli, ovora bo‘lib kelibsizlar, tahrir qilib, tuzatib, shu bittasini chiqarishga harakat qilamiz”, dedim.

 

Bu gap ota uchun tomdan tarasha tushgandek bo‘ldi.

 

– Qizim, xafa bo‘lma, gazitga o‘tmasa, kitobga o‘tadi. Yur, ketdik, – dedi.

 

Kitob sho‘rlikka rahmim kelib ketdi.

 

 

So‘z

 

So‘zning qudrati to‘g‘risida juda ko‘p yozilgan. Jaloliddin Rumiy bunday degan: “So‘z haqiqatning soyasi va parchasidir... Madomiki, soya o‘ziga tortar ekan, u holda haqiqat yanada yaxshiroq jazb etadi...”.

 

Bu ulug‘ mutafakkirning fikricha, odam va olamni idrok etishda so‘zga ehtiyoj borligi uchun ham so‘z bor. So‘zsiz idrok etuvchiga so‘zning ehtiyoji yo‘q. Idrok eta bilgan(lar) uchun ko‘klarning, yerning hammasi so‘zdir. Hafif bir sasni eshita oluvchiga baqirib-chaqirishning hojati yo‘q. Hazrat Navoiyda o‘qiymiz: “Ey Navoiy, so‘zda ma’ni yo‘qturur, ma’niyda so‘z, Durri ma’ni istar o‘lsang, aylagil guftor bas” (Ya’ni: so‘zda ma’noni to‘la aks ettirib bo‘lmas, ma’noga so‘z imkoniyatlarini sig‘dirish mumkin. Ma’nolar durini istasang, so‘zlashni bas qil).

 

Tog‘ay Murod ancha yillar avval adabiyotga shunchaki havas bilan kirib kelayotgan, amaldorlikka ishtiyoqi baland ijodkorlarga qarata bunday degan edi: “Sizda avvalo so‘z bo‘lsin, ularni marjonday tering, narvon yasang va shu narvon orqali yuqoriga ko‘tariling...”.

 

 

Anketa

 

Yillar davomida son-sanoqsiz tafsifnomalarni o‘qiganman, ammo ularning birortasida bo‘lsin: “Zehni baland, fahm-farosatli, halol-pokiza, birov bir nima deyishini kutib o‘tirmaydi, bajarishi lozim bo‘lgan ishni o‘zi fahmlaydi”, degan ta’rifni uchratmaganman.

 

Hayotda har birimiz son-sanoqsiz savollarga javob qaytaramiz. Biror munosabat bilan navbatdagi anketani to‘ldirayotib, qayerda va qachon tug‘ilganimiz, millatimiz, jinsimiz, ma’lumotimiz, ota-onamizning kimligi, olamdan o‘tishgan bo‘lishsa, qayerga dafn etilgani, qaysi xorijiy davlatlarda bo‘lganimiz to‘g‘risidagi savollarga aniq va lo‘nda javob qaytaramiz. Bunga shu qadar o‘rganib ketganmizki, yoshimiz bir joyga borib qolgan bo‘lsa ham jinsimizni so‘rashsa ajablanmaymiz.

 

Vaqt o‘tib boradi, ammo anketa savollari o‘zgarmaydi. Bu muhim hujjatda “Xarakteringizni qanday baholaysiz, odoblimisiz, xulqingiz yaxshimi, jahlingiz chiqqanida o‘zingizni boshqara olasizmi, ayb sizda bo‘lsa, uzr so‘rashga tobingiz qalay, kitob o‘qiysizmi, oxirgi marta qachon teatrga borgansiz...” kabi savollar hech qachon uchramaydi.

 

Anketada uchramasa uchramasin, ammo ko‘ngilda bo‘lishi kerak bunday savollar.

 

Ahmadjon MELIBOYEV,

yozuvchi

 

Yangi O‘zbekiston” gazetasi, 2024-yil 24-oktyabr, 214-son.

Ko‘ngil mulkiga sayohat” maqolasi

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

So‘nggi maqolalar

Barchasi

Adabiyot

15:11 / 20.11.2024 0 106
Abdulla Qodiriy – o‘zbek detektivi asoschisi





Ko‘p o‘qilgan

Barchasi

San’at

16:08 / 28.08.2021 8 22030
Dunyoning eng mashhur va qadimiy besh muzeyi

//