Bozor iqtisodiyoti zamonida introvert bo‘lib yashayapsizmi yoki ekstravert?


Saqlash
19:51 / 22.10.2024 177 0

Ma’naviyat haqida mukolamaga, ya’ni gaplashishga tutingan zahoti osmon ostida hech yangilik yo‘q (Yekklesiast) degan aksiomamonand hikmatli so‘zlar esga keladi. Darhaqiqat, kimlar ma’naviyat haqida yozmagan yoki yozmayapti? Uni nima bilan qiyoslashmadi yoki “qalb jilosi”, “ruhiyat izi” deb atashmadi? Kimlar ma’naviyat sirlarini azaliyatdan, ilohiyotdan qidirib donishmandlik qilmadi?

 

Yakuniy gap esa qadimdagidek bitta:

 

Ko‘plar donishmand deb bildilar o‘zni,

Xudoning zotidan ochdilar so‘zni.

Hech qaysi bilolmay azal sirlarin,

Aljirab-valjirab yumdilar ko‘zni.

(Umar Xayyom)

 

Nahotki, odam zotiga azaldan animizm va totemizm davridanoq ma’lum ma’naviyat har jihatdan ilmiy dalillar yetarli hozirgi zamonda anglash mushkul voqelik bo‘lib qolgan bo‘lsa? Nahotki sezgi, tuyg‘u va tajriba bilan ilg‘angan hodisama’naviyatni bilim bilan sog‘lom baholashga ojizmiz?

 

Ma’naviyat donishmandlikka eltadimi yoki donishmandlikning o‘zi ma’naviyatmi?..

 

Ma’naviyat so‘zining tub ildizi arabcha “ma’no” so‘zidan kelib chiqqanini yaxshi bilamiz. Inglizchadagi “spiritual” (“ma’naviy”) so‘zini “spirit” so‘zidan E.B.Taylor va J.Frezer iste’molga kiritgan bo‘lsa, ruschadagi “kultura” so‘zini N.A.Berdyayev “kult” so‘zidan degan. Xullas, ushbu etimologik talqinlar “ma’naviyat”ni iymon-e’tiqod va din omillari bilan ham bog‘laydi. Lekin bu yondashuv mavzuning bitta tomonidir. Dinga bo‘lgan qiziqishning ortishi uni ma’naviyat talqinida yetakchi o‘ringa chiqarib qo‘ydi. Biroq dinga e’tiqod fluktatsion, ya’ni to‘lqinlanib turuvchi voqelik ekanini eslasak, ma’naviyatning negizi faqatgina diniy e’tiqod emasligini payqaymiz. Masalan, rus sotsiologlarining fikricha, o‘zini din tarafdorlari hisoblovchilar 92-93 foizni tashkil etgani holda, diniy dogmatikaga amal qiluvchilar 3-4 foiz atrofida. Bu ko‘rsatkich yevropalik tadqiqotchilarning so‘rovlari natijasiga yaqin. Din, e’tiqod uzoq asrlar davomida inson qalbi va ruhiyatiga samarali ta’sir etuvchi sotsiopedagogik tajriba to‘plaganini inkor qilolmaymiz. Demak, ma’naviy hayotda din omili ta’siri saqlanib qoladi.

 

Ma’naviyatga jiddiy ta’sir etuvchi ikkinchi omil madaniyatdir.

 

Ma’naviyat bilan madaniyat uyg‘un, opa-singil. Ulardan biriga berilgan ta’rif ikkinchisiga ham taalluqlidir. Madaniyatdagi ma’naviyat – ustqurma, madaniyatdagi moddiylik – bazis. Bazis va ustqurma dialektik tarzda sotsiomadaniy makonni shakllantiradi. Bu makonni mikrodaraja (oila, mahalla, mehnat jamoasi) va makrodaraja (transmilliy uyushmalar, xalqaro institutlar, global tashkilotlar)da o‘rganish mumkin. Ushbu darajalarning o‘z belgilari va xususiyatlari mavjud. Masalan, mikropog‘onadagi oila ma’naviyati er+xotin+farzandlar+buva+buvilar munosabatlaridan, ikki tomonlama aloqalardan iborat bo‘lib, ularni birlashtiruvchi determinant insoniy mehr hisoblanadi. Bu determinant boshqa institutlarda yoki pog‘onalarda uchramaydi, agar uchrasa rasmiy normalar, vaqt va makon doirasida keladi. Oiladagi mehr ushbu chegarani tan olmaydi, u istagan doirada, makonda o‘zini namoyon etish kuchiga ega. Oilani birlashtirib turgan insoniy mehr diaxron – ikki tomonlama aloqalar uchun mutlaq qadriyatdir. Demak, mehr oila ma’naviyatining yadrosi. Mehnat jamoasida shunday yadro o‘zaro hamkorlik, umumiy maqsad yo‘lida ittifoq, makrodarajada esa ikki yoki ko‘ptomonlama integratsiya hisoblanadi. Ko‘rinib turibdiki, ma’naviyat axloqiy fazilat (mehr)dan tortib, to global integratsiya jarayonlarigacha o‘z ichiga oladi.

 

Ma’naviyatni bazisidan ajratish aslo mumkin emas.

 

Bir yaqinim bor. Kasbi – haydovchi, kirakash. Uning betizgin hissiyotga va vajohatga berilishi odam zotidagi eng bad jihatlardan sanalishi mumkin. Ushbu qusuri tufayli oilasidan ajralgan. Uni to‘rt-besh yilda o‘z tuyg‘ularini idora qilishga o‘rgatdim. Mulohaza qiladigan bo‘ldi. Lekin u har safar benzin narxi oshganida yoki radarga tushganida saboqlarimni unutadi, avvalgidek yovvoyi instinktlarga beriladi va vajohat bilan hammaga tashlana ketadi.

 

Inson, – deb yozadi N.A.Berdyayev, – biologik, sotsial va ma’naviy mavjudot. Shuningdek, u erkin va qul, fidoyi bo‘lish, sevish bilan birga egoizmga, pastkashlikka moyil zot. Unda ilohiylik bilan insoniylik, yovvoyilik bilan madaniylik mujassam...”.

 

Men kirakash tanishimga hissiyotlarini jilovlashni, ustqurmani asrashni o‘rgatdim, ammo bazis ta’sirini idora etishga o‘rgatolmadim, u saboqlarimdan ustun kelaveradi...

 

Ushbu pog‘onalarda subyekt-obyekt munosabatlari muhim rol o‘ynaydi. Subyekt ushbu munosabatlarni shakllantiruvchi, ularga yo‘nalish va manfaatlarga murosaviy ruh beruvchi shaxs. Murosa yoki murosa madaniyati – shaxs bilan jamiyatni uyg‘unlashtiruvchi determinant. U har doim jamiyat hayotiga barqarorlik, osoyishtalik, ijodiy raqobat baxsh etib keladi, murosa madaniyati bo‘lmasa, hatto pozitiv voqelik bo‘lgan demokratiya va adolat ham o‘zlarining antipodiga aylanadi.

 

Murosa madaniyati hayotni, borliqni, jamiyatdagi ittifoqni, ahillikni asraydi, usiz men-sen, meniki-seniki kabilar boshboshdoqlikka, xaosga yetaklaydi. Insondagi oliyjanoblik, elsevarlik va hayotsevarlik murosa madaniyati orqali ro‘yobga chiqadi, murosani bilmaganlar mutakabbirlik qurboniga aylanadi. Bunday egoistik shaxsni olimligi, donishmandligi ham qutqarolmaydi. Olmon faylasufi F.Nisshe ijodining cho‘qqisiga chiqqan paytida o‘zi yetishib chiqqan butun g‘arb madaniyati, axloqi, dini va ma’naviy boyliklarini rad etib, ular o‘rniga yangi madaniyat, axloq, din, ma’naviyat yaratmoqchi bo‘ladi. Natijada umrining oxirgi o‘n yilini telbaxonada o‘tkazadi. Ibratli misol!

 

Ma’naviyatli inson yaratuvchan, yaratiqlarni asrovchi, hech bo‘lmaganda farzandi yoki nevarasiga ibrat bo‘lishni istashi kerak. Telbaligi xuruj qilmagan paytlarda F.Nisshe oqillik qiladi: Ishlarimiz insoniy, o‘ta insoniy bo‘lsa, orqaga viqor bilan nazar tashlaymiz”.

 

Ma’naviyatsiz shaxs yo‘q, biroq kimdir ko‘proq ma’naviyatli, kimdir kamroq. Bu avvalo jamiyatimiz, undagi tarixiy-madaniy boyliklar ta’siri tufaylidir. Ular kimgadir ko‘proq tasir etgan, kimgadir ozroq; kimdir yaxshiroq o‘zlashtirgan, kimdir bo‘shroq. Ushbu ziddiyatlar inson va uning bud-borlig‘iga ta’sir etib uni, K.Yung klassifikatsiyasidan kelib chiqsak, yo intrоvertga aylantiradi, yoki ekstravertga. Intrоvert o‘zi, o‘z manfaatlari uchun yashovchi shaxs, ekstravert uning aksi. Biroq bozor iqtisodiyotiga, oldi-sotdiga qurilgan bu zamonda intrоvert bo‘lmaslik qiyin. Zohidona yashaydigan so‘fiylar davri o‘tdi, boshqalar davrasida bo‘lmay, kimligingni, nima uchun yashayotganingni ayon etolmaysan. Sen jamiyatga emas, jamiyat senga ko‘proq zarur. Jamiyatga zarurligingni tasdiqlab, nima uchun yashayotganingni isbot qilasan-da. Mana, hikmat qayerda! Bu aslida ekstravertlikdir!

 

Ma’naviyatli bo‘lish uchun umr bo‘yi ma’naviy madaniyat yukini tuyib, zarur bo‘lsa ushbu xochni, Iso misoli, yelkaga ortib yashash kerak. Ha, ma’naviy madaniyatyuk. Umr bo‘yi yelkada ko‘tarib yurilishi kerak bo‘lgan yuk. Undan nolish, voz kechish, vovaylo qilish yo‘q. Sabr, chidam, ma’naviyatga sadoqat bilan xizmat qilib yashash bor. Mukofot so‘rayapsizmi? Hech bo‘lmaganda o‘zingizga o‘zingiz ibratsiz! Millatga, xalqqa, bashariyatga deyayotganim yo‘q, hech bo‘lmasa o‘zingizga o‘zingiz ibrat bo‘ling! Najot ichingdadur” deydi-ku Rumiy. N.Berdyayev esa “O‘zingdan o‘zmay – ilgari ketmay komillikka yetmak yo‘q” degan.

 

Ma’naviyat – mudom saboq. Saboq olish va saboq bo‘lish. Hatto yo‘lakda yotgan toshdan ham saboq olish mumkin.

 

Umar Xayyom yozadi:

 

Tuproqqa avaylab qadamingni qo‘y,

Bu tuproq qora ko‘z bir nigor edi.

 

Ana, tuproqdan, biz toptaydigan tuproqdan olinadigan ma’naviy saboq.

 

Yon-atrof – ma’naviy saboq. Daraxt-u maysalar – ma’naviy saboq. Tong-u tun, soy-u buloq, osmon-u yer, eng asosiysi birodarlaring ma’naviy saboq. Ulardan olishni, o‘rganishni bilmasang, behuda yashabsan, og‘ayni. Seni hech nimaga o‘rgatishmabdi. Bilaman, insonning bu saboqlardan ko‘ngli to‘lmaydi. Ularning barchasi Geraklit nazarda tutgan oqar daryo, unga ikki bor kirish yo‘q. Men sevadigan Sharq donishmandi Umar Xayyom afsuslanib yozadi:

 

Tun-u kun o‘yladim yetmish ikki yil,

Angladim, hech narsa ma’lum bo‘lmabdi.

 

Bu qismatimiz, undan qochish imkoni yo‘q. Biroq berilgan yetmish ikki yil ma’naviy komillikka saboq bo‘lishi mumkin. Ha, mumkin!

 

O‘y, fikrmiyadagi o‘n sakkiz milliardga yaqin to‘qima beto‘xtov yuk tashiyotgan ekan, ma’naviyat munoqasha uyg‘otaveradi. Balki miyani o‘ylashga, fikrlashga undayotgan o‘n sakkiz milliardga yaqin to‘qimaning o‘zi ma’naviyatdir. Balki yon-atrofdagi informatsiyalarning 95 foizini ilg‘aydigan ko‘zimiz ma’naviyatdir. Balki vujudimizga jo, million-million kilometrlarga cho‘ziladigan teri qoplamalarimiz, tinmay aylanayotgan qon hujayralarimiz ma’naviyatdir. Balki... mana shu uch nuqtaning o‘zi ham ma’naviyatdir...

 

Viktor ALIMASOV

 

“Ma’naviy hayot” jurnali, 2024-yil 3-son.

“Ma’naviyatning siri nimada?” maqolasi

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

So‘nggi maqolalar

Barchasi

Adabiyot

15:11 / 20.11.2024 0 110
Abdulla Qodiriy – o‘zbek detektivi asoschisi





Ko‘p o‘qilgan

Barchasi

San’at

16:08 / 28.08.2021 8 22030
Dunyoning eng mashhur va qadimiy besh muzeyi

//