Iste’dodsizlik girdobida yemish ham she’rga aylanishi mumkin – Zamonaviy she’riyatda mavzu talqini


Saqlash
12:04 / 12.06.2025 112 0

Adabiyot tarixi istaymizmi, yo‘qmi, har bir hodisani, jarayonni o‘z lavhiga muhrlab boradi. U bizdan “yigirma birinchi asrning yigirmanchi yillarida nimalar kuzatildi, kimlar bor edi nazm maydonida?” deb so‘raydi vaqti bilan. Shukrki, maydonimiz bo‘m-bo‘sh emas.

 

Zamon she’riyati haqida qaysi manbani titkilamang, istiqlolda boshlangan she’riyat haqida to‘lib-toshib so‘zlaydi. Holbuki, bugungi shiddatli zamonda istiqlolda boshlangan she’riyatdan keyin ham bir ijodiy maydon, muhit yuzaga kelib ulgurdi. Uni yuzaga keltirgan tarkib qanday? Bugunning shoirlari deb kimni aytish mumkin? Albatta, adabiy jarayonda faol bo‘lib, namunalar e’lon qilayotganlarni. Ularni ikki turkumga ajratish mumkin: ijodini istiqloldan oldin boshlab, hozirda davom etayotganlar va butunlay yangi davr avlodi. Birinchi turkum she’riyati haqida ozmi-ko‘pmi fikrlar bildirildi, tahlillarga tortildi, o‘z o‘quvchilarini topib ulgurdi. Mulohazalar uchun ikkinchi turkum muhim. Chunki ertangi she’riyatimiz darajasi aynan mana shu beshikda ulg‘aymoqda. Umuman olganda, muhtasham she’riyatimizning keyingi ildizlari qanday bo‘lishi kerak? Azaliy yuksak, Haq so‘zning bugungi ifodasi-chi? Yerdan ancha balanddagi ijod qanday bo‘ladi? Shunday savollarga ayni damda bitilyotgan namunalardan javob izlab ko‘ramiz. Qoniqarli bo‘lsa-da, yoshlar ijodida bunga javob bor, bizningcha.

 

She’rda nima haqida fikr yuritilayotgani barcha davrlar uchun ahamiyatli. Ijodkor o‘ylagan mavzusini she’rda yoza olmasligi – oqar daryoni to‘sib qo‘yganday gap. Iste’dod erkinlikda namoyon bo‘ladi. Shoirona tafakkur ma’rifatga, komillikka intiladi. O‘tgan asrda shunday cheklovlar bilan ijodning mavzu doirasi bo‘g‘ib qo‘yildi. Diniy-ma’rifiy mavzularda yozish, e’tiqod bilan bog‘liq tushunchalar uchun adabiyot eshigi yopiq edi. Yozuvchi-shoirlar oldiga boshqa talablar qo‘yilgan. Istiqlol she’riyati faqat erk, obod vatan, inson farovonligi mavzularidan tashqari, e’tiqod maslasiga ham yo‘l ochdi deyolamiz. Siyosat badiiy adabiyotni o‘tgan asrda bo‘lgani kabi qaram qilishga urinmay qo‘yishi bilan ijod erkinligiga sharoit yaratdi. Bu adabiyot ijodkorning ko‘ngil ishiga aylangani bot-bot qayd etiladi.

 

She’r mavzusi har qanday jarayonni, o‘zgarishni qamrashi mumkin. O‘tkinchi mavzular bor, abadiy mavzular bor. Iste’dodsizlik girdobida ichilgan suv va yemish ham she’r mavzusiga aylanib ketishi mumkin. Yoki tizim tanlab bergan mavzu. Bularning kuni qisqa, barchasi uzoq yasholmaydi. Chin she’rlar asliyatidan uzoqlashmay, asl manbasiga tortib ketaveradi. Adabiyotning asosiy vazifalaridan biri o‘limni eslatish ekan, asl shoirona ruh ham dunyoni rad etadi. Shu sabab bu ruh erkin zamonda ham erkka tashna. Shoirona ruh bilan dunyo teskari pozitsiyada. She’rlar shu yo‘sinda Haq mavzusiga yaqinlashaveradi. Dunyoni anglagan kishi undan uzoqlashadi. Bunday kishi uchun yashash og‘ir. Shoira Mehrinoz Abbosovaning “Erta anglab qo‘ydim dunyoni, buyog‘iga qanday yashayman” degan xavotirida ham shu mulohaza yotadi. Boshqa bir shoira Dilfuza Komil she’rida lirik qahramonning dunyoga norizo murojaatini o‘qiymiz:

 

Dunyo,

Dilimiz boshqa

Bilishim kerak edi...

Sanga keldim, nailoj

Kelishim kerak edi.

 

Inson o‘z ixtiyori bilan kelmagan, qo‘lida bo‘lsa kelmagan bo‘lardi balki, chunki dunyo asliyatda shodlik libosini kiygan g‘amdan iborat. Lekin ilohiy Yozuq bor, shu sabab “nailoj” bo‘lsa-da kelishga, yashashga majbur. Mohiyat keyingi satrlarida yorug‘lashadi:

 

Jon – O‘ZIda,

Tan – manda,

Man sanda devonaman –

Bunda Uning dardiga

To‘lishim kerak edi.

 

Jonni ruh ma’nosida tushunsak, u o‘z manbaiga, ya’ni “U”nga intiladi. Tan esa yerda. Bu ayriliq – umr. Umrning hisobi “U”ning dardiga qay darajada to‘lish bilan o‘lchanadi. Shu haqiqatni anglagan ijod ahli insonlardan bir pog‘ona balandda. Ularning maqsadi o‘tkinchi umrda o‘z so‘zini ayta olish, so‘zining yashovchanligi, o‘zi qancha yashagani muhim emas. Bunday iqrorni she’r yakuni bayon qiladi:
 

Dunyo,

 Tilimiz boshqa –

 Anglamaysan, so‘ylatma!

 ...She’rlarimmi?..

 Nimadir deyishim kerak edi...

 

Shoirlikning missiyasi “nimadir deyish”. Dunyo bilan ularning tili boshqa. O‘zligini taniganlar shamol izmiga kirmaydi. Shu sabab ular ilohiy nurlarni ko‘ra oladi, saslarni eshita oladi. Chuqurroq qaraydigan bo‘lsa so‘z ham ilohiy deyiladi. Behzod Fazliddin “Shoir” sarlavhali to‘rtligida shu mazmunni yozadi:

 

Hamma so‘zlar Seniki edi,

 Sochding, terib olaverdim jim.

 Bu oltinlar meniki edi,

 Men eng baxtli o‘g‘riman, Tangrim!

 

Ilhom vaqtida so‘zni “o‘g‘irlay” olish, lahzalarni tutib qolish chin she’rlar tug‘ilishiga sabab bo‘ladi. Shunday so‘z oshiqlari borki, ular halovatdan kechib so‘z izmiga kiradi.

 

“Ibtidosi, intihosi – so‘z, Mashrablar qoldimi dunyoda?!” – o‘zining bu savoliga shoir Jontemir o‘z she’rlari bilan javob beradi. Shoirlikning ham talabi – o‘limni tan olish deydigan bo‘lsak, Jontemir she’rlari har satrda o‘lim bilan yuzlashadi. Bironta she’rda yengil nafas yo‘q. Ko‘z oldimizda bir ulkan yo‘l namoyon bo‘ladi va unda ortga qayrilmay odimlayotgan, suhbatdoshi jinlar-u, yemoq-ichmog‘i so‘z, salaflari Rumiy, Xayyom, Mashrab izidagi darveshni ko‘ramiz. Shu boisdan she’rlarining bo‘y-basti, ta’mi, hidi, ichi-yu tashi – jununlik. Manzil muhimmas, mohiyat mana shu yo‘lda. Yo‘lning zavqini his qilgan shoir she’ridagi ifodani kuzatsak:

 

Men senga zor,

Sen mendan kech,

Tentiyveray juldur-juldur.

Huzuringga yo‘latma hech,

Oshiqlikning gashti – yo‘ldir.

Oshiqlikning gashti – yo‘ldir.

 

Yo‘lning gashti otlangan manzil ahamiyatidan ham sururli. U Haqdan o‘z huzuriga eltishni so‘ramaydi. Bu qaysidir ma’noda so‘fiylar maslagini eslatadi. Umuman olganda, bunday tasavvufiy vaziyat, istilohlar nafaqat Jontemirda, balki ko‘plab yosh shoirlar ijodida uchrashini kuzatish mumkin. Masalan, shoira Mehrinoz Abbosovaning “Tanovar” she’rida shunday to‘rtlik bor:

 

Isming aytay desam, kuydi tomogʻim,
Boʻgʻzim – hamma yogʻi ilma-teshik nay.
Hatto daraxtlar ham senga intilsa,
Men nega turishim kerak indamay.

 

To‘rtlikda husni ta’lil asosidagi o‘xshatish-u timsollar bir-birini to‘ldirib muallif maqsad qilgan ifodani go‘zallashtirgan. Nay – tasavvufiy timsol. Izohlarda keltirilishicha, “u oshiq, ya’ni ilohiy ishq oshig‘ining ramziy obrazidir. Nayning kuylashi orif insonning ruhi kabi hamisha boqiy ruhoniyat olamiga intilishdir”. Yaratuvchi nomi o‘ta zalvorli. Uni his qilgan sari bu yuk og‘irlashadi. Shu bois uni tilga olganda ham tomoq kuyib, bo‘g‘izning ilma-teshik nayga aylanishi chiroyli qiyos. Butun borliq Haqning zuhuroti deb qaralar ekan, har ne yaratiqda uning aksi mavjud deyiladi so‘fiyona qarashlarda. Bundan tashqari, daraxt timsolini ko‘p jihatlari bilan so‘fiy insonga qiyoslash mumkin. Avvalo, ildizi tuproqdaligi, soya, meva-yu quriganda o‘tin bo‘lishdek beminnat saxiyligi. She’rda ularning bo‘y cho‘zishi Yaratganga intilish, istig‘for aytish ehtiyojidan deya tasvirlanmoqda. Bunday mazmun va istilohlarni yana ko‘plab shoirlarda ko‘rish mumkin.

 

Bu mulohazalar bilan bugungi she’rlarga butunlay tasavvufiy libos kiydirmaymiz. Maqsad qalamga olinyotgan tematikani umumiy izohlash. Kuzatadigan bo‘lsak, har ikkita she’rning birida Yaratganga ishora ko‘ramiz. Ba’zilarida usul oshkoralik bo‘lsa, ba’zilarida jumboqli ifodalarga o‘rab beriladi. Ularni tasavvufona sifatga kiritish noo‘rindir balki. Balki, ular tasavvuf nimaligiga tushunmasligi mumkin. Muhimi, o‘zlikni taftish qilish masalasi bor.

 

Bugun shoirlari ham endigina eshik ochib qarayotgani yo‘q, ular she’r nimaligini yaxshi biladi, chin she’r qanday degan savolga javobi hozir. Adabiyot yo‘li Haqni tanish ekanligini allaqachon his qilgan. Shu boismi, aksariyat shoirlarda har qanday mazmun Xudoga yetaklayveradi. Yoshlar ijodi haqida ko‘plab tahlillar yozayotgan adabiyotshunos Qozoqboy Yo‘ldosh shunday deydi: “Shoirlar o‘zlarini har sari uravermaydi, nima qilmoqchili­gini yaxshi biladigan odamlarday tutadi o‘zini. Ular insonday yashash uchun yo‘l izlash lozimligini, bu yo‘l har kimning naq o‘z yuragidan o‘tishini yaxshi biladi va yurakka yo‘l solishga xotirjam tadorik ko‘rishadi. Bunday xotirjamlik taqdirga tan bergan, tasodif yo‘qligi-yu, yagona Yor hamisha yo‘ldoshligiga ishongan kishida bo‘ladi”.

 

Mavzu doirasiga chuqur yondashadigan bo‘lsak, bundan keyingi ishlarda yoritilishi kerak bo‘lgan xususiyatlar ko‘p. Qoralangani suv betiga sizib chiqqanlari, xolos. An’anaviy mavzuning bugun she’riyatidagi rivojlanish holati haqida qisqa kuzatmalar. She’rlarda qalamga olingan mavzular esa rang-barang va ular tadqiqiga ehtiyoj bor.

 

Nurjahon QAYUMBERDIYEVA,

Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davat o‘zbek tili

 va adabiyoti universiteti tayanch doktoranti

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

So‘nggi maqolalar

Barchasi

Tarix

14:06 / 11.06.2025 0 40
Hamzaning “maktublari”

Tarix

18:06 / 10.06.2025 0 209
Qo‘qon xonligidan olib ketilgan nodir kitoblar





Ko‘p o‘qilgan

Barchasi

//