Adabiyot
Globallashuv sharoitida mafkura poligonlarida inson qalbi va ongini zabt etishga bo‘lgan harakatlar tobora kuchayayotgani bor gap. Global miqyosda g‘oyaviy-mafkuraviy tahdid sifatida namoyon bo‘layotgan missionerlikning kuchayishi dunyo jamoatchiligi ruhiyati va ma’naviyatiga jiddiy ta’sir o‘tkazadi.
O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi qabul qilinganining 27 yilligiga bag‘ishlangan tantanali marosimdagi ma’ruzasida Prezidentimiz Shavkat Miromonovich Mirziyoyev “Barchamizga yaxshi ma’lumki, hozirgi kunda dunyo shiddat bilan o‘zgarmoqda. Insoniyatning taqdiri va kelajagiga tahdid solayotgan xavf-xatarlar tobora kuchayib bormoqda”, deya ta’kidlagani bejiz emas edi. Zero, bugungi kunda missionerlik zamirida mafkura poligonlaridagi kurashlarga juda katta sarmoya tikilayotganini kuzatish mumkin. Natijada, missionerlik aniq belgilangan siyosiy maqsadlarni amalga oshirishda yovuz va buzg‘unchi g‘oyalarni kuzlayotgani oydinlashadi. Ularning mazkur harakatlari iqtisodiy taraqqiyotdan orqada qolgan davlatlarga “beg‘araz yordam” niqobi ostida ayrim mustaqil davlatlarning ichki ishlariga ochiqdan ochiq aralashuvining yashirin ko‘rinishidir.
Demak, u yoki bu dinni bayroq qilib dunyoviy tartibotga qarshi yo‘naltirilgan radikal harakatlarga qarshi kurash olib borish ko‘p qirrali, ziddiyatli fenomen ekanligini inobatga olish zarur. Zero, jahondagi yetakchi davlatlar iqtisodiy yordam berish bahonasida missionerlik harakatlarini yo‘naltirish orqali o‘zlarining siyosiy shartlarini bajarishga majbur qiladi. Xususan, kuchli davlatlar kuchsiz davlatlarning ichki ishlariga din vositasida bosim o‘tkazishi yozilmagan an’ana. Ayniqsa, jahondagi yetakchi davlatlar dunyo zaxiralarini egallash va nazorat qilishda missionerlikdan mafkuraviy hujum quroli sifatida foydalanadi.
Jahonning muayyan hudud yoki mintaqasida katta ma’naviy yo‘qotishlar yuz berayotgani, mamlakatlardagi hukumat boshqaruvida o‘zaro qarama-qarshi kuchlarning shakllanishi missionerlik keltirib chiqarayotgan tahlikali vaziyatdir. Mazkur holatlar millatning asriy qadriyatlariga rahna solish, turmush darajasini izdan chiqarish orqali davlat boshqaruvida separatizmni kuchaytiradi va mamlakat suverentetiga jiddiy xavf solada.
Demak, noan’anaviy dinlar faoliyati dunyo hamjamiyatini tashvishga solayotgani bejiz emas – noan’anaviy dinlarning ijtimoiy bo‘y ko‘rsatishi bir qator muammolarni keltirib chiqaradi. Bir millatga mansub, bir tilda gaplashuvchi, umumiy tarix va yagona davlatga ega bo‘lgan fuqarolarni diniy asosda bo‘lib tashlashga qaratilgan harakatlar har qanday jamiyat hamda davlat uchun ko‘rinib turgan tahdid. Insoniyatning ko‘p asrlik tarixi dindan niqob sifatida foydalanish, undagi g‘oyalarni vayronkorlik ruhida talqin etish insonlar boshiga ko‘plab kulfatlar keltirganini ko‘rsatadi.
Bugungi kunda noan’anaviy diniy jamoalar tomonidan qilinayotgan targ‘ibot va tashviqotlar oqibatida konfessiyalararo nizolar kelib chiqmoqda. Ayniqsa, ayrim diniy tashkilotlar tomonidan o‘z saflarini kengaytirish maqsadida o‘zga din vakillari o‘rtasida missionerlik faoliyatini olib borish diniy adovatlarga sabab bo‘lyapti. Afrika va Osiyo mintaqasidagi qator mamlakatlarda missionerlik natijasida tub aholining diniy tarkibidagi muvozanat buzilishini kuzatish mumkin – masalan, turli din vakillari orasida doimiy ravishda kelib chiqayotgan diniy adovatlar.
O‘tgan asr davomida Sudan Respublikasining asosiy neft zaxiralari joylashgan janubiy hududlari katolik va protestant missionerlari tomonidan faol xristianlashtirilgan edi. Ayrim ma’lumotlarga ko‘ra, ushbu hududda markaziy hukumatga qarshi qurolli chiqishlar oqibatida 1,5 millionga yaqin odam nobud bo‘lgan. Musulmonlar ko‘pchilikni tashkil etuvchi Afrikadagi eng yirik mamlakat Sudan buyuk madaniyat va taraqqqiyot davrlarini boshidan kechirgan xalq va millatlar o‘rtasida o‘zaro nizo va adovatlar kuchayishi natijasida 2011 yili asosiy qismi xristianlardan iborat janubiy Sudan Respublikasiga bo‘lib yuborildi.
Indoneziyaning xristianlashtirilgan shimoliy hududlari – Sumatra, Sulavesi va Molukko hududlarida ham muttasil ravishda musulmonlar va xristian prozelitlari o‘rtasida diniy nizolar, to‘qnashuvlar, qotilliklar, terrorchilik harakatlari ro‘y berib turishi ko‘pchilikka ma’lum. Dunyodagi “ayrim” siyosiylashgan diniy markazlar faoliyati mustamlakachilik va yangi mustamlakachilik, buyuk davlat shovinizmi, xalqaro munosabatlarda diniy zo‘ravonlik asosida mamlakatlarda parokandalikni keltirib chiqarmoqda. Shu tariqa, “iqtisodiy yordam” bahonasida rivojlanayotgan davlatlarning ichki ishlariga arlashiladi. Natijada, hokimiyat uchun kurash, ayrimachilik, chegaraviy va mintaqaviy ziddiyatlar, etnik mojarolar ekstremizm va terrorizmning yana-da kuchayishiga zamin yaratiladi va o‘z navbatida, mamlakatda diniy tuyg‘ularning kuchaytirishi orqali bir-biriga qarama-qarshi turgan guruhlarni shakllantiradi. Mafkuraning eng keng tarqalgan shakli bo‘lgan dindan siyosiy partiyalar ham foydalanadi. Keyingilar esa dinning asl mohiyatini buzib, uni niqob qilib oldi.
Globallashuv davrida dunyodagi ayrim siyosiy kuch markazlari o‘zlarining geostrategik maqsadlarini amalga oshirishda tanlangan mamlakatni o‘ziga tobe qilishda “nishon” sifatida missionerlikdan foydalanmoqda. Jahonda geosiyosiy kuchlar muvozanatining o‘zgarishi, ayrim rivojlangan davlatlarning o‘z demokratiyasini “eksport” qilish orqali dunyoga hukmronlik uchun ochiqdan-ochiq da’vogarligi hech kimga yangilik emas. Shu tariqa, dunyo miqyosida ijtimoiy tabaqalanishning kuchayishi, bozorning shavqatsiz raqobati, iqtisodiy inqiroz tufayli ommaning diniy psixologiyasi o‘zgarishi ro‘y beradi va bu missionerlikka o‘z manfaatlari yo‘lida foydalanishga zamin yaratadi.
Muayyan mintaqa va hududda vujudga kelayotgan yangi diniy harakat (YDH)larning missionerlik faoliyati uch bosqichda amalga oshiriladi. Ya’ni, “missionerlik hudud”ini o‘rnatish, uni xorijiy sarmoyalar asosida moliyalashtirish va shu orqali diniy jamoalar sonini ko‘paytirish. Natijada, missionerlikning faol targ‘ibot va tashviqoti oldin mavjud bo‘lmagan yuzlab xristianlik konfessiyalarini vujudga keltiradi. Jahon miqyosidagi global ijtimoiy-iqtisodiy inqiroz davrida davlatlarning bir tuzumdan ikkinchisiga o‘tish sharoitida missionerlik yana-da avj olmoqda.
Yaqin Sharq mintaqasi, jumladan, arab mamlakatlariga o‘z ta’sirini o‘tkazishga urinayotgan kuchlar o‘rtasidagi geosiyosiy raqobatning kuchayishi ular mustaqilligiga tahdidlarning yangi turlari bo‘lib maydonga chiqyapti. Yaqin Sharq va Shimoliy Afrika, ayrim arab davlatlarining geosiyosiy va geostrategik ahamiyati ortib borayotgani, ulkan tabiiy-iqtisodiy va boshqa resurs salohiyatiga egaligi bilan ham doim jahon hamjamiyati diqqat markazida turadi. Zero, missionerlik harakatlari natijasida “inson huquqlari”, “vijdon erkinligi”, “demoraktik erkinliklar”ni olg‘a surish uchun ko‘rsatilayotgan “ko‘mak” aslida mamlakatni parokandalik sari siyosiy boshboshdoqlikka yetaklayotgan ko‘rinmas kuch bo‘lishi ham mumkin. Erkinlik, demokratiya inson huquqlari kabi jozibali g‘oyalarni niqob qilib olgan bu siyosiy kuchlar shu asosida dunyodagi xohlagan mustaqil davlatning ichki ishlariga aralashib, g‘arazli maqsadlarga erishmoqchi bo‘ladi.
Mutaxassislar o‘tkazgan “strategik tadqiqotlar” natijasiga ko‘ra, missionerlik dunyoda global miqyosda turli konfliktda va qat’iy geosiyosiy bosimda ekan. Missionerlik ta’siri ostida har qanday xalq va millatning madaniy ildiziga tahdid solish orqali o‘ta radikal millatchilik harakatlarini vujudga keltirish mumkin. Shu tariqa, ayrim siyosiy kuchlar o‘zining gegemonligini o‘rnatish maqsadida g‘oyaviy-mafkuraviy, geosiyosiy, madaniy jihatdan ustunlikka erishadi.
Xususan, global iqtisodiy inqiroz davrida missionerlik dunyoning nochor davlatlari taraqqiyotiga go‘yoki “iqtisodiy yordam” ko‘rsatib qashshoqlik, ochlik, nochorlikni bartaraf etish maqsadida “maqsadli” yordamini tavsiya etgan bo‘ldi go‘yo. Natijada, xorijdan yo‘naltirilayotgan “maqsadli” iqtisodiy yordam ta’sirida rivojlanayotgan davlatlar o‘rtasidagi tengsizlik tobora keskin tus olishi bir qator tahlikali vaziyatlarni vujudga keltirdi va noan’anaviy diniy jamoalar ko‘paydi. Shu tariqa mavjud diniy tashkilotlar o‘rtasidagi tafovutlar oqibatida konfessiyalararo nizolar kuchaydi.
Globallashuv sharoitida sivilizatsion modernizatsiya jarayonlarining o‘zaro ziddiyati insoniyat sivilizatsiyasining inqirozidan dalolat beradi. Ma’lumki, inqirozning asosini global kapital agentlari bo‘lmish transmilliy korporatsiyalarning g‘arazli manfaatlari tashkil etadi. Buning oqibati o‘laroq ayrim sivilizatsiyalar va dinlarning global tarzda missionerlikka qo‘l urishi kuzatilmoqda, ammo ularning siyosati boshqa sivilizatsiyalar vakillari yoki “begona”lar uchun zararli deb baholanishi mumkin. Fikrimiz tasdig‘i sifatida XVI asrda vujudga kelgan mustamlakachi imperiyalar jahon mustamlaka tizimining paydo bo‘lishiga zamin yaratganligini keltirish joiz. Natijada, G‘arbning yirik davlatlari mustamlakalarga nafaqat iqtisodiy, siyosiy, balki madaniy gegemonligini ekspansiya qildi.
XX asr o‘rtalariga kelib dunyoda mustamlaka tuzumlarning inqirozi global missionerlikka bo‘lgan ehtiyojni tugatishga zamin yaratdi. Ammo, bugungi kunda G‘arb madaniyatining o‘z ustunligidan mahrum bo‘lganiga ko‘nika olmayotgan ayrim radikal guruhlar missionerlikdan voz kechmayotganligiga guvohmiz. Xususan, missionerlik tarafdorlari o‘zga sivilizatsiya resurlarini eskpluatatsiya qilish hisobiga iqtisodiy, siyosiy va madaniy sohalarning ko‘pgina jihatlarida yorqin muvaffaqiyatlarga erishmoqda. Shu o‘rinda missionerlik tashkilotlarining strategiyasiga e’tibor qaratilsa, odatda ular o‘z maqsadlarini rasman oshkor etmaydi. Tashkilot a’zolari “bizning maqsadimiz – kambag‘allikni umuman yo‘q qilish” shiori ostida “hamma ekkanini o‘radi”, “bo‘lib tashla va hukmronlik qil” g‘oyasi bilan faoliyat olib boradi. Aynan, bugungi kunda dunyoda global miqyosda demokratiya o‘rnatilishi, insonlarning huquqlari ta’minlanishi bahonasidagi missionerlik oqibatida Shimoliy Afrikada, Yaqin Sharqda va Sharqiy Yevropa, xususan Ukrainada yuz minglab begunoh insonlarning bevaqt o‘limi kuzatildi.
Hozirgi kunda dunyo hamjamiyatining tinchligiga rahna solayotgan missionerlik tashkilotlari o‘zlarining asl maqsadlarini din manfaatlari bilan niqoblashga urinadi. Shu bois bunday missionerlik guruhlarining va’zlarida Xudo ko‘p tilga olinadi. Natijada, xristianlik dini va xususan G‘arb loyihasi xalqaro axborot tarmog‘ida dunyodagi eng ilg‘or, taqlid qilsa arziydigan mafkura sifatida targ‘ib qilinadi. Aynan, mazkur omillar, missionerlik jabhasidagi hujum keng miqyosda, chinakam global darajada olib borilmoqda. Bu haqda rus tadqiqotchisi A.Panarin bundan 15–20 yil muqaddam missionerlarni “dengiz qaroqchilari” deya atab, ularning faoliyatini obrazli tarzda tasvirlagan edi: “quruqlikdagi bosh istehkom, dunyoning asosiga qarshi Bugun Dengiz qit’ani nafaqat jismonan zabt etishni, u qit’a ertasini – ming yillar davomida ishlab chiqilgan va qit’a antropologik qiyofasi uchun javobgar bo‘lgan ruhiy-psixologik strukturasini vayron etishni reja qildi. Shu maqsadda qit’a aholisini avtoxtonlar va beshinchi kolonnaga bo‘lish operatsiyasi olib borilmoqda, beshinchi kolonnadan ko‘zlangan maqsad esa dengiz kelgindilariga qit’a qal’asining darvozalarini ochib berishdir.
Ko‘z oldimizda “elita” (madaniy, siyosiy, xo‘jalik yurituvchi) tushunchasining o‘zi misli ko‘rilmagan darajada o‘zgartirib yuborilmoqda. G‘arbcha kun kechirish imtiyozini, bu imtiyoz ko‘pchilikka yopiq ekanligiga qaramay, o‘zlashtirayotganlar o‘zlarini elita so‘zi bilan atay boshlamoqda. Elita bugungi kunda dengiz qaroqchilariga sadoqatliligi, ularning kemasiga o‘tib olishga tayyorligi bilan xarakterlanmoqda”, – deya alohida e’tibor qaratib o‘tgan edi. Missionerlikda bu o‘ziga xos “zabt etish” jarayonining eng ta’sirchan jihatlaridan biri sifatida manfaatlar, qadriyatlar ko‘rinishida namoyon etiladi. Aynan, globallashuv shiddatining tobora avj olishi dunyo miqyosida geosiyosiy jarayonlarga bevosita ta’sir ko‘rsatadi. Natijada, mazkur holat dunyo qiyofasini tubdan o‘zgartirish orqali muayyan mintaqa va hududda geosiyosiy ta’sir doiralarini qayta taqsimlashga bo‘lgan harakatlarni keltirib chiqaradi. Aynan, globallashuv sharotida dunyodagi “ayrim” siyosiy kuchlarning ba’zi doiralar dindan xususan, missionerlikdan o‘zlarining g‘arazli maqsadlariga erishish vositasi sifatida mutaassiblik, fanatizm hattoki, davlat to‘ntarishlari kabi qabih yo‘llaridan foydalanayotgani, afsuski, hech kimga sir emas.
Bir necha asr oldin koloniyalashtirish xristianlikning shioriga aylangan bo‘lsa, hozirda “jahonga kirib borish” aynan missisonerlik harakatlari oqibatida tobora kuchaymoqda. Axborot-tahliliy tadqiqotlar natijalari ham diniy sohaga bevosita daxldor ushbu global hodisalarning tobora chuqurlashib, qamrovi kengayib borayotganini ko‘rsatadi.
Bugungi tahlikali vaziyatga baho berar ekanmiz, xalqaro xavfsizlik va barqarorlikka tahdidlarning ko‘lami kengayib, geosiyosiy raqobatning oshib borayotgani, g‘oyaviy-mafkuraviy ekspansiyaning faollashayotganini ko‘ramiz. Mana shunday murakkab sharoitda mamlakat xavfsizligi va jamiyat barqarorligiga, uning manfaatlariga, millat kelajagiga rahna soladigan har qanday kuchga qarshi kurashish vazifamiz. Xalqimizning aql-zakovati, bukilmas irodasi va salohiyatiga, o‘z kuch va imkoniyatlarimizga tayanib mafkuraviy tarbiya vositasida ogoh, sezgir va hushyor bo‘lish muqaddas burchimizdir.
Mansur MUSAYEV,
Ijtimoiy-ma’naviy tadqiqotlar instituti bo‘lim boshlig‘i, siyosiy fanlar bo‘yicha falsafa doktori
Adabiyot
Adabiyot
Til
Adabiyot
Adabiyot
Jarayon
Til
Jarayon
Tarix
Ta’lim-tarbiya
Tarix
Tarix
Din
San’at
//
Izoh yo‘q