Ekolog olim, Termiz davlat universiteti professori Xolmat Zokirov bilan suhbat.
– Domla, avvalo ma’naviyat tushunchasiga lo‘nda izoh bersangiz...
– Men ekologman, tabiatshunosman. Shu nuqtai nazardan kelib chiqib aytar bo‘lsam, ma’naviyat insonni hayvonzotdan va o‘simlikdan farqlaydigan kuch. Nabobot va hayvonot olamida insonga xos asil narsalarning ko‘pi yo‘q. Deylik, odamning xotirasi, til imkoniyatlari, yaratuvchanlik, ijodkorlik xususiyatlari hayvonga begona, o‘simlik ham bundan mosuvo. Holbuki, hayvon ham, o‘simlik ham inson kabi tirik jon. Bir so‘z bilan aytganda, ma’naviyat odamning odamlik qiyofasi. Ammo gap bu yuksak darajani qanday tutib turishida. Bizning Surxon vohasida bosar-tusarini bilmay, odamlarning haqqini unutgan kishiga dakki berishning ajoyib shakli bor. Ya’ni, bir og‘izgina savol berishadi: “Insofing bormi?”. Ushbu so‘z menga doim “Ma’naviyating bormi?” deganday eshitiladi. Bu savol aslida o‘zini bilgan odamga juda og‘ir botadi. Qalbida iymoni bor odamning bu savoldan keyin, shubhasiz, peshonasidan ter chiqib ketadi. Aslida shuning o‘zi katta gap.
– Siz tumanda yoki o‘rta ta’lim maktablarida ma’naviyat ishlari bo‘yicha faoliyat yuritsangiz, ishni nimadan boshlagan bo‘lardingiz? Umuman, ma’naviyat vakilini qanday tasavvur qilasiz?
– Ma’naviyatga intilish, ma’naviyatni boyitib borish aslida har birimizning insoniy burchimiz. Buning uchun ma’naviyat bo‘yicha biror sohaga mas’ul bo‘lish shart emas. Agar siz aytgandek ma’naviyat sohasiga rahbar bo‘lib qolsam, avvalo ishni o‘zimning so‘zim bilan amalimning bir-biriga muvofiq kelishidan boshlardim.
Bir og‘riqli masalani ham aytib qo‘yay, ma’naviyat majlisbozlik bilan singdirilmaydi. Ma’naviyat har bir insonni inson sifatida tushunishdan boshlanadi.
– “Xalqimizning juda boy ma’naviy merosi bor!”. Bu gapni doim ishlatamiz. Bu chin gap. Ammo bu meros asli nimalardan iborat, uni biz bugun qanday qabul qilayapmiz, qay yo‘sinda undan foydalanayapmiz? Bu jarayondan qoniqasizmi?
– Bizning uzoq tariximiz, serqirra og‘zaki ijodimiz, allomalarimiz bitib ketgan minglab jild kitoblar – haqiqiy ma’naviy xazina. Aslida har bir insonning ichki dunyosi o‘zgacha bir olam, demak, biz har bir kishiga individual yondashmog‘imiz kerak.
Ma’naviyat ibrat va namuna orqali yoshlar hayotidan o‘rin egallaydi. Otasi qarta o‘ynab, onasi serial ko‘rib o‘tirib o‘g‘il-qizlarini o‘qimishli bo‘lishga undashi kulgili holat. Bu xuddi yoriq ko‘za bilan suvga borishga o‘xshaydi.
Zotan, muqaddas kitoblarda urg‘u berib aytilganidek, “Islohni o‘zingdan boshla!” degan so‘zlarga jiddiy e’tibor berishimiz shart. Biz hamisha islohotni o‘zimizdan, oilamizdan, farzandlarimizdan boshlashimiz kerak. Ana shunda maqsadga erishamiz, aksincha safsatabozlikdan boshqasi bo‘lmaydi.
Bugungi global isish, tabiat sinovlari, epidemik holatlar qatorida global qadriyatlar ham bor. Bu degani butun bashariyatning boy tajribasi, merosi umumiy boylikdir. Beruniyning “Mineralogiya” asari ham, Nyutonning qonunlari ham barchaga teng ilmiy obidalar. Shu bilan birga hammani esdan og‘diradigan, besharmlikni, beshafqatlikni targ‘ib etadigan va juda yuqumli bo‘lgan illatlar ham borki, bularning ziyoni “Kovid-19”dan kam emas. Va bu ko‘z ilg‘amas falokatlar ham umumiydir. Shu boisdan ham o‘zlik degan katta ma’naviy zaminda turib dunyoning inson iqboli uchun xizmat qiladigan qadriyatlaridan ham unumli foydalanishni o‘rganishimiz zarur.
– Respublikamiz ilm ahli sizni avvalo ona tabiatimizning jonkuyari, ekolog olim sifatida taniydi. Olimlik sharafi hamisha ulug‘ sanalgan. Ayniqsa, bugungi tabiat va inson o‘rtasida katta kurash ketayotgan bir paytda. Sizning – ekolog olimning qalbidagi ma’naviyat bevosita ona tabiat bilan uyg‘un. Shunday emasmi?
– E’tibor bering, aslida biz kimmiz, tabiatning bir zarrasimiz, agar tabiatga qarshi kurashamiz desak aslida o‘zimizga qarshi kurashamiz, kelajak avlodimizning hayotiga qarshi kurashgan bo‘lamiz. Tabiatni ona deymiz. Ona deyishga deymiz-u, ba’zan xizmatkor darajasida ham qadrlamaymiz. Bugungi kunda daraxtlarga ham pasport berish yo‘lga qo‘yilayotgan, ularni himoya qilish bo‘yicha qarorlar qabul qilinayotgan og‘riqli davrda turibmiz. Bir tup archa bir yilda o‘zida 6 tonnagacha suv to‘playdi. Muttasil kislorod ishlab chiqaradi. Bir tilsiz archa umri davomida insonga xizmat qiladi, uning hayoti uchun o‘zini bag‘ishlaydi. Biroq bir vallomat boradi-da, 100 yillik archani besh-olti daqiqada saranjom qiladi. Uning bor maqsadi archadan uyiga ustun qilish yoki shu tilsiz-jag‘siz daraxtning ikki-uch metrlik uyini – yerini tortib olish. O‘tkinchi umrida bir tup nihol ekmagan bu odam vatanga ham naf bermaydi, birovga yaxshilik ham qilmaydi. Dunyoda harorat keyingi 40 yilda 0,04 daraja ko‘tarildi. Muzliklar erib borayapti. Noyob turlar qirilib ketmoqda. Bularning hammasi insonning o‘ziga ziyon.
Ana endi o‘ylab ko‘ring, bu falokatlarning oldini olish uchun nima kerak? Eng ta’sirchan omil nima? Bu – ma’naviyat! Jamiki yuksalishlar asosida ma’naviyat tursa, barcha yo‘qotishlar ortida ma’naviy tanazzul turadi.
Shu o‘rinda Qur’oni karimga murojaat qilamiz: “U sizlardan qaysingizning amali yaxshiroq ekanini sinab ko‘rish uchun olti kunda osmonlar-u yerni yaratdi. O‘shanda arshi suv ustida edi. Agar sen “Sizlar o‘limdan keyin qayta tiriltirilasizlar” desang, kufr keltirganlar albatta “Bu ochiq-oydin sehrdan o‘zga narsa emas” derlar” (Hud surasi 7-oyat). Ushbu ilohiy amrlarning nozil bo‘lishi bejiz emas, albatta. Fasohat bilan razm solinsa, bu qutlug‘ matnlarda bugungi kunimiz uchun ham juda katta ibrat va xulosalar mavjud. Inson ko‘p asrlik ilm-u zakovati bilan bittagina chumolini ham yaratolmaydi. Shunday ekan, muqaddas so‘zlarga amal qilgan holda ish ko‘rishi ham kerak.
– Milliy g‘urur tushunchasini bugun ayrimlar kibr bilan adashtirayotganga o‘xshaydi. Inson uchun o‘zidan, o‘zligidan g‘ururlanish aslida fazilat emasmi?
– G‘urur bilan kibr aslida ikki narsa. G‘urur o‘zidan rozi bo‘lish, o‘zi bajargan ishdan mamnuniyat hissini tuyish, o‘z faoliyatidan, taqdiridan ko‘ngli to‘lish.
Kibr esa o‘zini baland qo‘yish, atrofdagilarni mensimaslik. G‘urur – fazilat, kibr esa – illat, bu ikki tushunchani hech qachon aralashtirmaslik kerak.
Birgina Termiziylarning ilmiy merosini olib qarang – ummon qadar cheksiz. Bugunga qadar bir yuz ellikka yaqin Termiziy allomaning nomi aniqlandi. Ular qoldirgan meros qanchalik buyukligini bilayapsizmi? Bunday tarix bilan, bunday ajdodlar bilan g‘ururlanmay bo‘ladimi? Ammo birgina g‘ururning o‘zi yetarli emas. Ushbu merosga munosiblik hissi ham bo‘lishi kerak va u bugungi avlod tomonidan ijodiy rivojlantirilishi lozim. Farzand otaning obro‘si va merosiga suyanib qolsa noshudlashadi, aksincha, o‘sha merosga hamohang rivojlansa el aro obro‘ topadi, rizqi butun bo‘ladi.
– “Odamning tabiati tuprog‘i olingan joyiga o‘xshaydi” degan naql bor. Shu ma’noda, xalqimizning fe’l-atvori bizga ma’lum. Ammo bugun ham xulqimizga, ham biz mansub zaminga yot bo‘lgan turli hodisa va voqealar ham sodir bo‘layapti. Ma’naviyat va qadriyatlarimiz, an’analarimizga tahdidlar kundan kunga ko‘payib bormoqda. Sizning tabiat bilan uyg‘un hayotingizga, ilmiy faoliyatingizga bu narsalar qanday ta’sir etayotir?
– Bunday paytda insonning ongini, tafakkurini himoya qiladigan birdan bir kuch sifatida teran aql, yuksak ma’naviyat, mustahkam iymon-e’tiqod va chinakam insof-diyonat maydonga chiqishi zarur. O‘zingiz o‘ylang, uzoq tarix davomida xalqimiz boshidan ne kunlar kechmagan, bu xalqning dinini, e’tiqodini, tilini, urf-odatini, an’ana va qadriyatini yo‘qotishga uringan barcha bosqinchilarning rejalari sarobga aylangan.
Bugungi kundagi ayrim dilni xira qiladigan holatlarga boqib turib, xalqimizning chapani bir gapi esimga tushadi. “Tuyaning yuki yengil bo‘lsa, baqiroq kelarmish” deydi xalq. Odamlarning turmushi chinakamiga yaxshilandi. Saksoninchi, hatto to‘qsoninchi yillarni eslang... odamlar kun ko‘rish uchun qancha zahmat tortar edi. Risoladagiday bitta to‘y qilish ko‘plarga armon edi. Bugungi hayotimiz bilan solishtirib bo‘lmaydigan bir tushkun hayotimiz bor edi-ku... Ammo odamlarda insof, oqibat bor edi. Bugun biz izlayotgan asosiy narsa ham ana shu noyob tuyg‘ular emasmi? Bu bilan og‘ir turmushni yoqlamayman, albatta. Biroq shukr kamaydi. Vatan tushunchasi yengillashib ketganday bo‘layapti. Bu hammamiz o‘ylab ko‘rishimiz kerak bo‘lgan masalalar...
Xalqimizni hamisha nima saqlab qolgan? Kuchli iroda, mustahkam sabr, zo‘r shijoat va g‘ayrat, toza e’tiqod va albatta yaxshi kunlarga umid... Shu narsalar xalqning ko‘ksini ko‘targan. Biz Xudoga ma’qul bo‘ladigan bu his-tuyg‘ularsiz murodga yetolmaymiz. Negaki, tabiatning o‘z ravishi bor...
“Avesto”da tuproq, suv, olov va havoni muqaddas bilish, pok saqlash borasida muhim ko‘rsatmalar bor. Yoki xalqimizning maqollariga bir e’tibor bering: “Birni kessang, o‘nni ek”, “Yaxshidan bog‘ qoladi, yomondan dog‘”, “Daryoning bo‘yida o‘tirsang ham suvni isrof qilma”, “Suvni ifloslama, Sulaymon ota tutadi” va hokazo... Bir so‘z bilan aytganda xalqimizning har sohadagi donoligidan kuch olaman va ana shunday bag‘rikeng xalqning vakili ekanimdan faxrlanaman.
– Xalqning yakdilligi hammasidan muhim. Uning butunligini nimalarda ko‘rasiz? Bugun shu butunlik bizda mavjudmi, qoniqarlimi?
– To‘g‘ri, birdamlik, jipslik, yakdillik xalqning butunligini belgilaydi, barcha g‘alabalarning garovi. Bizning yakdilligimiz shundaki, qancha bosqinlardan, istilolardan omon chiqdik, ba’zan yutdik, ba’zan yutqazdik. Ammo o‘zligimizni yo‘qotmadik. Tilimizni unutmadik, ba’zi ziyoli niqobidagilar unutsa ham xalq unutmadi. Dinimiz ham, an’analarimiz ham shu xalqning qalbida asrlardan asrlarga o‘tib omon keldi.
Eng muhimi o‘z davlatimizga ega bo‘ldik. Bugun bizning birdamligimiz yurtimiz taraqqiyotiga kamarbasta bo‘lishimiz, vatanimizni har qanday xavf va xatardan himoya qila olishimiz, shaxsiy manfaatdan vatan manfaatini ustun qo‘ya olishimizda ko‘rinishi lozim. El-yurtning manfaatini o‘zinikidan ustun qo‘yish chinakam ma’naviyat deb o‘ylayman. Yana gap milliy g‘ururga borib taqaladi: o‘zimizdan g‘ururlanishni farzandlarimizga o‘rgataylik. Chinakam jipslik shu farzandlar yuragida ildiz otishi kerak.
Shodmonqul SALOM yozib oldi.
“Ma’naviy hayot” jurnali, 2024-yil 3-son.
Adabiyot
Til
Adabiyot
Adabiyot
Jarayon
Til
Til
Jarayon
Tarix
Ta’lim-tarbiya
Tarix
Tarix
Din
San’at
//
Izoh yo‘q