Global ruhiy stress oddiy voqelikka aylandi


Saqlash
15:44 / 15.10.2024 330 0

Inson kim o‘zi? U ne sir-sinoat?

 

Bir qarashda insonning kimligi aksiomadek aniq, bu haqda bosh qotirish ko‘p ham shart emasdek. Biroq bu savol paydo bo‘libdiki, unga hanuzgacha to‘liq javob berilmagan, keyin ham berilmasa kerak. Insonning suvrati-yu siyrati, tashqi-yu ichki dunyosi, shakli-yu mohiyati o‘rtasidagi nisbatni olaylik. Bu xususda barcha fan sohalarida – tibbiyotdan fiziologiyagacha, tarixdan filologiyagacha ko‘p-ko‘p ilmiy fikrlar bildirilgan, jild-jild kitoblar yozilgan, yozilmoqda. So‘nggi yillarda falsafiy antropologiya kabi jadal rivojlanayotgan fan tarmog‘i ham paydo bo‘ldi. Hammasi durust. Demak, inson haqidagi bilimlarimiz chuqurlashmoqda. E’tiborga molik asosli fikrlar talaygina. Ammo ular shunchalik sochilib ketganki, tizimlashtirish o‘ta mushkul. Ba’zan faktlardan ko‘ra ilmiy gipoteza izlanuvchilar joniga ora kirishi ham bor gap.

 

Odamzodga Yer kurrasidan boshqa qo‘nimgoh yo‘q. Ne tongki, inson buni bilaturib ham, oshyoni va o‘zini asrash haqida bosh qotirmaydi. Bashar farzandining ong-tafakkuri hamda faoliyatida aqldan ko‘ra his-hayajonga tayanish, yengil-yelpi yo‘l izlash, o‘zini urintirmaslik kayfiyati ustuvor. Bu yo‘l nainki nomaqbul, balki halokatli ekanini odamlar har doim ham anglamaydi. Aks holda, bundan ikki ming yil avval yunon-rim mutafakkiri Lutsiy Seneka farzandi Lutsiliyga nasihatida shunchaki o‘zgalar bosib o‘tgan yo‘ldan emas, balki hayot uchun shart bo‘lgan yo‘ldan yurishni eslatmagan bo‘lur edi (Луций Анней Сенека. Нравственные письма к Луцилию. Москва, “АСТ”, 2012. Стр. 448).

 

Odamzod o‘z o‘zanidan chetlashish, ato etilgan ilohiyligiga nisbatan bepisandlik boshiga abadiy sarson-sargardonliklar yog‘dirishini bilaturib bilmaslikka olmoqda. Komillik sari intilishni ixtiyor etmog‘i uchun bugun u qanday yo‘l tanlashi kerak? Bunday imkoniyatning o‘zi mavjudmi?

 

Bunday qaraganda, insondan donoroq, yuksakroq boshqa mavjudot ham, u aql-zakovati ila hal qilolmaydigan muammo ham yo‘qdek. U imkonsizlikni imkonga, ilojsizlikni ilojga aylantirishi mumkin. Bashariyat hayotining bardavomligi uchun javobgarlik insonning o‘z zimmasida. Ammo u yo‘l qo‘yayotgan jiddiy xatolar, qusurlar odamning benazirligi haqida aytilgan fikrlar asossiz ekan-da qabilidagi ishtibohni uyg‘otadi. Aslida, burch va vazifa o‘rtasida ulkan jarlik vujudga kelgan. Odamzod umumbashariy vazifasini va o‘z oldidagi burchini, jillaqursa, yarim-yorti bo‘lsa ham anglab yetishi, vijdoni oldida hisob berishi uchun yana qancha vaqt kerak ekan. Paydo bo‘lganidan to bugungacha necha asrlar o‘tib ketdi, lekin u ideallik pillapoyasiga hanuz yovuq borgan emas. Olam sir-asroridan uncha-muncha xabardor odamzod o‘zaro ziddiyatlar, manfaatlar-u dunyoqarashlar to‘qnashuvi oldida ojiz. Individual ong-tafakkur, salohiyat bilan umumbashariy intilishni bir-biriga taqqoslasak, muammoning ildizi ko‘rinadi-qoladi.

 

Bashar zoti o‘z tomiriga bolta uryapti, shakkoklik sari boryapti. Moddiy resurslarga ega turli guruhlar, fitnachilar, aksilinsoniy intellekt sohiblari aqlga sig‘mas ommaviy qirg‘in vositalarini kashf etmoqda. Global ruhiy azob (stress) holati oddiy voqelikka aylandi. Bu muammoga qarshi chora-tadbirlar ko‘rilayotir, albatta. Biroq ularning bari da’vat-u chaqiriq darajasidagina. Insoniyat allaqachon boshi berk ko‘chaga kirib qoldi. Undan chiqish uchun tamomila boshqa falsafa, boshqa tuzilmaga zudlik bilan o‘tishi kerak – boshqa yo‘l yo‘q. Demak, so‘z ibtido va intihoni unutmagan holda, hayotiy faoliyatning yangi qat’iyatlariga o‘tish haqida bormoqda. “Nahotki, ontologik jihatdan erkin odamzod shunday umr o‘tkazishni, ya’ni taqdirga tan berishni ixtiyor etgan, cheksiz imkoniyatlari, zakovatini faromush aylab, shunchaki tirik jonga evrilgan, timsoliy qilib aytganda, bir zamonlar yagona qo‘nimgohi bo‘lgan g‘orga yana qaytayotgan bo‘lsa?!” degan shubha bot-bot shuurimizda aylanyapti. Ayrim skeptiklar “Bu endi qismat, insonga mudom hamroh obyektiv, ya’ni uning izmidan tashqaridagi qonuniyat” desa, ishonamiz ham. Holbuki, voqelik allaqachon o‘zgarib ketgan bo‘lsa-da, insonni shunchaki boshqa unsurlar qatori narsa deb bilish, uning ekzistensial jihatdan tamomila alohidaligiga, o‘zini o‘zi qayta qura olishiga ishonmaslik tafakkurimizga mahkam o‘rnashib ulgurgan ko‘rinadi.

 

Dunyoda muammo ko‘p, lekin aksarining yechimi topiladi. Chunki inson aql-u zakovati yo‘q joydan yo‘l topish xususiyatiga ega. To‘g‘ri, qarshisida inson ojiz qoladigan voqeliklar ham yo‘q emas, albatta. Bu – boshqa masala. Ammo odamzod nega o‘zining bevosita ishtiroki ila yuzaga kelgan noxushliklarni sezmaydi, nima uchun ularni bartaraf qilmasligi kerak? Shunday ekan, nechog‘li buyuk bo‘lmasin, bugun bashar zoti gardaniga ayb yuklamoq joiz bo‘ladi.

 

Bani basharni birlashtirishga qaratilgan qanchadan qancha g‘oya, loyiha va ta’limotlar mavjud. Ularni, o‘z jonini garovga qo‘yib bo‘lsa hamki, benazir mutafakkir zotlar yaratgan. Ayni choqda, odamzodning shakkokliklarini ko‘raverib, ko‘plarining oxiri hafsalasi batamom pir bo‘lganini ham bilamiz. Bunyodkorlikmi yo vayronkorlikmi – barchasi uchun faqat inson va insoniyat ma’naviy javobgardir (Рашковский Е. Гуманитарная глобалистика: из трудов последних десяти­летий. Москва, 2022. Стр. 43). Endi jamiyat, inson qusurlardan xalos bo‘lib, “erkinlik olami” sari yuzlanishi lozim. Inson – ibtidodan majburlovdan xoli biosotsiogenetik fenomen, azalan va abadan erkin mavjudot. Unga nisbatan siyosiy, huquqiy, iqtisodiy va harbiy choralar qo‘llash aqldan emas.

 

Odamzod tobora chuqurlashayotgan umumbashariy noxush transformatsiyalarning oldini olish, asliga qaytish yo‘llarini faqat va faqat o‘z ichki dunyosidan izlashi lozim. Bunday omillar-u imkoniyatlar son-sanoqsiz, ularni izlab topish, inson xizmatiga yo‘naltirishda intellekt, ilm-fan, ratsional yaratuvchanlik kuchidan foydalanish kerak. Afsuski, bugun ilm-fandek benazir kuch turli-tuman diniy konfessiyalar, milliy-etnik xususiylik, faqat moddiy ne’matlar yaratish bilan bog‘liq o‘tkinchi jarayonlarga bo‘ysundirilgan va parchalangan, u milliardlab odamlarni birlashtiruvchi, asliga qaytaruvchi vositaga aylanmagan. Bashariyat muammolar yechimida ilm-fandan foydalanishi shart. U boshqaruv muassasalari va fan o‘rtasida izchil hamkorlik o‘rnatishi lozim.

 

Insoniyat asliga qaytishi uchun “global o‘zaro sidqidillik”ni ma’naviy kodeks, metanoyya, ya’ni tavba-tazarru qilish darajasida anglamog‘i lozim. Olis xomxayol bo‘lib tuyulsa-da, insoniyat Parvardigor ato etgan azaliy va abadiy o‘zaro samimiyat sari yuzlanishi uchun ontologik asoslar, tayanchlar mavjud. Ular jahon donolik xazinalari-yu ilmiy manbalar qa’rida asrlar osha mavridini bedor kutmoqdaki, ba’zilarini havola etishni lozim topdik. Odamni boshqa jonzotlardan ajratib, chin insoniylik darajasiga ko‘tarish mumkin, shu tufayli insoniyat hayotiylik, yaratuvchilik sari yuz tutar, degan umiddamiz. O‘rtaga tashlanayotgan fikr-mulohazalar taxminiy xarakterda, shuning uchun ularni yetarli faktologik ilmiy-nazariy asosga ega, deyishdan yiroqmiz.

 

Avvalo, odamzodning ibtidodanoq o‘zaro tandosh-qondoshligini anglay olish salohiyatiga to‘xtalsak. Bu fenomen nafaqat tabiiy fanlar, postnoklassik ijtimoiy-gumanitar yo‘nalishdagi ilmiy adabiyotlarda ham allaqachon e’tirof etilgan. Ilm ahli tomonidan odamzodning shunchaki o‘zaro biologik aynanlikdan tandosh-qondosh ekanini anglash bosqichiga o‘tishi bilan bog‘liq fikr shu kontekstda tushunilsa, to‘g‘ri bo‘ladi. E’tiborli jihati, bu gipoteza tarafdorlari tobora ko‘paymoqda. Ratsional tafakkur va jamoaviy ishlab chiqarish hayotni farovonlik tomon yo‘naltirdi. Bu ichki biologik transformatsiya va sotsiomadaniy imperativlik pirovardida muttasil harakatdagi “Inson – sotsium – kosmos” yaxlitligini yuzaga chiqardi. Bundan ikki ming yil avval yashagan ulug‘ faylasuf Arya Nagarjuna bitiklarida ham biqiqlikdan xoli bunday hayratomuz o‘zgarishga ishoralar borligi diqqatga sazovor (Цонкапа. Океан аргументов: большой комментарий к тексту Нагарджуны. Улан-Удэ, Издательство БНЦ СО РАН, 2020. Стр. 295–298).

 

Inson moddiy, ijtimoiy-siyosiy, g‘oyaviy va ruhiy holatlar, ularni turli xil baholash tufayli borlig‘ini, naslini, ontologik “chin burchi”ni unutgandek. Biroq jism-u jonga yo‘g‘rilgan chin axloq va chin burch, chin qalb va chin xulq-atvor ruhiyatni tamomila tark etmaydi. Hatto beburdlik va vayronkorlik sharoitida ham chin qalb inson jonini saqlab qolar ekan. Bunga hayotiy dalillar, ilmiy asoslar yetarli.

 

Mavridi kelib, barchaning fitratidan azaliy joy olgan insoniy burch tuyg‘usi uyg‘onib, insoniyat yana asliga qaytishi va ulkan ma’naviy birbutunlik yuzaga kelishi mumkin. Bu tasavvurga sig‘mas fenomenni “ichki ma’naviy sinxronlik” deymiz. Bu yo‘lda postnoklassik dunyoqarash bag‘rida kuchaygan “olam va odam” uyg‘unligiga doir g‘oya tasodif emas, balki azaliy ekaniga doir eng yangi ta’limotlarga suyanamiz (qarang: Скворцова Е. Киотоская философская школа и нигилизм. “Вопросы философии”, 2023, №7. Стр. 203-213; Битинайте Е. Между Божеским и человеческим. Размышления над книгой “Ведомый любовью. Воспоминания Винобы Бхаве”. “Вопросы философии”, 2022, №12. Стр. 192-200). Bu kolamli ichki botiniy transformatsiya, garchand aniq fanlar nuqtai nazaridan qaraganda, abstraksiya bolib tuyulsa-da, metafizik jihatdan anglanishi qiyin, ammo tolaqonli reallik sifatida yashashga haqli ekani isbotlandi.

 

Inson erkin mavjudot ekan, uning hayotiy faoliyati aynan chin erkinlikdan boshlangan. Shu asosda o‘zaro samimiyat, farovonlik hamda insoniylikka erishilgan. Biroq ijtimoiylik turlixillik kasb etgan sari asl tabiiy erkinlik o‘rnini ijtimoiy maqom, imtiyozga asoslangan “qo‘lbola” erkinlik, jamoaviylik singari notabiiyliklar egalladi. Pirovardida asl erkinlik tegishli tuzilmalar manfaatlariga mutlaq zidligi bois ming yillar davomida bani basharni parchaladi. Tandosh-qondoshlik o‘zaro dushmanlikka do‘ndi. Insonni inson qilib turgan sotsial konstantalar, tayanchlar o‘rniga sun’iy erkinlik chuqur ildiz otdi. G‘arbdagi noxush, xavfli transformatsiyaga e’tiborsizlik ayrim mutafakkirlar qalbini yaraladi. Ispaniyalik atoqli faylasuf Xaver Subirining kechinmalari shundan dalolat beradi (qarang: Амелина Я. Метафизика Хавьера Субири: вечный поиск между Богом и человеком. “Вопросы философии”, 2021, №6. Стр. 131–148).

 

Odamsiz olam – olam, olamsiz odam – odam emas. Bular bir-birini asrashga mahkum. Islom olamining zabardast mutafakkiri Ibn Arabiy “Inson dunyoni asraguvchidir. Zero inson tufayli dunyoning tarkibiy qismlari mukammallik, bardavomlik kasb etadi. Dunyoning abadulabad saqlanib turishida inson Olloh Taoloning vorisidir” deganida haq edi. Shunday ekan, ma’nan asliga qaytish, tavba-tazarruga yuz tutish odamzodni azaliy yakdillikka olib kelishiga oid g‘oya utopiyaga o‘xshasa-da, kuchli asosga ega. Zero chuqur tafakkur sohiblariga ko‘rinish bergan son-sanoqsiz hodisalar tegrasidan “qo‘nim topgan” ideallar, mavridi kelib, obyektivlik kasb etadi, realikka aylanadi (qarang: Шопенгауер А. Мир как воля и представление. Антология мировой философии в 4-х томах. Т. 3. Москва, “Мысль”, 1971. Стр. 691-692). Anglanishi qiyin, ammo shu fenomen odamzodni yana birlashtirishi mumkin va shart desak, xato qilmagan bo‘lamiz.

 

Bani basharni birlashtirishga qodir, ammo, afsuski, hozircha aksariyat kishilar tasavvuriga sig‘maydigan yana bir buyuk botiniy qudrat bu – komillik fenomeni. Dunyoning qay puchmog‘ida umrguzaronlik qilayotganidan qat’i nazar, komil insonlar g‘oyibona bir-biridan xabardor va o‘zaro hamnafasdek. Shu tarzda ular da’vati umumbashariy doirada bani basharni halokatli parchalanishdan asraydi. Mavlono Jaloliddin Rumiyning “Men yetmish uch mazhab ila birdurman” degan so‘zlarida ulug‘ insonlarning bani bashar yakdilligi yo‘lida aziz jonini ham ayamagani ayonlashadi. Najmiddin Kubro (O‘zbekiston), Lao Szi va Konfutsiy (Xitoy), Nagarjuna va Gandi (Hindiston), Mandela va Lumumba (Afrika), Bolivar va Che Gevara (Lotin Amerikasi), Janna d’Ark (Fransiya), Dostoyevskiy (Rossiya) kabi tarixiy shaxslarning insoniyat oldidagi xizmatini to‘liq sarhisob etishga qurbimiz yetmasa-da, ular siymosi tufayli bani bashar kelajakka umid ko‘zi bilan boqayotganini yana bir bor ta’kidlash foydadan xoli emas.

 

Biz turli obyektiv hamda subyektiv sabablarga ko‘ra bir-biridan yiroqlashgan insoniyat asliga qaytish, jondosh-qondoshligini chuqur his etishga mahkumligini taqozo etuvchi ichki asoslarning ba’zilari xususida so‘z yuritdik. Ularga doir ma’lumotlar tarqoq holda ilm sohalari qatlamlarida yashiringani bois buni yaxlit bir tizimga tushirish mushkul. Demak, insoniyat zakovati izlanishdan to‘xtamasligi lozim. Shunday yo‘l tutilsagina u ham o‘zini, ham koinotni asrab qolishi mumkin.

 

Insoniyatning o‘z sarchashmasiga ichki intilishi, xohish-irodasiga aytarlik bog‘liq bo‘lmagan, lekin bunga bevosita daxldor ekzogen tashqi imperativlar ham talaygina. Ilmiy farazlar mukammallikdan ancha yiroq, uzuq-yuluq bo‘lsa-da, ba’zilarini baham ko‘rishni lozim topdik. Ulardan biri – xronologik qisqa kesimda bo‘lmasa-da, odamzodning geotarixiy turli koordinatalarda o‘xshash sharoitda tug‘ilgani bilan bog‘liq sinxronlik nazariyasi. Mazkur xulosaning teologik hamda ilmiy-falsafiy manbalarda allaqachon mavjudligining o‘zi e’tiborga loyiq (qarang: Соловьёв Э. Прошлое толкует нас. Москва, Политиздат, 1991. Стр. 47). Keyinchalik u o‘z tasdig‘ini topadimi-yo‘qmi – boshqa masala.

 

“Kosmos – tabiat – inson” triadasidek azaliy va abadiy muvozanat-mutanosiblik holati qaytarilmaydigan fenomendir. Inson dunyoga kelishi bilanoq o‘z o‘zaniga tushgani haqida jo‘yali fikrlar yetarli. Xaos kosmosga aylandi. Odam olamga, olam esa odamga yo‘g‘rildi. Buddizm falsafasi o‘zak konsepsiyalaridan biriga ko‘ra, “o‘zaro bog‘liqlikda o‘zaro tug‘ilish” sodir bo‘ldi (qarang: Урбанаева И. Введение в трактат Чже ЦонкапыОкеан аргументов: Большой комментарий к тексту Нагарджуны “Miilamadhyamakakarika”. “Философия и культура”, 2020, №11. Стр. 44–58).

 

Muqaddas kitoblar hamda bitiklarda insonning yorug‘ dunyoga kelishiga doir hayratomuz o‘xshash syujetlar mavjud. Jumladan, insoniyat Fu va Shen (daosizmda), Mashna va Mashyane (zardushtiylikda), Chakravartin (hinduizmda), Odam Ato va Momo Havo (samoviy dinlarda) atalmish ilk odamlardan tarqalgani, ular “abadiylik beshigi”ni tark etib, foniy dunyoda qo‘nim topgani naql etilgan. Eng qizig‘i, ularning yuzlab yillar yashagani haqidagi ma’lumotlar bir xil. Shu asnoda beixtiyor “Balki muqaddas bitiklardagi syujetlar bir-biridan ko‘chirmadir?” degan shubha xayoldan o‘tadi. Gap shundaki, muqaddas kitoblar, bitiklar bir-biriga o‘xshash bo‘lmagan qadimgi sanskrit, qadimgi xitoy, yahudiy, yunon, oromiy, arab, dravidi va boshqa tillarda xatga tushirilgan. Bu lisonlar tarqalgan hududlar geografik jihatdan o‘zaro ancha uzoq joylashgan. Ilohiy kitoblar nozil bo‘lgan davrlar ham tarixan har xil. Bugunga kelib, xususan, tabiiy fanlarda ro‘y berayotgan an’anaviy qarashlarni qayta idrok etish, teologik ilmdagi ijobiy burilish, qolaversa, intellektual kuzatuvlar shunchaki shubhalarga o‘rin qoldirmayotir.

 

Odamzodning dunyoning turli koordinatlarida deyarli bir vaqt kesimida, “buyuk burilish nuqta”sida yaratilgani jumlai jahon xotirasidan, kerak bo‘lsa, ilmiy tafakkurdan joy olgani ham bor gap. Shunday ekan, “chegaraviy vaqt”ning quvvati insoniyatni qayta bir jon va bir tan bo‘lishga “majburlashi” ehtimoli katta. Bunday radikal evrilishlarning to‘satdan yuz berishidan keksa tarix xabardor.

 

Insonning imkoniyati cheksiz, lekin hamma amallarning chegarasi, me’yori bor. Odam farzandlari o‘sha “oxirgi chiziq”ni hatlamasdan ma’naviylikning boshqa ufqi tomon yuzlanmog‘i, juz’iy maqsad-mo‘ljallarni tark etib, yuksak cho‘qqilar sari burilishi lozim bo‘ladi. Odamzod xohlaydimi-yo‘qmi, ezgulikni tanlashga majbur va mahkum.

 

Burch haqidagi mulohazalarni yakunlar ekanmiz, odam psixologiyasidan joy olgan turli-tuman illatlarning hamon yuzaga chiqayotgani, ijtimoiy, ma’naviy va ruhiy deformatsiya odatiy voqelikka aylanayotgani, insonning o‘z qavmdoshlari bilan birlashtirib turgan tub ildizdan tobora yiroqlashayotgani, nafs-u manfaat qutqusi, imtiyozxo‘rlik kabi illatlar avj olayotganini qayd etishga to‘g‘ri keladi. XX asrning atoqli mutafakkiri Maks Veber taassuf ila yozganidek, individ moddiyunchilik balosi sababli jamoaviylik, hamnafaslikdek azaliy qadriyatlarni tark etib, sun’iylik sari yuzlanmoqda. Inson zotining shafqatsiz agregatga aylanish xavfi tobora oshmoqda, hamdardlik o‘rnini yalang‘och intellekt egallamoqda (qarang: Вебер М. Аграрная история Древнего мира. Москва, 2001. Стр. 35–39).

 

Yuksalish va innovatsiyadek bir-biriga yelkadosh tamoyillarning o‘zaro munosabati doirasida insonni tamoman boshqa mavjudotga aylantirish ehtimoli kuchaymoqda. Unga ato etilgan zakovat, tabiiylik, samimiylik haqida aytilgan barcha ezgu fikrlar-u orzu-umidlar sarobga aylanmasligi uchun odamzod, qanday bo‘lmasin, o‘z asliga yana qaytmog‘i darkor!

 

Temur JO‘RAYEV

 

Tafakkur jurnali, 2024-yil 3-son.

“Inson atalmish sinoat” maqolasi

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

So‘nggi maqolalar

Barchasi

Adabiyot

15:11 / 20.11.2024 0 111
Abdulla Qodiriy – o‘zbek detektivi asoschisi





Ko‘p o‘qilgan

Barchasi

San’at

16:08 / 28.08.2021 8 22030
Dunyoning eng mashhur va qadimiy besh muzeyi

//