Birinchi saboq: e’tirof
1980-yillarning boshi. Yozuvchilar uyushmasi nafaqat adib-shoirlar, balki butun millat ziyolilarining xalq va vatan dardida fikr almashish, bahs-munozarada toblanish o‘chog‘i, har jihatdan poymol etilgan elga mustamlakadan qutulish haqidagi ilk da’vatlarni hayqirish minbariga aylangan yillar. Har bahorda navbati bilan o‘tgan yilgi she’riyat, nasr, dramaturgiya, bolalar adabiyoti, adabiyotshunoslik, hatto tarjima yo‘nalishlarida e’lon qilingan asarlar, amalga oshirilgan ijodiy ishlar muhokamasi uyushtiriladi. Biz – ToshDUning o‘zbek filologiyasi, jurnalistika fakulteti talabalari, darslardan “qochib” bo‘lsa-da, bu “darslar”ga shoshamiz, Pushkin ko‘chasi 1-uyning ikkinchi qavatidagi zaldan joy olib qolishga urinamiz. Chunki, aytilganidek, bu yerdagi gaplarni boshqa joyda eshitish, darsliklardan o‘qish imkoni yo‘q...
Ana shunday yig‘inlarning navbatdagisi – nasriy asarlar muhokamasida mening yonimdagi stulga oq-sariqdan kelgan, yuzlarini bilinar-bilinmas sepkil bosgan, engil-boshi, ko‘rinishidan viloyatdan ekani bilinib turgan bir yigit kelib o‘tirdi.
Asosiy ma’ruza – o‘tgan yili kitob shaklida e’lon qilingan, gazeta-jurnallarda chop etilgan hikoya, qissa, romanlar tahlili yakunlangach, murosasiz muhokamalar boshlandi. Orada so‘z olgan otaxon adib Said Ahmad aka bir-ikki qiziq gaplar bilan yig‘ilganlarni o‘ziga qaratib olgach, chiqishidan ko‘zlagan muddaosiga o‘tdi:
– Endi, birodarlar, bitta savol: shu to‘planganlarning orasida Tog‘ay Murod degan bola bormi?
Hamma atrofga alanglab qarayotgan bir pallada mening yonimda o‘tirgan boyagi yigit iymanibgina o‘rnidan turdi va o‘ng qo‘lini yarim ko‘tarib, eshitilar-eshitilmas:
– Men, domla, – deya ovoz berdi.
Said Ahmad akaning burishqoq yuzi yorishib, ustozi Abdulla Qodiriy iborasi bilan aytganda, qulog‘i bilan qoshiq solishar darajadagi katta og‘zida tabassum mavjlandi:
– E-e, bormisan, uka! Otangga rahmat seni! Ho‘v, bollar, bilib qo‘ylaring, Xudo xohlasa, mana shu bola o‘zbekning katta yozuvchisi bo‘ladi! Men bu gapni osmondan olib aytayotganim yo‘q. O‘qigan bo‘lsalaring, o‘tgan yilgi “Yoshlik”da shu bolaning “Ot kishnagan oqshom” degan qissasi bosildi. Shaxsan men mazza qilib o‘qidim. Qissaning boshqa yutuqlarini aytmay qo‘ya qolay-da, bittagina epizodini o‘qib beray, mana (adib qo‘lidagi jurnalning kerakli sahifasini ochib o‘qiy boshladi):
“Birodarlar, yosh bolaga ish buyur-u, izidan o‘zing yugur degani haqqast chin bo‘ldi!
Qaynimiz nima qilibdi deng? Qaynimiz uyimiz oldidan oqadigan ariqqa kelib, Tarlonni suvga qo‘yibdi. G‘arq terga botib turgan Tarlon to‘yib-to‘yib suv ichibdi. Keyin Tarlonni otxonaga olib kirib bog‘lab qo‘yibdi...
Ertalab Tarlonni yetaklab chiqdim. Aylantirib qaradim. Qorin etlari dir-dir uchdi, pir-pir uchdi!
Birodarlar, otga suv tushsa ana shunday bo‘ladi! Tarlonga suv tushibdi!
Ay, qaynim-ye, ay, kalla-ye! Endi senga nima deyin? Ot g‘arq terga botsa, suv ichirib otxonaga bog‘lab bo‘lmaydi deyinmi? Mabodo ichirsa, xiyla yo‘l yurish lozim bo‘ladi, bo‘lmasa otga suv tushadi deyinmi? Keyin ot ko‘pkariga yaramay qoladi deyinmi? Maktabda komsomollar kattasi bo‘lasan-da, shuni-da bilmaysanmi deyinmi? Bitta-da to‘rti yo‘q a’lochi Qodirov Qoraqul bo‘laturib, shunga-da farosating yetmadimi deyinmi? Omon surnaychining qizi bilan partaning ostidan xat olishib-xat berishib turishga yetgan aqling shunga yetmay qoldimi deyinmi? Mendayin bir kal bo‘lsang ekan, aqli sochi bilan qo‘shilib to‘kilib ketgan desam deyinmi? Kallang to‘la jun bo‘lsa deyinmi?
Demayin, demayin! Qayniga ilkis gapirib bo‘ladimi?..
Opasi bizda!”.
Qissadan parchani jon qulog‘i ila tinglayotgan aksariyat “qoyil” ma’nosida boshini tebratib, bir-biriga qosh uchirib qo‘yar ekan, Said Ahmad aka qo‘lidagi jurnalni yopib, ularga yuzlandi:
– Mana, birodarlar, chinakam milliylik. Mana, milliy adabiyot, milliy til, milliy obraz va xarakter deganlari qanaqa bo‘lishi kerak! Yana bir marta otangga rahmat, o‘g‘lim. Hech yoqqa og‘ishmay, shunaqa yozishda davom et!..
Ikkinchi saboq: e’tiroz
Yozuvchi Murod Muhammad Do‘st “O‘zbekkino”ga yangi rahbar etib tayinlangan dastlabki oylar. O‘sha paytgacha doim oshig‘i olchi turgan, har yili kamida bittadan katta kinoloyihaga egalik qilib o‘rganib qolgan, aksariyati soch-soqolini o‘stirib, boshiga kepka kiyib yuradigan kinorejissyorlar yangi rahbar ustidan mamlakat kattalariga ketma-ket ariza yozishdan charchashmaydi: “Muhammad Do‘st bizga film bermayapti” mazmunida.
Xizmat taqozosi ila Murod aka bilan gaplashgani ishxonasiga boramiz. O‘zi o‘tiradigan stoli balandgina, keluvchilar o‘rtasidagi stol esa (jurnal stoliga o‘xshash) pastgina qilib yasatilgan xonada yozuvchi-rahbar bilan suhbat boshlanadi. Kelishdan maqsadimizni eshitib o‘tirgan Murod aka o‘ng qo‘l tomonida turgan, qip-qizil baxmal bilan o‘ralgan ajabtovur qutini ochib, uning ichidan o‘tdoni qimmatbaho yog‘ochdan, mushtugi tillarang metalldan yasalgan trubkani chiqaradi. Keyin qutining ichiga chiroyli qilib joylangan o‘sha rangdagi baxmal qopchaning burama bog‘ichini yechib, undan uchta barmog‘ida siqib tamaki oladi va hafsala bilan, to‘kmasdan trubkaga joylaydi. Marosim oxirida shu ishlar uchun maxsus yasalgan yirik gugurtni chaqib, trubkani o‘t oldiradi va dastlabki tortimni ovozsiz puflab chiqaradi. Xonani Kubaning xushbo‘y tamakisi hidi tutadi. Bizning savol nazari bilan qarashimizga javoban esa shunchaki, arzimas gapdek qilib aytadi: “Ha-a, “yangi o‘zbeklar”ning sovg‘asi...”.
Keyin asosiy masalaga o‘tadi:
– Jo‘ralar, men baribir bu “красный кхмерлар”ga film bermayman (yodingizda bo‘lsa, 1970-yillarda zo‘rlik evaziga Kambodja (Kampuchiya) davlati tepasiga kelgan kommunistlar shunday atalar, ular o‘zlariga bo‘ysunmagan millatdoshlariga qo‘shib milliy ruhni ham qatli om qilishgan edi. Murod aka shularga ishora qilayotgandi! – R.Q.).
Hammasi bolaligidan o‘zbekchaga yot muhitda o‘sishgan. Moskovda o‘qib, o‘zlaricha zamonaviy kinorejissyor rutbasiga ega chiqishgan. Hozirgacha olgan filmlarida birorta o‘zbekcha xarakter, o‘zbek desa bo‘ladigan obraz bormi?
Bular o‘ylab topgan o‘zbek qahramonlar biror narsadan hafsalasi pir bo‘lsa, yonboshiga qarab “tfu” deb tupuradi. Hech zamonda o‘zbek shu ishni qiladimi? Bular o‘zbekka kiydirib qo‘ygan taxi endi buzilgan magazin do‘ppini, artelning arzongarov sun’iy charmdan tikilgan yangi etigini ko‘rib, sizlarni bilmadimu, mening ko‘nglim aynib ketadi.
Milliy xarakterni berishni, jo‘ralar, gurjilardan o‘rganish kerak. Kuzatgan bo‘lsanglar, ko‘chada ikki qo‘lida qog‘oz xaltada bozorlik ko‘tarib ketayotgan gurjidan biror narsa so‘rasangiz, u astoydil to‘xtab, qo‘lidagi xaltalarni sizga tutqazib, bo‘shagan qo‘lini ikki yonga keng yoygancha “Откуда я знаю?” demasa ko‘ngli to‘lmaydi, mazza qilmaydi. Filmlarini ham ko‘ring, biznikiga o‘xshagan birorta duragay personaj bormi?..
O‘ylaymizki, Murod aka o‘z qarashlarida haq edi.
Albatta, milliylik degani faqat va faqat ijobiy xislatlar, o‘rnak qilib ko‘rsatiladigan fazilatlar majmui emas, bizningcha. Ana shu ma’noda u yoxud bu millatni har qanday qusurlardan xoli, har jihatdan mukammal sajiyaga ega xalq deyish mumkin emas. Shunday ekan, keyingi saboq siz-u bizning qonimizga singib ulgurgan, ibtidosi-yu intihosi ko‘rinmayotgan ayrim illatlar xususida ogoh etadi.
Uchinchi saboq: evrilish
Zahiriddin Muhammad Bobur xalqaro jamg‘armasi asoschisi va raisi, davlat va jamoat arbobi Zokirjon aka Mashrabov suhbatlarning birida boshidan kechirgani qiziq bir voqeani hikoya qilib bergandi:
“Jamg‘armamizni oyoqqa qo‘yish, qilinadigan katta ishlarga mablag‘ topish ilinjida respublikada birinchilardan bo‘lib “Baxt qushi” nomidagi lahzalik lotereya chiqarishni niyat qildik. U paytlar hali bizda unaqa lotereyalar tayyorlaydigan uskunalar yo‘q, xorijga buyurtma berishga to‘g‘ri kelardi. Shu maqsadda tarjimon hamrohligida Germaniyaga bordik.
Yirik bir kompaniyaning shartnoma ishlariga mas’uli – olmon yigit bilan muzokara o‘tkazib, kerakli kelishuvga erishdik ham. Hamma ish bitganidan keyin u yigitga tarjimon orqali hazillashib bir gap aytibman-da:
“Do‘stim, mana shu lotereyalarning yutuq chiqadiganlarining ikki-uchtasiga qandaydir belgi qo‘yib berasizlarmi? Yurtga borganda tanish-bilishlarga bildirib qo‘yardik-da, mashina yutib olishardi. Bahonada ular ham, biz ham xursand bo‘lardik. Sizni ham quruq qoldirmasdik, “rahmati”ga besh-o‘n ming marka berar edik...”.
Avvaliga boyagi olmon yigit gap nima haqda ketayotganini uncha tushunmadi. Bir-ikki bor qaytarganimizdan keyin anglab qolib, o‘rnidan turib ketdi-yu. Shundog‘am oq rangli yuzi yana ham oqarib, moviy ko‘zlarini menga g‘azab bilan qadab: “Nima deyapsiz, janob? – deb gap boshlab qoldi. – Meni kim deb o‘ylayapsiz, sizning beradigan sadaqangizga zor odamga o‘xshaymanmi? Bizda bunaqa pul bilan oila boqish uyat, jinoyat-ku! Qolaversa, biz manaman degan kompaniya, firmalar bilan imzolaydigan millionlab dollarlik buyurtmalar oldida sizning bizga berayotgan buyurtmangiz nima? Siz taklif qilayotgan jinoiy ishni deb kompaniyamiz yillar davomida misqollab yiqqan obro‘yidan ayrilishi kerakmi? Shu ishni bizga taklif qilishni o‘ziga ep ko‘rgan odam ertaga bu gapni boshqaga aytmaydi deb o‘ylaydigan darajada go‘lmizmi sizning nazaringizda?..”.
Mening bu gaplarni eshitib bo‘larim bo‘lib bo‘ldi. “Hoy uka, hazillashdim, shunchaki bir hazil bu gap” deb shuncha uzr so‘rayman, qani tinchisa. “Janob, aslida hoziroq men siz bilan tuzgan shartnomani bekor qilishim kerak” deb yomoniga olib qoluvdi, ming bir uzr so‘rab, zo‘rg‘a to‘xtatsam-a... Xullas, g‘alati xalq ekan bu nemis deganlari...”.
Zokirjon aka aytgan hikoyada ko‘proq kimning – o‘zbekningmi yoki olmonningmi – milliyligi, milliy xarakteri bo‘rtib ko‘ringanini aytish o‘zingizga tan.
Ha, har bir xalqning ham g‘alati xislatlari, urf va odatlari, boshqalar dabdurustdan anglay olmaydigan turfa xil qiliqlari-yu ajabtovur qilmishlari bor. Kishi ularni his qilishi, idrok etishi, anglashi va anglata olishi uchun faqat ijodiy iste’dodning o‘zi kamlik qilsa kerak. Buning uchun kamida Abdulla Qodiriy, G‘afur G‘ulom, Shukur Burhon, Bahodir Yo‘ldoshev, Olimjon Salimov, Omon Matjon, Qamchibek Kenja, Tog‘ay Murodlar singari elga singib yashash, millat qalbini his qilish, yurak urishini eshitish, ruhining mavjlarida suza bilish kerak.
Abdulla Qodiriyning “Mushtum”ga yozgan maqolalari, hajviy hikoyalaridan tortib romanlarigacha – aksariyat asarlarida jamiyatning turfa xarakterli, turli qiyofali vakillari bizga ro‘baro‘ bo‘lar ekan, har biri tabiatida o‘zbekning nedir bir xislatini, fazilat yo illatini ilg‘aymiz, o‘zimizga nihoyatda tanish kishilarni ko‘rgandek bo‘lamiz. Kumushbibi o‘zbekning fazilati bisyor bir qizi bo‘lsa, Ra’no millatning yana bir bebaho topildig‘idir. Qodiriydan keyin qaysi bir o‘zbek o‘g‘illariga Otabek va Anvar, qizlariga Kumush va Ra’no deb ot qo‘yibdi – bu o‘sha millatdoshlarimizning o‘zbekona o‘lmas ruhga ixlosidan, havasidan darak!
Agar bular Abdulla Qodiriy “tuqqan”, adibning o‘zidek bosiq, mulohazali, aqli va idroki o‘tkir farzandlari bo‘lsa, G‘afur G‘ulomning “adabiyot domovoyi”ga (Abdulla Qahhor iborasi) o‘zidan keyin ham chiqarilmaydigan qilib muhrlab ketgan bolalari ham xuddi shoir fe’lidek: birda sho‘x – birda mahzun, birda jo‘mard – birda dilxun. Mana, uning Toshkentning Qo‘rg‘ontegi mahallasida, Beshyog‘ochida ko‘rgani-kuzatgani tengdoshlaridan birining surati:
Muhabbat surmasin qo‘shni qiziga
Olib berolmasdan umrda bir bor,
Yuzing hasratida hatto ko‘ziga
O‘rgimchak in qo‘ygan yigitlar ham bor...
O‘zbek xarakteri, uning yaratuvchilikka moyil tabiati, dunyoga ko‘z ochganidan beri o‘zgarmay kelayotgan jo‘mardligi kecha paydo bo‘lib qolgan xislatlar emasligini nihoyatda chuqur bilgan G‘afur G‘ulom 1966-yil yanvarida yozgan “Taxti Safar” nomli maqolasida bu tarixiy haqiqatni juda o‘rnida urg‘ulab ketgan. Uning yozishicha, “Hirotning shimoli sharqida, shahardan qariyb yarim farsaxcha narida, ellik terak bo‘yi chamasi balandlikda” Taxti Safar nomi bilan ataladigan, zamonlar to‘zonida buzilib ketgan bir saroy bo‘lgan. Go‘yo mana shu manzil to‘g‘risida hikoya qilinayotgandek yo‘l tutilgan maqolada akademik shoir sho‘rolar tomonidan “qonxo‘r”, “buzg‘unchi” deya qizil tamg‘a bosilgan Amir Temurni shunday ta’riflaydi:
“...Men bu yerlarda safar qilib yurganimda, birga hamroh bo‘lib yurgan do‘stlarim – afg‘on shoir va olimlarining og‘zidan bir bayt eshitib qoldim:
Har ki bo lolaruxon bodai gul rang kashad,
Hukmi Mirzost, ki bo Taxti Safar sang kashad.
Ma’nosi: har kim bu yerlarga kelib, o‘zi sevgan lola yuzli go‘zallar bilan gul rangli sharob ichmoqchi bo‘lsa, Boyqaro mirzoning buyrug‘i shuki, kelishida Taxti Safarga tosh ola chiqsinlar.
Bu bayt ustida ko‘p munozaralar qildik. Nima demoqchi? Keyin shu mulohazani ma’qul topdik: ya’ni Husayn Boyqaroning bobosi Temur millionli qo‘shin bilan yurishga chiqqanida ilg‘or suvorilar xurjunning bir ko‘zida g‘isht, bir ko‘zida ganch olib yurar ekan. Bu g‘isht-u ganchlar yo‘l ta’miriga, kichik ko‘priklar qurishga, kichik obidalar tiklashga yarar ekan...” (Qarang: G‘afur G‘ulom. Asarlar. O‘n tomlik. Sakkizinchi tom. G‘afur G‘ulom nomidagi Adabiyot va san’at nashriyoti, Toshkent, 1976-yil, 466-467-betlar.)
Endi ayting: qay bir xalqning eng millatparvar tarixchisi, shoir-u yozuvchisi, siyosiy sharhlovchi yoki jurnalisti o‘zi maqtanib yuradigan sarkarda bobosi-yu xaloskor yo‘lboshchisi faoliyatidan shunday yoki hech qursa shunga yaqinroq keladigan biror dalil keltira oladi? Iskandar-u Doroningmi, Rum qaysarlari-yu salib yurishlari “qahramonlar”iningmi, Chingizxon-u Ivan Grozniyningmi, Hitler yo Stalinningmi yoxud bugungi kunning “qizil knopka egalari”ningmi?
O‘zbekning milliy xarakteridagi shu yolqinlar tafti bugungi she’rda, hikoya va qissada, roman va badiiy filmda ohorli aks etishi uchun zamonamiz ijodkori, boya aytilganidek, kamida G‘afur G‘ulom darajasiga yetmog‘i kerakmi-yo‘qmi?..
Kamina Shukur Burhonning “Hamza” teatridagi ayrim ijrolarini ko‘rishdek baxtga musharraf bo‘lgan odamman. Jumladan, O‘lmas Umarbekovning “Qiyomat qarz” piyesasidagi Sulaymon ota obrazi talqinini. Egnidagi ko‘ksi ochiq yaktagi, bir etagi eski belboqqa qistirilgan mallarang to‘ni, uzoq yillardan buyon boshdan qo‘yilmaganidan piltasi chiqa boshlagan do‘ppisi... hamma-hammasi o‘zbekcha edi Sulaymon otaning! Uning sodda aspirantning onasi tashlab ketgan yo‘rgakdagi bolasini erkalatishidan tortib (“Voy, bu o‘g‘il bola ekan-u, hayt, cho‘mbiridan!”), nomard Nig‘monjonga (aslida – No‘monjon!) qilgan nafratli hayqirig‘igacha (“Ota” dema, hecham “ota” dema! Men bilgan Nig‘monjon o‘lgan, mening va Mehrining Nig‘monjoni o‘lgan, o‘lgan! Sen aslo u emassan, u emassan!”) – hamma-hammasida o‘zbekning, millatning ovozi yangrar, bu ovoz eshitgan odamni titratib yuborar edi!
Endi mana shu manzaraga bugun ko‘rayotganimiz videofilm, “milliy serial”, “milliy kino”lardagi manzaralarni solishtiring:
aksariyat tantiq xotin rolini o‘ziga ep ko‘rib, mutlaqo xaraktersiz, lattachaynar eriga qarata “Da-da-a-si-i!” deya na erkalanayotgani, na o‘rtayotgani, na ahmoq o‘g‘li yoxud surbet qizi ustidan arz qilayotganini bilib bo‘ladigan nomdor aktrisalarimiz;
onasi rolidagi aktrisa “i-ye, qanaqa bo‘larkin, sal g‘alatimasmi?” deb inkor qilmaganiga yarasha, fahmi haminqadar rejissyorga qarata “Aka, men bunaqa rolni o‘ynamayman, axir qaysi o‘zbekning bolasi onasi bilan, siz aytgandek, ko‘z suzishib bir-biriga muqom qilib o‘yinga tushadi?” deyish o‘rniga xuddi shu ishni o‘zicha qoyilmaqom qilib o‘rniga qo‘yayotgan “iste’dodli yosh aktyorlarimiz”;
yo‘l-yo‘lakay yozib beriladigan, biror qahramonning individual tili, ruhiy qiyofasi yo‘q ssenariylardagi uzundan uzun, aksariyat qismi vaqtni cho‘zishga qaratilgan dialoglarning bir-biriga yopishmay turgan joyiga “ha, aytgancha”, “ha, nima desam ekan” qabilidagi chaynalma iboralarni qo‘shib sahna olayotgan “topqir” rejissyorlar va hokazo va hokazo...
Holbuki...
Holbuki, o‘zbek san’ati tarixida, masalan, Bahodir Yo‘ldoshev otliq rejissyor ham bor edi. U kishi, deylik, ne-ne ustozlari haddi a’losiga yetkazib sahnalashtirgan Hamzaning “Paranji sirlari” piyesasini ham mutlaqo yangicha ohangda, birorta qahramoni avvalgi ijrodagilarga o‘xshamaydigan tarzda, eng muhimi – Hamza xohlaganidek milliy yo‘sindagi talqinini yaratgan edi.
Chinakam san’at mo‘jizasini qarang: muallifi yagona, matn bitta – bir harfi o‘zgartirilmagan, biroq, masalan, Lutfixonim Sarimsoqova ijrosidagi Mastura yallachi bilan Rimma Ahmadova talqinidagi Masturaning biror jihatini bir-biriga o‘xshatib, zarracha takrorni, taqlidni topib bo‘ladimi? Yoxud Masturaning eri – Mirzarayim qora avvalgi talqinda qanday edi-yu, Bahodir aka bergan epizodik rolni ham qoyillatib o‘rniga qo‘ygan Obid Yunusovning ijrosida qanday?!
Nahotki, bugungi “san’atimiz darg‘alari” shu va bunga o‘xshash o‘nlab o‘lmas asarlari bilan chinakam ijod qanday bo‘lmog‘i kerakligini umrbod uqtirib, ko‘rsatib ketgan Bahodir akaning yoxud Abror Hidoyatov, Lutfixonim Sarimsoqova, Shukur Burhon, Abbos Bakirov, Hamza Umarov singari ustozlarining ruhidan ozgina bo‘lsa ham istihola qilishmaydi?
Shu ma’noda, masalan, menga Shuhrat Abbosov suratga olgan “Sen yetim emassan” filmidagi bir epizod – bozorda o‘g‘irlik qilgan o‘ris bolani oyog‘i oqsoq militsionerning qo‘lidan tortib olib, bag‘riga yashirgan Fotima opa – Lutfixon aya ko‘zlaridagi sarosima, jovdirash, hadik o‘zidan keyin qolayotgan millat, milliy san’at taqdiriga ham bezovta boqishdek tuyulaveradi...
Yo “Shukur Burhon “Hamza”dan chiqib, asta piyodalab” ketayotganini ko‘rgan, olomonning bu buyuk aktyorni tirsaklari, qorinlari, ko‘kraklari va dumbalari bilan turtib-surtib o‘tishidanoq “zamonlarning do‘nish makrini” ilg‘agan Omon Matjon aytganicha bormikin:
Xalqmi shu, birovning haqini gizlab,
besh-o‘nni yulishni poylab turganlar?
Xalqmi shu, nuroniy siymolar qolib,
soxta sumbatlarni siylab turganlar?
To‘rtinchi saboq: e’tibor
Agar tinimsiz kuzatuvchan, ko‘rgan-bilganlaridagi muhim, ohorli, boshqada uchramaydigan jihatlarni nozik ilg‘ab oladigan rejissyor Olimjon Salimov avval Farg‘onada, keyin Toshkent va Moskovda qo‘yib dovrug‘ qozongani – “Temir xotin” tragikomediyasi bilan “sahnani yopganida” bu muvaffaqiyatni nedir bir tasodifga, qo‘li kelib qolganidagi omadga yo‘yish mumkin edi balki. Biroq Olimjon aka hayot baxsh etgan o‘nlab spektakllar qarshimizda ijodni, muntazam izlanishni, kasbi yo‘lida ne-ne halovatlardan kechishni taqdir deb bilgan yaratuvchi shaxs turganini bot-bot isbotladi.
Bu o‘rinda birgina “Toshkentga sayohat” komediyasini eslash kifoyadir. Aslida hozircha ismi noma’lum tatar muallifiga tegishliligi taxmin qilinadigan bu piyesani, agar Hamza Hakimzoda Niyoziy tarjimada obdon o‘zbekchalashtirgan bo‘lsa, Olimjon Salimov sahnaga uni g‘irt o‘zbekona tomosha sifatida olib chiqa oldi. Axir, masalan, Muhammadsolih Yusupov ijrosidagi omadsiz sayyoh – qorni katta Boy otada tatarlarnikiga o‘xshash bir tuk ham qolmagan, hammasi turkistoncha, bari o‘zbekcha-da!
Aslida mana shu mo‘jazgina ikki o‘lmas asar – “Temir xotin” bilan “Toshkentga sayohat” bugungi o‘zbek rejissyor va aktyorlari, kiyim va chiroq ustalari, grimchi va sahna rassomlari, hatto montajchilari – o‘zini teatr va kino san’ati vakiliman deb yurgan kishilar uchun majburiy tasviriy qo‘llanma, master-klass darsi bo‘lishi kerak! Agar bu gapga e’tirozlari bo‘lsa, marhamat, shular darajasidagi biror narsa sahnalashtirib, ekranlashtirib ko‘rsatishsin!
Rejissyor (Olimjon Salimov) va aktyor (Muhammadsolih Yusupov)ning “irqi irqiga tushishi”dek muhim talabning hosilasi o‘laroq voqe bo‘lgan bu yutuqlar zamirida millatimizning asl ziyolilariga xos rizq izlashdagi halollik, o‘zgalar mehnati va fikriga vijdonli e’tibor singari fazilatlar ham barq urib turibdiki, biz buni quyidagicha dalillaymiz.
Ko‘zingiz tushgan bo‘lsa, “Kun.uz” internet-sayti 2023-yil 27-aprelda “Spektakl taqdiridan doim hadikda bo‘lganmiz” sarlavhali suhbat e’lon qildi. Unda yuqorida eslaganimiz ikki spektakldagi bosh rollar ijrochisi Muhammadsolih Yusupov, xususan, Qo‘chqorvoy roliga qanday erishgani haqida gapirib bergan:
“Qo‘chqorvoy rolini menga berishsa o‘ynagan bo‘lardim” degan niyat tug‘ildi. Lekin rollar bo‘lingan ro‘yxatda mening ism-familiyam chiqmadi. Rejissyorimiz Olimjon Salimovga bu haqda aytganimda, “Muhammadsolih, men ham bu haqda o‘ylagandim. Ammo dramaturg Sharof aka bu fikrni ma’qullamadi. “Men Qo‘chqorvoyni ozg‘in, qoramtir, ezgin qiyofadagi inson deb tasavvur qilganman. Muhammadsolih semizgina yigit ekan, bu rolga to‘g‘ri kelmaydi deb aytdi” deya javob berdi.
Sharof aka joylashgan mehmonxonaga (voqealar Farg‘ona shahrida bo‘layapti – R. Q.) o‘zim bordim va shunday dedim: “Sharof aka, hamma qo‘chqorlar ham qora, ozg‘in bo‘lavermaydi-ku. Oppoq, to‘la qo‘chqorni ham boshqalar qatori bir sinab ko‘ring. Agar yoqmasa, shu onda o‘zim chetga chiqaman”. Sharof aka gaplarimga kulib, rozilik berdi.
Sinovlar boshlanganda qarasam, Qo‘chqorvoyga besh kishi da’vogar, men eng oxirgisiman. Bitta-bitta repetitsiya qila boshlashdi, hammaga bittadan ko‘rinish berishgan. Menga kelganda ko‘rsatib berdim. Darrov yana bir sahna ko‘rinishida sinab ko‘rishdi. Keyin boshqalarni to‘xtatib, qayta-qayta sinay boshlashdi. Shunda mendan oldingi da’vogarlar hammasini tushunib qolishdi...
Keyinchalik Sharof Boshbekov intervyularidan birida “Men Muhammadsolih Yusupovni Qo‘chqorvoy rolida umuman tasavvur qila olmagandim. Ammo spektakl sahna yuzini ko‘rgandan keyin undan boshqa Qo‘chqorvoyni tasavvur qila olmay qoldim” degandi”.
Endi ayting: bu holatlardagi ham dramaturg, ham rejissyor va aktyor sajiyasidagi asari, ijodi taqdiriga mas’ullik, har birining o‘zi hamda boshqalar huquqi, fikriga ko‘rsatgan hurmati va e’tibori, birining boshqasiga bo‘lgan halol e’tirofi-yu e’zozini ko‘rmaslik, ulardan saboq olmaslik mumkinmi?
Taassufki, mumkin ekan!
Beshinchi saboq: e’timodsizlik
Suhbatimiz boshida eslaganimiz – Tog‘ay Murodning “Ot kishnagan oqshom”, “Yulduzlar mangu yonadi” singari qissalari yaratilgan yillari adabiyot va san’atning turli yo‘nalish va janrlarida xalq dardini ko‘targan yuzlab, minglab chiqishlar kuzatilgan edi. Biroq ularning juda ko‘pchiligi san’atga – abadiyatga bo‘ylasha olmagani tufayli davrlar elagidan tushib, yo‘qlikka singib ketishdi. Ular qismatidagi bu yoziq o‘zlarida aynan milliy ruh inkishofi – kashfini mujassam eta olmagani bilan izohlansa, bizningcha, to‘g‘ri bo‘ladi. Chunki adabiyot va san’atning kuchli ijtimoiy-siyosiy muammolarni ko‘tarib chiqish huquqi ularni boshqa biror soha kishilari qila olmaydigan yo‘sinda – aynan milliy badiiy bo‘yoqlar, ohorli topilmalar, betakror til, milliy xarakterlar orqali amalga oshirish majburiyatini hech qachon bekor qilmaydi. Zero, bobo Aristotel o‘zining “Poetika” kitobida aytib qo‘yganidek, mabodo Empedoklning (davrining mashhur tabiatshunos olimi – R. Q.) “Tabiat haqida” degan risolasi she’riy yo‘l bilan yozilgan taqdirda ham, u baribir ilmiy ishligicha, muallifi esa shoir atalmay, tabiatshunosligicha qolaveradi.
Davrlar sinoviga dosh bergan asarlar qatorida esa, shubhasiz, iste’dodli adib Qamchibek Kenjaning o‘nlab hikoya va qissalari, ayniqsa, “Baliq ovi”, “Yashil barg” kabi sof milliy hikoyalari yodga olinishi lozim. Chunki bu singari asarlar e’loni faqat adabiyot ixlosmandlari, xalqning ziyoli qatlami e’tiborini emas, balki millionli xalqning o‘z taqdiriga befarq bo‘lmagan aksariyat vakillari diqqatini tortgan, millatni o‘zi tushib qolgan halokatli ahvolga tik qarashga o‘rgatgan edi. Bu asarlar bosilgan gazeta-jurnallar erta tongdan talash bo‘lib ketar, ularga yetolmay qolganlar o‘qib bo‘lganlardan so‘rab yurishardi.
Yaqinda telekanallarning birini ochib, juda tanish epizodlar bor badiiy film namoyishi ustidan chiqib qoldim. Afsuski, film qisqa metrajli ekan, tez yakuniga yetdi, oxiridagi yozuvlarini ham o‘qiy olmay qoldim. Avvaliga rosa suyundim, yosh rejissyorlardan birortasi Qamchibek Kenjaning “Baliq ovi” hikoyasini film qilibdi-da deb. Tanish kinoshunoslardan iltimos qilib filmni toptirdim va katta hafsala bilan ko‘rishga o‘tirdim.
Afsuski, film avvalidagi titrlarda o‘tgan imloviy xatolarga ham; qahramonlar ijrosi hamda tilidagi (hikoyaga yot!) jo‘nlik va xitoblaridagi sun’iylikka ham, bolasining azasini tutayotgan o‘zbek onasi boshiga yopib qo‘yilgan, na o‘zbekcha ro‘molligini, na amerika hindularinikidek yopinchiqligini bilib bo‘lmaydigan matoga va yana boshqa ko‘plab kamchiliklarga ham chidash mumkin edi-yu, biroq filmning boshida ham, oxirida ham hikoya muallifining ismi-sharifi eslanmaganiga aslo chidab bo‘lmasdi. 14 minutlik bu tomoshada uning rejissyori – O‘zbekiston davlat san’at va madaniyat instituti 2-bosqich “Kino, televideniye va radio rejissyorligi” guruhi talabasining muborak ism-familiyasi bir emas, uch marta yozilgani holda asarning chin egasi ismi, hech qursa mayda harflarda bo‘lsa ham eslab qo‘yishga loyiq topilmagandi. Hikoya muallifi o‘rniga yana bir emas, ikki nafar “ssenariy muallifi” ham o‘z ism-familiyasini yozdirgan! Ular bu tomosha to‘liq o‘zlariga tegishli ekanini oxirigacha rasmiylashtirish uchun filmga “Mehmon” deb “original” nom ham qo‘yishgan.
Holbuki, yozuvchi Qamchibek Kenja “Baliq ovi” hikoyasini yaratib, ming bir harakat bilan chop ettirib, asar chiqqanidan keyin ne-ne “kattalar”dan goh oshkora, goh pinhona dakki, do‘q eshitib yurgan paytlari bu ukalarimiz hali tug‘ilishmagan ham edi...
Xo‘p, bular-ku yoshlik qilishibdi, bilishmagandir, e’tibor berishmagandir deb o‘zimizni aldab turaylik-da, bu kurs ishini ko‘rib qabul qilib olgan, unga ijobiy baho qo‘ygan va bu bilan uning hatto respublika televideniyesidagi namoyishiga ham yo‘l ochgan ustozlar, imtihon mas’ullariga yuzlanaylik. Nahotki, ulardan birortasi film uchun asos bo‘lgan asar muallifining huquqlari ko‘z oldida poymol qilinayotgani, o‘zlari ishlaydigan muassasada talabalarga mualliflik huquqi bo‘yicha alohida darslar o‘tilishini bilishmasa? (Jurnalxonlarimiz orasida esa “Domla, namuncha soddasiz, axir ular Qamchibek Kenjaning hikoyalarini o‘qiganmi-yo‘qligini, umuman, shunaqa yozuvchi borligini bilishadimi-yo‘qmi, avval shuni so‘rang!” deyotganlarni ham eshitib turgandaymiz, albatta.)
Nima deymiz: bugungi, bular singari “ustoz-u shogirdlar” uchun o‘zbek adabiyoti tashlandiq bog‘, egasiz chorvoq bo‘lib qoldimi? Xohlagan joyidan kirib, topganki narsa bilan qo‘ni-qo‘njini to‘ldirib chiqib, istagan bozoriga olib borib sotaverishadimi? Buning ham nomi san’at, shu ishlar ham madaniyat, mana shu amallarga o‘rgatiladigan joylar oliy o‘quv yurti sanaladimi?
Xalqimiz, millatimiz azaldan shunaqa edimi? Bular ham endi milliylik, milliy xarakter va milliy mentalitet unsurlariga aylandimi yo?
...Yodingizdami, Izzat Sulton va Uyg‘un qalamiga mansub “Alisher Navoiy” spektaklining bir sahnasida Navoiyni zaharlab o‘ldirish uchun Astrobodga kelgan Mansurga – o‘z millatdoshi, tildoshi va dindoshiga qarata mutafakkir bobomiz tagdor qilib “Vazifang og‘ir, Mansur!” deb qo‘yadi...
Bugungi adabiyotimiz, san’atimiz, umuman, milliy madaniyatimizda kechayotgan jarayonlarga boqar ekanman, negadir qulog‘im ostida hazratning shu xitobi takror-takror yangrayveradi. Hazrat-ku, beqiyos zakiy zot ekanligi tufayli bo‘lg‘usi xavfni oldindan sezadi, his qiladi.
Biz-chi? Mansurlarni, ularning yovuz niyatlarini, suhbatimiz davomida ayrimlarini eslaganimiz kirdikorlarini hali ham sezmayapmizmi?!
Rahmon QO‘CHQOR
“Ma’naviy hayot” jurnali, 2024-yil 3-son.
Adabiyot
Til
Adabiyot
Adabiyot
Jarayon
Til
Til
Jarayon
Tarix
Ta’lim-tarbiya
Tarix
Tarix
Din
San’at
//
Izoh yo‘q