Men dunyoga kelib nima qildim?..
Bu savolni odam o‘ziga qachon berishi kerak? Hayotining qay pallasida: o‘smirlikdami, o‘rta yosh yoki keksalikdami? Keksalikda kech bo‘lmaydimi?
Ko‘pchilik bu savoldan muddao nima o‘zi deyishi mumkin. Yana bir toifa bu savoldan ne naf, peshonaga yozilgani bo‘ladi-da, deydi taqdiri azal hukmiga ishora etib. Ha, biz darhol maqsadga o‘tmoqni istaymiz. Aslida, sarlavhaga chiqarilgan so‘roq “Men dunyoga nima uchun keldim?” degan savoldan bir oz jo‘nroq. Zotan dunyoga kelishimiz bizning ixtiyorimizdan xorijda.
Kuzatishlarimga tayanib aytsam: shu vaqtgacha bu savolga birdaniga, qat’iy ishonch bilan javob bergan odamni uchratmadim. Savol yangrashi bilan eshitguvchi hushyor tortadi, bir oz tin oladi, o‘yga cho‘madi, orada o‘ng‘aysiz sukunat paydo bo‘ladi. Nazarimda, bir lahzada javob berguvchining ko‘z oldidan butun hayoti o‘tadi. Go‘yoki u dunyoda beriladigan savoldek...
Taraddud boisi ne? Nahot o‘z hayotimizga daxldor savolga javob qaytarmoqqa qiynalsak?! Shartta-shartta javob berish shunchalar mushkulmi?
Achchiq haqiqat shuki, biz o‘zgalarning hayotini “to‘g‘rilash”ga intilamiz, atrofimizdagilarning umr yo‘liga “tahrir”lar kiritamiz, donolarcha maslahat beramiz, yo‘l-yo‘riq ko‘rsatamiz. O‘zimizga kelganda esa, nimagadir depsinib qolamiz, taraddudga tushamiz. Holbuki, bir mardumning hayoti boshqasiga dasturulamal bo‘lolmasligi kundek ravshan.
“Dunyoni o‘zgartirishni istasang, avvalo o‘zingni o‘zgartir”, degan edi buyuk qalb egasi, hind davlat arbobi Mahatma Gandi. Nazarimda, boyagi savolga javobning mushkulligi – dunyo biz o‘ylagandan, kitoblarda o‘qigandan, filmlarda ko‘rgandan ko‘ra murakkabligida! Dunyo boshqa, o‘y-xayol, maqsad-mo‘ljallarimiz boshqa, ularning yo‘li doim ham kesishmaydi. Istagimiz borlig‘imiz ila nomutanosib, qutblar o‘zga-o‘zga.
Qadim zamonlardan buyon dunyo ikki qutbga bo‘lingan: ezgulik va yovuzlik. Qay tomonda bo‘lish inson tafakkuri, aql-idrokining og‘ish nuqtalariga bog‘liq. Teran falsafiy, nazariy yondashuv bu. Ta’kidlaganimizdek, hayot boshqacharoq, ilkimizga doim ham tanlov erki tutqazilmaydi.
Insonning taxayyuli sarkash, uni turli tomonlarga itqitadi. Binobarin, hayotda hamma yiqilganlar ham turmoqqa kuch topa olmaydi va barini taqdir hukmiga yo‘yib qo‘yaqoladi. Dangaliga ko‘chsak, ko‘pchiligimiz bu yorug‘ dunyoda nima qilayotganimizni anglamaymiz, bilmaymiz.
Kamina uchun savolning javobi oddiy: atrofdagilarga (tabiat, odamlar) bee’tibor, loqayd bo‘lmaslik, o‘zaro ko‘makka intilish, har daqiqa mehnat, ijod-la band bo‘lish, sabr-qanoatning etagidan tutish, mudom ishonch va e’tiqodga suyanish. Inson bu dunyoga kelib qiladigan kori xayr shu. Harqalay, men shunday deb bilaman. Istaganingcha yasha, illo o‘zgaga yomonlik ravo ko‘rma – aqidam shu. Mashhur qo‘shiq satrlarini yodga olsak: “Bu dunyoga kelib ne qilding desa, // Odamga odamlik qilib qo‘ydik biz...” Yana bilmadim, har kimning o‘z dunyosi bor. “Yaxshilik qorin to‘ydirmaydi” degan moddiyuncha qarash tarafdorlari butun umr ezgulik qilib yashash mumkinligiga ishonmaydi.
Bugun dunyo o‘zgarmoqda. Katta avlod xotirasidagi dunyo biznikidan afzalroq tuyuladi. Olam yomonlashmoqdami yoki odamzod?! Azaliy savdo: hamma yaxshi, dunyo yomon! Hozirda kurrai arzda manfaatparastlik, “sizdan ugina, bizdan bugina” tarzidagi yondashuv ustunlik qilmoqda. Aslida-ku, doim ham shunday, bu xil munosabat faqat har bir davrda turlicha namoyon bo‘ladi. Shunday davrda yaxshilikdan so‘z ochish ayrimlarga g‘alat hodisa bo‘lib ko‘rinadi. Sizni eng kamida hayotda omadi kelmagan faylasufga chiqarishadi.
“Aslida nimaga ishonish kerakligini hech kim bilmaydi”, degan edi yapon adibi Kotaro Isaka. Bu fikrda jon bordek, biroq inonchsiz yashashning ham iloji yo‘q-da! Boshqa tomondan esa, Den Braun ta’biri bilan aytganda, “Qancha kutsak ham, baribir birov kelib bizga qahva damlab bermaydi”.
Aqllilik balosi
Ruslarda “безумие разума” degan ibora bor. Buni o‘zbekchaga “aqllilik balosi” deb o‘girsa bo‘ladi. Nazarimda, bu nuqtada axloq va ilm ziddiyati mavjud. Hayotda ko‘p uchratganimizdek, aqlli, ilmli odam doim ham yuksak axloq sohibi bo‘lavermaydi. Balki shuning uchun ham xalq “Olim bo‘lma, odam bo‘l” deydi. Albatta, gap bu yerda “yuksak ma’naviyatli shaxs” yoki “yetuk inson” to‘g‘risida ketmayapti. Bu xususda ko‘p va xo‘b yozilgan. Shunga qaramay, bu mavzu hanuz o‘z dolzarbligini yo‘qotmadi. Bizningcha, doimiy ravishda yetuklikka da’vo qilish pirovardida ilohiylik iddaosini keltirib chiqaradi. Oddiyroq bo‘lgan ma’qul.
So‘nggi vaqtlarda jamiyatda bashang kiyingan, qo‘sh diplomli, lekin odob-axloqdan yiroq mizantroplar (sodda qilib aytganda, odamlarga past nazar bilan qaraydigan, axloqiy me’yor va qadriyatlarni tan olmaydigan toifa) guruhi shakllanayotir. Ular o‘zini o‘ta kibor tutadi, ommadan qochishga intiladi, odamlar bilan muloqotdan xavfsiraydi, shaxsiy manfaat yo‘lida hech narsadan qaytmaydi. Bundaylar uchun vijdon, inson sha’ni va qadr-qimmati anchayin kitobiy tushunchalar, xolos.
Ne tongki, jamiyatda axloqli insonlarga o‘gay qarash kuzatilmoqda. Yanada achinarlisi, aksar zamondoshlarimizda mizantroplarga havasmandlik, ularni ideal deb bilish, umuman, hashamdor hayotga harislik ommalashmoqda. Taassufki, biz yashayotgan dunyoda alifni kaltak deyolmasdan ham, axloqsizlikni targ‘ib qilib ham mashhurlik va to‘kin-sochin hayotga erishish mumkin bo‘lib qoldi. Nazarimda, bu hol aksar zamondoshlarimizni chalg‘itayotir. Jamiyatda bilimli, ziyoli va xushaxloq insonlarga nisbatan bepisandlikning paydo bo‘lishi ham shundan. O‘zim guvoh bo‘lgan voqea: bozorda bir xaridor sotuvchi bilan zo‘r berib savdolashayotgan edi. “Bor baraka” cho‘zilib ketganidan ta’bi tirriq bo‘lgan sotuvchi “Namuncha savdolashmasangiz, o‘qituvchimisiz?!” dedi piching va kesatiq ohangida. Bir seskandim, ichimda nimadir uzilgandek bo‘ldi. Attangki, biz juda ko‘p narsani boy berdik, yo‘qotishlardan hali ham saboq chiqargimiz yo‘q. Muallimlar, ziyolilar latifa qahramoniga aylanayotganiga jimgina rozi bo‘lishimizni nima deb oqlash mumkin?..
Oliy ma’lumotli kiborlar haqidagi mulohazani davom ettirsak, yana talay savollar tug‘iladi. Xo‘sh, bizga nima kerak: diplommi yoki axloq? Ikkisi bir birini to‘ldirishi kerak emasmi? Ta’lim va tarbiya orasidagi rishta uzildimi; uzviylik, izchillik yo‘qoldimi? Nega hanuz “fozil odamlar shahri”ga ehtiyojmandmiz? O‘zi qachongacha biz uchun tarbiya “yo hayot, yo mamot masalasi” bo‘lib qoladi?
Savollar bisyor, ammo qalbga qanoat va qanot baxsh etguvchi javoblar qani?!
Go‘yo dunyoda tobora “tafakkur quyoshi botib borayotgandek”, “chinakam insoniy hayotni arzon kiyim-kechak sotiladigan bozorda deb tasavvur qiladigan, ma’rifat ahli ustidan kulib, ularni telba, ovsar, esi past deb ataydigan” (Nitshe ta’biri) olomon davri kelayotgandek...
Alhol, bugun odamzod chuqur tushkunlikda, chorasiz ahvolda. Og‘irimizni yengil qilmog‘i lozim bo‘lgan fan-texnika rivoji aks ta’sir qildi, insonning qaramligini keskin kuchaytirdi.
“Sapien Labs” tashkiloti ekspertlari dunyo aholisining ruhiy holati bo‘yicha 2023-yili o‘tkazgan tadqiqot natijalariga ko‘ra, 30 foiz respondent kuchli stressni boshdan kechirayotganini qayd etgan. Sotsiologik so‘rovlarga asoslangan tadqiqot 71 ta mamlakatdagi 500 ming respondentni qamragan (https://mentalstateoftheworld.report/).
Natijalarni baholashda ruhiy salomatlik koeffitsiyenti (MHQ – Mental health quotient) qo‘llangan bo‘lib, u quyidagi olti asosiy mezonni o‘z ichiga oladi: 1) inson dunyoqarashi va kayfiyati; 2) ijtimoiy o‘z-o‘zini baholash; 3) intilish va harakatga undovchi omillarning mavjudligi; 4) aql, tafakkur va jismoniy salomatlik uyg‘unligi; 5) bilish / anglash ko‘nikmalari; 6) moslashuvchanlik va bardoshlilik.
Tushkunlik va stress 35 yoshgacha bo‘lgan aholi vakillarida ko‘proq kuzatilayotgani aniqlangan. Mutaxassislar bunga smartfonlardan kichik yoshdan va me’yordan ziyod foydalanish, fast-fud va yarim tayyor mahsulotlarga ruju qo‘yish hamda oila instituti rolining pasayishini sabab qilib ko‘rsatgan.
Dunyo bo‘yicha ruhiy salomatlik koeffitsiyenti o‘rtacha 65 deb baholangan. Demak, ruhiy holat “nazorat ostida”. O‘zbekistonda esa mazkur ko‘rsatkich 48 ga teng. Bu mamlakatimizda tushkunlik alomatlari mavjudligidan dalolat beradi. O‘zbekistonga oid ko‘rsatkichlar quyidagi ko‘rinishda: 1) inson dunyoqarashi va kayfiyati – 48; 2) ijtimoiy o‘z-o‘zini baholash – 47; 3) intilish va harakatga undovchi omillarning mavjudligi – 73;
4) aql, tafakkur va jismoniy salomatlik uyg‘unligi – 58; 5) bilish / anglash ko‘nikmalari – 65; 6) moslashuvchanlik va bardoshlilik – 74.
Odamzod mudom tabiat bag‘riga, kenglik, erkinlikka intiladi, dunyolarni quchgisi keladi. Tabiiyki, ruhiyat erkinligi fikr erkinligiga doyalik qiladi. Atoqli rus adibi Fyodor Dostoyevskiy yozganidek, “Tang-u tor joyda hatto fikrlar ham torayadi”. Bizningcha, shu bois ham aksar jamiyatlardagi odamlar asabiy, tajovuzkor, johillikka moyil, hashamatga o‘ch. Nahot dunyo aqlli odamlarga to‘yingan-u, Nitshening telbasiga muhtoj bo‘lsa?!
Suqrot zamonidan meros jumboq
Yoshlar mavzusi donishmand Suqrot zamonidan buyon muhokama va munozaralar markazida. Darhaqiqat, bu mavzu barcha makon va zamonlar uchun dolzarb bo‘lib qolaveradi.
Bugungi kun yoshlari nima istaydi? Qaysi buloqdan suv ichyapti ular? O‘y-xayol, qiziqish, dunyoqarashi nimaga asoslangan? Ehtiyoj va manfaatlari-chi?
Shu sira savollarga javob topsak, boya muhokama qilganimiz “dunyoda nima qilganimiz-u qilishimiz kerakligi” oydinlashadi, kelgusi avlod oldidagi majburiyatimiz ham birmuncha yengillashadi. Yoshlar xususida balandparvoz chaqiriq, shior va da’vatlar bilan chiqish mumkin, lekin ikki o‘smirga to‘g‘ri yo‘l ko‘rsata olmasak, bundan ne naf!
Avvalo, aytish kerakki, chamanzordagi turfa gullar singari yoshlarning har biri betakror va o‘ziga xosdir. Shu bois ularni yaxlit, yagona “qolip” asosida tarbiyalash, “komil inson”ga aylantirishga urinishdan tiyilish kerak. Yoshlarni shaxs sifatida tarbiyalashda kattalar ibrat, namuna bo‘lishi lozim. Tahlil va kuzatishlar shuni ko‘rsatadiki, aksar hollarda yoshlar salaflarining xatti-harakatini takrorlaydi. Boshqacha aytganda, har bir davr yoshlari oldingi davr yoshlarining “mahsuli” hisoblanadi.
Jamiyatdagi o‘zgarish va evrilishlar dastavval yosh avlodga o‘z ta’sirini o‘tkazadi. Tahlil qila olish salohiyati sust bo‘lgani bois yoshlar o‘zgarishlarni boricha qabul qiladi. Pirovardida katta va yosh avlod vakillari o‘rtasida tushunmovchiliklar yuzaga keladi. Bizningcha, bu holatga kattalarning muayyan o‘zgarishlarni yoshlarga tushunarli tarzda yetkazib bera olmasligi, ko‘pincha kenja avlodning hayotiy ehtiyoj va manfaatlari rad etilishi sabab bo‘ladi. Oxir-oqibat yoshlar yangilanish, o‘zgarishlarni kattalar istagandek o‘zlashtirolmaydi.
Katta avlod yoshlarni doim o‘z yo‘rig‘ida yurg‘izishga urinadi. O‘zimiz erisholmagan marralarni farzandlarimiz, nevaralarimiz zabt etishini xohlaymiz. Aslida, bu xayrli niyatda yomonlik yo‘q, biroq ko‘pincha orzu-istak ketidan chopib, bolaning qiziqish, uquv, salohiyat va intilishlarini hisobga olmaymiz. Alhol, avval-boshda kattalar izmi bilan biron sohani tanlab, 35–40 yoshida o‘zi xohlagan kasbga o‘tib ketganlar talaygina. Ehtimol, yoshlarni bir muddat o‘z holiga qo‘yish kerakdir?..
Katta avlodga xos xususiyatlardan yana biri bu – yosh avlodning o‘ziga nisbatan dangasa ekanini bot-bot ta’kidlash va mudom o‘zi bilan solishtirish, muqoyasa etishdir. Mutaxassislarning fikricha, bu o‘rinda asosiy muammo katta avlod vakillarining zamon va makon o‘zgarishlarini hisobga olmasligi yoki qabul qilmasligida (Куда пропал конфликт отцов и детей // https://www.vedomosti.ru/opinion/articles/2018/09/25/782022).
Zamonaviy yoshlarga kelsak, kenja avlodda hamma narsaga tez va birdaniga erishish hissi kuchli. Buning ildizini zamonaviy axborot texnologiyalarining shiddat bilan rivojlanayotgani, tengdoshlar o‘rtasidagi kuchli raqobatdan qidirish kerak. Demak, bu intilishni salbiy holat deb baholash unchalik ham to‘g‘ri emas. Ayrim mutaxassislar buni hatto “yutuq strategiya”si deb ham baholaydi (Yusupov A. Youth is a strategic resource of Uzbek society // www.eureporter.co/world/uzbekistan/2021/10/11).
Sirasini aytganda, bugungi kun yoshlariga qo‘yiladigan talablar mutlaqo yangi. Shiddatkor davr yoshlardan tezqadam o‘zgarishlarga moslashish, muntazam bilim, malaka oshirishni taqozo etmoqda.
Yangi davr evrilishlari yoshlarni hayrat-u hayajonga solgan bugungi kunda “boy berilgan avlod” (lost generation) mavzusi yana kun tartibiga qaytgandek. (Asli Amerika adabiyotiga daxldor bu istiloh bolaligi Birinchi jahon urushi yillariga to‘g‘ri kelgan avlodga nisbatan qo‘llangan.) Zamonaviy dunyoda bu atama barcha sohalarning izchil raqamlashtirilishi ta’sirida yosh avlodning – katta avlod an’anaviy tarzda muhim deb bilgan adabiyot, ilm-fan, mehnat kabilarni ustuvor hisoblamasligi bilan izohlanadi. Bu, o‘z navbatida, otalar va bolalar ziddiyati (sotsiologik fenomen), avlodlar to‘qnashuvi kabi adabiyot va ilm-fanning bir necha asrlik mavzulari tegrasida yangi bahs-munozaralarni tug‘dirmoqda. Aksar mutaxassislar buni tabiiy jarayon deb hisoblaydi. Sotsiolog olim Komil Kalonovning yozishicha, “Avlodlar o‘rtasidagi vorisiylik yoki ixtiloflarning vujudga kelishi, birinchi navbatda, davriy holat bilan bog‘liq bo‘lib, ko‘pincha u avlodlarning o‘zaro to‘qnashuvi chog‘ida sodir bo‘ladi. Istihola qilgan holda, avlodlar o‘rtasida yuzaga keladigan to‘qnashuvlarni inkor etsak, biz jamiyatdagi dolzarb sotsial muammolarning biridan ko‘z yumgan bo‘lamiz” (Kalanov K. Avlodlar almashinuvining sotsial muammolari: “yo‘qotilgan avlod” to‘g‘risidagi bahs-munozaralar haqida // “O‘zbekistonda xorijiy tillar” ilmiy-metodik elektron jurnali. №2 (21), 2018).
Xalqaro mehnat tashkiloti ma’lumotlariga ko‘ra, dunyoda 2 milliardga yaqin odam turli to‘qnashuvlar va zo‘ravonlik bo‘layotgan, beqarorlik hukm surayotgan mintaqalarda yashaydi. Ularning uchdan bir qismidan ziyodi 15–24 yoshlilardir. BMT Bosh kotibi esa dunyoda har to‘rtinchi o‘smir zo‘ravonlik yoki qurolli nizolardan jabr ko‘rayotganini ma’lum qilgan. Bu raqamlar yoshlar masalasi nechog‘li dolzarb tus olayotganini tasdiqlaydi. Tezkor dunyoda “shoshgan avlod” o‘sib voyaga yetmoqda...
Kun ko‘rish emas, yashash kerak
Xo‘sh, biz qachon boy bo‘lamiz? Bu o‘rinda boylik deganda farovon va baxtli turmush nazarda tutilmoqda. Zotan, inson mol-dunyoga ega bo‘laturib, baxtsiz va aksincha, katta boyliksiz ham o‘zini saodatmand his etishi mumkin. Biroq bugun shunday qusurli odatlar paydo bo‘ldiki, insonni tashvishli o‘ylarga toldiradi.
Hozirda sayyoramiz bo‘ylab 783 million kishi doimiy ravishda och – bu dunyo aholisining qariyb 10 foiziga teng. Shunday sharoitda Yer yuzidagi iste’molga yaroqli oziq-ovqat mahsulotlarining 17 foizi chiqindixonaga uloqtirilmoqda (Food Waste Index Report 2024 // www.unep.org/resources/publication).
BMTning Atrof-muhitni muhofaza qilish dasturi (UNEP) hisobotiga ko‘ra, kurrai zaminda yashayotgan har bir odam yiliga o‘rtacha 79 kilogramm yaroqsiz bo‘lib qolgan oziq-ovqat mahsulotlarini chiqindixonaga tashlaydi. 2022-yilda chiqitga chiqarilgan oziq-ovqat mahsulotlarining umumiy hajmi 1 milliard 50 ming tonnani tashkil etgan. Bu kuniga millionlab porsiya ovqatning bahridan o‘tiladi degani. Davlatlar kesimida tahlil etilsa, AQShda yiliga kishiboshiga o‘rtacha 115 kg, Yevropada 65 kg, Rossiyada esa 56 kg oziq-ovqat mahsuloti chiqindiga tashlanadi.
Oziq-ovqatning 60 foizi yakka tartibdagi iste’molchilar va uy xo‘jaliklari tomonidan isrof qilinishi aniqlangan. Qolgan 28 foizi umumiy ovqatlanish muassasalari hissasiga to‘g‘ri kelsa, 12 foizi esa talab yo‘qligi tufayli do‘kon peshtaxtalarida qolib ketgan va muddati o‘tgan mahsulotlardir.
Masalaning qiziq tomoni shundaki, oziq-ovqat mahsulotlarining “ortib qolishi” nafaqat badavlat mamlakatlar, balki rivojlanayotgan davlatlarda ham kuzatilayotir. Mutaxassislarning fikricha, bu ayniqsa, issiq iqlimli mamlakatlarda ko‘proq kuzatilmoqda. Tabiiyki, bunday sharoitda mahsulotlarni saqlab turish bir oz mushkul va yangi mahsulotlarga talab katta.
Oziq-ovqat chiqindilari hajmining ortib borishi atrof-muhitga jiddiy zarar yetkazayotgani urg‘ulanadi. Jumladan, atmosferaga chiqarilayotgan yillik parnik gazlarining 8–10 foizi chiriyotgan oziq-ovqat mahsulotlariga tegishli. Xoh ishoning, xoh ishonmang, oziq-ovqat mahsulotlarining chiqindixonaga tashlanishidan jahon iqtisodiyoti taxminan 1 trillion dollar zarar ko‘rmoqda.
O‘zbekistonda ham kambag‘allikka qarshi kurashish bo‘yicha tizimli ishlar amalga oshirilayotganini e’tirof etish lozim. Buning natijasi o‘laroq qisqa muddatda kambag‘allik darajasi pasaygani kuzatildi. 2021-yili ushbu ko‘rsatkich 17 foizni tashkil etgan bo‘lsa, 2023-yil yakunida 11 foizga tushgan (Узбекистан на пути к искоренению бедности: выводы международных сопоставлений // blogs.worldbank.org).
Masalaning nozik jihatiga e’tibor qaratmoqchimiz. Aholi orasida faqirona turmush tarziga rozi bo‘lganlar ham uchraydi. Ular hayotini ijobiy tomonga o‘zgartirishdan hadiksiraydi, go‘yo borini ham yo‘qotib qo‘yishdan qo‘rqadi. “Qora qozon qaynab turibdi”, “Och qornim – tinch qulog‘im” kabi iboralar ularga xos. Achinarlisi, bir necha avlod shu taxlit voyaga yetmoqda... Bunday fikrlash kambag‘allikdan qashshoqlik sari yetaklashi hech gap emas. Zero, kambag‘allik bizning xatti-harakatlarimiz, avvalo, tafakkurimizning in’ikosidir. Demak, kambag‘allik yakuniy hukm ham emas.
Boshqa tarafdan esa, nonni hamisha e’zozlab ko‘ziga surtgan xalqimiz orasida ham isrofgarlik illati paydo bo‘ldi. Ma’lumotlarga ko‘ra, birgina Toshkent shahrida har kuni 3 tonna non chiqindixonaga tashlanar ekan. Mamlakat miqyosida ushbu raqamni tasavvur qilishning o‘zi dahshat! Shu o‘rinda atoqli muharrir Mahmud Sa’diyning “Kun ko‘rish emas, yashash kerak” degan fikri yodga keladi.
Bearmon gapirilgan yana bir mavzu bu – o‘zbekona to‘y, aza va boshqa marosimlar. Nazarimda, xalqni “kambag‘allikka eltuvchi yo‘l”lardan biri – to‘y. Paradoksal holat: bir tomondan, turmush mushtini do‘laytiryapti, yashash qiyinlashyapti; boshqa tomondan, odamlar to‘ylarda yangicha odatlar o‘ylab topish borasida musobaqa qilayotgandek. Pandemiya davrida to‘ylarni ixchamlashtirish, jumladan, sarf-xarajatlarni qisqartirish, 500 emas, 200–250 kishini taklif qilish, ortiqcha dabdabaga yo‘l qo‘ymaslik bo‘yicha qaror qabul qilindi. Natija nima bo‘ldi dersiz. “Orzu-havasli” oilalar “Uyat bo‘ladi, xalqning oshini yeganmiz” deya ziyofatni ikki qismga bo‘lib, kunlab to‘y qildi. Achinarlisi, bir oz muddatdan so‘ng to‘y uchun olingan qarzlarni to‘lash uchun hali chillasi chiqmagan kuyov yana xorijga ishlagani ketadi...
Umr shunday o‘tmoqda: to‘ydan to‘ygacha, qarzdan qarzgacha.
So‘zimiz boshida muhokama qilganimiz “Men dunyoga kelib nima qildim?” degan savolga javob bermoqning qiyinligi sabablaridan biri ham shu odat, shu illatda.
Darvoqe, keyingi yillarda o‘ziga to‘q boqimandalar guruhi ham paydo bo‘lmoqdaki, ular kambag‘allarga atalgan rag‘batlarni ham o‘ziniki qilib olishga intilmoqda. Nazarimizda, har ikkala toifada tafakkur noqisligi, kemtikligi manaman deb turibdi. Birinchisida u qo‘rquv, hadik ortiga yashiringan bo‘lsa, ikkinchisida nafs qutqusiga botgan.
Vaholanki, Yer yuzida kambag‘al oilada voyaga yetsa-da, ulkan natijalarga erishgan, o‘zini o‘zi kashf etgan, iqtidor va salohiyatini ro‘yobga chiqara olgan minglab insonlar bor. Bunga tarixda ham misollar bisyor. Demak, kambag‘allikdan qutulish yo‘lidagi harakatlar, eng avvalo, tafakkurni o‘zgartirishdan boshlanmog‘i darkor.
Abror YUSUPOV
“Tafakkur” jurnali, 2024-yil 3-son.
“Idrokning og‘ish nuqtasi” maqolasi
Adabiyot
Til
Adabiyot
Adabiyot
Jarayon
Til
Til
Jarayon
Tarix
Ta’lim-tarbiya
Tarix
Tarix
Din
San’at
//
Izoh yo‘q