Oybek asarlarining tarjimoni – Turkiya Prezidenti Adminstratsiyasida ishlayotgan o‘zbek ayoli


Saqlash
16:30 / 12.06.2025 527 0

Ba’zan boshqa yurtlarga ishlagani borgan va aksariyati “qora mehnat” bilan mashg‘ul bo‘lgan o‘zbek ayollarini ko‘rib iching eziladi. Fabrika ishchisi, farrosh, bola boquvchisi, uy tozalovchi... h.k. Va ko‘pi oilasida qo‘nim topmagan yoki ro‘zg‘orining kam-ko‘stiga ko‘navermagan ayollar... Shunday paytlarda mamlakatimiz nomini ilm-ma’rifat bilan, go‘zal xulq bilan ko‘tarib yurgan hamyurtlarimiz ko‘payishini juda istaydi odam. Shukrki, bugun dunyoning har yerida, eng olis shahar-u kentlarida millatimiz dovrug‘ini olamga yoyib, sha’nimizga sharaf keltirib yurgan opa-singillarimiz talaygina. Ular qayerda va kim bo‘lib ish yuritishmasin o‘zbek qizi bo‘lib Vatan yuzini yorug‘ qilib kelyapti.

 

Filologiya fanlari bo‘yicha falsafa doktori Zamira O‘zturk (Hamidova) ana shunday ziyoli, olima vatandoshlarimizdan, desak xato bo‘lmas. Asli Andijonda tug‘ilib voyaga yetgan Zamira opa ayni paytda Turkiya Respublikasi Prezidenti Adminstratsiyasining Kommunikatsiyalar boshqarmasida tarjimon, ilmiy xodim sifatida faoliyat yuritib keladi. Ko‘plab ilmiy-ijodiy ishlarga bosh-qosh bo‘lib kelayotgan yurtdoshimizning faoliyati bilan yaqindan tanishishni niyat qildik.

 

– Bolaligim Andijon va Sirdaryo viloyatlari o‘rtasida orzu-xayollar qurshovida o‘tgan desam bo‘ladi,  – deydi Zamira opa. – Sobiq tuzumning og‘ir sharoitlarida, sodda va mehnatkash xalqimizning yetovida ulg‘aydik. Ya’ni, Sirdaryo va Jizzax viloyatlaridagi cho‘llarni o‘zlashtirish siyosatida ko‘pgina vodiy ahli qatori kamina ham ota-onam bilan shu yerlarga kelib qoldik. Bola shuurimda mashaqqatli mehnatdan tolmaydigan, yaxshi kunlarga erishish yo‘lida birgalikda astoydil zahmat chekkan yurtdoshlarimizning qiyofalari saqlanib qolgan. Hozir ham jazirama kunlarda boshidan oftob o‘tib, ochlikka, suvsizlikka bardosh berib, oilasi bilan paxta dalalalari barpo etgan sodda va fidoyi odamlarimizning nurli, samimiy qiyofalari sira ko‘z o‘ngimdan ketmaydi.

 

 

Maktabdan maktabga ko‘chib, o‘qituvchi va o‘quvchilarga ko‘nikishim qiyin kechsa-da, (aslida bu ko‘ch-ko‘chlar biz bolalarga ham bir qancha noqulayliklar keltirgan) yaxshi o‘qishga harakat qilganman. Lekin o‘quvchilik yillarim mamlakatimizning o‘tish davriga to‘g‘ri kelgani uchunmi, pedagoglar orasida ham kadrlar yetishmovchiligini yuzaga keltirardi. Va bu mening shifokor bo‘lishdek orzuimga ta’sirini ko‘rsatgan. Kimyo, biologiya fanlaridan o‘qituvchilarimizning qo‘nimsizligi keyinchalik mening filologiya sohasini tanlashimga sabab bo‘lgan. Maktabda ona tili va adabiyoti fani ustozimizning jonkuyarligi, ayniqsa, adabiyotni mehr bilan o‘rgatishi qalbimda So‘zga bo‘lgan muhabbatni oshirib yuborgan. Endi o‘ylasam, kimki maktabda qaysi fanni yaxshi ko‘rsa yoki qanday kasbni tanlasa, unga maktabda o‘sha darsdan saboq beruvchi ustozning xizmati, mehri katta bo‘larkan.

 

Shu tariqa poytaxtdagi Nizomiy nomidagi Toshkent davlat pedagogika universitetiga o‘qishga kirdim. Turk tili va adabiyoti” bo‘limida o‘qish mobaynida mazkur tilni yanada chuqurroq o‘rganishga kirishdim. Bu meni kelajakda Istanbuldagi Marmara universitetining Türkiyat Araştırmaları Enstitüsi”ga boshladi.

 

Zamira opa qardosh elda o‘qishi davrida ikki xalqning tili, urf-odatlari, qadriyatlari naqadar o‘xshashligini his etadi. Zero, bir daraxtning baquvvat novdalari kabi o‘zbek va turk millatining bir-biriga yaqinligi tabiiy hol edi. Lekin ba’zida ilmiy manbaalardan foydalanishda o‘qituvchi va talabalarga ikki til uchun yordamchi lug‘atlarning ozligi sezilib qolardi. Opa mana shu kemtiklikni Hacettepe universitetidagi doktorlik bosqichida o‘qib yurganida amalga oshirishga kirishdi va bir necha yillik izlanishlaridan so‘ng “O‘zbekcha-Turkcha lug‘at” nashri tayyor bo‘ldi. Bu haqda olimaning o‘zi shunday deydi:

 

Bilasizmi, musofirlikdagi hayotimizda garchi qardosh bo‘lsak-da ko‘pincha, ayniqsa ilmiy maqolalar tayyorlashda, monografiyalar yozishda ikki til uchun birdek tushunarli va aniq bo‘lgan lug‘atlarning yo‘qligi bizni qiynardi. U paytlarda o‘zbek tiliga qiziqish, boy tarximiz va beqiyos adabiyotimizga e’tibor bugungidek emasdi. Bilasiz, u paytlarda O‘zbekiston va Turkiya o‘rtasidagi do‘stlik aloqalari haminqadar, bordi-keldi, ijtimoiy-siyosiy munosabatlarning sustligi, ta’lim jarayonlarida ham bilinardi. Bugun Vatanimizda qardosh davlatlarga nisbatan har jihatdan ochiq va shaffof munosabatni ko‘rib ochig‘i quvonaman va bugungi yoshlarimizga, talabalarimizga havas qilaman.

 

 

O‘sha kezlar universitetdagi ilmiy rahbarim Emina Gursoy, professor  Ahmet Topalo‘g‘li kabi ustozlarimizning ko‘magi va daldasi bilan “shu lug‘atni men tayyorlasamchi”, degan g‘oya paydo bo‘ldi hamda ustozlarimiz professorlar Hikmet Korash, Fatma Achiklar bilan yetti yillik mehnatimizdan keyin “O‘zbekcha-Turkcha lug‘at dunyoga keldi. Bu to‘plamda 40 mingga yaqin so‘z, 5 mingga yaqin maqol va ibora joy olgan bo‘lib, nashr nafaqat o‘zbek tili o‘rganiladigan o‘quv yurtlari uchun, balki butun qardosh tilli universitetlar uchun ham qo‘llanma vazifasini o‘tadi. Chunki  azaldan ona tilimizning turkiy tillar ichida ma’no va mazmunga, sheva va lahjalarga boyligi boshqa turkiy tilli mutaxassislar uchun ham shunday dastyorga ehtiyoj ortishiga sabab bo‘lardi. Hozirgi kunda lug‘atimizning ikkinchi nashri ustida ish olib boryapmiz.

 

Ayni paytda Zamira opa nafaqat ilmiy izlanishlar bilan band, badiiy tarjima borasida ham bir qancha urinishlar qilib, o‘zbek adabiyotini turk o‘quvchilariga tanishtirishga harakat qilib kelmoqda.

 

Men ilm yo‘lini tanlaganimdan beri tarjimaning ichidaman, desam xato bo‘lmasa kerak. Bolaligim ko‘p millatli mahallada o‘tdi, keyinchalik kasbim tufayli turk va rus tillarida muloqot qilishimga to‘g‘ri kelardi. Nafaqat og‘zaki, yozma tarjimalarni boshlaganimga 30 yildan oshdi. Aynan o‘zimning magistratura ishim ham mashhur turk yozuvchisi Umar Sayfiddin hikoyalarining o‘zbek tiliga tarjimasi bilan bog‘liq. Eng quvonarlisi, 2008-yilda ilmiy ishim sabab tarjima qilgan hikoyalarim o‘tgan yili muhtaram Prezidentimiz tashabbuslari bilan tayyorlangan “Turkiy adabiyot durdonalari” nomli 100 jildlik kitoblar to‘plamidan joy oldi.

 

 

Turkiya va O‘zbekiston munosabatlari so‘nggi yillarda juda yaxshi tomonga o‘zgardi. Bu iliq munosabatlar barcha sohalarda aks etdi. Masalan, Turkiyadagi universitetlarda o‘zbek tili va adabiyoti bilan bog‘liq bo‘limlar sezilarli ko‘paydi. Bu bo‘limlarda dars berayotgan ustozlar, kursdoshlarim mendan “Nima uchun o‘zbek adabiyotiga oid asarlarni tarjima qilmaysiz, shunday bo‘lsa talabalarga o‘qitardik” deb ko‘p so‘rashardi. Xuddi shu kunlarda Oybek asarlarini tarjima qilish bo‘yicha qo‘limga bir loyiha kelib qoldi. Unga ko‘ra Oybekning “Qutlug‘ qon”, “Oltin vodiydan shabadalar” va “Ulug‘ yo‘l” romanlarini turk tiliga tarjima qilishim kerak edi. Bu uch romanni 3-4 yil ichida ketma-ket tarjima qildim. Lekin negadir loyiha to‘xtab qolgandi. Tarjimalar endi qog‘ozda qolib ketmasin, deb rosa izlandim. Shunday kunlarning birida Yevroosiyo Yozuvchilar Uyushmasi (Avrasya Yazarlar Birliği) raisi Umar Yoqub o‘g‘li bilan tanishib qoldik va unga kaminada Oybekning tarjima qilingan romanlari bor, dedim. Umarbey qalami o‘tkir yozuvchi, qardosh adabiyotni yaxshi tushanadigan, zakiy inson edi. Romanlarni nashr qilishni bajonudil qabul qildi. Avvalo “Qutlug‘ qon” romanini chop qilishga kelishdik. Faqat buning uchun Oybekning merosxo‘rlaridan yozma ravishda ruxsat olish kerak edi. Buni Toshkentdagi Oybek uy-muzeyi direktori, yozuvchimizning nabirasi Oynur Toshmuhamedovadan oldim. Keyin romanni o‘qib yanayam mufassal tarjima qilish niyatida bir necha yil davomida tarjimani qayta ishladim. Albatta bundan bir necha yil avval bilgan tilimiz bilan hozirgisi orasida juda katta farq bor edi. Tarjimada shu jihatlarga e’tibor qaratdim. Ketidan “Oltin vodiydan shabadalar” romanini o‘girdim. Shunday qilib Turkiyadagi o‘zbek tili ixlosmandlariga ustozimiz akademik Naim Karimovning oq yo‘li bilan ikki romanni hadya qildik.

 

 

Kishi umrida yo‘lchi yulduzdek hamroh bo‘lgan xotiralari bo‘ladi. Ana shunday yorug‘ kunlarimga o‘qigan badiiy kitoblarim ham esh bo‘lgan, desam yangilishmayman. Bolalikdan kitoblarini sevib o‘qiganim yozuvchi Xayriddin Sultonning asarlari adabiyotga mehr qo‘yishimda alohida ahamiyat kasb etgan. Ne baxtki, sevimli yozuvchimiz bilan Anqaradagi Turkiya Respublikasi Prezidenti Millat kutubxonasida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tashabbusi bilan nashr etilgan “Turk adabiyotining durdonalari” nomli 100 jildlik to‘plami taqdimotida uchrashish nasib etdi. Xalqaro Turk madaniyati tashkiloti (TÜRKSOY), O‘zbekiston Madaniyat vazirligi, O‘zbekistonning Anqaradagi elchixonasi va Anqara Hoji Bayram Vali Universiteti hamkorligida tashkil etilgan ushbu madaniy-ma’rifiy anjumanda qadrli ustoz yozuvchimizga tarjima kitoblarimni tuhfa qildim. Bu men uchun katta baxt edi.

 

 

Kelgusida yana tarjimalar qilib Turkiyadagi o‘zbek adabiyotini sevuvchilarni xursand etish niyatim bor. O‘ylaymanki, bu yo‘nalishda ikki davlat orasida turli xil loyihalar qilinsa, biz tarjimonlar uchun ham, o‘zbek va turk tili kitobxonlari uchun ham samarali bo‘lardi.

 

Albatta, Zamira opadek qalbi yurt va uning istiqboli bilan hamohang zukko vatandoshlarimizning borligi millatdosh o‘laroq faxrlanishimizga arziydi. Tilagimiz, shunday olimalarimiz ko‘p bo‘lsin.

 

Suhbatni Nargiza ASADOVA tayyorladi.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

So‘nggi maqolalar

Barchasi





Ko‘p o‘qilgan

Barchasi

//