Eshiklar ochiq, lekin...


Saqlash
16:50 / 21.10.2024 534 0

1. Heshteg – inglizcha hash va tag so‘zlaridan olingan bo‘lib, ijtimoiy tarmoqda biror mavzuga oid manbalarni oson topish uchun panjara belgisi (#) qo‘shib yoziladigan kalit so‘z yoki ibora.

 

2. Skrinshot – inglizcha so‘z, ekranni suratga olish ma’nosini bildiradi. Ko‘pchilik mobil telefoni yoki shaxsiy kompyuteri ekranidagi ma’lumotlarni saqlash va tarqatish uchun mazkur dasturdan foydalanadi.

 

 3. Tyutor – o‘zbek tilida tarbiyachi ma’nosini bildiradi. Universitet va institutlarimizda shu nomdagi ish o‘rni bo‘lib, ushbu vazifadagi kishi talabalar guruhiga murabbiy sifatida biriktiriladi.

 

4. Chellenj (challenge) – chaqiruv, da’vat degani. Ijtimoiy tarmoq sahifalarida ba’zan e’tirozni, ba’zan e’tirofni qo‘llab-quvvatlash uchun  uyushtiriladi.

 

5. Negativ (nigativus) – lotincha so‘z, manfiy, salbiy degan ma’nolarni bildiradi. Aslida fotografiyaga oid bo‘lgan bu atama hozir ijtimoiy hayotda salbiy fikr, his va munosabatni bildiruvchi ibora sifatida keng ishlatiladi.

 

6. Imij – qiyofa, tasvir ma’nolariga ega. Odamlarda biror shaxs yoki tashkilot haqida tasavvurni shakllantirish uchun qo‘llanadi.

 

7. Bot – robot so‘zining qisqartmasi bo‘lib, chex tilidagi robota – mehnat so‘zidan kelib chiqqan. Bugungi kunda botlar ma’lum dastur doirasida virtual harakatni amalga oshiradigan maxsus tizimdir.

 

8. Login – ingliz tilidan olingan bo‘lib, axborot tizimlari, ilovalar va boshqa dasturlarga kirishda foydalanuvchi ishlatadigan ma’lum so‘z yoki belgi.

 

9. Parol – harf, raqam yoki boshqa belgilardan iborat, shaxs yoki vakolatni tasdiqlovchi kalit so‘z.

 

10. Feyk inglizcha so‘z bo‘lib, soxta degan ma’noga ega. Bugungi kunda noto‘g‘ri va tasdiqlanmagan ma’lumotlarga nisbatan feyk iborasi qo‘llanadi.

 

 

Filologiya fanlari doktori, professor Hamidulla Dadaboyev tavsiya etadi:

 

1. Heshteg – qulavuz; yo‘lchi. Ilk bor “yo‘lchi, yo‘l ko‘rsatuvchi” ma’nosida XI asrda eski turkiy til obidalari “Qutadg‘u bilig” hamda “Devonu lug‘otit-turk”da qulavuz //qulabuz istilohi qayd etilgan:

 

Bu ko‘kdaki yulduz bir ancha bezak,

Bir ancha qulavuz, bir ancha yazak

(“Qutadg‘u bilig”).

 

O‘rxun yodnomalaridan To‘nyuquq bitigida qayd etilgan ma’no yerchi yasamasi bilan ifodalangan: Yerchi tiladim – Yo‘l ko‘rsatuvchi istadim.

 

Qadimgi Turfon matnlarida “yo‘lboshlovchi, yo‘lchi” anglami yo‘lchi-yerchi juft so‘zi yordamida anglashilgan. Ayni ma’noni bildirish uchun Yusuf Xos Hojib “Qutadg‘u bilig” pandnomasida qulavuzning ma’nodoshi yo‘lchi istilohini ishlatgan: Qamug‘ ishka yo‘lchi bilig bar uqush – Har qanday yumushda bilim va aql yo‘lchidir.

 

Qulavuz istilohi XIV asrda Xorazm adabiy muhitida yaratilgan “Guliston bit turkiy” hamda “Nahjul-farodis” asarlari so‘z boyligidan o‘rin olgan: Payg‘ambar alayhissalom aytdikim, bizga bir qulavuz kerak (“Nahjul-farodis”, 12-b. 110).

 

Hozirgi o‘zbek kompyuter tilshunosligi terminlari tizimida muayyan mavzuga tegishli manbalarni topish yengil kechishi uchun “#” belgisiga qo‘shib yozilayotgan inglizcha heshteg so‘zini ajdodlar tilida keng qo‘llangan qulavuz, yo‘lchi, yerchi so‘zlaridan biri bilan almashtirish mumkin. Bu inglizcha so‘z o‘rnida qulavuz istilohini iste’molga kiritish tarafdoriman. Zotan, ushbu birlik tarixan bir ma’noda ishlatilgani bilan e’tiborga molik. Qolaversa, hozirgi turk tilida keng qo‘llanayotgan kulavuz  1) yo‘lboshlovchi; sayyohlarga tushuntirish beruvchi (gid); 2) yo‘lko‘rsatkich; ma’lumotnoma; 3) boshqaruvchi, yetakchi (uchaq); 4) sovchi; 5) tex. yo‘naltiruvchi (izga, yo‘lga) ma’nolarini ifodalashda qo‘l kelmoqda.

 

2. Skrinshot mobil qurilma ekranida aks etgan ma’lumotlarni saqlab olish va tarqatishning eng oson turi sifatida ommalashgan inglizcha bu so‘zning qo‘llanishiga qarshiligim yo‘q.

 

3. Tyutor – o‘zbek millati hazm qilinishi qiyin kechayotgan mazkur so‘zning tilimizda muqobili yo‘qmi degan savol ochiq turibdi. Unga qoniqarli javob topish uchun o‘tmishga nazar tashlash zarur. Moziyda madrasalarda o‘qigan o‘quvchilarning oladigan bilimi va tarbiyasi bilan bevosita shug‘ullangan shaxslar asl o‘zbekcha begatka va otabeg, arabcha murabbiy, muallim, forscha-tojikcha ustod//ustoz istilohlari yordamida anglashilgan. Arabcha tarbiya o‘zlashmasidan yasalgan o‘zbekcha tarbiyachi so‘zi maktabgacha ta’lim tizimi (bog‘cha)da bolalar tarbiyasi bilan mashg‘ul xotin-qizlar (bog‘cha tarbiyachisi), shuningdek, maktab va oliy ta’limda faoliyat olib borayotgan muallim hamda murabbiylarga nisbatan qo‘llanayotgani yangilik emas. Alohida shtat birligiga egalik qiladigan, talabalarning ma’lum guruhiga tarbiya beruvchi sifatida biriktirilgan xodimni tarbiyalovchi deb atash maqsadga muvofiq. Zero, ushbu so‘zning o‘zagi hisoblanmish tarbiya o‘zlashmasi “bolani boqib va tarbiya berib katta qilish, voyaga yetkazish uchun qilinadigan mehnat va g‘amxo‘rlik”dan tashqari “ish-hunar, odob-axloq o‘rgatish va umuman kishining g‘oyaviy-ma’naviy qiyofasini shakllantirishga qaratilgan ta’lim tizimi” ma’nosini ham ifodalaydi.

 

4. Chellenj (challenge) so‘zining vazifasini chaqiruv so‘zi uddalaydi deb hisoblayman.

 

5. Negativ atamasining aksariyat ijtimoy munosabatlar mavzusidagi matnlarda faol ishlatilishidan kelib chiqib, uni salbiy munosabat iborasi bilan almashtirish maqbul ko‘rinadi.

 

6. Imij keyingi kezlarda jonli so‘zlashuv va OAVda tez-tez qo‘llanadigan yangi so‘zlar qatoridan o‘rin ola boshladi. Qaysidir tashkilot, muassasa yoki ishlab chiqarish bilan band korxona yangilikka tinimsiz intilish tufayli qo‘lga kiritgan obro‘sini saqlashga harakat qilsa, nutqda “Bu tashkilot  o‘z imijini ushlab turibdi”, muayyan shaxs obyektiv yoki subyektiv omillar bois qiyofasini o‘zgartirsa Falonchi imijini o‘zgartiribdi” singari jumlalarni ishlatamiz. Birinchi gapdagi imij so‘zi o‘rnida dong, dovruq, ovoza hamda XI–XIV asrlarda keng ishlatilgan chov so‘zlaridan birini qo‘llash o‘rinli. Ikkinchi gapdagi imij anglatgan ma’noni ko‘rinish so‘zi to‘la ifodalash quvvatiga ega.

 

7. Bot kompyuter tilshunosligi terminlari sirasidan mustahkam joy egallashga ulgurdi. Shu sabab uni ishlatish o‘zini oqlaydi.

 

8. Login atamasi iste’molda qolgani ma’qul. Mazkur so‘z nafaqat axborot texnologiyalari, balki  xalq tilida ham ommalashishga ulgurdi. Uning muqobilini qidirishga ehtiyoj yo‘q.

 

9. Parol so‘zi rus tili orqali lug‘atimizdan o‘rin olgan bo‘lib, ilgari harbiy terminologiyada keng ishlatilgan. Qadimda parol o‘zlashmasi bildirgan ma’no asl turkcha im hamda o‘ron istilohlari ishtirokida anglashilgan. O‘zlashma atamaning ma’no-mazmunini e’tibordan qochirmagan holda uni ochqich so‘z birikmasi bilan almashtirish mumkin.

 

10. Feyk so‘zining rus tili orqali o‘zbek OAV so‘z boyligidan joy ola boshlaganiga uncha uzoq vaqt bo‘lgani yo‘q. Bugungi kunda yetarli asosga ega bo‘lmagan, tasdiqlanmagan, puch ma’lumot feyk xabar iborasi bilan anglashilmoqda. Ibora tarkibidagi feyk so‘zini qadimdan tilimizda qo‘llanib kelayotgan yolg‘on so‘zi bilan almashtirish hech qanday qiyinchilik tug‘dirmaydi va ibora ma’nosiga putur yetkazmaydi.

 

Bayramali QO‘LDOSHEV tayyorladi.

 

“Ma’naviy hayot” jurnali, 2024-yil 3-son.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

So‘nggi maqolalar

Barchasi

Adabiyot

15:11 / 20.11.2024 0 106
Abdulla Qodiriy – o‘zbek detektivi asoschisi





Ko‘p o‘qilgan

Barchasi

San’at

16:08 / 28.08.2021 8 22029
Dunyoning eng mashhur va qadimiy besh muzeyi

//