XV – XVII asrlarga tegishli forsiy va turkiy yozma manbalarda “oʻzbek” atamasi birmuncha keng uchraydi va u koʻproq turkiy aholining siyosiy-harbiy toifasini tasniflagan. Keyinchalik, yillar oʻtgan sari atamaning maʼnosi birmuncha kengayib, etniklik kasb eta boshlagani koʻzga tashlanadi. Boshlangʻich XIV – XV asrlarda koʻproq Volgaboʻyi, Orol dengizi qirgʻoqlari, Sirdaryoning oʻrta va quyi oqimlaridagi koʻchmanchi turkiy xalqlar “oʻzbek” deya tanilgan boʻlsa, XVI yuzyillikning boshlaridan XX asrning ilk oʻn yilliklarigacha bu atama Amudaryo-Sirdaryo oraligʻi hamda unga qoʻshni oʻlkalar turgʻunlarining yalpi nomiga aylana boshlaydi. Biroq bu toʻrt yuz yil ichida “oʻzbek” atamasi Turon-Turkiston ellarining ulkan bir boʻlagini ifodalovchi atamaga aylangan boʻlsa-da, yerli aholining tili “turkcha”, “turkiy” deyilishi XX asrning oʻn yilliklarigacha saqlanib qoldi. Bu holni bundan yuz yilcha oldin yozilgan asarlarning soʻnggi betida “... shu yilda, shu oyda turkiy tilda bitildi” degan soʻzlarning keng uchrashi koʻrsatib turibdi.
Chindan ham XX asrning boshlariga tegishli yuzlab yozma manbalarda, gazeta va jurnallar, maqola va kitoblarda, yalpi olganda, ish yuritish va yozishmalarda Turkiston oʻlkasi aholisining koʻpchiligi soʻzlashadigan til “turkcha”, “turkiy”, “chigʻatoy turkchasi” deb atalgani, shuningdek, turkiy tillarning boshqa tarmoqlari uchun yangi iboralar ishlatila boshlagani koʻzga tashlanadi. Turkiston matbuotida “usmonli turkchasi”, “ozarboyjon turkchasi”, “qrim turkchasi”, tatarcha”, “qozoqcha”, “oʻzbekcha” kabi iboralar tez-tez uchray boshlashi koʻproq oʻsha kezlarga toʻgʻri keladi. Ayniqsa, Turkiston oydinlari – koʻpchilik jadidlar orasida oʻlka turgʻunlarini bitta nom – “turk” atamasi bilan atash, ular soʻzlashadigan tillarni ham yalpi olib “turkiy” deb yuritishni qoʻllab-quvvatlovchilar va ulardan farqli oʻlaroq etnik nomdan kelib chiqib, “oʻzbekcha”, “qozoqcha”, “qirgʻizcha”, “turkmancha”, “qoraqalpoqcha” deb atashni yoqlovchilar ancha koʻpayib qolgan edi.
Bu qarama-qarshilik Turkistonni boʻlaklarga ajratish va har elatga ayri-ayri siyosiy hudud chizib berishni oʻylab kelayotgan Moskva kommunistlariga qoʻl keldi. “Boʻlib tashla va hukmronlik qil” siyosatining bosh gʻoyasiga moydek yoqib tushgan bu yondashuv “Turkiston” soʻzini yer yuzidan yoʻqotib yuborish, yerli xalq ongidan “turk” yoki “turkiy” degan atamani butunlay oʻchirib tashlash, shu orqali qardosh el-uluslarni bir-biriga yot qilib qoʻyishning tamal toshiga aylanadi goʻyo. Turkistonlik ayrim oydinlar esa ularning bu niyatini bilib-bilmasdan “tegirmoniga suv quyish”da yetakchi boʻldilar. Shu yoʻsinda ming yillar boʻyi bitta tilda oʻqib, yozib, ish yuritib kelgan turkistonliklar yalpi yozma tilining ildiziga bolta urildi. Asrlar osha oqib turgan ulkan irmoq qurishga yuz tutdi, buning natijasida bugungi kunga kelib, oʻnlab asrlar boʻyi bir-birini hech qiynalmasdan tushunib kelgan qardosh ellar yon qoʻshnisining, qon-qardoshining yozganlarini anglamaydigan holga kelib, oʻzaro soʻzlashuvda esa butunlay yot tillarni ishlatishga majburiyatida qoldilar.
Ammo tarixni oʻrganganimizda, Turkiston tili Turk xoqonligi boshqaruvi chogʻi (VI – VIII asr.)da qoʻllanilib, “turk tili”, “koʻkturkcha” atamalari ostida yalpi turk ellari uchun yozma til vazifasini bajararkan, oradan bir necha asrlar oʻtib, tarmoqlana boshlaganini kuzatamiz. Turkistonning oʻzak yerlari – Sharqiy Turkiston, Amudaryo va Sirdaryo oraligʻi hamda unga qoʻshni oʻlkalar “xoqoniya turkchasi”ni, Qrimdan Oltoygacha choʻzilgan keng dala-qirlarda yashagan turkiylar “qipchoq turkchasi”ni, koʻproq Kichik Osiyo, Yaqin Sharq va Kungay Kavkaz (Ozarbayjon)da tarqalgan turkiylar esa “oʻgʻuz turkchasi” yoki “turkmoncha”ni oʻzlarining yozma tiliga aylantiradilar. Shunga qaramay, ularning bir-birlarini oʻqib-tushunishlari qiyin boʻlmagan. Ayniqsa, xoqoniya turkiysi – Turkiston turkchasi bilan koʻp tomonlama yaqin boʻlgan “qipchoq turkchasi”da yozilgan asarlarni tushunishda kishilarda hech bir qiyinchilik koʻzga tashlanmaydi. Oʻrta asrlarda Qrim, Shimoliy Kavkaz, Volga-Uralboʻyi, Kunbotar Sibir va Oltoy oʻlkalarini oʻz ichiga olgan Dashti Qipchoqda chigʻatoy turkchasining ish yuritish va yozishmalar olib borish tiliga aylangani kuzatiladi. Shu yoʻsinda buyuk Alisher Navoiy urgʻu berganidek, “bir qavm, yuz, yoʻqsa ming” qavm boʻlishiga qaramay, barcha turk ellari bitta “turk ulusi” tushunchasi ostida yashashda davom etdi. Chigʻatoy turkchasida yaratilgan asarlar Xito (Sharqiy Turkiston)dan Xurosongacha, undan oshib, Iroq-u Ajamdagi “turkmoncha“ga-da tushunarli boʻlib qoldi. Bu yoʻlda oʻgʻuz turkchasining injaliklarini tushunib, ayrim toʻrtliklarida unga yuzlangan Navoiy turkistonliklarni uzoq kunbotardagi qardoshlarining tiliga yaqinlashtirgan boʻlsa, oʻrta asrlarning oxiriga kelib, Qoʻqon, Xiva kabi adabiy muhitdagilar Fuzuliy gʻazallariga yuzlanib, uzoq masofa keltirib chiqaradigan anglashilmovchiliklarning tobora ildiz otishining oldini oldilar.
Ayrim oydinlarimiz orasida “Bundan yuz yil ilgari tilimiz oʻzbek tili deyilmagan, “turkcha”, “turkiy”, “chigʻatoy turkiysi” deb atalgan” degan qarashlar yetakchilik qiladi. Bir qarashda bu yondashuv toʻgʻridek koʻrinadi, biroq yozma manbalarni sinchiklab tekshirib chiqsak, ayrim oʻrinlarda tilimizni “oʻzbekcha” deb atash, yo boʻlmasa, turkiy tillar toʻgʻrisida soʻz borganda “oʻzbek”lar bilan bogʻlab tushuntirishlar boʻlganiga duch kelamiz. Masalan, Zahiriddin Muhammad Boburning “Boburnomasi” va Abulgʻozi Bahodirxonning “Shajarayi turk”ida ayrim bilgilar uchrab, ularni turlicha ochiqlash mumkin. Bobur “Jonibek doʻldoy edi, Sulton Malik Koshgʻariyning inisi edi ... Andin gʻarib nimalar xili rivoyat qilurlar. Ul jumladin biri budurkim, Samarqand hokimi ekan fursatlar oʻzbakdin elchi kelur, oʻzbak ulusida bu elchi zoʻrgʻa mashhur ekandur. Uzbak zoʻr kishini boʻka der emish. Jonibek derkim: boʻkamusen, boʻka boʻlsang, kel kurashaling. Bu elchi har necha muzoyaqa qilur, qoʻymas, kurashurlar, Jonibek yiqar” deb yozgan boʻlib, anglashiladiki, Dashti Qipchoqdagi koʻchmanchi oʻzbeklar kuchli, baquvvat kishilarni “boʻka” deb atagan. Bugungi moʻgʻul tilida kurashchi, polvon degan maʼnoda “boʻh” koʻrinishida saqlanib qolgan bu soʻz moʻgʻul tiliga eski turkchadan oʻzlashgan koʻrinadi. Eski turk bitiktoshlari – Oʻrxun-Enasoy yozuvlarida ham “boʻka” soʻzi uchrab, oʻsha kezlarda bu atama yuksak unvonlardan biri boʻlgan, deb qaraladi. XI asrda yozilgan Yusuf Xos Hojibning “Qutadgʻu bilig” asarida esa “boʻgä” soʻzi “qahramon, bahodir, kuchli” degan anglamda qoʻllanilgani ham bu qarashni kuchaytiradi [DTS 1969: 116].
“Oʻzbek” atamasining siyosiy-harbiy toifani anglatadigan nomdan bora-bora el-ulus, xalq otiga aylanib borish jarayonlarini toʻliqroq tushunish uchun “Shajarayi turk”da uchraydigan oʻnlab bilgilar bilan tanishib chiqamiz. Undan oldin esa Abulgʻozi bu kitobni qay oʻrtam – muhitda, qaysi tilda yozgani bilan bogʻliq ushbu maʼlumotlarni keltirib oʻtsak: “Kitob aytgʻan musanniflar, bititurgʻan kotiblar ikkisi ham tojik. Ne moʻgʻul tilin bilurlar va ne turk tilin. Moʻgʻulning baʼzi kishilarining otlarini bir tojikka agar oʻn kun oʻrgatib oʻltursang tili oʻrgulmas. Ul nechuk bitisin bu faqir turkiy va forsiyning tilini va lugʻatlarini va istilohlarini bilmaklikda xudoyi taolo ul miqdor nasib berib turur. Bu vaqtda turk va tojikda kerak kim faqirgʻa bergancha bergan kishi boʻlmagʻay. Taki bir nimarsa sabab boʻlib Kalmaqgʻa borib, anda bir yil turdum. Moʻgʻulning tilini va rasmini va istilohlarinn yaxshi oʻrgandum. Bu tarixni yaxshi va yomon barchalari bilsun, teb turkiy tili birlan aytdum. Turkiyni ham andaq aytubman kim besh yashar oʻgʻlon tushunur. Bir kalima chigʻatoy turkisindin va forsidin va arabiydin qoʻshmayman ravshan boʻlsun, teb. Agar ajalning undovchisi unday kelmasa, ushbu kitobni forsiy tili birlan murassaʼ aytmaq koʻnglumda bor” [Abulgʻoziy 1992: 31].
Koʻrinadiki, muallif oʻz asarini turkiy tilda, turkiyda boʻlgandayam “arabcha yoki forscha, hattoki chigʻatoy turkchasi”dan biror soʻz qoʻshmay, “besh yoshli bola” ham tushunadigan tilda yozganiga urgʻu bergan. Biroq asar bilan tanishib chiqar ekansiz, yuzlab arabcha va forscha soʻzlarga duch kelasiz. Bizningcha, Abulgʻozi qoʻldan kelguncha turkiy soʻzlar ishlatishni koʻzda tutgan, biroq bugungi kunda boʻlganidek, oʻsha kezlarda ham ushbu tillardan oʻzlashgan soʻzlar shunchalik koʻp boʻlganki, muallif boshlangʻichda oʻz oldiga shunday maqsad qoʻygan boʻlsa-da, yuzda-yuz turkiycha ishlatib yozishga qiynalgan chamasi, ora-sira oʻzga tillarga ham murojaat qilgan. Boshqa tomondan esa koʻp yillardan beri “Shajarayi turk” ustida izlanishlar olib borayotgan sharqshunos Nuryogʻdi Toshev aniqlaganidek, asarda arabcha va forscha soʻzlarning koʻpayishi Abulgʻozi asaridan keyinchalik nusxa koʻchirgan kotiblar bilan bogʻliqdir.
Endi, “Shajarayi turk”da “oʻzbeklar” bilan bogʻlab keltirilgan soʻz va atamalardan oʻrnaklar keltirsak:
1) “Oʻzbekning masali turur: “It semirsa egasin qopar”, tegan” [Abulgʻoziy 1992: 15]. Bugungi kunda oʻzbek tilida shunga yaqin “Eshak semirsa, egasini tepar” koʻrinishida saqlanib qolgan bu maqol eski turkiy anʼana – oʻxshatma (tashbeh)larda koʻpincha hayvonlarni oʻrnak qilib keltirishning oʻsha kezlarda ham keng yoyilganini koʻrsatadi. Shu oʻrinda aytib oʻtish kerak, oʻrta asrlarda Dashti Qipchoqda – Volgaboʻyi hamda Sirdaryoning oʻrta va quyi oqimlarida yashagan koʻchmanchi turkiylarning tili boʻyicha kengroq tushunchalarga ega boʻlish uchun shunga oʻxshash maqollarning qozoq, qoraqalpoq, noʻgʻoy, boshqird va tatarlar orasida ham qay koʻrinishda saqlanganini koʻrib chiqish kerak boʻladi. Abulgʻozi “oʻzbek masali” deb keltirgan ushbu maqoldagi “ega” soʻzi eski turkchada “idi” koʻrinishida qoʻllanilib, qipchoq turkchasida “iya”, xoqoniya (qarluq) turkchasida esa “ega”ga aylangan. Qizigʻi shundaki, Dashti qipchoqlik koʻchmanchi oʻzbeklarning soʻzlashuv tili qipchoqcha deb bilinadi. Shunga qaramay, “Shajarayi turk”da bu soʻz “ega” koʻrinishida – chigʻatoychaga uygʻun koʻrinishda berilgani diqqatni oʻziga tortadi.
2) “Andin soʻng har kim toʻra boʻlsa, anga Aydiqut (Idiqut) tedilar. ... Qut yaʼni barcha xalq jonini yuborgan kishi turur, temak boʻlur. Bu vaqtda oʻzbek erklik kishi dey turur, ikkisining maʼnosi bir boʻlur” [Abulgʻoziy 1992: 31-32]. “Qut” soʻzi turkchada “jon” anglamida kelishini yozgan Abulgʻozi “Idiqut” atamasini “jonini yuborgan kishi” deb, “bu vaqtda”, yaʼni u yashagan chogʻlar – XVII asr tegrasida oʻzbeklar bu atamani “erklik kishi” koʻrinishida ishlatishlariga urgʻu beradi. Turk xoqonligi chogʻidagi Oʻrxun bitiktoshlarida uchraydigan “idiqut” atamasi esa basmil va uygʻur elatlari boshqaruvchilari tomonidan qoʻllanilgan unvon boʻlib [Abdurahmonov, Rustamov 1982: 127], oʻrta asrlarda Sharqiy Turkistonning kunchiqar tomonlarini boshqargan Uygʻur Idiqutligi (IX–XIV) eng eksak unvonlardan biri boʻlgan. Shunday qilib, eski turkcha idiqut “idi” (ega) va “qut” (qut-baraka, erk) soʻzlaridan yasalib, soʻzlik anglami “qut egasi”dir. Abulgʻozi bu atamani oʻzbeklar “erklik kishi dey turur” deb yozganidan turkiy ellarning eng eski va yaqin oʻtmishini yaxshi bilgani anglashiladi. Shu bilan birga, u asarining ancha keyingi betlarida “idiqut” atamasiga yana bir bor toʻxtalgan boʻlib, bu soʻzni moʻgʻulcha deb qarab, anglami “davlatli” ekaniga urgʻu beradi: “Elchi Chingizxonning oʻrdusigʻa vosil boʻlgʻandin soʻng Chingizxon Durboy teganni elchi qilib uygʻurning podshohi Idiqutga yubordi. Idiqut koʻp peshkashlar birlan kelib xonni koʻrub boqindi ersa. Chingizxon ham Idiqutga sonsiz inoyatlar va iltifotlar qilib koʻp izzat va hurmatlar kildi. Andin soʻng Idiqut arz qildi kim, podshoh jahonistonning karamindin umidvorman kim podshohning beshlanchi oʻgʻli boʻlgʻayman. Ammo Chingizxon aning soʻzindin fahm kildi kim, xondin qiz tilay turur. Xon ham bir qizni anga berdi. Maʼlum boʻlsun kim, Idiqutning maʼnosi moʻgʻul tilinda davlatlik temak boʻlur” [Abulgʻoziy 1992: 56].