“Bo‘zatov” – qoraqalpoq xalqining tarixdagi baxtli va baxtsiz kunlari haqidagi doston


Saqlash
20:38 / 24.10.2024 207 0

Urush jahon adabiyotidagi eng fojeali va dahshatli mavzu. Insonni yig‘latadigan qayg‘uli, dardli, armonli asar esa  xo‘rlik, zulm chekkan xalq taqdiri, odamlarning erksizligi va ozodlikka tashnaligi haqqoniy tasvirlangan asardir.

 

Shoir Osip Mandelshtamning “Kassandraga” nomli she’rida  “Sevib qoldim seni, qo‘lsiz g‘alaba” degan satr bor. G‘alabani hamma sevadi. Lekin nima uchun g‘alabaning qo‘li yo‘q? Qadimgi yunon miflarida Nika g‘alaba ilohasi bo‘lgan. Nika haykalining qanotlari bor, lekin qo‘llari yo‘q... Yunon haykaltaroshi iloha haykalini yaratganda uning tanasi bus-butun bo‘lgan. Lekin oradan qancha qirg‘inbarot zamonlar o‘tib, 1863-yili Yunoniston hududida, Frakiyaning Samos orolidagi ibodatxona xarobalaridan Nika haykali qo‘lsiz holda topilgan. Uning qo‘llari qayerda, qanday yo‘qolgani noma’lum.

 

Xullas, bu obrazni qo‘llash orqali shoir Osip Mandelshtam aytmoqchiki, urushda zafar qozongan g‘alabaning qo‘llari yo‘q bo‘ladi. G‘alaba, garchi u g‘alaba bo‘lsa ham, baxt va saodat gashtini surolmaydi, urushdan qo‘lsiz, majruh bo‘lib chiqadi. Chunki urush insoniyatga faqat talafot keltiradi. 

 

Ko‘zim yoshli, men ketarman, choram yo‘q,

Bir Xudodan o‘zga pushti-panam yo‘q,

Hamma ketdi, senda qolgan odam yo‘q,

Xush, omon bo‘l, bizdan qolding, Bo‘zatov![1]

 

Keltirilgan parcha Ajiniyozning shoh asarlaridan biri “Bo‘zatov” dostonidan. Dostonda Bo‘zatovda yashagan xalq boshiga tushgan musibatli kunlar tasvirlangan. Tarixdagi Bo‘zatov fojeasi, Yov bosqinidan ommaviy qatag‘onga uchragan xalq taqdiri shoir yuragiga chuqur iztirob, bitmas jarohat soladi. Dostonda “Xushlashaylik qora ko‘zga yosh olib”, “Dushmanlar jabridin ketarman[2] bo‘ldim”, “Sahar vaqti qirli dupen[3] otildi, Bandi bo‘lib tushdim, qo‘lim chatildi”, “Sen bog‘ eding, bulbul uchdi, zog‘ qoldi, Butun siynam yondi, ichda dog‘ qoldi, Qiyshiq Po‘rxon atov, seni yov oldi”, “Boshi qutli, so‘nggi vayron, Bo‘zatov!”, “Senda ko‘p musulmon o‘g‘li yig‘ladi, Boshingga qiyomat tushdi, Bo‘zatov!” kabi qayg‘uli satrlar o‘quvchi yuragini iztirobga soladi.

 

Dostonda tug‘ilgan yerga, muqaddas tuproqqa – Vatanga muhabbat tuyg‘usi  yov o‘qidan yaralangan yurakdan sizigan qon kabi tasvirlangan.

 

Yer ham el bilandir, el ham yer bilan,
Yersiz elning kuni darbadar bilan,

Umri o‘tar yurakdagi cher bilan,

Qadring sening bizga o‘tdi, Bo‘zatov!

 

Ajiniyozning ushbu satrlari maqolga, qanotli so‘zga aylanib ketgan. “Vatan nima? Vatanning qadri nima? Qanday yer Vatan bo‘ladi?” degan savollarga shoir aniq javob beradi. Yersiz el el bo‘lmaydi, elsiz yer Vatan bo‘lmaydi. Yersiz – Vatansiz qolgan el darbadar, sarson-u sargardon bo‘ladi, turmushi yurakdagi cher – qayg‘u, dard-u alam bilan o‘tadi. She’rda obrazlar uyg‘unligi, “yer” va “el” so‘zlarining o‘rin almashib takrorlanishi, “yer”, “derbeder” (o‘zbek tilida “darbadar” deb yoziladigan ushbu so‘z qoraqalpoq tilida singarmonizm qonuniyatiga ko‘ra, so‘zning birinchi bo‘g‘inidagi unli tovush oxirgi bo‘g‘inda ham bir xil “ye” deb talaffuz qilinadi), “cher” kabi  qofiyalarning bamisoli oltin qo‘ng‘iroqdek jaranglashi fonologik san’at hosil qiladi. 

 

Er yigit boshiga mushkul ish tushdi,

Yurak-bag‘rim g‘amning o‘tiga pishdi,

Elating ustingdan serpilib ko‘chdi…

Elatsiz, yaylovsiz qolding, Bo‘zatov!

 

O‘z yurtida tinch yashayotgan xalqni yoppasiga qirish, qatag‘on qilish eng og‘ir fojeadir. “Genotsid” deb ataladigan mazkur ko‘rgulik Bo‘zatovda ham sodir bo‘lgani tarixiy fakt. Bu fojea jabrdiydalaridan biri Ajiniyozdir. Shoir yozganidek, bu yerlik sulolalarning vakillari Atrek, Gurgon, Xazar, Iroq, Shom, Kurd, Tehron tomonlarga tariqday sochilib ketgan. Ba’zilari qul qilib olib ketilgan, ba’zilari shahid bo‘lgan. 

 

Qilich so‘zli, keskir tilli shoiri bor xalqni yov yengolmas ekan. Ajiniyoz Vatani Bo‘zatovning tarixini doston qilib yozdi. Uning baxtini ham, baxtsiz, qora kunlarini ham ro‘yirost tasvirlab, asarini avlodlarga meros qoldirdi. Toki, o‘g‘il-qizlar, farzandlar Vatan qadrini bilsin, elning baxti nimada ekanini anglasin, deya.

 

Shoir dostonni umidbaxsh satrlar bilan yakunlaydi:

 

Zevaring xo‘shlashar qadringni bilib,
Ko‘zidan yosh to‘kib, bag‘rini tilib,

Omon bo‘lsa, hol so‘rashar bir kelib,

Xush, omon bo‘l, bizdan qolding, Bo‘zatov.

 

Ajiniyoz bashorat qilganidek, Bo‘zatovga el qaytdi. Bugun Ajiniyozning avlodlari Bo‘zatovda bearmon umr kechirmoqda. Vatanning nurli kelajagini bunyod etish uchun umid va ishonch bilan mehnat qilmoqda.

 

Rustam MUSURMON,

O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi,

Qoraqalpog‘iston xalq shoiri



[1] Maqolada misol qilib olingan she’rlar Ajiniyozning 2014-yilda Nukus shahrida “Ilim” nashriyotida nashr etilgan qoraqalpoqcha kitobidan olindi va maqola muallifi tomonidan o‘zbek tiliga tarjima qilindi.

[2] Ketarman – ketayotgan odam ma’nosini anglatadi, xudda o‘qirman – o‘qiyotgan odam, kitobxon so‘zidek.

[3] Qirli dupen – jang miltig‘i.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

So‘nggi maqolalar

Barchasi

Adabiyot

15:11 / 20.11.2024 0 106
Abdulla Qodiriy – o‘zbek detektivi asoschisi





Ko‘p o‘qilgan

Barchasi

San’at

16:08 / 28.08.2021 8 22030
Dunyoning eng mashhur va qadimiy besh muzeyi

//