Hindixitoydagi kommunizm diktaturasi. Oʻz xalqi genotsidini oʻtkazgan “qizil kxmerlar”


Saqlash
19:03 / 11.10.2024 1005 0

XX asr boshida yangi siyosiy gʻoya – kommunizm dunyo sahnasiga chiqdi. Asr boshida kommunistik tuzumdagi ilk davlat SSSR tashkil topdi. Sovetlar butun jahon boʻylab sotsializm-kommunizm gʻoyalarini yoyishga kirishdi. Birin-ketin Xitoy, Kuba, Vetnam kabi davlatlarda ushbu siyosiy oqim hukmronligi qaror topdi. Ularning barida “qizil inqiloblar” katta qirgʻinlar bilan birga kechdi. Ayniqsa, Hindixitoy yarimorolida joylashgan Kambodja davlatida bu jarayon juda dahshatli va qonli boʻldi.

 

1977-yilda Janubiy Osiyoning Kambodja (oʻsha davrda Kampuchiya deb atalgan) davlatida haqiqiy mantiqsizlik va shafqatsizlik hukm surardi. Bu yerda koʻchaga koʻzoynak taqib chiqqan odamlar oʻlim jazosiga hukm qilinar, hukumatdan ruxsat olmasdan bola koʻrgan oilalar oliy jazoga tortilardi. Oila qurishda ham absurd usullarda foydalanilar edi. Masalan, erkaklar va ayollardan iborat ikkita guruh qarama-qarshi safga tizilib, boʻy-bastga qarab er-xotin deb eʼlon qilinardi.

 

Hindixitoy yarimoroli

 

Kambodja

 

1945-yilda Yaponiya taslim boʻlgach, yapon askarlari Hindixitoy yarimoroli, jumladan, Kambodja hududini toʻliq tark etadi. Mamlakat ustidan yana Fransiya hukmronligi oʻrnatiladi (Fransiya bu yerni 1884-yilda bosib olgandi). Qirol Norodom Sianuk avvaliga Fransiya taʼsiridagi Hindixitoy federatsiyasiga, keyinroq Fransiya ittifoqiga qoʻshilish boʻyicha kelishuvni imzolaydi. Bu Fransiyadan mutlaq ozod boʻlish va erkin davlat tuzish tarafdorlarining jiddiy noroziligiga sabab boʻladi.

 

Qirol siyosatdan norozi Kambodja muxolifati tarkibida asosiy oʻrinni kommunistlar egallaydi. 1951-yilda “Kambodja xalq-inqilobiy partiyasi” (keyinchalik Kampuchiya kommunistik partiyasi, qisqartmasi – KKP) tuziladi va u amaldagi tuzumga qarshi kurash boshlaydi.

 

1955-yilda chet el (Fransiya va Vetnam) qoʻshinlari Kambodja hududidan butunlay chiqib ketadi. Qirol Norodom Sianuk taxtdan voz kechib, prezident va bosh vazir sifatida davlatni boshqarishga kirishadi. Kambodjada liberal sotsialistik tuzum oʻrnatiladi. Sianuk ichki va tashqi barqarorlikni saqlab turish uchun neytral siyosat olib boradi. Kambodja sekinlik bilan rivojlanib boradi.

 

1966-yilgi parlament saylovlarida Lon Nol rahbarligidagi oʻng kuchlar (kapitalistlar) gʻalaba qozonadi. Bu oʻz navbatida soʻllarni muxolifatga oʻtishga majbur qiladi va ular oʻzlarning qurolli guruhlarini tuzishni boshlaydi. Shu tariqa Kambodjada kommunizmdagi “qurolli xalq qoʻzgʻoloni”ni amalga oshirishga zamin tayyorlanadi.

 

Qirol Norodom Sianuk

 

Fuqarolar urushi va AQSH bombardimonlari

 

1968-yilda Kambodjada katta qurgʻoqchilik kuzatiladi. Oziq-ovqat mahsulotlari tanqisiligi ortib, narxlar keskin koʻtariladi. Mamlakatdagi ogʻir iqtisodiy vaziyat fonida, 1969-yilda Sianuk Lon Nolga yangi hukumat tuzishni buyuradi. Biroq hokimiyatni oʻz qoʻliga olishni istagan Lon Nol 1970-yilda, shahzoda Sianuk davolanish uchun SSSRʼga ketganida, uni hukumatdan chetlashtiradi va oʻzi prezidentga aylanadi. Bunga javoban Kambodja kommunistlari Lon Nolga qarshi qurolli qoʻzgʻolon koʻtaradi va mamlakatda fuqarolar urushi boshlanadi.

 

Mamlakat boʻylab harakatlanayotgan kommunist guruhlar ichida eng yirigi “qizil kxmerlar” (kxmer – Kambodjadagi eng yirik xalq) dastasi edi. Unga yosh, gʻayratli kommunist Pol Pot (asl ismi Salot Sar) rahbarlik qilayotgandi.

 

Tashqi siyosatda AQSHʼga tayangan Lon Nol Kambodja hududidan oʻtuvchi, mamlakat sharqida joylashgan Shimoliy Vetnam armiyasini taʼminlovchi “Sianuk yoʻli”ni yopib qoʻyadi. Bu yoʻl orqali SSSR va Xitoy Shimoliy Vetnam harbiylariga qurol, oʻq-dori va boshqa yuklarni yetkazib berardi. Lon Nol Kambodjada joylashgan Shimoliy Vetnam harbiylaridan mamlakatni 72 soat ichida tark etishni talab qiladi. Talab qondirilmaydi, aksincha, Vetnam kommunistlari 1970-yilda Kambodja qoʻshinlariga qarshi keng koʻlamli hujum boshlaydi.

 

Tez orada Shimoliy Vetnam kuchlari Kambodja poytaxti Pnompenga yaqinlashadi. Lon Nol ittifoqdoshlari AQSH va Janubiy Vetnamdan yordam soʻraydi. 1970-yilning 30-aprel kuni AQSH boʻlinmalari Kambodjaga kirib keladi. Amerikaliklar va janubliklar Kambodja sharqidagi Shimoliy Vetnam bazalarini yoʻq qiladi. Deyarli jiddiy qarshiliksiz Pnompenni qamaldan ozod etadi. Shimoliy Vetnam diviziyalari Kambodja gʻarbida kurashni davom ettiradi.

 

AQSH prezidenti Richard Nikson Kambodja kirish rejasini namoyish qilmoqda

 

Ittifoqchilar urushni oxirigacha olib bora olmaydi. Yana bir davlatga intervensiya AQSHʼda katta noroziliklarga sabab boʻladi va 1970-yil 30-iyunda AQSH askarlari Kambodjadan chiqib ketadi. Shunday boʻlsa-da, ular havodan Kambodja kuchlarini qoʻllashda davom etadi.

 

1973-yilga kelib, Shimoliy Vetnam armiyasi va ular bilan birga harakat qilayotgan “qizil kxmerlar” mamlakatning 70 foiz hududini oʻz nazoratiga oladi. Shu yili ikkala Vetnam oʻrtasida Parij tinchlik kelishuvi imzolanadi va Shimoliy Vetnam armiyasi Kambodja fuqarolar urushidagi ishtirokini toʻxtatadi. Shunga qaramay Pol Pot boshchiligidagi “qizil kxmerlar” Pnompen tomon ildam harakatlanishni davom ettiradi.

 

Oʻz ittifoqchisini saqlab qolishni istagan AQSH 1973-yil mart-iyul oylarida Kambodja hududida tarixidagi eng katta bombalash operatsiyasini oʻtkazadi. Ushbu vaqt oraligʻida amerikaliklar Kambodjaga 250 ming tonna bomba tashlaydi. Turli maʼlumotlarga koʻra, ushbu bombardimonlar sabab 300 mingdan koʻproq inson halok boʻlgan. Ammo bu ham Lon Nol rejimini qutqarib qola olmaydi. AQSH yordami toʻxtashi bilan uning hukumat qulaydi.

 

1975-yilda “qizil kxmerlar” poytaxt Pnompenni egallaydi, Lon Nol shahardan qochib ketadi. Mamlakat nomi Kambodjadan Demokratik Kampuchiya respublikasiga oʻzgartiriladi. Poytaxtda qolgan Lon Nol tarafdorlari, jumladan, uning ukasi Lon Non qatl qilinadi. Kambodja oʻz tarixidagi eng dahshatli davr ostonasida edi.

 

 

Eng shafqatsiz diktatura

 

“Qizil kxmerlar” hokimiyatga kelganidan bir necha kun oʻtib, mamlakatdagi katta shaharlar aholisi qishloq xoʻjaligi ishlarini bajarish uchun yoppasiga qishloqlarga haydala boshlanadi. Maoizm gʻoyalariga asoslangan kxmerlar sotsialistik inqilobning asosiy kuchini dehqonlar tashkil etishi kerak deb bilgan va shaharliklarni AQSH bilan hamkorlik qilgan “xoinlar” deb hisoblagan.

 

Maʼlumotlarga koʻra, “qizil kxmerlar” davrida Kambodjada ikki millionga yaqin shaharlik odamlar qishloqlarga majburan koʻchirilgan. Koʻchish paytida insonlarga ular ikki-uch kundan soʻng qaytib kelishi aytilib, mol-mulkini oʻzi bilan olib ketishi shart emasligi taʼkidlangan. Shu tariqa odamlar yangi joyga hech narsasiz borgan va u yerda bir necha yillab qolib ketgan.

 

Koʻchishdan bosh tortgan insonlar otib tashlangan.

 

Qishloqlarda mehnat kooperativlari tuzilgan. Unda barcha baravar, bir xil ishlashi belgilangan. Odamlar kooperativ hududidan ruxsatsiz chiqishi taqiqlangan.

 

 

Tez orada marksizmga juda qattiq ishongan kxmerlar SSSR va Xitoydan ham oʻzib ketgan kommunistik jamiyat qurishni boshlaydi. Ular erkin bozor, xususiy mulk, normal taʼlim va pul muomalasini bekor qiladi, xorijiy, diniy, milliy kiyimlarni kiyishni taqiqlaydi (faqat kommunistik kiyinish lozim edi).

 

Davlat maktablari, universitetlar, masjidlar, cherkovlar va ibodatxonalar yopiladi hamda qamoqxonalarga aylantiriladi. Hukumat qarorlarini muhokama qilishi jinoyat etib belgilanadi. Binobarin, uch kishidan koʻp odam bir joyda toʻplansa, ular qamoqqa olinib, qatl etilishi mumkin edi.

 

Kampuchiyada jamoat va shaxsiy transport, xususiy mulk yoʻq edi. Dam olish tadbirlari qatʼiy cheklangandi. Butun mamlakat, shu jumladan partiya rahbarlari ham inqilobiy kiyim hisoblagan qora kitel kiyib yurardi.

 

Genotsid

 

“Qizil kxmerlar” sotsialistik inqilobni faqat “toza” odamlar amalga oshirishi mumkinligini taʼkidlagan. Hokimiyatga kelgach ular, sobiq Lon Nol tuzumi davrida hukumatga ishlagan davlat xizmatchilari, askarlar, zobitlarni ommaviy hibsga olgan va ularni “toza” boʻlmagan odamlar deb eʼlon qilib, otib tashlagan.

 

Pol Pot rahbarligidagi kxmerlar 4 yil davomida yuz minglab ziyolilarni qatl etadi. Shuningdek, mamlakatdagi kam sonli xalqlar (masalan cham xalqi), vetnamliklar va xitoyliklarni qirgʻin qilinadi. Yuz minglab insonlar qamoqqa olinadi. Kambodjaning S-21 deb nomlanuvchi eng katta qamoqxonasiga kxmerlar zamonida taxminan 14 ming mahbus joylashtirilgan. Ulardan faqatgina 12 nafari tirik qolgan.

 

 

Fransuzcha “politique potentielle”, yaʼni, “imkoniyat siyosati” soʻzini qisqartirib (pol pot), oʻziga taxallus yasagan Salot Sar (u Fransiyada oʻqigandi) yosh bolalardan iborat armiya tuzgandi. U katta odamlar allaqachon, inqilob ruhidan uzoqlashgan, bolalarni esa haqiqiy inqilob xizmatchilari qilib tarbiyalash mumkin deb hisoblagan.

 

Bolalar 4-5 yoshdan ota-onasidan tortib olingan va maxsus tarbiyalanib, 11 yoshda armiyaga jalb qilingan. Qiziqqon, joʻshqin yoshlar yordamida Pol Pot oʻziga yoqmagan har qanday odamni yoʻq qilgan. Bu jihatdan yosh kxmerlar Xitoydagi “xunveybinlar”ga oʻxshardi.

 

Koʻchalarda odamlar koʻzoynak taqqani uchun otib tashlangan, chunki faqat ziyolilar koʻzoynak taqadi deb ishonilgan. Yosh askarlar insonlarni koʻngilxushlik uchun ham oʻldiravergan.

 

Pol Potning yosh qotillari qimmat oʻq-dorilarni koʻp sarflamaslik uchun odamlarni eng shafqatsiz va murakkab usullar bilan oʻldirardi. Xususan, “qizil kxmerlar” asirlarni ketmon, bambuk tayoqlar yoki armaturalar bilan ayovsiz kaltaklagan, sudralib yuruvchilar toʻla hovuzlarga tashlagan yoki tiriklayin koʻmgan. Ommaviy qatllarda esa mahbuslar tikanli sim atrofiga bogʻlangan va sim orqali elektr toki oʻtkazilgan.

 

 

Turli manbalarga koʻra, “qizil kxmerlar”ning 4 yillik (1975-1979) hukmronligi davrida Kambodja aholisining uchdan bir qismi, yaʼni 2 milliondan ortiq inson yoʻqsillik, ochlik, repressiya va qiynoqlar natijasida halok boʻlgan. Mutaxassislar, qisqa muddatda bunday katta qirgʻinni amalga oshirgani uchun Pol Pot rejimini tarixdagi eng shafqatsiz tuzum deya taʼriflaydi. 1975-1979-yillarida “qizil kxmerlar” tomonidan olib borilgan ushbu qirgʻin genotsid (bir xalqni yoʻq qilish) sifatida baholanadi.

 

Noinsoniy tuzumning qulashi

 

Kampuchiya ichida mutlaq nazoratga erishgan Pol Pot endi tashqi siyosatda ham yutuqlarga erishishga harakat qilishni boshlaydi. U oʻz nutqlarida IX-XIII asrlarda hukm surgan Kxmer imperiyasini tiklash haqida tez-tez gapira boshlaydi. Bu imperiya Vetnam, Laos, Tailand va Kambodja hududlarini oʻz ichiga olgan boʻlib, uni qayta qurish ushbu davlatlarni Kambodjaga qoʻshib olish kerakligini anglatar edi.

 

Pol Pot mintaqadagi asosiy raqib sifatida oʻzi kabi sotsialistik tuzumdagi Vetnamni koʻrdi. Bu paytda Xitoy va Vetnam munosabatlari darz ketgan, Xanoyni faqat SSSR qoʻllayotgandi. Xitoyning Kampuchiyaga katta yordam berishiga ishongan Pol Pot 1977-yildan boshlab Vetnam chegaralari boʻylab bosqinlar uyushtiradi. Kxmerlar tez-tez chegaradan bir necha kilometr ichkariga kirib, mahalliy aholini shafqatsiz qirgʻin qiladi. Chunonchi, 1978-yilda Kampuchiya armiyasi Vetnam janubidagi Batyuk qishlogʻi aholisini butunlay qirib tashlaydi. Kxmerlar 3 mingdan ortiq odamni vahshiylarcha oʻldiradi.

 

Pol Pot

 

Nihoyat, 1978-yilning dekabr oyida Vetnamning sabri tugaydi. Janubiy Osiyodagi eng jangovar armiya hisoblangan Vetnam xalq armiyasi 25-dekabr kuni Kampuchiyaga keng koʻlamli hujum boshlaydi. Pol Potning oʻsmirlardan iborat armiyasi qarshiligi osonlik bilan sindiriladi. 7-yanvar kuniyoq Vetnam armiyasining zarbdor boʻlinmalari Kampuchiya poytaxti Pnompenga kirib keladi. Pol Pot va uning tarafdorlari mamlakat gʻarbiga, oʻrmonlarga qochib ketadi. Mamlakatda qirol hokimiyati tiklanib, konstitutsion-monarxiya tuzumi oʻrnatiladi.

 

“Qizil kxmerlar”ning Vetnam tomonidan yoʻq qilinishi, ularning ittifoqchisi Xitoyni qattiq gʻazablantiradi va Pekin 1979-fevralda Vetnamga bostirib kiradi. Biroq bir oylik janglar davomida katta yoʻqotishlar berilishiga qaramay, Xitoy deyarli hech qanday jiddiy yutuqqa erishmaydi va urushni toʻxtatadi.

 

Tailand chegaralarida panoh topgan “qizil kxmerlar”ni AQSH qoʻllay boshlaydi. Vashington Hindixitoy mintaqasida dushmani Vetnamning (yaʼni, SSSRʼning) taʼsiri oshib ketishini istamaydi va uni tiyib turish uchun “qizil kxmerlar”dan foydalanadi. Tailand orqali Pol Pot guruhiga turli taʼminotlar yetkazib berib turiladi.

 

Kambodjaga kirgan Vetnam askarlari

 

Ammo 1991-yilda SSSR parchalanishi bilan, “qizil kxmerlar” ortiq AQSHga kerak boʻlmay qoladi. Taʼminot zanjiri uziladi. 1997-yilda guruh ichida ziddiyat kuchayadi. Qarib, hammadan shubhalanishni boshlagan Pol Pot eski safdoshi Son Senni 13 nafar oila aʼzolari bilan qatl qilishni buyuradi. Shundan soʻng “qizil kxmerlar” rahbariyatida boʻlinish yuz beradi va Pol Pot qamoqqa olinadi.

 

Uning ustidan xorijiy jurnalistlar ishtirokida sud uyushtiriladi va umrbod qamoq jazosiga hukm qilinadi. 1998-yilda XX asrdagi eng qattol, jirkanch diktator vafot etadi.

 

“Qizil kxmerlar” sobiq yoʻlboshchi oʻlimiga yurak yetishmovchiligi sabab boʻlganini maʼlum qilgan. Lekin koʻpchilik oʻz joniga qasd qilish va zaharlanish versiyalarini ilgari suradi.

 

Salot Sar oʻlimidan soʻng harakat kuchsizlanib boradi va 1998-yilda Kambodja qiroli bilan shartnoma imzolab, uning hokimiyatini tan oladi.

 

Qarigan Salot Sar

 

Bugungi kunda “qizil kxmerlar”ning juda kichik guruhlari mavjud boʻlib, ular hali ham oʻgʻrilik va kontrabanda bilan shugʻullanadi. Harakat amalda oʻz faoliyatini toʻxtatgan.

 

Kambodja bugungi kunda eng minalashgan davlatlardan biri hisoblanadi. Koʻplab kambodjaliklar psixologik jarohatlar bilan yashaydi va mamlakat eng kambagʻal davlatlardan biri. Shubhasiz, bu Pol Pot boshliq kommunistlarning xayoliy, reallikka aylanishi mumkin boʻlmagan telba-teskari islohotlarining natijasidir. Qolaversa, AQSHning ulkan bombardimonlari ham Kambodja yerlarining katta qismini yaroqsiz holga keltirgan.

 

Shunday qilib, Pol Pot har jihatdan oʻzining kommunist oʻtmishdoshlari – Stalin va Mao Szedunga munosib voris boʻldi. Qirgʻinlar oʻtkazish borasida, hatto ulardan oʻzib ham ketdi. Kambodjadagi “qizil kxmerlar” hokimiyati kommunistik gʻoyalar sarob ekani, uni faqatgina kuch bilangina ushlab turish mumkinligini yana bir isbotladi.

 

Muhammadqodir Sobirov

 

Oyina.uz

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

So‘nggi maqolalar

Barchasi





Ko‘p o‘qilgan

Barchasi

San’at

16:08 / 28.08.2021 8 24250
Dunyoning eng mashhur va qadimiy besh muzeyi

//