
Turkiy tillarda uchraydigan yot soʻzlarning sezilarli bir boʻlagi arab, eron, slavyan, xitoy, kavkaz til oilalariga tegishli, shuningdek, turkiylarning ushbu el-uluslar bilan qoʻshni yoki aralash yashagani, ayniqsa, bir necha yuzyilliklar boʻyi ularni boshqarib kelgani turkiy soʻzlarning ham dunyo boʻylab keng tarqalishiga olib kelgan. Turkiylar ularga qarindosh deb qaraladigan moʻgʻul va tungus-manjurlardan ham yuzlab soʻzlarni oʻzlashtirgan boʻlib, ular orasida moʻgʻul tili ayricha. Moʻgʻul tili ayniqsa, yoqut (saxa) va tuva tillariga koʻproq taʼsir koʻrsatgan: ularda moʻgʻulchadan oʻzlashtirilgan soʻzlarning soni minglab boʻlsa, qozoq, uygʻur, qirgʻiz, oʻzbek, qoraqalpoq, tatar, boshqirdlarda bunday soʻzlar soni bir necha yuztadan oshmaydi. Onadoʻli va ozarbayjon turklarida ham moʻgʻulcha soʻzlar birmuncha oz boʻlsa-da, uchrab turadi.
Ayrim turkiy el-uluslardan farqli oʻzbeklar ayri bir til oʻrtamida yashab, ming yillar boʻyi eroniy (sugʻdiy, xorazmiy, baqtriy, fors-tojik va b.) va arab tilidan, shuningdek, hind, moʻgʻul va boshqa qoʻshni ellardan koʻplab soʻzlarni oʻzlashtirgan. Qizigʻi shundaki, moʻgʻulcha soʻzlar tilimizga shunchalik singib ketganki, bir qarashda ularni ajratib olish birmuncha qiyin. Bu borada izlanishlar deyarli olib borilmagani ham moʻgʻulcha negizli soʻzlarni aniqlashda qiyinchilik tugʻdiradi. Toʻgʻri, ayrim soʻzlarning kelib chiqishi moʻgʻulchaligi toʻgʻrisida ilmiy izlanishlarda yoʻl-yoʻlakay aytib oʻtilgan, biroq ular oʻzbekchadagi moʻgʻulcha soʻzlar deb keltirgan soʻzlarning soni 10-15 tadan oshmaydi. Oʻrnak keltiradigan boʻlsak: “jilov”, “noʻxta”, “qorovul”, “quda-anda”, “qirgʻovul”, “chechan”, “chiroy”, “erka”, “yasovul” va b.
Kezi kelganda aytib oʻtish kerak, oʻzbek tilining eng yirik ochiqlamali soʻzligi sanaladigan “Oʻzbek tilining izohli lugʻati”da (Toshkent, 2006-2008) deyarli har bir soʻzning qaysi tildan oʻzlashtirilgani, ayniqsa, forscha, arabcha va yevropa tillaridan oʻtgani koʻrsatib oʻtilgan boʻlsa-da, ayrim soʻzlarni aytmaganda, moʻgʻulchadan oʻtgan koʻplab oʻzlashma soʻzlarning negizi qaysi tilga tegishliligi koʻrsatilmagan. Turkiy tillarga oʻtgan moʻgʻulcha soʻzlar yuzasidan, ayniqsa, Yevropa, Rossiya va Turkiyada bir necha oʻnlab izlanishlar yuritilgan boʻlib, ular orasida finlandiyalik venger turk bilimchisi V. Ribaskining izlanishlari oʻzining keng koʻlamliligi bilan ajralib turadi. Uning “Some Mongolic words in Özbek (I). Words beginning with a-, å-, e-, b-, p-, d-, t- ”, “Mongolic words in Uzbek (II): Words beginning with č-, j-, y- ” deb atalgan izlanishlarida bir necha soʻz koʻrib chiqilgan.
Uning koʻplab qarashlariga qoʻshilgan holda shuni aytib oʻtish kerakki, u va boshqalar moʻgʻulcha deb qaragan soʻzlarning bir nechasining negizi eski turkchaga borib taqaladi. Oʻrnak keltiradigan boʻlsak, “čağ” (chogʻ, vaqt), “čanqa-” (chanqamoq, suvsamoq) soʻzlari turkiy tildan yoki boshqa tillardan moʻgʻulchaga oʻtgan soʻzlardir. Mahmud Koshgʻariyning “Devonu lugʻatit turk” soʻzligida shu anglamda uchramaydigan “chogʻ” soʻzi Xazar xoqonligi (650-969) boshqaruvi chogʻida chiqarilgan kumush tangalarda eski turk yozuvida “čağ” koʻrinishida uchraydi [Babayarov, Kubatin 2016: 17, 83]. Chanqamoq soʻzidan kelib chiqqan “čanqåq”, čanqåv” soʻzlari esa sugʻdiycha negizga borib taqalib, ilk oʻrta asrlarga tegishli sugʻdiy bitiklarda cnʼwq [čanāuk] “chanqov” soʻzi uchrashi bu qarashni kuchaytiradi. Uning negizida eski eroniy tillardagi cnʼ “chanqamoq” feʼli yotadi, deb qaraladi [Gharib 1995: 126].
Oʻzbek tiliga oʻzlashgan moʻgʻulcha soʻz oʻrnaklari birgina soʻz yoki soʻz birikmalarida emas, yer otlari (toponim), urugʻ otlari (etnonim) va etnotoponimlarda ham uchraydi. Bugungi kunda Oʻzbekistonning deyarli barcha viloyat va tumanlarida qishloq otlarining sezilarli bir qismi turk-moʻgʻul yoki moʻgʻulcha ekani koʻzga tashlanadi: Arlot, Barlos, Bahrin, Durman, Jaloyir, Mangʻit, Merkit, Mesit, Kenagas, Kerayit, Nayman, Nekuz, Sulduz, Tabin, Turgʻovut, Qatagʻon, Qiyot, Qoʻngʻirot, Quralas, Choljuvit (Saljuyit), Oʻyrot va boshqa. [Nominxanov 1962; Qorayev 1978; Nafasov 2009].
Ushbu etnik atamalar bir qarashda moʻgʻulchadek koʻrinsa-da, ayrimlarining negizida turkiy soʻzlar yotishi, moʻgʻulcha koʻplik qoʻshimchasi -t undoshi qoʻshilishi esa ularni birmuncha oʻzgartirib yuborganiga duch kelinadi: qoʻngʻirot – eski turkcha “qoʻngʻur” + moʻgʻulcha -t (-at); “turgʻaq” (kecha qoʻriqchisi) + t (ut); uygʻur + t (at) ~ uyrat. Shuningdek, ular orasida eski turk – uygʻur urugʻi “yagʻlaqar” ~ jaloyir kabi keyinchalik moʻgʻullashgan etnik atamalar ham bor. Shu bilan birgalikda, ushbu etnik atamalar orasida “durman” (toʻrt), “tabin” (besh), “nayman” (sakkiz) kabi moʻgʻulchadagi sanoq sonlari bilan bogʻliq atamalar ham uchraydi. Qizigʻi shundaki, ayrim izlanuvchilar eski turkchada “sakkiz oʻgʻuz” deb atalgan urugʻ otini moʻgʻullar oʻz tiliga “nayman” (sakkiz) deb oʻgirgani va shu yoʻsinda ushbu etnik atama yuzaga kelganini ilgari suradilar. Ilk Chingiziylar (1229-1269), Chigʻatoy ulusi (1269-1340) va Joʻji ulusi (Oltin Oʻrda – 1269-1459) boshqaruvi chogʻida ushbu urugʻlarning koʻpchiligi Oʻrxun va tegralari (Moʻgʻuliston), Sibir va Oltoydan Turon – Turkistonning oʻzak yerlariga, ayniqsa, Amudaryo – Sirdaryo oraligʻi va Dashti Qipchoqqa koʻchib kelishadi.
Chingiziylarning Dashti Qipchoqdagi tarmoqlaridan biri – Abulxayrxon xonligi (Oʻzbek ulusi – 1428-1468) hamda uning izdoshlari Shayboniylar (1501-1601) va Ashtarxoniylar (1601-1753) chogʻida “koʻchmanchi oʻzbeklar” yoki “oʻzbeklarning koʻchmanchi qismi” Amudaryo – Sirdaryo oraligʻiga yoppasiga koʻchib kelib, bu yerning oʻtroq va yarim oʻtroq turkiy el-uluslariga qoʻshilib ketdi. Shu yoʻsinda Oʻrta Osiyodagi eng koʻp sonli oʻzbek eli yuzaga keldi. Oʻsha kezlarda Amudaryo – Sirdaryo oraligʻi va unga tutash oʻlkalarda yashagan, bugungi oʻzbeklarning ota-bobolari boʻlgan el-uluslar yalpi atama bilan “turk” deb atalgan. Ular orasida “qarluq”, “chigʻatoy”, “barlos”, “qovchin”, “arlot”, “jaloyir”lar yetakchilik qilar edi [Karmыsheva 1976: 68-83].
Yuqorida keltirib oʻtilgan koʻchmanchi oʻzbek urugʻlari Chingiziylar qoʻshinining yetakchi kuchlarini uyushtirib, uch-toʻrt asr ichida oʻzlarining siyosiy va harbiy taʼsirlarini saqlab qoldilar. XVII – XVIII yuzyilliklarda ular orasida yetakchi boʻlgan oʻzbek qoʻngʻirotlar Xiva xonligini, mangʻitlar esa Buxoro amirligini tuzishdi. Ular boshqaruvi chogʻida ham oʻnlab turkiy va turklashgan moʻgʻul urugʻlari yetakchi kuchlar oʻlaroq bilindi.
XVI yuzyillikdan boshlab “92 oʻzbek urugʻi” harbiy uyushmasida oʻrin olgan va soʻnggi oʻrta asrlargacha oʻzbeklarning biror urugʻi oʻlaroq bilingan, bugungi kunda esa koʻproq qishloq oti sifatida saqlanib qolgan etnik atamalar boshqa turkiy oʻlkalardan koʻra soni boʻyicha Oʻzbekiston yetakchi oʻrinda turadi. Oʻlkaning har bir viloyat va tumanlaridagi yuzlab qishloq, ovul, mahalla va guzarlarning etnonimlar bilan atalishi, ayrim tumanlarda ular 50% dan oshishi koʻzga tashlanadi [Malikov 2018: 144-184].
Oʻzbek tilida moʻgʻulcha soʻzlar uchray boshlagani ilk bor Chigʻatoy ulusi va Temuriylar boshqargan yillarga toʻgʻri kelib, buning yorqin oʻrnaklari Alisher Navoiy asarlarida oʻrin olgan. Ayniqsa, uning “Muhokamatul lugʻatayn” (Ikki tilning tortishuvi) asarida “turkcha” deb urgʻu bergan soʻzlarning sezilarli bir boʻlagi moʻgʻulcha soʻzlardir: “megajin”, “qoravul”, “yasovul”, “bakovul”, “shigʻovul”, “suyurgʻol” va b.
Chigʻatoy turkchasida yozilgan “Boburnoma” va Abulgʻozi Bahodirxonning “Shajarayi turk”ida ayrim bilgilar uchrab, ular quyidagicha: “Jonibek doʻldoy edi, Sulton Malik Koshgʻariyning inisi edi ... Andin gʻarib nimalar xili rivoyat qilurlar. Ul jumladin biri budurkim, Samarqand hokimi ekan fursatlar oʻzbakdin elchi kelur, oʻzbak ulusida bu elchi zoʻrgʻa mashhur ekandur. Oʻzbak zoʻr kishini boʻka der emish. Jonibek derkim: boʻkamusen, boʻka boʻlsang, kel kurashaling. Bu elchi har necha muzoyaqa qilur, qoʻymas, kurashurlar, Jonibek yiqar” [Bobur 1960: 76].
Ushbu bilgidan anglashilicha, Dashti Qipchoqdagi koʻchmanchi oʻzbeklar kuchli, baquvvat kishilarni “boʻka” deb atagan. Bugungi moʻgʻul tilida kurashchi, polvon degan maʼnoda “boʻh” koʻrinishida saqlanib qolgan bu soʻz moʻgʻul tiliga eski turkchadan oʻzlashgan koʻrinadi. Eski turk bitiktoshlari – Oʻrxun-Enasoy yozuvlarida “boʻka” soʻzi uchrab, oʻsha kezlarda bu atama yuksak unvonlardan biri boʻlgan deb qaraladi. XI yuzyillikda yozilgan “Qutadgʻu bilig” asarida esa “boʻgä” soʻzi “qahramon, bahodir, kuchli” degan anglamda qoʻllanilgani ham bu qarashni kuchaytiradi [DTS 1969: 116].
Shuningdek, turk, fors, arab va moʻgʻul tillarini bilgan, qaysi soʻzning turkcha, qaysi soʻzning moʻgʻulcha ekaniga urgʻu bergan Abulgʻozi Bahodirxon “Shajarayi turk”da ayrim soʻzlarning har ikkala tildan qaysi biriga tegishli ekanini aytishda birmuncha qiyinchiliklarga duch kelgani koʻzga tashlanadi. Oʻrnak uchun, “idiqut” atamasiga toʻxtalgan Abulgʻozi bu soʻzni moʻgʻulcha deb qarab, anglami “davlatli” ekaniga urgʻu beradi: “Elchi Chingizxonning oʻrdusigʻa vosil boʻlgʻandin soʻng Chingizxon Durboy teganni elchi qilib uygʻurning podshohi Idiqutga yubordi. ... Maʼlum boʻlsun kim, Idiqutning maʼnosi moʻgʻul tilinda davlatlik temak boʻlur” [Abulgʻoziy 1992: 56].
Bundan koʻrinadiki, Abulgʻozi oʻrni kelganda “idiqut” atamasini turkiycha, boshqa bir oʻrinda esa moʻgʻulcha deb bilgan. Har ikkala tilning bir-biridan ayri ekanini yaxshi bilgan, oʻzi yashagan oʻrtam tilini “turkcha” deb deb atagan, “Moʻgʻulning tilini va rasmini va istilohlarinn yaxshi oʻrgandum. Bu tarixni yaxshi va yomon barchalari bilsun, teb turkiy tili birlan aytdum. Turkiyni ham andaq aytubman kim besh yashar oʻgʻlon tushunur” deb ochiqlama berib oʻtgan Abulgʻozi turklar bilan moʻgʻullarni ildizi bir el deb bilgani va ayrim oʻrinlarda qaysidir soʻzlarni shu negizlarda tushuntirgani kuzatiladi. Shuningdek, u “Juyrat elindin Chamuqa chechan tegan bor erdi. Chechanning maʼnosi arab oqil der va tojik boxirad der va moʻgʻul va oʻzbek chechan der. Aqlli temak boʻlur. Bu vaqtda ham soʻzni yaxshi soʻzlagan kishiga chechan derlar. Aqlli temak boʻlur. Aqlli boʻlmasa soʻzni nechuk yaxshi bilub soʻzlar” deb moʻgʻulcha “chechan” soʻziga tushuntirma bergan [qar. Abulgʻoziy 1992: 50].
Oʻzbek tilining ochiqlamali soʻzligida “chechan – chaqqon, uddaburon, usta, mohir” deb keltiriladi [OʻTIL 2008: 478]. Shuningdek, bugungi kunimizda “soʻzga chechan” soʻz birikmasida koʻproq saqlanib qolganidek, qozoqchada “sheshen”, qirgʻizchada “chechen” koʻrinishlarida eski anglamini ancha yaxshi qoʻrigani koʻzga tashlanadi.
Aslida turkiy va moʻgʻul tillari oʻzaro qarindosh boʻlib, ularning tili miloddan oldingi soʻnggi mingyilliklarda ajralib, boshqa-boshqa yoʻnalishlarda rivojlana boshlagan, shu bilan birga, yana ming yillar boʻylab oʻzaro qoʻshni tillar oʻlaroq bir-biriga soʻz bergan tillar deb qaraladi. Bugungacha toʻlaqonli aniqlanmagan koʻzqarashlarga koʻra, ushbu tillar tungus-manjur, koreys va yaponlar bilan birga “Oltoy til oilasi”ning tarmoqlari boʻlib, bundan 5-6 ming yil oldingi soʻzlari ana shu til oilasi bilan bitta negizdagi soʻzlarni yaratganlar [Dybo, Starostin 2008: 119-258; Boboyorov 2022: 33-41]. Shu bilan birga, turk va moʻgʻul tillari Oltoy til oilasining eng soʻnggi ajralib ketgan tillari deb bilinadi. Shuning uchun bugungacha yetib kelgan ayrim soʻzlarni turkcha yoki moʻgʻulcha deb ajratib koʻrsatishda ancha qiyinchiliklarga duch kelinadi. Miloddan oldingi III – II yuzyilliklarga tegishli xitoy yilnomalaridagi “Tangri” (Yaratuvchi), Maodun (Bahodur) soʻzlari buning yorqin oʻrnaklaridir. Har ikkala tilning deyarli barcha tarmoqlarida bu soʻzlar bugungacha shu yoki shunga yaqin koʻrinishda saqlanib qolgan.
Oʻzbek va boshqa turkiy tillarda uchraydigan ayrim soʻzlarning turkcha yoki moʻgʻulcha ekanini qanday aniqlasa boʻladi? Buning uchun soʻzlarning qaysi feʼl negizida oʻrtaga chiqqani, oʻsha feʼlning turkcha yoki moʻgʻulchada qay koʻrinishda uchrashi, ushbu tillarning boshqa tarmoqlarida bor-yoʻqligi, yozma manbalarda, ayniqsa, soʻzliklarda qay koʻrinishda oʻrin olgani kabi oʻziga xosliklardan kelib chiqiladi. Eski turkcha yozma asarlar – Oʻrxun-Enasoy bitiktoshlari, eski turk-uygʻur yozmalari, “Devonu lugʻatit turk”, “Qutadgʻu bilig”, Chingiziylargacha boʻlgan arabcha-turkcha soʻzliklar, Chigʻatoy va Joʻji uluslari chogʻidagi arabcha-turkcha-moʻgʻulcha soʻzliklar va boshqa turkiy tilli asarlarga qarab ayrim soʻzlarning qaysi tilga tegishliligini birmuncha aniqlasa boʻladi. Qizigʻi shundaki, “Devonu lugʻatit turk”da ham moʻgʻulchaga oʻxshash soʻzlar boʻlib, ularning qay biri turkcha yoki moʻgʻulcha ekanini bir qarashda aniqlash qiyin [Sertkaya 2009: 9-38]. Soʻzning negizni aniqlashda moʻgʻullar taʼsirida koʻproq boʻlgan, ular bilan anchagina aralashgan turkiy el-uluslardagi moʻgʻulcha soʻzlariga yuzlaniladi.
Eski turkchada “tur-” (turmoq, koʻtarilmoq, toʻxtab turmoq) feʼlining “toʻxtab turmoq” koʻrinishi turkiy tillardan koʻpchiligida “toqta-”, “toxta-” (toʻxta-) koʻrinishida uchrab, Chingiziylar boshqaruvi chogʻida moʻgʻul tilidan oʻzlashtirilgan. Bu soʻzning Onadoʻli turkchasida dur-, ayrim turkiy tillarda tur koʻrinishlarida saqlanib qolishi, shuningdek, uning “Devonu lugʻatit turk” kabi moʻgʻullar Oʻrta Osiyo va Dashti Qipchoqqa kirib kelishidan oldin yaratilgan soʻzliklarda “toʻxta” emas, “tur” koʻrinishida uchrashi [DLT 1963, III: 284-285; DTS 1969: 586], shuningdek, Chingiziylar taʼsiridan birmuncha uzoq oʻlkalarda (oʻrn. Onadoʻli va Bolqon turklarida) “toʻxta” soʻzining yoʻqligi ulardan qaysi biri turkiycha, qaysisi esa moʻgʻulchadan oʻtganini aniqlashda asqotadi.
Shunga oʻxshash oʻzbek tili va unga qoʻshni turkiylarda “tus tovuq” anglamida “qigʻovul” (qïrğavul) soʻzi uchrab, uning eski turkchasi “suklin” (süklin) boʻlgan. “Devonu lugʻatit turk”da qirgʻovul soʻzi oʻrnida süklin, süwlin soʻzi uchrab [DLT 1960, I: 415], moʻgʻullar kelmasdan burun bu qush turi turkiy tillarda shunday atalgani oʻzbek tilining oʻgʻuzcha va qipchoqcha tarmoqlarida (Xorazm vohasi) “sulgin” (sülgin), “suylun” (süylün), “suymun” (süymün) shu anglamda qoʻllanilishi oʻrnagida koʻrinib turibdi [Abdullayev 1961: 43; OʻXSHL 1971: 243]. Onadoʻli turkchasida bu soʻz “sulun” (sülün) deb ishlatilishi va ularda qirgʻovul degan soʻzning uchrmasligi ham ushbu qush turi eski turkchada qanday atalganini bildiradi.
Oʻzbekcha va boshqa bir qancha turkiy tillarda negizi eski turkcha soʻz boʻlib, turkiy tillarning oʻzida deyarli unutilgan, moʻgʻulchaga oʻtgach, biroz tovush oʻzgarishiga uchrab, turkiylarga qaytib kelgan oʻnlab soʻzlar bor. Oʻrnak uchun, “erka”, “anda”, “archa” va b. Oʻzbek va qoʻshni turkiy tillarda keng tarqalgan “erka” (erkä), “quda” (quda) soʻzlari Onadoʻli turklarida uchramaydi, biroq oʻzbek, qozoq, qirgʻiz, qoraqalpoq tillarida bu soʻzlar keng tarqalgan. Onadoʻlida “quda” soʻzi oʻrnida “dunur” (dünür) soʻzi ishlatilib, bundan ming yillar oldin bu soʻz turkiylar tomonidan “tungur” (tüŋür) koʻrinishida qoʻllanilgan. “Devonu lugʻatit turk”da “quda” soʻzi uchramaydi, biroq tüŋür soʻzi shu anglamda keladi [DLT 1963, III: 374]. Yoqut (saxa) turkchasida “quda” emas, tüŋür soʻzining borligi qiziq. Biri eng kunchiqarda Uzoq Sharqda, ikkinchisi esa eng kunbotarda – Kichik Osiyoda yashaydigan turkiy ellarda shu anglamda saqlanib qolishi – bu soʻzning eski turkchasi tüŋür boʻlganini koʻrsatadi.
Shu oʻrinda aytib oʻtish kerak, Onadoʻli turkchasiga qaraganda ozarbayjon turkchasida moʻgʻulcha soʻzlar ancha koʻp uchraydi, boisi ozarbayjonlar kichik osiyolik turklarga koʻra koʻproq moʻgʻullar boshqaruvi ostida boʻlishgan. Ular Chingizxonning nevarasi Hulagudan boshlab, Eron va Ozarbayjonni Elxoniylar sulolasi (1261-1355) boshqargan kezlardayoq koʻplab moʻgʻulcha soʻzlarni oʻzlashtiradi. Elxoniylar qoʻl ostida birmuncha ichki erkinliklarga ega Kichik Osiyodagi Saljuqiylar va Onadoʻli bekliklari turgʻunlari tiliga esa birmuncha oz soʻz koʻchib oʻtadi: “shoʻlen” (şölen “ziyofat”), “sayin” (sayın “hurmatli”). Ozarbayjon turkchasining ayrim tarmoqlarida “toʻxta”, “goʻragan” (görägän) soʻzlari saqlangan boʻlib, ikkinchi soʻz oʻzbekchada eskirgan soʻz deb qaralsa, boshqa turkiy tillarda bu soʻz deyarli ishlatilmaydi. “Devonu lugʻatit turk”da “küżägü” oʻlaroq tilga olingan bu soʻz turkiy tillarning koʻpchiligida “küyäv” (kuyav, kuyov), Onadoʻli turklarida “güvey” koʻrinishida qoʻllaniladi.
“Erka” soʻzining negizi eski turkcha “erk” (erk “erk; podsholik va buyruq oʻtkirligi”) boʻlib, [DLT 1960, I: 78], moʻgʻulchaga “erkä” (erka, erkin, tanti, sevimli bola) koʻrinishida oʻtgan va turkiy tillarning bir qanchasi tomonidan oʻzlashtirilgan kezlarda birmuncha anglam oʻzgarishiga duch kelgan. Shuningdek, moʻgʻulchadan oʻzlashgan “quda-anda” soʻzining ikkinchi boʻlagi “anda” (anda) soʻzi eski turk bitiktoshlari va “Devonu lugʻatit turk”da “and” (ont, qasam) anglamida kelib [DLT 1960, I: 78], moʻgʻullar tomonidan oʻzlashtirilar ekan “ont ichishgan, yaqin oʻrtoq”qa aylangani kuzatiladi. Bundan koʻrinadiki, moʻgʻullar turkiylardan soʻzlarni oʻzlashtirar ekan tub turkiy soʻzga “-a” qoʻshimchasini qoʻshishgan. Shu oʻrinda Onadoʻli turklarida “erk”, “ant” soʻzlari saqlangan boʻlsa-da, “erkä”, “anda” kabi soʻzlar uchramasligini aytib oʻtish kerak.
Bu kabi oʻrnaklarga tayanib, qaysi soʻzning moʻgʻulcha, qaysisi turkcha ekani yoki turkchadan moʻgʻulchaga oʻzlashib, qaytadan turkiy tillarga kirganini aniqlasa boʻladi. Ushbu kichik izlanishimizda shu kabi ayrim soʻzlargagina toʻxtalish bilan cheklandik. Kelgusida moʻgʻulchadan turkiy tillarga, ayniqsa, oʻzbek tiliga, shuningdek, turkiy tillardan moʻgʻulchaga oʻzlashgan soʻzlarni oʻrganish orqali tilimiz oʻtmishining qorongʻu tomonlarini yoritishga intilamiz.
Gʻaybulla BOBOYOR,
Tarix fandari doktori, professor
V. Rybatzki o‘zbekchaga mo‘g‘ulchadan o‘zlashgan deb qaragan so‘zlardan ayrim o‘rnaklar (Rybatzki 2013, 2015)
№ |
Mo‘g‘ulcha so‘zlar |
№ |
Mo‘g‘ulcha so‘zlar |
№ |
Mo‘g‘ulcha so‘zlar
|
1 |
aka “aka, og‘a” |
25 |
depsi- “bosmoq” |
49 |
çeçan “so‘zga chechan” |
2 |
arça “archa” |
26 |
do‘nån “uch yoshli qo‘y” |
50 |
çevar “usta” |
3 |
arçi- “archimoq” |
27 |
dåvån “dovon, tog‘ oshuvi” |
51 |
çida- “chiqamoq” |
4 |
arğamçi “arqon” |
28 |
do‘lana “tog‘ mevasi” |
52 |
çilåpçin “kir yuvadigan idish” |
5 |
asra- “asramoq” |
29 |
do‘ppi “bosh kiyim” |
53 |
çilvir “arqon” |
6 |
axta “axta ot” |
30 |
dubulğa “harbiy bosh kiyim” |
54 |
çiråy “yuz, chehra” |
7 |
aymåq “urug‘-aymoq” |
31 |
talay “ko‘p” |
55 |
ço‘çi- “cho‘chimoq” |
8 |
ålis “uzoq” |
32 |
tanglay “tomoq” |
56 |
ço‘l “dasht” |
9 |
ång “ov hayvonı” (shevada) |
33 |
tani- “tanimoq” |
57 |
ço‘lpån “yulduz turi” |
10 |
årål “orol” |
34 |
taqa “ot taqasi” |
58 |
ço‘qqi “tog‘ cho‘qqisi” |
11 |
erka “erka (bola)” |
35 |
tasma “bog‘ich” |
59 |
jabduq “ot jihozi” |
12 |
baxşi “diniy kohin” |
36 |
tekis “silliq” |
60 |
jarçi “jarchi” |
13 |
båja “boja” |
37 |
to‘la- “to‘lamoq” |
61 |
jayran “jiyron” |
14 |
båtir “botir, bahodir” |
38 |
to‘qay “” |
62 |
jilğa “ariq” |
15 |
bedana “sayroqi qush) |
39 |
to‘xta- “to‘xtamoq” |
63 |
jilåv “yugan” |
16 |
bo‘rån “dovul, bo‘ron” |
40 |
tuvdåq “qush turi” |
64 |
yalqåv “dangasa” |
17 |
bo‘rdåqi “maxsus boqilgan qo‘y, echki” |
41 |
çana “chana” |
65 |
yara “jarohat” |
18 |
bo‘sağa “ostona” |
42 |
çanği “chang‘i” |
66 |
yasa- “qilmoq” |
19 |
buğu “keyik turi” |
43 |
çanğaråq “o‘tov tuynugi” |
67 |
yasåvul “tashkilotchi” |
20 |
burgut “ovchi qush” |
44 |
çanqa- “chanqamoq” |
68 |
yo‘sin “usul, odat” |
21 |
burul “ot turi” |
45 |
çaqa “bola” |
|
|
22 |
butun “barcha” |
46 |
çarla- “chaqirmoq” |
|
|
23 |
dala “dasht” |
47 |
çåğ “vaqt” |
|
|
24 |
dalda “qo‘llamoq” |
48 |
çåğla- “tayyorlamoq” |
|
|
Qoʻllanilgan adabiyotlar
Abdullayev F. Oʻzbek tilining Xorazm shevalari. – Toshkent, 1961.
Abdurahmonov Gʻ., Rustamov A. Qadimgi turkiy til. – Toshkent: Oʻqituvchi, 1982.
Abulgʻoziy. Shajarayi turk. Masʼul muharrir va soʻzboshi muallifi B. Ahmedov. Nashrga tayyorlovchilar: Q. Munirov‚ Q. Mahmudov. – Toshkent: Choʻlpon, 1992.
Boboyorov Gʻ. Oʻzbek tili tarixi – I (Eng eski chogʻlari). – Toshkent: Fan, 2022.
Drevnetyurkskiy slovar / Pod red. V.M. Nadelyayeva, D.M. Nasilova, E.R. Tenisheva, A.M. Shyerbaka. – Leningrad, 1969.
Zahiriddin Muhammad Bobir. Bobirnoma. Nashrga tayyorlovchilar: P. Shamsiyev, S. Mirzayev. – Toshkent: OʻzSSR FA nashriyoti, 1960.
Malikov A.M. Tyurkskiye etnonimы i etnotoponimi dolini Zerafshana (XVIII – nachalo XX v.). – Tashkent, 2018.
Karmыsheva B.X. Ocherki etnicheskoy istorii yujniy rayonov Tadjikistana i Uzbekistana (po etnograficheskim dannim). – M., 1976.
Koshgʻariy, Maxmud. Turkiy suzlar devoni (Devonu lugʻotit turk) / Tarjimon va nashrga tayyorlovchi S.M. Mutallibov. 3 tomlik. — Toshkent: Fan, 1960-1963.
Alisher Navoiy. Muhokamatul lugʻatayn. Q. Sodiqov tahlili, tabdili va talqini ostida. – Toshkent: Akademnashr, 2017.
Nafasov T. Qashqadaryo qishloqnomasi. – Toshkent: Muharrir, 2009.
Nominxanov S. D. Mongolskiye elementi v etnonimike i toponimike Uzbekskoy SSR. Zapiski (Kalmiskiy NII yazika, literaturы i istorii). Vыp. 2. – Elista, 1962.
Sultanov T.I. Opыt analiza traditsionnыx spiskov 92 “plemen ilatiya” // Srednyaya Aziya v drevnosti i srednevekovye. – M.: Nauka, 1977. – S. 165176.
Qorayev S. Geografik nomlar maʼnosi. – Toshkent: Oʻzbekiston, 1978.
Oʻzbek tilining izohli lugʻati. A. Madvaliyev tahriri ostida. – Toshkent, 2006-2008.
Dybo A., Starostin G. In Defense of the Comparative Method or The End of the Vovin Controversy / Aspects of Comparative Linguistics 3, 2008. — P. 119-258.
Gharib B. Sogdian Dictionary. Sogdian – Persian – English. – Tehran: Farhangan Publications, 1995.
Rybatzki V. Some Mongolic words in Özbek (i) · Words beginning with a-, å-, e-, b-, p-, d-, t- // Yalım Kaya Bitigi. Osman Fikri Sertkaya Armağanı, Ed. Hatice Şirin User – Bülent Gül, Türk Kültürünü Araştırma Enstitüsü, Ankara, 2013. – P. 511-532.
Rybatzki V. “Mongolic words in Uzbek (II): Words beginning with č-, j-, y- // https://cyberleninka.ru/article (2015)
Sertkaya O.F. Divanü LügatiʼTürkʼte Geçen Her Kelime Türkçe Kökenli midir? Veya Kaşgarlı Mahmudʼun Divanü LügatiʼTürkʼünde Yabancı Dillerden Kelimeler // Dil Araştırmaları. Sayı: 5, Güz 2009. – S. 9-38.
Adabiyot
Vatandosh
Adabiyot
Tarix
Ma’naviyat
Tarix
Til
Jarayon
Tarix
Ta’lim-tarbiya
Tarix
Tarix
Din
Til
//
Izoh yo‘q