Til insonga ato etilgan suv va havodek bebaho ne’mat. Misol uchun, qarshingizdagi odamga “men hozir bozorga borib keldim” degan gapni til vositasida bir-ikki soniyada yetkazish mumkin. Lekin xuddi shu xabarni imo-ishora bilan anglatish uchun ancha ko‘p vaqt kerak bo‘ladi.
Tilning naqadar muqaddasligi va hayot uchun qanchalar zarurligi haqida Qur’oni karimda ibratli voqea bayon qilingan. “Eslang, (ey Muhammad!) Rabbingiz farishtalarga “Men Yerda xalifa (Odam) yaratmoqchiman” deganida, (ular) aytdilar: “Unda (Yerda) buzg‘unchilik qiladigan, (nohaq ravishda) qon to‘kadigan kimsani yaratmoqchimisan? Holbuki, biz senga hamding bilan tasbehlar aytamiz va seni muqaddas deb bilamiz. (Alloh) aytdi: “Albatta, men sizlar bilmagan narsalarni bilurman”. (Alloh) Odamga barcha (yaratilgan va yaratilajak narsalarga tegishli) nomlarni o‘rgatdi. So‘ng ularni farishtalarga (birma-bir) ko‘rsatib dedi: “Agar (e’tirozingizda) rostgo‘y bo‘lsangiz, ana u narsalarni nomlari bilan menga aytib beringiz!” (Ular) dedilar: “Zoti poking haqqi, bizda o‘zing bildirganingdan o‘zga ilm yo‘qdir. Albatta, sen dono va hakimdirsan” (Baqara surasining 30–32-oyatlari).
Narsalarning nomlarini bilish shunchalar zarur ekan, niyat va xatti-harakatni, makon va zamonni, quvonch-u qayg‘uni, umuman, dildagi hissiyot va ilinjlarni osonlik bilan izhor etishning qanchalar muhimligi haqida so‘zlashga hojat yo‘q.
Shunday ekan, har qanday hurfikr inson o‘zining tilga munosabatini bu ne’matning muqaddasligidan kelib chiqqan holda belgilab olishi lozim. Gapirganda ham, yozganda ham har bir so‘z va har bir jumlaning mazmun-mohiyati, salmog‘i, ahamiyati va boshqa jihatlariga e’tibor qaratish kerak.
Abdulla Qahhor “Adabiyot – atomdan kuchli” deganida faqat adabiyotning o‘zini emas, umuman, so‘z qudratini nazarda tutgan bo‘lishi kerak. Buning tasdig‘i sifatida dono xalqimizning so‘z bilan “ilon inidan, pichoq qinidan chiqadi” degan naqlini keltirish mumkin. Bir og‘iz gap bilan odamni quyushqondan chiqarish yoki tinchlantirish hech gap emasligini hayotiy misollardan yaxshi bilamiz. Yomon gap yo shumxabardan odamlarning qon bosimi ko‘tarilishi yo allergiyasi qo‘zg‘ashi yo qand miqdori oshib ketishi hech gap emas. Deylik, “falonchi sening nafsoniyatingga tegadigan falon gap aytdi” yoki “shu bilan siringni hamma bilib bo‘ldi” qabilidagi gaplarni eshitgan odam birdan g‘azablanadi. Aksincha, “unday emas, boshqacha gapirdi”, “yo‘q, adashayapsan, aslida bunday” kabi gaplar odamni birdan tinchlantiradi.
Endi bevosita maqsad haqida so‘zlaydigan bo‘lsak, ko‘zlangan niyat bugun matbuotimizda, teleradiomizda, majlis-u yig‘inlarimizda tilimizga behurmatlik namoyon bo‘layotgan holatlardan ayrimlarini keltirib, hamyurtlarimizni bebaho ne’matlardan biriga o‘ta mas’uliyat bilan yondashishga da’vat qilishdan iborat. Zero, ne’matni qadrlamaslik, diniy qadriyatlarni hisobga olmagan taqdirda ham, yaxshilikka olib kelmaydigan qusurdir. Aytaylik, xalqimizda azaldan non yerga tushib ketsa, darhol olib, o‘pib, ko‘zga surib, tepaga olib qo‘yish odati bor. Bu – aziz ne’matga hurmat, bolalikdan hamma ko‘rib, diliga tugib qo‘yadigan tamoyil.
Xo‘sh, nonga munosabat shunday ekan, nima uchun ba’zi hollarda tilning hurmatini uni yerga uradigan darajada e’tibordan soqit qilamiz?
Quyida matbuot, teleradio, har xil anjumanlarda eng ko‘p uchraydigan qo‘pol xatolardan ba’zilarini keltiramiz.
Matbuotda ko‘zimiz tushadigan va teleradioda qulog‘imizga chalinadigan gaplardan biri “afsuski” so‘zi bilan boshlanadi. Bunday jumlalarning aksariyati “achinarlidir” so‘zi bilan yakunlanadi. “Afsuski, falon narsa bo‘lmadi” yoki “falon ish-harakat tufayli falon narsa bo‘lmadi” deganda, ko‘rsatilayotgan muammoning mohiyati ochilgan bo‘lardi.
Ko‘p hollarda “aytish kerakki” deb boshlangan jumla “deyish mumkin” degan so‘zlar bilan yakunlanayapti. Ehtimol, efirda bu nuqson bilinmasligi mumkindir, lekin chop qilingan narsada yaqqol ko‘zga tashlanib turadi.
O‘ylab ko‘raylik. Har bir yozganimiz va har bir aytganimizni.
Yaqinda “hayotimni qo‘yganman” degan gap chiqdi. Videofilm ko‘rasizmi, radio eshitasizmi, matbuot o‘qiysizmi – baribir. Ota bolaga, o‘g‘il onaga, kuyov kelinga shunday va’da berayapti. Hayot hech qayerga qo‘yilmaydi! Hayot tikiladi. Tikilganidan keyin undan qaytib bo‘lmaydi. Bu – juda og‘ir gap. Uni har kim aytavermasligi kerak. Hatto videofilmda ham.
“Har” so‘zi ko‘pchilikni sarson qilayapti va savodsizligini ko‘rsatib qo‘yayapti. Ilgarigi davrda jurnalistika yo filologiyani bitirib kelgan odam bilan ehtiyot bo‘lib gaplashilardi, hozir ularga hamma narsani yangidan o‘rgatishga to‘g‘ri kelayapti. Mas’uliyatni kasbdan o‘rganadi, lekin savodini o‘sha o‘qigan joyida oshirmagan bo‘lsa, bor tinglovchilarini savodsiz qiladi.
Eng ko‘p uchraydigan jiddiy xato – to‘g‘ri kelsa-kelmasa “har” so‘zini hamma yoqda ishlatish. “Har bir Alloh taoloning so‘zi”, “har bir Imom Buxoriyning asari”. Bu o‘rinda, diniy tomondan qaraydigan bo‘lsak, gunohlarning eng kattasi bo‘lgan shirkka yo‘l qo‘yilayapti. “Har bir Alloh taolo” deganda, bir necha iloh tushuniladi, Alloh taoloning har bir so‘zi emas. Yana “Har bir prezidentning farmoni” yoki “to‘rtta prezidentning qarori” deganda esa prezidentlarning qarori tushuniladi. Aslida bu gap “prezidentning har bir farmoni” va “prezidentning to‘rtta qarori” deb aytilishi kerak.
Jumla tuzishda so‘zlarni o‘z o‘rniga qo‘ya olmaslik illati shu qadar keng tarqalib ketdiki, ayrimlar zamonaviy nashrlarni o‘qishdan bezib qoldi, teleradioni kuzatmay qo‘ydi. “Ochiqdan-ochiq ayollarga diskriminatsiya”, “gijjalar bilan qanday uy sharoitida kurashish mumkin?” degan jumlalar va telba-teskari iboralar har narsani o‘qib-eshitishga intiladigan yosh avlodning tafakkurini buzishi butun jamiyat kelajagi uchun zarardir. Hozir ba’zilar tarjimai holini yo ta’tilga chiqish arizasini ham yoza olmasligi mana shunday – mayda ko‘ringan, lekin tomib-tomib ko‘l bo‘lgan illatlarning oqibati bo‘lsa kerak. “Uy sharoitida gijjalarga qarshi qanday kurashish mumkin?” deyish qiyinmi?!
“Har ikkisi” yo “har uchalasi” degan so‘zlar ham juda urf bo‘ldi. Ikki kishi haqida gapira turib, har ikkisi deyish – bema’ni. Aslida “ikkovi” yo “ikkovining har biri” yo jo‘ngina “har biri” bo‘ladi.
“Haftaning har payshanba kuni” qabilidagi gaplar ham “har kasalligi”ning bir turi. Oyning har payshanbasi deyish mumkin, chunki bir necha marta keladi. Haftada esa bitta bo‘ladi. Shuning uchun oddiy qilib “har payshanba” desak, hech kimning g‘ijini kelmaydi.
“Har” bilan “hech”ning farqiga ham borish kerak. Bunday qo‘pol “adashish”ga misollar ko‘p. Mana bittasi: “Har bir shoirning kitobi vatan haqidagi she’rsiz chiqmaydi”.
Keyingi noo‘rin qo‘llanayotgan so‘zlardan biri “ajrim”dir. Bu hukm ma’nosini bildiradi. Masalan, “sudning ajrimi chiqqan” deymiz. Shuning uchun ajrim so‘zini oilaviy ajrashishlarga nisbatan ishlatib bo‘lmaydi. Masalan, “oilaviy ajrimga olib keluvchi falon sabab va omillar” deb ko‘p gapirilayapti.
Ssenariymi, ko‘rsatuv yo eshittirish matnimi, nutq, ma’ruza yo maqolami, nima yozishimizdan qat’i nazar, ortiqcha so‘z va qo‘shimchalarni o‘ylab ishlatishimiz kerak. Ilm egallashga bo‘lgan intilish, sportga bo‘lgan qiziqish va hokazo. Bu “bo‘lgan”larning nima keragi bor, tushunib bo‘lmaydi. Farosatimiz oqsashi oqibatida “bo‘lgan”ni “bo‘lmagan”ga aylantirayapmiz.
“Bejiz” so‘ziga -ga, “hozir” so‘ziga -da qo‘shish rasm bo‘ldi. Ruslar “в сейчас”, inglizlar “at now” demaydi. Boshqa xalqlar ham “hozir”ga bunday qo‘shimcha qo‘shmaydi. Biz qachon, qayerdan o‘rgandik, shuni sira anglab bo‘lmaydi.
Qo‘shimchalar orasida -lik masalasida ham ish pachava. Bu qo‘shimchani bo‘lar-bo‘lmas joylarga zo‘rlab kiritayapmiz. Borganliklari, kelganligi, boshqa shakli – borishlik, kelishlik... buni yozgan ham qiynaladi, o‘qigan ham, eshitganning esa ensasi qotadi.
Yana -lar qo‘shimchasi borasida ham ahvol yaxshi emas. Hurmat va ko‘plik ma’nosida ishlatilganda, e’tirozga o‘rin qolmaydi. Lekin bu so‘zni hamma yoqqa suqaverish savodsizlik va adabsizlikdir. Deylik, o‘zbek tilida raqam ishlatilsa, “-lar”ga hojat qolmaydi. O‘nta talaba, millionta kalava deb ketaveramiz. Bu bir jihati. Ikkinchidan, ko‘plikni har narsaga ham ishlatib bo‘lmaydi. “O‘nta talaba keldi” deymiz, “O‘nta talaba keldilar” demaymiz. Bir reportajda “Qazilma ishlari chog‘ida bu yerdan suyaklar chiqishdi” degan jumla ketgan edi. “Ularning falon ish qilishganliklari” tarzidagi qusurli gaplar efirda ham, nashrda ham ko‘p uchraydi.
Endi “shunday-bunday munosabatlari”ga ozgina to‘xtalsak. Shu deyish uchun avval bu deb olish kerak. Masalan, “bu kitob – foydali, shuni olaman” deyiladi. Biz esa biror iqtibos keltiradigan bo‘lsak, “falonchi shunday dedi:” ramkasini ishlatamiz. “O‘rmonga o‘t ketibdi, falonchi shunday dedi” desak, bu ma’qul. Lekin avval ma’lumotni keltirmay turib, “shunday”ni ishlatsak, g‘aliz bo‘ladi. Nima uchun hayotiy jumlalarning o‘zidan kelib chiqmaymiz? Masalan, ustoz biror narsani o‘rgatganda, “avval bunday qilasan, keyin mana bunday qilasan, shunday qilsang yaxshi bo‘ladi” deydi.
Shu safdagi yana bir qo‘pollik jumlada “qanchalik” so‘zi kelgan bo‘lsa, “shunchalik” so‘zi ishlatilmayotganidir. “Badantarbiyani qanchalik tez odat qilsangiz, o‘zingizga yaxshidir”. Bu jumla kemtikligi bilinib turibdi. Bunga qo‘shimcha sifatida “qancha”, “necha” va “nechta”ni ham farqlay bilish kerak. “Non qancha turadi?”, “non necha pul?”, “nechta non bor?” kabi savollar kundalik hayotda ko‘p ishlatiladi, lekin qog‘ozga tushishi bilan g‘alizlashib ketadi.
Biz “iliq” bilan “issiq”ni ham farqlamay qo‘ydik. Ob-havo ma’lumotida havo salqinroq bo‘lsa, “iliq” so‘zi ishlatiladi. Yozgi issiqlarga nisbatan “issiq” qo‘llanadi. Aslida issiqlik – fizikaga oid tushuncha bo‘lib, darajada aytilganda, unga izoh berish shart emas. “Issiq” bir daraja ham, million daraja ham bo‘lishi mumkin. “Iliq” esa o‘ta nisbiy tushuncha. Shimolda yashovchilar uchun iliq bo‘lgan daraja janubdagilar uchun sovuq bo‘ladi va aksincha. Qat’iy gap shuki, iliqlik hech qanday daraja bilan o‘lchanmaydi yo belgilanmaydi. Yana hammamiz ozmi-ko‘pmi biladigan rus tiliga qiyos qilsak, ular “столько-то градусов прохлады” yo “пятьсот градусов жары” demaydi. Shunday ekan, fizika atamalariga to‘liq amal qilish kerak. Havo haroratiga qarab, darajaga iliq-issiq deb baho berib bo‘lmaydi. Rus tilidan misol keltiradigan bo‘lsak, “...грасудов тепла” tarzidagi jumla ishlatiladi, ular “... грасудов жары”, “...грасудов прохлады” demaydi. Boshqa xalqlarda ham shunday.
Keyingi paytlarda “haqiqatdan”, “barchalarimiz” deyishga o‘rgandik. “Ma’nan”, “jismonan”, “tabiatan” deyilgani kabi “haqiqatan” demay qo‘ydik. “Hammamiz” deganda ko‘pchilikni, barchani tushunamiz, lekin “barchalarimiz”, “barchalaringiz” deyishni madaniyat, odob belgisi deb qabul qilib oldik. Ya’ni, savodsizlik adabga aylanib borayapti. Boshqa misol kerakmi?! “O‘qinilgan”, “aytinilgan” degan so‘zlar kunda-kunora quloqqa chalinayapti. “O‘qimoq”ning majhul nisbati – “o‘qilmoq”, “aytmoq”niki – “aytilmoq”. “O‘qinilmoq” degan fe’l yo‘q!
Albatta, bir maqolada bunday qusurlarning hammasini sanab o‘tishning iloji yo‘q (“ilojisi yo‘q” deyilmaydi). So‘z yakunida bir gapni aytib o‘tamiz, xolos: chiroyli gapirish yo yozishga ishtiyoqmandlar ko‘p. Afsuski, ularning aksariyatiga boshqalar “ustoz”, “domla” deb murojaat qiladi, aytganini mutlaq haq va to‘g‘ri narsa deb biladi. Odamlar teleradio va gazeta-jurnallar, majlis-u anjumanlardagi gaplarni etalon yo haqiqat sifatida qabul qilishga o‘rgangan. Shunday ekan, aytadigan yo yozadigan har bir narsamizga mas’uliyat bilan yondashishimiz zarur. Aks holda, bu shunchaki loqaydlik emas, balki o‘z ona tilimizga hurmatsizlik, kufroni ne’mat bo‘ladi.
Anvar BOBOYEV,
Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi
ilmiy xodimi
“Ma’naviy hayot” jurnali, 2024-yil 3-son.
“So‘zning tuzi nimada?”
Adabiyot
Til
Adabiyot
Adabiyot
Jarayon
Til
Til
Jarayon
Tarix
Ta’lim-tarbiya
Tarix
Tarix
Din
San’at
//
Izoh yo‘q