Mumtoz adabiyotdan ulgi olgan ijod
Adabiyotda eng koʻp uchraydigan, barcha davrlar va davlatlarda adabiyotning asosiy, bosh mavzusi yor obrazi, desak mubolagʻa boʻlmaydi. Albatta, u adabiyotga oʻz-oʻzidan kirib qolmagan. Badiiy asarda yorning oʻz vazifasi bor. Ammo turli yozuvchilar ijodida bu obraz turlicha talqin qilingan va oʻziga xos maqsadlarni yuzaga keltirgan. Shu oʻrinda bir savol tugʻiladi: bugun adabiyot ham zamon bilan hamnafas oʻsayotgan bir paytda yor obrazi ham takomillashdimi? Asrlar osha yashab kelayotgan obrazlar oʻzgardimi? Shubhasiz, ha. Zamonaviy sheʼriyatda yor obrazidagi oʻzgarishlardan biri bu – mumtoz adabiyotda hamisha u bilan yonma-yon yuradigan agʻyor, raqib obrazining chiqib ketgani boʻldi. Ayni paytda yozilayotgan ishqiy sheʼrlarda faqat oshiq va yor qoldi. Buni Mansur Jumayevning sheʼrlari misolida koʻrishimiz mumkin:
Bizga bir yor yordir – tamiz,
sukut bizni esh etadir:
sevgimizni sevgilimiz
aytmasak ham eshitadir!
Sahnada faqat oshiq va yor bor. Nafaqat boshqa odam, hatto ortiqcha detal ham yoʻq. Oshiqning bor izhori sukutida. Oʻz oʻrnida yor ham “tamiz”li, aqlliki, oshiqdan hech narsa soʻramayapti, aksincha, sukutli izhorlarni ham eshita olyapti. Bu bilan aytishimiz mumkinki, mumtoz adabiyotdagi yor obrazi oʻzining zulmkorlik, bevafolik xususiyatini ham yoʻqotdi. Bugungi kun sheʼriyati ancha ijtimoiylashdi. Shu jumladan, ishq, sevgi ham ijtimoiy-hayotiy hodisaga aylandi. Odamlar uchun chinakam muhabbat faqat er-xotin orasida boʻlishi mumkin. Ammo, jamiyatda ishq oʻzining qamrovini oʻzgartirgan boʻlsa-da, sheʼriyatda saqlanib qoldi. Misol uchun, Mansur Jumayev shunday yozadi:
Toza hislarga toʻldi
koʻngilkosa, sarvinoz;
tasvirga qarab, boʻldim
Musavvirga ishqiboz.
Aniqlik kiritadigan boʻlsak, bu oʻrinda tasvir – yor, Musavvir – Alloh. Shoirning yori shu qadar nuqsonsiz, goʻzalki, oshiq yorni koʻrib, uning Yaratuvchisiga ishqiboz boʻlyapti. Bu satrdan yor shunchalik goʻzal boʻlsa, uning Musavviri qanday ekan, degan maʼno anglashiladi. Mansur Jumayev ijodida ilohiy ishq boshqa ijodkorlarnikiga qaraganda koʻproq uchraydi. Shuning uchun nafaqat ishq haqidagi, balki boshqa sheʼrlarida ham tasavvuf unsurlari uchraydi. Faqat zamonaviy sheʼriyatda tasavvuf toʻgʻridan toʻgʻri yoki soʻzma-soʻz emas, mazmunan ifodalanyapti. Bir sheʼrida shoir shunday deydi:
Koʻnglim edi koʻzimda balqqan,
Yolgʻiz kema singari qalqqan.
Qalqib-qalqib eltajak haqqa,
Olib bormas hilol ham, xoch ham.
Shoir koʻzini dengiz, koʻnglini kema, demoqda. Keyingi misralarda odamni Haqqa faqat koʻngil eltishini taʼkidlab oʻtadi. Xuddi shu sheʼrning nihoyasida shoir Mansur Hallojga toʻxtalib, oʻzining ham shu yoʻlda ekanini aytadi. Shoir toʻgʻri yoʻldagilarni aslo tushunishmaydi, deb sheʼriga xulosa yasagan. Bu yerda shoir Mansur soʻzini ishlatib, husni taʼlil va talmeh sanʼatlaridan foydalangan:
Gadoman-u, shahman deb aytsam,
Yoʻlchiman-u, rahmon deb aytsam...
Ishonmaysiz Haqman deb aytsam,
Mansur boʻlgan bobo Halloj ham.
Mansur Jumayev ijodida mavzular xilma-xilligi koʻzga tashlanadi, uning ayrim sheʼrlarida pand-nasihat yaqqol sezilib tursa, baʼzilarini shoir shunchaki oʻzining hayotiy xulosasi sifatida yozib qoʻygandek tuyuladi. Misol uchun quyidagi sheʼrni keltirsak:
Uchragan har tayoq siloh boʻlmaydi,
Har topinganingiz iloh boʻlmaydi.
Umr – bir en mato, paypoq qilsangiz,
Qolgan yarmi boshga kuloh boʻlmaydi.
Inson yashar ekan, umrida koʻp yaxshi-yomonlarga duch keladi. Shunday paytlarda har kimning ham ichidan “ehhh” degan allaqanday tuygʻular oʻtadi. Shoirning yuqoridagi misralari xuddi shunday “eh”lar sabab yozilgandek goʻyo. Ijodkorning eng koʻp eʼtirof etiladigan sheʼrlaridan biri “Oldinda bir yoʻl bor...” deb boshlanadi. Unda quyidagi misralar bor:
Oldinda bir yoʻl bor – koʻp yiroq,
tarxini topmadim, kim bichgan
qilichim damidan oʻtkirroq
sochlaring toridan ingichka.
Shaklan qaralganda, bu sheʼr hammaga tushunarlidek. Lekin shoir bu yerda qaysi yoʻlni nazarda tutayotganligiga biroz izoh shart. Bu yerda shoir ochiq aytmasa-da, Sirot koʻprigi haqida aytmoqda. Keyingi misralarda shoir tanosub sanʼatidan foydalanadi va maʼnoni kuchaytirib boradi:
Oldinda koʻprik bor – osti jar,
bilmadim oʻzim ne boʻlaman
azizim, sen oʻtgil bexatar,
azizim, sen faqat qulama.
Mansur Jumayev sheʼriyati oʻz badiiyati va rang-barangligi bilan boshqalardan ajralib turadi. Shoir sheʼrlarini oʻqib qalbingiz tozargandek, ruhingiz yuksalgandek boʻladi. Zamonaviy adabiyotga esa mumtoz adabiyotdan ulgi olgan shunday sheʼrlar juda ham kerak.
Kuchli isyonga vazmin ifoda
Bugungi ijodkorga nafaqat isteʼdod, balki soʻzini baralla aytish uchun iroda, jasorat ham kerak. Madina Norchayeva bor jasoratini soʻzga koʻchirgan va yozganlarini oʻqishga “majburlaydigan” ijodkorlardan biri. U Qashqadaryoda, togʻlar orasida katta boʻlgani sheʼrlaridagi tabiatga yaqinlik, zaminga oshnolikdan seziladi. Va ayni shu oshiqlik uni boshqa shoirlardan ajratib turadi. Ijodkorning sheʼrlarida qush, yomgʻir, oy, obrazlari koʻp uchraydi. Qalbdagi hislarni ifodalash qanchalar qiyin boʻlsa, yozilgan kechinmalarni tahlil qilish undan-da mushkul ish. Shunday boʻlsa-da shoiraning ijodidan bir sheʼrni tahlil qilishga urinib koʻramiz. Sheʼr shunday boshlanadi:
Qorachiqlarimdan uchadi
Polapon musicha – tomchilar.
Chaqinlar bedov ot – oqshomning
Kiftiga naqsh solar qamchilab.
Xush borsin.
Dastlabki ikki qatordagi fikrni bitta soʻz bilan “yigʻladim” desa ham boʻladi. Ammo birgina yigʻi holatini ijodkor oʻz nigohi bilan koʻrib, yozyapti. Shoira tomchi yaʼni koʻz yoshini polapon musicha deydi. Eʼtibor bersak, polapon musicha koʻp ovoz chiqaradi, talpinuvchan boʻladi. Shoiraning qorachiqlaridan uchayotgan tomchilar ham kimgadir talpinyapti. Keyingi misradagi chaqinlar soʻzini qahramon ruhiyatiga bogʻlaydigan boʻlsak, buning soʻz ekanligini anglaymiz. Chaqin tez va shiddatkor boʻladi. Bu oqshom shoira aytayotgan soʻzlar ham shunday. Bu soʻzlar oqshomning kiftiga naqsh soldi, endi bu soʻzlar unutilmaydi, yoʻq boʻlib ketmaydi. Toʻrtlikdagi “oqshomning kifti” topilmasi eʼtiborimni tortdi. Oqshomning kifti boʻlmasligini hisobga olsak, ijodkor bu yerda real shaxsni tasvirlagandir degan xayolga borishingiz mumkin. Lekin men bu oʻxshatma real shaxs uchun deyishdan yiroqman. Shoira nazarimda, oqshom deganda ikkinchi shaxs bilan boʻlayotgan jarayonni, kifti deganda jarayonning borish maromi, yoʻsinini nazarda tutgan, deb oʻylayman. Sheʼrning keyingi bandiga oʻtsak:
Bir quchoq shafaqgul koʻtarib
Suratning qoʻllari charchagan.
Kunlarni toʻzgʻitib yuborib,
Oy uchib ketadi darichadan.
Xush borsin.
Birinchi bandda mavhum boʻlgan real shaxs ikkinchi misrada surat soʻzi bilan aniqlashtiriladi. Demak, sheʼrda ikki kishi va ular oʻrtasidagi jarayon tasvirlanyapti. “Surat” lirik qahramon uchun bir quchoq gul keltirgan. Bu gullar shafaq rangda. Bilamizki, shafaq qizgʻish va sargʻish rang boʻladi. Ranglarga eʼtibor bersak, qizil muhabbat rangi, sariq esa ayriliq, gʻam ramzi. “Surat” lirik qahramon uchun keltirgan gullar qizil aralash sariq. Demakki, bu muhabbatda gʻam va ayriliq bor. Keyingi misrada oyning kunni toʻzgʻitib yuborib, darichadan chiqib ketishi tasvirlangan. Bu yerda ikki xil talqin yuzaga keladi. Birinchisi, nega oy kunni toʻzgʻitib yuboryapti, tunni emas? Yana oy darichadan chiqib ketyapti, demakki tun tugayapti. Bu yerga kun soʻzidan koʻra tun soʻzi koʻproq mos keladi. Ikkinchi talqinga koʻra, kun soʻzini hafta kunlari, oy soʻzini esa yil oylari deb tushunish mumkin. Shunda “kunlarni toʻzgʻitib oylar oʻtib ketmoqda” degan xulosa keladi. Bu yerdan vaqt oʻtmoqda, umr oʻtmoqda degan mazmun kelib chiqadi. Matndan kelib chiqsak, bu fikr haqiqatga yaqinroq tuyuladi. Keyingi bandni keltirsak:
Ertaklar quyilgan qadahga,
Lab bosib xayolga choʻkkan kim?
U hazin jilmayib yashagan
Tushlarning nomini yodladim.
Ertaklarda, ayniqsa, oʻzbek ertaklarida faqat yaxshi xislatlar ulugʻlanadi. Lirik qahramonning hayoti ham ertaklar kabi sodda, yaxshi niyatli, lekin choʻpchaklari bor. Hayotining ertakligini anglagan qahramon chetdan nazar tashlar ekan, oʻzini taniy olmaydi. Oʻtmishdagi oʻzini “hazin jilmayib yashagan” deydi. U kulmayapti, balki hazin jilmayapti. U kunlari endi qahramon uchun tush misoli. Soʻnggi bandni oʻqiymiz:
Yoʻllarni fasllar chizmaydi
Yetolmay qismatning qaʼriga.
U chiqib ketadi kechadan,
Bugundan, ertadan nariga
Xush borsin.
Yoʻl bu – umr. Fasllarni yaxshi-yomon kunlar, ogʻir-yengilliklar desak boʻladi. Umrni bunday kunlar yozmaydi, belgilamaydi. Chunki bu fasllar qismatning qaʼriga, tubiga yetolmaydi, nihoyani bilmaydi. U (Surat) qismatni oʻzgartira olmadi, boshqara olmadi va umrdan abadiy chiqib ketdi. Shoira yozgan “kechadan, bugundan, ertadan nariga” soʻzi ketgan odamning qaytmasligiga ishora. “Xush borsin” jumlasi bilan ijodkor taqdirga roziligini bildiradi. Shoira birinchi, ikkinchi va oxirgi bandda shu jumlani ishlatib, sheʼr boshidan qismatiga roziligini bildiradi. Ahamiyatli jihati bu sheʼr nihoyalanayotgan muhabbat haqida. Ikki oshiqning xayrlashuvi va ayriliqning boshlanishi haqida. Lekin sheʼrda na muhabbat, na ayriliq soʻzi ishlatilgan. Sheʼrni birinchi marta oʻqigan odam undagi chiroyli manzarani koʻradi, xolos. Lekin soʻzlardagi mahzunlik odamni soʻzlarga chuqurroq kirishga undaydi. Shunda ijodkorning sheʼr yozilayotgan paytidagi kayfiyatini sezgandek boʻlasiz.
Shoira sheʼrdagi musicha, tomchi, chaqin, oqshom, shafaq, oy, fasl kabi tasvir va soʻzlarning har biridan ruhiyatini ochiqlashda mohirona foydalangan. Ijodkor oʻz qarshilig-u isyonlarini, rozilig-u koʻnikishlarini bosiqlik bilan ifoda etgan. Madina Norchayeva ijodi haqida gap ketganda, kuchli isyonga vazmin ifoda deb izoh berish mumkin. Aynan shu vazmin ifoda uslubi bilan shoira oʻzining adabiyotdagi oʻrnini band etgan.
Men koʻrgan yomgʻirlar barisi koʻzyosh
Shoir ijod qilar ekan, oʻzidan oldingi adabiyotni oʻzgartirishni maqsad qiladi. Ammo hamma shoir ham bu maqsadga erisholmaydi. Koʻplab ijodkorlar na yangi narsa kashf qiladi, na oʻz yoʻlini topa oladi. Shunchaki yozib yuraveradi, tamom. Ammo Feruza Xayrullayeva adabiyotga oʻz olami bilan kira olgan ijodkorlardan biri. Feruzagacha ham adabiyotda yomgʻir bor edi, gʻam bor edi. Lekin shoira bu tushunchalarni yangi pogʻonaga olib chiqa oldi. Uning ijodida yomgʻir, koʻzyosh, yigʻi, ushalmagan armon, yolgʻizlik obrazlari koʻp uchraydi. Shoira sheʼrlarida soʻngsiz va boshqalarda topilmas maʼyuslik yetakchilik qiladi. Jumladan, bir sheʼrida shoira shunday yozadi:
Seni topamanmi izlangan yoʻlda?
Koʻnglimni tunaydi millionta hadik.
Xayoliy orzuga chap berib tursam
Qaygʻuning oʻyida gullaydi shodlik.
Ikkinchi misrada biz mubolagʻaga duch kelsak, oxirgi qatorda tazodni uchratamiz. Shoira oʻziga savol berarkan, javobni ham oʻzi beradi goʻyo. Uning koʻnglini hadiklar tunab, oʻgʻirlab ketgan. Buni bemalol gʻulu deb olishimiz mumkin. Qaygʻu va shodlik antonimlar ekanini hisobga olsak, bu yerda tazodning goʻzal namunasini koʻramiz. Yana shoira qaygʻuning oʻzida emas, oʻyida, xayolida shodlikning gullashini aytadi. Aslida qaygʻuning ichida, zamirida shodlik borligiga odamni ishontiradi. Bu bilan shoir oʻzidagi optimistik ruhni kitobxonga ham singdiradi. Sheʼrning davomida shoira yana shunday deydi:
Odamning kaftida chizgisi boʻlib
Peshona boʻlmagan taqdir hayrondir.
Odatda odamlar ikki xil ishonch bilan yashaydi: bir guruh odamlar taqdirga ishonsa, ikkinchi guruh odamlar hayotlarini koʻproq tasodif va omadga bogʻlashadi. Shoira esa uchinchi xil fikrni oʻrtaga tashlaydi: odamning qoʻliga chizilgan, belgilangan taqdir ham oʻzgarib ketishi mumkin. Endi shoiraning yomgʻir haqidagi yozganlariga koʻz tashlasak:
Yomgʻirlar salovat aytib jilmaydi
Koʻzingga boqmasdan jilmayganimda.
yoki
Xush qol endi, soʻng bor ketyapman
Yomgʻirlaring yigʻlar pallada.
Yana bir joyda
Koʻchalarda esa kezib yuribdi
Yomgʻirda ivigan egasiz baxtlar.
Birinchi va ikkinchi ikkilikda ijodkor yomgʻirning oʻziga qanchalik yaqin va dardkash ekanini aytsa, oxirgi parchada yomgʻir hamma uchun baxtli onlarni tuhfa qiluvchi yoki eslatuvchi hodisa ekanini yozmoqda. Yomgʻir payti odatda odam xuddi hayotida yetmayotgan bir sokinlikni topgandek boʻladi. Shuning uchun ham yomgʻirni koʻproq yolgʻizlar, introvertlar yoqtirishadi. Shoira ularni baxtsizlar emas, balki (hali) egasi topilmagan baxtlar deb yozyapti. Yana Feruza Xayrullayevaning “Tutqun” toʻplamida moviy rangni bilan bogʻliq misralarni ham koʻp uchratish mumkin. Misol uchun,
Moviy marjonlarni boʻynimga ilib,
Dengizni sogʻinib kelaman bu dam.
Yoki
Oʻy oʻsib chiqadi devorlarimdan,
Gohida alvonrang, gohida moviy.
Yana bir misol:
Bir kuni shunchaki boʻlasan paydo,
Soʻzlaysan moviyrang yomgʻirlar haqda.
Men senga zarracha qilmayman parvo,
Koʻnglimni avaylab, ketasan tanho.
Har bir rangni oʻziga xos maʼnosi va xususiyati bor. Moviy rang sharq mamlakatlarida himoya qiluvchi sifatida talqin qilinsa, gʻarbda esa ishonch va masʼuliyatni anglatarkan. Adabiyotda boʻlsa moviy sogʻinch va yakkalanishni ifodalaydi. Jumladan, Feruza Xayrullayevaning quyidagi iqrorlari moviy rangni izohlaydi:
Nigohing tutmadim, yashayin desam,
Barmoqlar – umrimning hijron cholgʻusi.
Qoʻrqaman, seningsiz qolgan soʻzlarim
Yerga ham sensiz va mensiz borgusi.
Yana bir misol:
Sogʻinchimni badargʻa qilib,
Unutaman yuzin qaygʻuning.
Yuqoridagi dastlabki toʻrtlikda “Barmoqlar – umrimning hijron cholgʻusi” misrasi goʻzal topilma boʻlgan. Biz sheʼriyatda hijron kuyi degan birikmaga koʻp duch kelganmiz, lekin shoira hijron kuyi emas, cholgʻusi haqida yozmoqda. Barmoqlar, aniqroq aytganda, umrdagi hijronning qogʻozga toʻkilishi uchun barmoqlar cholgʻuchi vazifasini bajarmoqda. Shoira barmoqlari bilan hijron haqida yozarkan, yozganlari muhabbatsiz va joʻn boʻlishidan xavotirda.
Feruza Xayrullayeva ijodini koʻzdan kechirar ekanmiz, bir qancha kamchiliklarga ham koʻz yumib ketolmaymiz.
Zimiston kuyiga mast boʻlgan xonam
Oyogʻimni quchib unsiz oʻrmalar.
Bu yerda shoira aytayotgan zimiston kuyi toʻgʻri oʻxshatma. Lekin xonaning oyoqni quchib oʻrmalashi biroz gʻaliz. Ijodkor tashbeh topishda tasavvurga erk berishi yaxshi, lekin mantiqni ham unutmagani maʼqul. Yana bir joyda “Titroq lahzalarga toʻkilar umrim” deb yozadi. Bu yerda joʻnalish emas, oʻrin-payt kelishigi koʻproq mos tushardi. Umrning lahzaga toʻkilishidan koʻra, lahzada toʻkilishi haqiqatga yaqinroq.
Feruza Xayrullayeva allaqachon oʻz yoʻlini, oʻrnini topgan shoira. Uning har bir yozigʻi hali isteʼdodini toʻliq ochmaganidan, hali dilida yozilajak koʻp sirlari borligidan dalolat berib turadi. Ijodkorning yozishi uchun dard qanchalik kerak boʻlsa, ijodiy oʻsishi uchun sir kerak. Siri bor odam uzoq yozadi va boshqalar ham uni uzoq oʻqiydi. Feruza Xayrullayevani ham muxlislari hali uzoq oʻqishiga ishonchim komil.
Kumush Odina Qarshiboyeva
Adabiyot
Til
Adabiyot
Adabiyot
Jarayon
Til
Til
Jarayon
Tarix
Ta’lim-tarbiya
Tarix
Tarix
Din
San’at
//
Izoh yo‘q