
Biz hozir Hamzaning shaxsi haqida emas, uning oʻz qoʻli bilan yozgan maktublari haqida soʻzlamoqchimiz, toʻgʻrirogʻi, ulashmoqchimiz. Ular goʻyo Hamza shaxsiyati ustida “yaxshi, yomon” deya hanuz bahslashib yotgan avlodlariga yoʻllangan maktubidir.
O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Alisher Navoiy nomidagi davlat adabiyot muzeyi xazinasidan:
22-hujjat. Hamzaning Mirzohid Miroqilovga atab yozgan she’riy maktubi (ruboiy shaklida)
(5,5 x 7,5 sm.; avtograf)
Mirzohidga
Millat uchun yeturmadi bin koʻkka zorimi,
Xizmat uchun otub hama roʻzgori borimi,
Bu sir nadurki, tangri, xarob etmada hamon
Bir yoqda baxtimi, yana nomusi orimi.
1914-yil 14-oktyabr.
(Nasriy bayoni: millat uchun chekkan ming-ming zorim koʻkka yetib bormadi, xizmatim evaziga bor roʻzgorim – boʻr-yoʻgʻim, hayotimni barbod qilishdi; buning siri nimadadir, tangrim, hamon xarob etmoqdadirlar – bir yoqda baxtimni, yana bir tomonda nomusi orimni).
Mirzohid Miroqilov – aka-uka Miroqilovlarning oʻrtanchasi.
Ularning kenjasi Mirshohid Miroqilov – oʻzbek teatrining atoqli aktyori, rejissyor, Oʻzbekiston xalq artisti (1937). Ijodiy faoliyatini 1915-yilda boshlagan, akalari Mirhamid va Mirzohid bilan Abdulla Avloniy rahbarligidagi “Turon” truppasining (Toshkentdan Qoʻqonga borib koʻrsatgan) spektakllarida qatnashgan. 1918–1925-yillarda Qoʻqonda Hamza bilan birga teatr ishlariga rahbarlik qilgan.
“Sadoi Farg‘ona” gazetasining 1914-yil 17-sentyabr sonida bosilgan “Maktabi Dor ul-aytom” (Bekbachcha mahallasida ochilgan) maqolasida maktab uchun har oyda iona beruvchilar roʻyxatida Mirzohid Miroqilov nomini ham tilga oladi va maktabga ellik tiyin iona qilganini koʻrsatib oʻtadi.
21-hujjat. Hamzaning qoʻqonlik muallim Toshpoʻlat afandi bilan bogʻ sayrida aytgan she’ri.
(8,5 х 11 sm.; avtograf)
“28-may. Chorshanba. 1914-yil rajabda muallim Xoʻqondiy Toshpoʻlod afandi bilan Xoʻqand Qoʻrgʻon Tegi mahallalaridan Ganjravon mahallada koin Mulla Umar muallim bogʻlariga borib, kechga qadar millat dardida hasratlanub keldik. Onda qoldirgʻon tarixiy ruboiyotdurkim,1-koʻrishuvimiza sababdur:
Bu kun dil nahrida boshqa hayotning shavqi bir yondir,
Kamoli zavqdan dardi gʻamimni tavqi giryondur,
Rajab – yoz erdi, osori muhabbatdin nishon ettim,
Safoi ayshi ta’rixin, Umar bogʻida pinhondir”.
1914-yil 28-may.
(Nasriy bayoni: bu kun dil daryosida oʻzga bir hayot shafqi joʻsh urmoqda, zavq toshganidan dardi gʻamimning koʻzi yoshlidir; rajab – yoz oyi edi, muhabbat ta’sirida, pok bir huzur-halovat vaqtida Umar bogʻida edim).
Nashrga tayyorlovchi: filologiya fanlari doktori,
dotsent Shahnozaxon NAZAROVA
San’at
Tarix
Tarix
Vatandosh
Tarix
Tarix
Jarayon
Til
Tarix
Ta’lim-tarbiya
Tarix
Tarix
Din
Til
//
Izoh yo‘q