Hozir kopiraytingni oʻrganish uchun eng qulay payt. Kasbingizni o‘zgartirishga nima deysiz?


Saqlash
17:58 / 11.10.2024 654 0

Zamona zayli bilan yangi kasblarga talab ortib bormoqda. Siz bir vaqtning o‘zida asosiy yo‘nalishingiz bilan birga ikkinchi kasbni o‘rganishingiz va ikkala sohada muvaffaqiyatga erishishingiz mumkin. Yoki aksincha, o‘z ishini o‘zgartirib, muvaffaqiyatga erishgan va yo‘lini topganlar ham talaygina. Bugun sizga taqdim etayotgan mavzuyimiz zamonaviy kasblar orasida rivojlanib kelayotgan kopirayting haqida. Shu sababli kopiraytingda faoliyat olib borayotgan va yutuqlarga erishib kelayotgan kopirayterlar fikrlariga qiziqdik. Ular bilan bugungi marketing talabi, sohaga oid qo‘llanmalar, turli kurslar hamda sun’iy intellekt haqida suhbatlashdik.

 

 

Said Nazrillayev: Kopiraytingga bozorda ehtiyoj katta, mutaxassis deyarli yoʻq

 

Kopirayting, aslida, matn haqidagi kasb emas. Bu g‘oyalar va ularni hayotga tatbiq qilish haqidagi kasb – biz kreativ kampaniyalar yaratamiz, reklama roliklari, tashqi reklama, digital faolliklar oʻylab topamiz. Zamonaviy kasblar orasida esa kopiraytingning oʻrni boshqacha – kim boʻlsangiz ham, baribir, fikrlaringizni ayon, tushunarli qilib yetkazib berish muhim. Demak, siz kopiraytingdan xabardor boʻlishingiz kerak.

 

 

Aslida, hozir kopiraytingni oʻrganish uchun eng qulay payt – bozorda ehtiyoj katta, mutaxassislar esa deyarli yoʻq.

 

Kelajakda sun’iy intellekt kopirayterlar vazifasini toʻliq bajara oladimi, degan savolga kelsak, hech qachon oʻrnimizni toʻliq bosa olmaydi, negaki, u kreativ yondashishga qodir emas – ayniqsa, oʻzbekona. U qandaydir oddiy vazifalarda (tarjima, matnni qisqartirish) yordam berishi mumkin, lekin odamning oʻrniga, afsuski, ishlab berolmaydi.

 

O‘tgan yili digital kategoriyasida Cannes Young Lions talqiniga ko‘ra, dunyo reytingida 5-o‘rindagi yosh kreativ-kopirayter sifatida tan olindim. Bugungi kungacha kopirayting menga mablag‘, tajriba, doʻstlar hamda Red Jolbors, TAF!, AdBlackSea, Cannes Young Lions kabi festivallarda mukofot olish imkonini berdi.

 

 

Abduazim Rustamxoʻjayev: Oʻzbekistonda elektromobil haydovchi yagona kopirayter men boʻlsam kerak

 

Mutaxassisligim falsafa boʻlgani bois har bir narsaga kengroq qarashga odatlanganman. Biz bir narsa haqida gapira turib unga oʻzimizcha mazmun bag‘ishlaymiz. Buning sababi, har bir tushunchaning bir nechta ta’rifi boʻlishida. Kopirayting tushunchasi bilan ham xuddi shunday.

 

 

Kopirayting deganda siz PR maqolalarini yozishni nazarda tutishingiz mumkin, men – sotuv matnlarini, yana kimdir saytlarni SEO optimizatsiya qilishni xayoliga keltirar, boshqa birov esa imloviy xatolarsiz yozishni tasavvur qiladi.

 

Aslida, kopirayting nima va kopirayter kim? Men bu kabi savollarga javob bermaslikka harakat qilaman, chunki tushunchalarga mutlaq toʻliq ta’rif berib boʻlmaydi. Bunga urinishlar boʻlishi mumkin, vaqt oʻtishi, tendensiyalar yangilanishi bilan esa sohada yangi yoʻnalishlar paydo boʻladi, natijada biz bergan ta’rif oʻz dolzarbligini yoʻqotadi.

 

Ammo klassik kopirayting ta’rifi mazmunan mana bunday: Kopirayting – matnlar orqali insonlar ishonchini qozonish va natijada oʻzingizga kerakli harakatni bajarishga undash. Harakat deganda istalgan holat nazarda tutilishi mumkin: mahsulot sotib olish, video koʻrish, saytga kirish, qoʻng‘iroq qilish va hokazo. Ayni shu harakatga undovchi qismi bilan ham kopirayting jurnalistikadan mutlaq farq qiladi.

 

Kopiraytingni mustaqil oʻrganish boʻyicha oʻzbek tilida resurslar, afsuski, deyarli yoʻq. Bu yoʻnalishda qisman harakatlar bor, masalan, kichik kurs va qoʻllanmalar chiqdi, kitoblar tarjima qilinyapti. Ammo aytishga arzigulik holatga kelgunimizcha hali ancha ishlashimiz kerak.

 

Bu sohaning bir jozibasi haqida koʻp gapirishadi – kopirayting bilan asosiy ishdan boʻsh vaqtda shug‘ullanish mumkin. Buni batamom inkor qilolmayman. Ayniqsa, talabalar, yosh bolali ayollar kopiraytingdan qoʻshimcha daromad vositasi sifatida foydalanishadi.

 

Boshqa tomondan, biz koʻpincha esdan chiqaradigan bir oddiy haqiqat bor – har qanday soha qilingan e’tibor, harakatga yarasha natija beradi. Agar siz kopiraytingga ikkinchi darajali, qoʻshimcha ish sifatida qarasangiz, undan topadigan maoshingiz ham shunga muvofiq boʻladi.

 

Sohaga kirish oson, lekin kirishib ketish qiyin. Kopirayting boʻyicha ish koʻp, ammo bozor sifatli va sifatsiz ishni farqlashni boshladi. Shu bois kurslarni bitirib, sohaga endigina qadam bosganlar biroz qiynalishi bor gap. Oʻzi har sohada shunaqa, amaliyot boʻlmaguncha olingan bilimlar mukammal boʻlmaydi.

 

Soʻnggi paytlarda sun’iy intellekt mavzusi ham ancha dolzarb boʻlib qoldi. ChatGPT deganlari istalgan mavzu, yoʻnalish va tilda kerakli matnni yozib beryapti. Endi u kopirayterlarni ishsiz qoldiradimi? Professional unday fikrlamaydi, aksincha, u kopirayter qoʻlidagi yangi ish quroli, foydali instrument. 10 yillar avval Google Translate kabi mashinaviy tarjimonlar rivojlana boshlaganida “endi tarjimonlar ishsiz qoladi”, degan gap chiqqan edi. Lekin ayni damda menga kopiraytingdan koʻra tarjima ishlari koʻproq kelib tushyapti. Nima demoqchi boʻlganimni tushundingiz.

 

Men oʻzimni faqatgina kopirayter emas, umuman matnlar bilan ishlovchi mutaxassis deb aytaman. Kopiraytingdan tashqari tarjimonlik, tahrir, tas’hih ishlari bilan ham shug‘ullanaman. Minim, McCann, Wunder Digital, Web Promotion kabi agentliklar bilan hamkorlik qilaman. Kichik jamoam bilan taniqli brendlarga xizmat koʻrsatamiz.

 

Kopirayting ortidan ommaga tanildim, moddiy tomondan ancha yutuqlarga erishdim – Oʻzbekistonda BYD elektromobilini haydovchi yagona kopirayter men boʻlsam kerak. Yana koʻp va zoʻr tanishlar orttirdim, eng qiymatlisi va muhimi ham oʻzi shu boʻlsa kerak.

 

 

E’zozxon Ismatova: Kopiraytingga san’at deb ta’rif bergim keladi

 

Bugungi kunda marketing bozorida soʻzga, gʻoyaga bogʻliq jarayonlarga kopirayter javob beradi. Soʻz bilan bogʻliq yechimlarni u beradi. Soʻz vositasida gʻoyalar ishlab chiqadi. Kopiraytingning ahamiyati tobora oshib boryapti va u hamma sohaga kerak, hamma yerga kerak. Soʻzdan toʻgʻri foydalana olgan odam kamida fikrini sota oladi. Istalgan odam bilan maqsadga muvofiq kelishuv qila oladi.

 

 

Jurnalistika, asosan, axborotni yigʻish, qayta ishlash va aynan ma’lumotlarni auditoriyaga taqdim etish bilan bogʻliq professiya. Uning ham vositasi soʻz. Kopiraytingning ham. Ammo bizning sohada nafaqat axborot beriladi, balki kishining qandaydir xatti-harakatni amalga oshirishiga moyillik paydo qilinadi. Soʻz mana shunday kuchga qodir boʻlganidan men ba’zan sohamizga san’at deb ta’rif bergim keladi.

 

Oʻzbek tilida kopiraytingga doir qoʻllanmalar yetarli emas. Xorij manbalari esa har doim ham bizning bozorga toʻgʻri kelmaydi. Baribir oʻrganish, qayta ishlash va moslashtirish kerak. Faoliyatimizda chet tajribasini oʻzlashtirib, oʻzimizning bozorga mohirona moslashtirish faqat ijobiy tomonga xizmat qiladi. Ular biz uchun tayyor trayektoriya, desak ham boʻladi. Bor manbani tajribada sinab, ana undan keyin oʻz tilimizdagilarini koʻpaytirishimiz kerak.

 

Aksariyat hamkasblarim fikrimga qoʻshilmaydi, ammo kopiraytingga kirayotgan odamning savodi yaxshi, dunyoqarashi keng boʻlishi kerak, oʻrganishga va tez moslashishga tayyor boʻlgan insonlar sohamizda oʻzlarini topa oladilar, deb oʻylayman. Kopiraytingni hamma ham shu sohada ishlash uchun oʻrganmaydi. Va hozirgi sohaga oid kurslarning maqsadi ham faqatgina kopirayter tayyorlash emas. Eng avvalo, bu kurslarda talabgorlar fikrini soʻz yordamida qanday sotishni oʻrganishadi. Uni gʻoyaga aylantirishni, gʻoyani esa reallikka tatbiq qilishni tajriba qilishadi. Davlat bergan diplom bilan ham toʻgʻri borib, eshik qoqiboq ishga joylashib ketolmaysiz. Kopirayting kurslarini yakunlagach ham shunday. Eng dastlabki ishni oʻz xizmatingizni sotishdan boshlaysiz.

 

Sun’iy intellektga kelsak, bizning vazifamizni hozircha toʻliq egallashiga shubham bor. Chunki u oʻzi odam miyasi, ongi bajargan funksiyalarni toʻliq bajara olmaydi. Ammo olimlar buning ham ustida ishlashayotgan ekan. Shunda ham sun’iy intellekt kopirayterning ishini olib qoʻyadi, deb oʻylamayman. Aksincha, ishini osonlashtiradi.

 

Men sohaga kirganimda shunday vaziyatda edimki, toʻkilgan, parcha-parcha boʻlgan… Ammo keyin oʻzimni ming boʻlakdan qayta yigʻdim. Soham esa menga kuch, gʻayrat, dalda berdi. Men uchun eng asosiysi shular. Hozir men farzandlarimni istagan bogʻchamga beryapman, ertaga orzumdagi maktabga yuborishga tayyorgarlik koʻryapman, oliygohda kerakli ilm olishi uchun rejalarimni koʻrolyapman. Soham esa, yana aytaman, menga kuch, gʻayrat, dalda boʻlyapti. Shuningdek, menga shaxs oʻlaroq yuksalishga imkoniyat beryapti. 

 

Zulxumor ORIFJONOVA.

Oyina.uz

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

So‘nggi maqolalar

Barchasi

Ma’naviyat

11:11 / 01.11.2024 0 361
Millat qanday tarbiyalanadi?





Ko‘p o‘qilgan

Barchasi

San’at

11:08 / 28.08.2021 8 21372
Dunyoning eng mashhur va qadimiy besh muzeyi

//