Navoiy va Cho‘lpon “dueli”: ko‘k-yer konsepti tahlili


Saqlash
12:00 / 13.06.2025 76 0

Odam oyog‘i, ya’ni vujudi bilan yerda yursa, ko‘ngli, ruhi bilan butun koinotni kezadi. Agar odam ko‘ngli bilan ko‘k farzandi bo‘lmasa, uning boshqa jonzotlardan hech farqi qolmas edi. Tamom tuproqqa qorishib ketish faqat odamning vujudiga tegishli bo‘lib, Abdulla Oripov “O‘lganda ham vujuding bilan, Ketmagaysan yerga qorishib” deganiday, ko‘ngil va ruhiyat abadiyligi ishonch masnadiga ko‘tariladi. Illo, ko‘k shunchaki osmon bo‘lmay, inson yuksalishi mumkin bo‘lgan oliy ma’vo, kerak bo‘lsa, Allohning dargohidir. Bejiz emaski, hazrat Navoiy “Hayrat ul-abror” dostonida ko‘ngilni solik, ya’ni so‘fiy tili bilan “arshi muallo” (eng baland osmon) deb baholaydi.

 

“Yer” so‘zining ma’nosi birqancha. “O‘zbek tilining izohli lug‘ati”da so‘zning o‘n bir ma’nosi qayd etilgan. Biz ko‘zlagan maxsus ma’nosi esa inson umrguzaronlik qiladigan, kun kechiradigan makonni anglatib, past, quyi degan holatni ham bildiradi. Ust-ost, baland-past, yuksak-tuban kabi antonimlar ko‘k-yer konsepti bilan muayyan holatlarda mazmunan yaqinlashadi.

 

Biz bu o‘rinda nega konsept so‘zini ishlatmoqdamiz? “Konsept biron-bir tushunchaning tilda ifodalangan mohiyatidan muayyan darajada farq qiladigan o‘ziga xos mazmuni. Konsept tushunchada aks etadigan ontologik asosni yanada yorqinroq ifodalashga yordam beradi”[1]. Ya’ni, bizning holatda konsept tarzida nomlanayotgan ko‘k va yer so‘zlari oddiy qo‘llovdagidan boshqacharoq, maxsus ma’no anglatishi kuzatiladi.

 

Hozirgi tilimizda “butun atrof, hamma yoq; koinot” ma’nolarini anglatuvchi “yer-ko‘k” degan juft so‘z bor. Sarlavhadagi “ko‘k-yer” o‘sha juft so‘zning shunchaki o‘rin almashuvi emas. Yangi juftlikni tashkil etgan har ikki so‘z maxsus, ya’ni kundalik qo‘llovdan yorqinroq, fundamentalroq ma’no tashimoqda. Ularning konseptligi ham shunda.

 

Ushbu ikki so‘zning maxsus ma’nosi matniy tahlilda, kontekst kuzatuvida yanada yorqinroq ko‘rinadi. Biz hozir ushbu qo‘shaloq konsept ishtirok etadigan ikki she’riy matnni, biri to‘rtlik, ikkinchisi ruboiy, atroflicha tahlil qilishga harakat qilamiz. Birinchisi Abdulhamid Cho‘lponning 1926-yilda Toshkentda O‘zbekiston davlat nashriyoti chop etgan “Tong sirlari” to‘plamidan o‘rin olgan “Yanglishasiz!” nomli to‘rtlik. Tagidagi yozuvdan ma’lumki, u Qo‘qonda, 1924-yil 28-sentyabrda bitilgan. “Tong sirlari” to‘plamiga ayni shu nom bilan buyuk adib Abdulla Qodiriy Julqunboy imzosida qisqa, lekin mazmundor so‘zboshi yozgan. Mazkur so‘zboshiga e’tibor qaratishimizga sabab unda to‘rtlik to‘liq berilib, uning yaralish jarayoni haqida qimmatli fikr va ma’lumot borligidir.

 

So‘zboshida buyuk adib shoirni ayrim, aytish joizki, siyosiy ta’nalardan himoya qiladi: “Ba’zi bir o‘rtoqlar Cho‘lponni yig‘loq shoir deb aybsitadilar” degan fikrga javoban “Biroq shoir shu to‘kkan ko‘z yoshlaridan chechaklar o‘stirmoqchi bo‘lmasa erdi, biz ham uning mu’tarizlari (e’tirozchilari – S.M.) qatoriga kirgan bo‘lar edik” deya biz diqqat qaratayotganimiz to‘rtlikka o‘tadi:

 

“Anqov ta’nachilar shoirni ranjitishda mudovamat qiladilar, hatto “Sen ko‘k shoiri!” deguvchilar ham bo‘lib, chorasiz shoir o‘z holidan ochiq javob berishga majbur qoladir”[2] deya to‘rtlikni keltiradi. To‘rtlik esa bunday:

                                

Yanglishasiz!

 

Siz deysizkim, men ko‘klarni o‘ylaymen,

Yer betiga sira nazar solmaymen!

Yanglishasiz, men ko‘klarga berkingan

Yer qizidan xayolimni olmaymen...

 

Asar qisqa bo‘lgani uchun uni birbutun, ya’ni sarlavhasi bilan birgalikda o‘qish va ko‘rish ilmiy maqsadga muvofiq. Sarlavhada turib undov bilan ta’kidlangan “Yanglishasiz!” asarga o‘ziga xos ohang, shiddat bag‘ishlaydi hamda unga keskin bahs-munozara ruhini olib kiradi. Biz Abdulla Qodiriy so‘zboshisidan olingan ko‘chirmani davom ettirib, to‘rtlikni keltirishimiz mumkin edi. Lekin maqolada uning sarlavhasi qo‘yilmagan, bunga hojat ham yo‘q edi. Gap shundaki, asarning vizual qiyofasi aynan sarlavhasi bilan tugal va mukammaldir.

 

She’r to‘lig‘icha munozara xarakteriga ega. U o‘ziga xos javobiyadir. Asar mohiyatini anglashda Abdulla Qodiriy so‘zboshisi juda qo‘l keladi. Buyuk adib aytgan “anqov ta’nachilar” biz hozir nomlarini bilib-bilmaydigan aniq odamlar bo‘lishi mumkin, lekin ularning ortida butun bir ijtimoiy tuzum, xudoters, dinsiz mafkura turibdi. Shuning uchun ham “hatto “Sen ko‘k shoiri!” deguvchilar” (“hatto”ga e’tibor bering, bu aytilgan gapning haddi a’losi demakdir) shu gaplari bilan shoir ijodi ushbu mafkuraga zid ekaniga sha’ma qiladilar. Aslida-ku, “ko‘k shoiri” ulug‘ haqiqatlar, ilohiy tuyg‘ular shoiri, kuychisi demakdir. O‘z-o‘zicha olganda fikr erkinligi ustuvor demokratik jamiyatda bu yuksak maqtov va buyuk ehtirom belgisi bo‘lishi mumkin edi. Lekin inson erki, hatto his-tuyg‘usi tizginlangan, diniy e’tiqod ta’qiqlangan totalitar jamiyatda bu jiddiy ayblov ediki, Abdulla Qodiriy buni teran anglar, shu bois shoirni bunday ayblovdan soqit qilishga uringan edi.

 

“Anqov ta’nachilar” unchalik anqov emas edilar, lekin ularni anqov deyish o‘sha paytda zarur edi. Ta’naning damini kesish ayni lozim edi.

 

She’rda ikki zid tushuncha, aniqrog‘i so‘z bor, biri: siz – men, ikkinchisi: ko‘k – yer. Siz – men zidlovi to‘rtlikning shakliy strukturasiga tegishli, asar shu zidlov asosiga qurilgan. Ko‘k-yer zidlovi esa konsept rutbasiga ega bo‘lib, she’rning ma’no-mundarijasiga taalluqli. To‘rtlikning dastlabki ikki misrasi Sizning fikri, keyingi ikki misra Menning javobi. Har ikkalasida – savolda ham, javobda ham ko‘k-yer konsepti xuddi shu tartibda – avval ko‘k, so‘ng yer. Sizning fikri shunday ifodalanadi:

 

Siz deysizkim, men ko‘klarni o‘ylaymen,

Yer betiga sira nazar solmaymen.

 

Ya’ni bu Qodiriy so‘zboshisidagi “Sen ko‘k shoiri!” degan ta’naning boshqacha shakli, sodda qilib aytganda, “ko‘klarni o‘ylaydi, yerga boqmaydi”. Jo‘n mantiq bo‘yicha shoir bu gapni, ta’nani rad etmog‘i lozim. Sarlavhadagi va matn ichidagi “Yanglishasiz!” shuni taqozo etayotganday. Lekin raddiyaga, javobga boqaylik:

 

...men ko‘klarga berkingan

Yer qizidan xayolimni olmaymen...

 

To‘rtlik falsafasining qaymog‘i ayni shu yerda va buni anglash uchun “ko‘klarga berkingan Yer qizi” kim yoki nima degan savolga javob topmoq zarur bo‘ladi. Yer qizi qanday qilib ko‘klarga berkinadi? Bu yuksak xayolot olami, poetik mistikaga chulg‘angan tuyg‘u, o‘y-fikr-ku!

 

Bu savolga javobni faqat ushbu kontekstdan izlamay, shoirning bundan oldin va keyin yozgan she’rlaridagi ko‘k va yer, xususan, ko‘k haqidagi misralarni bir qur kuzatsak. 1919-yilda yozilgan buyuk “Go‘zal” she’ri shunday boshlanadi: “Qorong‘u kechada ko‘kka ko‘z tikib, Eng yorug‘ yulduzdan seni so‘raymen...”. Mashhur “Buzulgan o‘lkaga” dostonida ko‘k-yer konsepti shunday kontekstda ishlatiladi: “Javob yo‘qmi ko‘klardan-da, yerdan-da, Xarob bo‘lgan eldan-da...”.

 

Ko‘kdagi qiz, Yer qizi nima ekanligi borasida shoirning shunday misralari bor:

 

1. Ko‘kda bir to‘p qiz – malak uyqu kuyini boshladi,

Ilgari cholgan tirik, jonli kuyini tashladi.

(“Uyqu”, 1921)

 

2. Ko‘klardan malaklar qiz bo‘lib tushsalar,

Yana men o‘tlarni qo‘ynimga qo‘ymayman.

(“Barg”, 1922)

 

Ushbu ikki kontekstga tayanib, “ko‘klarga berkingan Yer qizi” shoir xayolotida tug‘ilgan ko‘kdagi qiz-malaklar deya olamiz. Bilamizki, malak va farishta so‘zlari ayniydir. Sunniy aqiydalardan ma’lumki, farishtalar turli insonlar, jumladan, qiz shakliga kirib ko‘rinish berishi mumkin ekan. Olti diniy kalima jamlanmasi “Iymoni mufassal”da – “Amantu billahi va malikatihi va kutubihi va rasulihi val yavmil axiri va qodari xoyrihi va sharrihi minallohi ta’ala val ba’si dal mavt” (“Allohga, uning farishtalariga, kitoblariga, rasullariga, oxirat kuniga, yaxshilik va yomonlik Allohning xohishi bilan bo‘lishiga va o‘limdan keyin qayta tirilishga ishondim”) – farishtalarga ishonish Allohga ishonishdan keyingi o‘ringa qo‘yilgan. Zero, “Insonni hayvondan ajratib turadigan narsalardan biri ham g‘aybiy narsalarga, jumladan farishtalarga ishonishdir. Bunday iymoni bor inson his etish a’zolari chegarasida, tor joyda o‘ralib qolmaydi. Balki tasavvur doirasi cheksiz bo‘ladi”[3].

 

Shunday tasavvur doirasi cheksiz, buyuk qalb va sof e’tiqod sohibi – Cho‘lpon edi.  So‘fiyona cheksiz tasavvur ko‘k va yerni yaxlit, bir butun holda ko‘rar, ko‘kni yerdan ajratish chala, xom tasavvur mahsuli ekani, ular ikki yorti bir butun hodisa ekani biz o‘rganayotgan to‘rtlikda sirli bir tarzda ifoda etilgandir.

 

Shoir 1921-yilda yozgan “Ketganingda (Kliupatraga)” she’rida

 

Sevgimdan so‘nggi malaklar

To‘p-to‘g‘ri ko‘kkami uchdi?

 

deya yozar ekan, bu misralar “Yanglishasiz!” she’ridagi ma’noga o‘ziga xos yangi ifor olib kiradi. To‘rtlikda shoir xayolan talpinadigan Yer qizi ko‘klarda yashiringan bo‘lsa, bu yerda shoir sevgisidan bino bo‘lgan malaklar yerda-yu, lekin ko‘kka uchishga chog‘lanadilar. Yana bir bor yuqorida aytilgan yer qizi – malak  ma’no qatori, tenglamasi paydo bo‘ladi.

 

Qizig‘i shundaki, takror bo‘lsa-da aytamiz, muallif “Sen ko‘k shoiri!” degan gapni rad etganday bo‘lib (“Yanglishasiz!”), aslida ayblov sifatida aytilgan bu fikrga chuqur ma’no yuklaydi, uni o‘zi tomonga burib yuboradi. Men butun olam, ko‘k va yer bilan tillashaman, xayolan suhbatlashaman, yerda turib ko‘k bilan birgaman, bir butunman deydi go‘yo shoir.

 

Yana bir gapni aytmoq joiz. Biz to‘rtlik haqida, uning mohiyati haqida qancha gapirmaylik, fikrlamaylik, u baribir bizga sirli, xususan, “Yanglishasiz, men ko‘klarga berkingan Yer qizidan xayolimni olmayman!..”da tafakkurga tutqich bermas nimalardir bordek tuyulaveradi.

 

Shu o‘rinda ushbu to‘rtlik va umuman Cho‘lpon she’riyatiga xos bir xislat haqida, ya’ni shoir mistikasi haqida gapirmoq lozim. Zero, yangi o‘zbek she’riyatida mistikaga moyil Cho‘lponga teng boshqa shoirni uchratish mahol. Lekin avval mistik, mistika kabi atamalarni sovet davridagi salbiy talqinlardan tozalash lozim bo‘ladi. Chunki asl buyuk she’riyat, badiiy adabiyot hech qachon yuksak mistikadan xoli bo‘lgan emas.

 

Binobarin, mistika “G‘ayritabiiy olamga, ilohlar va ilohiy kuchlarga, insonning ilohiyot olami bilan aloqa qila olishiga ishonishdan iborat diniy e’tiqod”[4]. Nafaqat diniy e’tiqod, balki shunday ruhdagi badiiy tasavvur va tafakkur tarzi ham. Balki Cho‘lponni baralla mistik shoir deb bo‘lmas, lekin shoir she’riyatida mistika unsurlari, lirik mistitsizm haqida bemalol fikr yuritish va ilmiy tadqiqot olib borish mumkin deb hisoblaymiz.

 

Musiqa, ayniqsa mumtoz shashmaqom kuy-ashulalarini berilib tinglagan har qanday odam o‘zga olamlar, yuksak xilqatlarga ko‘tarilib, bu foniy dunyoning mayda tashvishlaridan tamom forig‘ bo‘ladi. Buyuk bastakor Mutal Burhonov xotirlashicha, “Shashmaqom sadolari yangraganda Cho‘lpon sel bo‘lib, butun vujudi quloqqa aylanganday, bir maromda chayqalib o‘tirib tinglardi. Qulog‘i musiqada-yu, xayollari junbushga kelib, nimalarnidir ko‘z oldiga keltirayotgani sezilib turardi. U eshitgan kuylarni yurak-yurakdan juda chuqur his qilardi”[5].

 

Shoir bulbullar xonishidagi ajib musiqani his qilib, yozgandi: “Samoviy zavqlarga to‘lib turganman Bulbullar sevgini maqtagan damda” (“Sozim”, 1924). Samoviy zavq g‘ayriolamlarga sayr mevasi, mistik tasavvur deganidir, hoynahoy. Mistika musulmon Sharq va o‘zbek mumtoz adabiyotining ruhoniy asoslaridan biri bo‘lmish tasavvuf bilan uzviy bog‘liq. Ko‘plab G‘arb olimlari tasavvufni bejiz “musulmon mistikasi” deb hisoblashmagan.

 

Mistikadan olabo‘jidan qo‘rqqanday qo‘rqqan sovet mafkurachilari, Qodiriy ta’biricha “anqov ta’nachilar” Cho‘lponga “Sen ko‘k shoiri!” deyar ekanlar, bunda shoir she’rlariga xos sirlilikni, mistikani ham ko‘zda tutgan bo‘lishlari ehtimolga yaqin. Lekin yuqorida aytganimizday, shoir buni inkor etganday bo‘lib, ammo bundan-da o‘tkazibroq “Ko‘klarga berkingan Yer qizi” haqida so‘fiyona so‘ylaydi.

 

Endi hazrat Navoiyning bir ruboiysidagi ko‘k – yer konsepti va uning badiiy-falsafiy inkishofi haqida fikr yuritsak. Vaziyatning zavqli joyi shundaki, mumtoz ruboiyda aynan Cho‘lpon to‘rtligidagi kabi bu juftlik ko‘k-yer tarzida qo‘llanadi. Alhol, Cho‘lpon mazkur ruboiyni o‘qigan, undan ilhomlangan hamda she’riyatida ko‘k-yer konsepsiyasini yaratishda hazrat Navoiyga suyangan bo‘lishi ham mumkin.

 

Ushbu ruboiy hazrat Navoiyning “Tarixi anbiyo va hukamo” asaridagi Iso alayhissalomga bag‘ishlangan qismni yakunlovchi she’riy bitikdir.

 

Isoki, mujarrad ayladi Tengri ani,

Ko‘k ravzasi bo‘ldi jilvagoh-u chamani.

Yer ahlidin ulki bo‘lsa tajrid fani,

Tong ermas, agar ko‘k o‘lsa aning vatani[6].

 

Ruboiy bejiz Iso alayhissalom haqidagi fasl so‘ngiga qo‘yilgan emas. U o‘zidan oldin bayon etilgan voqea-hodisalarni poetik jihatdan umumlashtiradi hamda nazmiy so‘zning kuchi bilan ilohiy voqelikni siqiq va ehtirosli ifodalaydi. Aytmoq joizki, hazrat Navoiy o‘z asarida Iso (a. s.) haqida yozar ekan, u birinchi navbatda ushbu payg‘ambar haqidagi “Qur’oni karim” oyatlariga suyanadi. Asarda Iso (a. s.) payg‘ambarimiz Muhammad (s. a. v.) haqida guvohlik beruvchi ilohiy oyat asliyatda keltiriladi: “Va iz qola Iysabnu Maryama yo bani isroila inni rasulullohi ilaykum musaddiqan limo bayna yadayya minat-tavroti va mubashshiran birasulin ya’ti min ba’dismuhu Ahmadu”[7]. Ya’ni: “Eslang, Iyso binni Maryam “Ey Bani Isroil, albatta men Ollohning sizlarga (yuborgan) payg‘ambaridirman. (Men) o‘zimdan oldingi Tavrotni tasdiqlovchi va o‘zimdan keyin keladigan Ahmad ismli bir payg‘ambar haqida xushxabar beruvchi holda (yuborildim) degan edi” (Saf surasining 6-oyatidan)[8].

 

Mazkur ruboiyni ko‘k-yer konsepti bo‘yicha kuzatadigan bo‘lsak, ko‘ramizki, mazkur juftlik ikkinchi va uchinchi misra boshida kelib, to‘rtinchi, xulosaviy misrada “Ko‘k – aning vatani” degan muhtasham g‘oyaga dastak bo‘ladi. Birinchi misra esa Iso (a. s.)ning yuksak maqomi haqida: Tangri uni ham ozod qildi, ham unga yolg‘izlik, tanholik (mujarrad) maqomini berdi. “Qur’oni Azim tafsiri”da yozilishicha, “Olloh taoloning amri bilan Jabroil alayhissalom uni uyining tuynugidan ko‘tarib, osmonga olib chiqib ketdi”[9].

 

“Abu Xayyon aytadi: “Me’roj haqida Payg‘ambar sallollohu alayhi va sallamdan rivoyat qilingan sahih hadisda aytilishicha, Olloh taolo Iyso alayhissalomni ikkinchi osmonga ko‘targan va to u zot yerga tushib, Dajjolni qatl qilgunicha o‘sha joyda yashaydi”[10]. Iso (a. s.) bilan Cho‘lpon asaridagi Yer qizi o‘rtasida qandaydir bog‘liqlik, ilohiy rishta bor. Navoiy hazratlari besh yarim asr naridan turib Cho‘lpon she’rini sharhlayotganday go‘yo. Cho‘lpon asari esa ul zot so‘zlariga kamarbasta bo‘layotganday, ilohiy mavzularda vaqt masofasi mavjud emas-u, faqat hozir degan lahza bor xolos deb ta’kidlayotganday go‘yo.

 

Har ikki shoir mumtoz va hozirgi tilimizda ko‘kning qator sinonimlari – osmon, samo, falak, gardun, fazo, sipehr, minu hamda ko‘k va yerni anglatuvchi arzu samo iborasi bo‘lgani holda aynan sof turkiy so‘zlar – ko‘k-yer juftligini olgani bejiz emas. Ma’lumki, qadimgi turkiylarning islom diniga qadar e’tiqod qilgan ilohlari “Ko‘k tangri” bo‘lgan. Alisher Navoiy va Cho‘lpon ongostida arxetip tarzda ushbu iloh aks-sadolari mavjud deyish mumkin. Zero, hazrat Navoiy ruboiysining ilk misrasidagi “Tengri” so‘zi keyingi misra boshidagi “Ko‘k” so‘zi bilan bejiz “uchrashmaydi”, hoynahoy.

 

To‘rtlik “men” tilidan bayon qilinadi va Siz – Men ziddiyati asosiga quriladi. Bu haqda yuqorida ham aytgan edik. Yana bir jihat shuki, “Siz”, ya’ni muxoliflar aytgan fikrda ham ko‘k-yer konsepti mavjud, lekin bundagi ikki had yaxlit emas, boshqa-boshqa va zid hodisalar sifatida qaralmoqda. Ular ajratiladi va o‘zaro zid qo‘yiladi. Hamda “yer”ga ustunlik beriladi. Bu bejiz bo‘lmay, o‘sha paytdagi hukmron markscha-lenincha mafkura moddiylikni, ya’ni materializmni tan olardi. Ular uchun “yer” moddiylik timsoli bo‘lib, “ko‘k” ularga yot, begona ma’vo edi. “Ko‘k” ular uchun yot unsur edi.

 

“Siz ko‘k bilan yerni bir-biridan ajratmoqdasiz. Yanglishasiz, men bunday qilmayman. Ko‘k-yer butundir” demoqda go‘yo Cho‘lpon.

 

Hazrat Navoiy ruboiysi esa, sirtdan qaraganda, Iso (a. s.) haqidagi “Qur’oni karim” oyatlarining sharhi, hatto boshqa so‘zlar orqali ifodalangan takroriga o‘xshaydi. Biroq shuni qayd etish lozimki, ruboiyning har bir misrasi alohida nisbiy mustaqil fikrni olg‘a suradi. Fikrlar misralar sonicha, ya’ni to‘rtta. So‘ng ushbu mustaqil fikrlar bir-biri bilan ma’noviy munosabatga kirishadi. Bu munosabatlar yangi ma’no tarmoqlarini vujudga keltirib, ruboiyning yalpi ma’nosini yangi orbitaga olib chiqadi.

 

Birinchi misra:

 

Isoki, mujarrad ayladi Tengri ani.

 

Bu Iso(a. s.)ning payg‘ambarlik maqomi, uning tanlab olinganligi, yakkaligi, tanholigi va yuksak ma’noda ozodligi va bu Tangrining ham in’omi, ham hukmi ekanligi; ya’nikim, Iso(a. s.)ning yolg‘izligi Olloh taolo tomonidan tanlab olingani tufaylidir. “Mujarrad” so‘zi biryo‘la ushbu ma’nolarni o‘zida sig‘dira oladi.

 

Ikkinchi misra:

 

Ko‘k ravzasi bo‘ldi jilvagoh-u chamani.

 

Islomiy istilohda ko‘k ravzasi ko‘kdagi jannatni, jilva so‘zi Ollohning tajallisini bildiradi. Binobarin, bunda jilvagoh so‘zi Haq nuri jilva qiladigan joyni anglatadiki, shunda misra ko‘kdagi jannat Iso(a. s.)ning Haq nuri jilva qiladigan chamani bo‘ldi degan mazmunga ega bo‘ladi. Gap shundaki, bu paytda Iso (a. s.) hali yerda edi. Ul zot yerda bo‘lgani holda ko‘kdagi jannat ul zot uchun Haq nuri jilva qiladigan makon, chaman bo‘ldi.

 

Esga oling, Cho‘lponning lirik qahramoni ham yerda turgani holda “ko‘klarga berkingan Yer qizidan xayolini olmagan” edi.

 

Uchinchi misra:

 

Yer ahlidin ulki bo‘lsa tajrid fani.

 

Bu yerda tushunish qiyin bo‘lgan ibora faqat “tajrid fani”dir. “Mujarrad” tanlab olinishni bildirsa, “tajrid” so‘zi yolg‘izlikning o‘zinigina emas, yolg‘izlatib qo‘yilishni ham anglatadi. Bundagi yolg‘izlatish endi Olloh tarafidan emas, yerdagilar tomonidan sodir etilmoqda. Shuningdek, misrani u, ya’ni Iso (a. s.) yer ahlidan ajralib, yolg‘izlikni odat qildi deb ham tushunish mumkin.

 

To‘rtinchi misra:

 

Tong ermas, agar ko‘k o‘lsa aning vatani.

 

Misra muqaddas kitobimizning “Niso” surasidagi “Balki uni Olloh o‘z huzuriga ko‘targandir” degan oyatga (158-oyat) bilvosita bog‘liq. Olloh uni o‘z huzuriga ko‘targani ortda qolib, endi ko‘k “aning vatani”ga aylanadi. Bunga ajablanmaslik kerak, chunki yer ahli uni yolg‘izlatdi, hatto o‘ldirmoqchi bo‘ldi.

 

Cho‘lpon to‘rtligida ham Yer qizi “ko‘klarga berkingan” edi, ko‘k vatani bo‘lgan Iso (a. s.) kabi. Albatta “yer qizi” o‘zida ko‘p ma’noni yashirgan obrazdir.

 

Endi sal oldin va’da berganimizdek, ruboiydagi har to‘rt misrani o‘zaro solishtirib, “urishtirib” chiqamiz.

 

Birinchi va ikkinchi misra: Tangri Isoni yolg‘iz, tanho (mujarrad) qilgani uchungina unga ko‘kdagi jannat Ollohning nur taratguvchi chamaniga aylandi. Birinchi va uchinchi misra: birinchi misradagi mujarrad bilan uchinchi misradagi tajrid o‘zakdosh bo‘lib, biri yolg‘iz, tanho ma’nosini anglatsa, ikkinchisi ajratish, yakkalashni bildiradi. Tangri Iso(a. s.)ni tanlab, tanho ko‘rib siyladi, yer ahli, odamlar Tangri siylagani uchun (paradoksni qarang) uni yakkaladilar, qatl qilmoqchi bo‘ldilar. Birinchi, ikkinchi va to‘rtinchi misra: Tangri mujarrad aylagani, siylagani, ko‘kdagi jannat uning uchun Haq nuri jilva qiladigan chaman bo‘lgani tufayli ko‘k uning – Iso(a. s.)ning vataniga aylanadi.

 

O‘zakdosh, ma’no jihatidan ozgina farqlanuvchi so‘zlar, lekin qanchalik ulkan farq – Tangri uni tanho bilib, siylaydi. Yer ahli uni yolg‘izlatadi, yakkalaydi. Shu yerda hazrat Navoiyning achchiq kinoyasi yuz ko‘rsatadi. Ya’ni, Yer ahli o‘z Rabbisi irodasiga qarshi bormoqda, shakkoklik qilmoqda. Va har ikki zid holat – mujarrad (bu Tangri in’omi), tajrid (bu Yer ahlining jabri), Iso(a. s.)ning buyuk shoir nazdida ko‘kka ko‘tarilishiga – “Tong ermas, agar ko‘k o‘lsa aning vatani” – sabab bo‘lmoqda.

 

* * *

Ko‘k-yer abadiy birlikda muqim bo‘lgan zidlikdir. Ular bir-birini qanchalik rad etishsa, shu qadar o‘zaro jips muvozanatda. Yer olamda ro‘y beradigan, ko‘z bilan ko‘rib, quloq bilan eshititish, qo‘l bilan tegish mumkin bo‘lgan narsa-hodisalar majmui va ramzi bo‘lsa, ko‘k sirli-sehrli hodisalar, inson inon-ixtiyoriga bog‘liq bo‘lmagan, kerak bo‘lsa, insonni o‘z izmiga bo‘ysundirib, o‘z yo‘rig‘iga soladigan ruhiy-ilohiy kuchlar timsoli. Balki shularning o‘zi.

 

Ko‘k-yer insoniyat hayotiga mangu doxil azaliy konseptlardan biri sifatida barcha ilohiy kitoblarda, jumladan muqaddas kitobimiz “Qur’oni karim”da ko‘p marta tilga olinadi: “(Ey inson), Olloh osmonlar va yerni Haq (qonun) bilan yaratib qo‘yganini ko‘rmadingmi?!” (Ibrohim surasining 19-oyatidan).

 

Alisher Navoiy ushbu konseptni Iso(a. s.)ga nisbatan qo‘llab, uning ilohiy taqdirini she’riy yo‘sinda go‘zal va teran bayon etadi, ul zot hayotiga go‘yo lirik xotima yasaydi. Cho‘lpon ushbu konsept asosiga qurilgan to‘rtlikda o‘zining poetik va falsafiy kredosini, so‘fiyona dunyoqarashini badiiy go‘zal ifoda qiladi. O‘zining ko‘k shoiri, samoviy shoir ekanini poetik isbotlaydi.

 

Cho‘lponga o‘sha paytlar ta’na sifatida aytilgan “Sen ko‘k shoiri!” degan gap esa hozirgi kunda uni sharaflamoqda. Hatto yaxlit holda Cho‘lpon she’riyatini ko‘kka o‘rlagan so‘z deya baholash mumkin.

 

Suvon MELI,

filologiya fanlari doktori



[1] Nazarov Q. Jahon falsafasi qomusi. Ikki jildli. 1-jild. T.: Ma’naviyat, 2023. 623-bet.

[2] Cho‘lpon. Tong sirlari (Matn). T.: Zilol buloq, 2023. 8-bet.

[3] Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf. Sunniy aqiydalar. T.: Hilol nashr, 2012. 365-bet.

[4] O‘zbek tilining izohli lug‘ati. Besh jildli. 2-jild. T.: “O‘zbekiston milliy ensiklopediyasi” davlat ilmiy nashriyoti, 2006. 602-bet.

[5] Mushtum. 2024. 3-son (Xotirani Ozod Sharafiddinov yozib olgan).

[6] Alisher Navoiy. To‘la asarlar to‘plami. O‘n jildlik. 8-jild. T.: G‘afur G‘ulom nomidagi nashriyot-matbaa ijodiy uyi, 2011. 593-bet.

[7] Shu yerda. 590-bet.

[8] Qur’on karim (tarjima va izohlar muallifi Alouddin Mansur). T.: Cho‘lpon, 1992. 545-bet.

[9] Qur’oni Azim tafsiri, 326-bet.

[10] Qur’oni Azim tafsiri. 327-328-betlar.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

So‘nggi maqolalar

Barchasi

Tarix

14:06 / 11.06.2025 0 44
Hamzaning “maktublari”





Ko‘p o‘qilgan

Barchasi

//