Har qanday “poyezd”ning “so‘nggi bekat”i bor


Saqlash
20:50 / 14.10.2024 689 0

Bir yozuvchi yoshlik chog‘ida vokzal perronida o‘z poyezdini kutardi. To‘xtab turgan poyezd vagoni eshigi oldidagi maydonchadan esa to‘ladan kelgan, yirik basharali o‘spirin yigitcha unga qarab turardi. Poyezd sekin joyidan jilib, keta boshladi. Shu payt e yo‘q, be yo‘q haligi semiz yigitcha bo‘lg‘usi yozuvchi betiga tupurdi. Tupurganda ham yaxshilab – mazza qilib tupurdi. U mazax qilib, kulib poyezdda jo‘nab ketdi.

 

O‘shanda bu bo‘z bola nimani his etdiykin? Bizni haqorat qilishsa-yu, ammo javob qaytara olmasak – biz nimani his qilamiz? Poyezd ketib qoldi, biz esa yuzimizga tupuk sachragan holda perronda turibmiz – qalbimizda mutlaqo foydasi yo‘q g‘azab qaynaydi.

 

Yozuvchi bu voqeani ancha yillar esidan chiqarmadi. Yillar o‘tgach u anglab yetdi: bunday kaslar odamlarning shunday bir turiki – ular Surbetning avlodlaridir.

 

Bu kimsalar “qurbon”likka tanlagan odamining yuziga tupurish uchun poyezd yurishini maxsus kutib turishadi. Ular avval atrofga boqib kimnidir ko‘z ostiga olib qo‘yishadi, keyin esa og‘izlarini to‘ldirib tupuk to‘plab, poyezd yurishi bilanoq yuzingizga tupurishadi. Ular uchun eng muhim narsa – jazosiz qolish.

 

Ular ijtimoiy tarmoqlarda anonim sahifalardan ustingizga mag‘zava ag‘darishadi, tuhmat qilishadi, haqoratli sharhlar qoldirishadi. Ammo ular uchun eng asosiysi – jazosiz qolish! Ular o‘ta qo‘rqoq bo‘lishadi. Zolimlik va qo‘rqoqlik – yaqin qarindoshlardir, ular doimo juft-juft bo‘lib yurishadi.

 

Keyinchalik yozuvchi adabiyotda muvaffaqiyatga erishib, katta shuhrat qozondi. U muhim bir xulosaga keladi – odamlar turfa-tuman bo‘lishadi. Insonlar orasida yurgan surbetlar o‘zlarining aslida kimligini juda ustamonlik bilan niqoblashning uddasidan chiqa oladilar, ular boshqalar bilan birga xuddi oddiy odamlardek poyezdlarda yurishadi. Bu kimsalar qurbonni tanlash, uni tahqirlash, haqorat qilish, jon joyidan olishning hadisini olishgan.

 

Lekin ular qo‘rqoqdirlar, – yozuvchi mana shu haqiqatni anglab yetgandi. Ular fosh bo‘lishdan va javob zarbasini olishdan qo‘rqishadi; ular kuchli odamlar, oyoq ostida xuddi ilondek sudralib yurishadi va o‘zlari zaif, xavfsiz, beozor deb bilganlarga hujum qilishadi.

 

Basharasi kepchikdek kallador o‘spirin qayoqqa ketgani bizga qorong‘u. Biroq biz hayotni poyezd deb tasavvur qilsak – oxir-oqibat barcha poyezdlar bir kun emas bir kun so‘nggi bekatga albatta yetib kelishadi. Va mana shu yerda barcha: yo‘lovchilar ham, kutib oluvchilar ham yuzma-yuz uchrashadilar.

 

Surbetlar o‘zlarining xulqi, fe’l-atvori va turish-turmushlarining qurboni bo‘lishi muqarrar. Va ajoyib kunlarning birida o‘z xavfsizliklariga keragidan ortiq baho berib yuborganlarini tushunib yetishadi. Albatta kutilmagan joydan – barcha qilmishlari uchun javob olishadi. Hayotlarini esa doimo qo‘rquvda yashab o‘tishadi – qo‘rqoqning hayoti qanday kechishini bir tasavvur etib ko‘ring-a?!

 

Biz har qadamda saboq olib, tajriba to‘plab borishimiz zarur. Odamlar har xil bo‘lishadi va shu bois hayot deb atalmish “vokzal”da doimo hushyor bo‘lishimiz kerak. Hech narsa jazosiz qolmasligini hech qachon esdan chiqarmang! “Ketib qolgan poyezd” ichida nimalar sodir bo‘lganini shunchaki bilmaymiz. “Oxirgi bekatda” barchasidan voqif bo‘lamiz. Balkim, so‘nggi bekatga yetmasdan qilmishlari uchun kimdir o‘z “nasiba”sini olganiga guvoh bo‘larmiz...

 

Anna KIRYАNOVA,

yozuvchi va psixolog

 

Jaloliddin Safoyev tarjimasi.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

So‘nggi maqolalar

Barchasi

Adabiyot

15:11 / 20.11.2024 0 106
Abdulla Qodiriy – o‘zbek detektivi asoschisi





Ko‘p o‘qilgan

Barchasi

San’at

16:08 / 28.08.2021 8 22030
Dunyoning eng mashhur va qadimiy besh muzeyi

//