“Dunyoga chinqirib kelsak-da, shivirlab yashash” hammamizning iztirobimiz


Saqlash
16:54 / 09.10.2024 331 0

Siyosiy fanlar doktori, professor Narzulla jo‘rayev bilan suhbat

 

– Narzulla aka, Siz siyosatshunos olim sifatida davlat boshqaruvi tizimi, hokimiyat “anatomiyasi”ni ko‘p yillardan buyon tadqiq etib kelasiz. Shu bois, ijozat bersangiz, asosan siyosat mavzusi tegrasida suhbatlashsak.

 

Xalqimizning siyosiy savodxonligi asta-sekin oshib boryapti. Ayniqsa, so‘nggi yillarda ijtimoiy tarmoqlar qirq quloqli qozondek qaynagan: yurtdoshlarimiz jamiyatdagi norasoliklarga dadil-dangal munosabat bildirayotir. Lekin mutaraqqiy dunyo bilan muqoyasa etilsa, chinakam siyosiy faol xalqqa aylandik demoqqa istihola qiladi kishi. Millat, mamlakat istiqbolida taqdirulamal ahamiyat kasb etgan siyosiy masalalarga aralashgimiz kelmaydi. Maqol-u matallarimizda ham shunga ishora bordek: “Och qornim – tinch qulog‘im”, “O‘ynashmagin arbob bilan…”, “Devorning ham qulog‘i bor”, “Faqir kishi panada”, “Kattalar nima desa shu”... Siyosatdan yiroqligimiz, ehtiyotkorligimizni ko‘rib, odamzodni “siyosiy mavjudot” deb atagan Muallimi avval (Arastu) adashganmikan degan xayolga borasiz. Sizningcha, xalqimizning siyosatga hadeb bosh suqavermasligi sababi nimada? Haqso‘z adib Sharof Boshbekov ta’biri bilan aytganda, nega “dunyoga chinqirib kelsak-da, shivirlab yashamoq”ni afzal bilamiz?

 

– Savolingizdagi bir ibora diqqatimni tortdi: “hokimiyat anatomiyasi”. Chiroyli ibora ekan. Kasbim taqozosiga ko‘ra imkon qadar hokimiyat anatomiyasini o‘rgandim, o‘rganyapman. Ilmiy va siyosiy tushuncha sifatida u ko‘p zamonlardan beri tadqiq etiladi. Hatto miloddan avvalgi davrda yashagan yunon, xitoy allomalari, jumladan, Sharq donishmandlari bu masalada ko‘p va xo‘b mushohada yuritgan. Demoqchimanki, velosipedni qayta kashf etishimizga hojat yo‘q.

 

Hokimiyatni inson boshqaradi. Nazarimda, hamma muammo ana shunda. Inson – mubham olam. Unga hech kim, hech qachon tugal ta’rif bera olmaydi. Chunki har bir davrning o‘z odami, o‘z dunyoqarashi, kutilmagan talablari, qonuniyatlari bor.

 

Dunyo tez o‘zgarmoqda. Ijtimoiy-siyosiy jarayonlar oqimi biz kutgandan ko‘ra shiddatkor, po‘rtanali. Bu, o‘z-o‘zidan, inson va jamiyat, uning istiqboli borasida jiddiyroq o‘ylashni taqozo etadi. To‘g‘ri ta’kidladingiz, keyingi yillarda xalqimizning siyosiy savodxonligi oshib boryapti, ijtimoiy-siyosiy jarayonlarga munosabat faollashib, befarqlik kamaymoqda. “Qirqquloq qozonlar” ham qaynayotir. Biroq mohiyatan qaraganda, ahvol quvonarli emas. Ijtimoiy tarmoqlardagi chiqishlarning aksari yuzaki ayyuhannoslar, mayda maishiy muammolar, ikir-chikir masalalar atrofidagi qiyl-u qollardan iborat. Jamiyatni tubdan isloh qilish, davlat boshqaruvini takomillashtirish borasida jo‘yali, konstruktiv takliflarni ko‘rmayapman. Mazmun-mohiyatni teran anglagan holda, jiddiy muammolarga og‘ir-vazminlik bilan yechim topish istagi bormi? Afsuski, sog‘lom aqldan uzoq, hissiyotga tayangan chiqishlar ko‘proq. Bunday chiqishlarning jamoatchilik fikrini o‘zgartirib, odamlarni davlatning strategik maqsadlaridan chalg‘itgani chatoq.

 

Yana boshqa bir toifa zamondoshlarimiz befarqlik, loqaydlik kayfiyatida. Siz sanagan maqollarda xalqning ma’naviy qiyofasi, intellektual salohiyati, aqliy darajasini ko‘ramiz. Bu naqllar ayni shu kunlarimiz uchun aytilgandek. “Bersang yeyman, bermasang o‘laman”, “Olma pish, og‘zimga tush” deb yashayotganlar ko‘pchilikni tashkil etadi. Vaholanki, keng miqyosli islohotlarning natijasi aholi tafakkuri, odamlar dunyoqarashi bilan bog‘liq.

 

Jamiyatda modernizatsiya jarayoni chuqurlashayotgan, tub islohotlar amalga oshirilayotgan zamonda davlat taraqqiyot strategiyasini ishlab chiqadi. Parlament huquqiy asoslarni yaratadi. Ijro hokimiyati uni amalga oshirmoqqa bel bog‘laydi. Lekin strategiya, dasturlarni hayotga tatbiq etadigan asosiy kuch – xalq. Xalqimizning ko‘pdan-ko‘p fazilatlarini tan olgan va hurmat qilgan holda aytishim kerakki, ana shu ulkan maqsadlarni ro‘yobga chiqarishda ichki rag‘bat, qalb uyg‘oqligi, ruhiy quvvat va tashabbus yetishmayotgandek. Negadir jamiyat va davlat ishiga daxldorlik hissi sust.

 

Yo‘q, Arastu bobo adashmagan, inson butun mohiyati bilan siyosiy mavjudot, ijtimoiy hodisa. Hatto islomda ham bu jihat o‘ziga xos tarzda talqin etilgan. Olloh Qur’oni karimda “Biz sizni mukarram qilib yaratdik”, deydi. Mukarramlik nimada? Azizlik nimada? Mo‘tabarlik-chi? Muazzam olamni, jumladan, turfa xil jonzotlarni yaratgan Olloh faqat odamgagina aql-tafakkur, his-tuyg‘u berdi, o‘z hayotini o‘zi yo‘lga qo‘yish, o‘z saodatini o‘zi yaratish qobiliyatini ato etdi. Biz nodir in’omdan, noyob imkoniyatdan foydalana olyapmizmi? Juda og‘riqli savol bu! Ana shu haqiqatni yuragidan his etgan marhum adibimiz Sharof Boshbekov “dunyoga chinqirib kelsak-da, shivirlab yashash”imizdan iztirob chekib o‘tdi. Bu, aslida, hammamizning iztirobimiz.

 

Bugungi davr har bir fuqarodan, u kim bo‘lishi, kasb-u kori, millati va diniy e’tiqodidan qat’i nazar, qalb va ruhiyat uyg‘oqligini talab etayotir. Yer yuzi bo‘ylab axloqsizlik, ma’naviy qashshoqlik vabo kabi tarqalmoqda. “Insoniyatning XX asrdagi buyuk fojiasi – uning qadriyatlardan uzoqlashganida”, deya muqarrar inqirozdan ogohlantirdi BMT Bosh kotibi Antoniu Gutterish. Axloqiy tanazzul, ma’naviy inqiroz avj olgan davrda inson o‘zini o‘zi asrash instinktini kuchaytirmog‘i lozim. Har bir odam o‘zini o‘zi asrasa, illatlarini jilovlab, xulqini kamolga yetkazish yo‘lidan borsa, millatni saqlab qolish mumkin bo‘ladi.

 

Jahon tajribasi bizni sergaklikka undashi kerak. Amerikalik olim Patrik Byukenen G‘arb tamaddunining intihosi yaqin, bu inqirozning ildizi axloqsizlikka borib taqaladi, deydi. Mashhur davlat va siyosat arbobi Henri Kissenjer esa sovet tajribasini nazarda tutib, “Bizda erkak va ayolning birgalikda yashash ehtiyoji bor – ularda oila degan qadriyat bor. Bizda shahvoniy ehtiyoj bor – ularda muhabbat bor. Afsuski, biz ana shu insoniyat qo‘riqxonasiga ham daxl etdik”, deydi. Bizning hayotimizga ham axloqsizlik, ma’naviy qashshoqlik, xudbinlik, yengiltaklik, yana talay ma’siyatlar kirib kelmoqda. Bu hol umummilliy fojia o‘laroq qabul qilinishi, isloh uchun oqilona choralar ko‘rilishi kerak.

 

Buyuk olmon faylasufi Fridrix Nitshe “G‘olibona o‘l!” degan edi. Inson bosib o‘tgan umr yo‘lidan minnatdor holda o‘lishi uchun g‘olibona yashashi lozim. Demak, ikir-chikirlar, fisq-u fasodlardan ustun kelib, umrni, aql-zakovatni umummilliy manfaatni himoya qilishga safarbar etmoq kerak. Fitnakor ne’matlar, nash’u namolar, pastkashliklar, riyokorliklar, boylik, amal, shon-shuhratdan o‘zni ustun qo‘yib yashash uchun esa odamda oriyat, nafsoniyat, ichki g‘urur mustahkam bo‘lmog‘i darkor. O‘zbekning faylasuf shoiri Eshqobil Shukur “Men orsiz yashashdan qo‘rqaman juda, / Men qattiq qo‘rqaman orsiz o‘limdan”, deb yozadi. Bu dardli faryod har bir qalbi uyg‘oq ziyolini teran mushohadaga toldirishi aniq.

 

Bir qarashda g‘oyatda go‘zal, badastir hayot kechiryapmiz. Ammo ochiq nigoh bilan qaralsa, insonning aziz va mukarramlik maqomiga dog‘ bo‘luvchi illatlar girdobida ekanimiz ko‘rinadi. Qalbimizning kemtikligi, ruhiyatimizning majruhligi, o‘zimizni inson sifatida to‘la-to‘kis idrok etolmayotganimiz oqibati bu...

 

– Davlat boshqaruv nizomi mudom yangilanishda, ammo asrlar o‘tsa-da, o‘zgarmaydigan sobit qoidalar bor. Italyan mutafakkiri Nikkolo Makiavelli “Hukmdor” asarida siyosiy yetakchilar, arboblarni omma nafrati va g‘azabiga giriftor bo‘lish xataridan ogohlantirarkan, eng ishonchli, eng mustahkam qo‘rg‘on xalq muhabbati ekanini uqtiradi. Bugun ham siyosat ahli uchun birlamchi omil raiyat mehr-muhabbatini qozonish bo‘lmog‘i lozim.

 

Mamlakatimizda rahbar kadrlarning yangi avlodi shakllanmoqda. Chet elda tahsil ko‘rgan, bir necha ajnabiy tilda biyron gapiradigan, tafakkur va tadabbur ko‘lami keng arboblarimiz ko‘payayotgani quvonarli, albatta. Ammo davlatimiz rahbari yuritayotgan islohotlar mohiyatini anglay olmayotgan, xalq muhabbati emas, nafratiga “noil” bo‘layotgan ishboshilar ham talaygina. Shu toifa hokimlardan biri mushtumzo‘rlik qilsa, boshqasi qo‘l ostidagilarni so‘kib-haqoratlaydi. Oyog‘i yerdan uzilgan amaldorlarning nomashru xatti-harakatlari sabab goho O‘zbekiston nomi jahon matbuotida salbiy bo‘yoqda tasvirlanayotgani chandon afsuslanarlidir. Zamon o‘zgarsa-da, ba’zi rahbarlarimizning tafakkuri, tutumlari o‘zgarmayotgani boisi ne? Rahbar kadrlarning bilimi, savodxonligini oshiradigan imijmeykerlik kabi zamonaviy yo‘nalishlar nega bizda haligacha shakllanmagan?

 

– Davlatchilik – ming yillar mobaynida bir maromda, sokin o‘zanda hukm surib kelayotgan sobit mexanizm emas. U har bir davrning ehtiyojlari, ma’naviy-axloqiy talablari, intellektual imkoniyatlariga hamohang, uyg‘undir. Bugun biz barpo etayotgan jamiyat, biz yaratayotgan tarix ham bizning aqlimiz mahsuli. Uning illatlari-yu fazilatlari, nuqsonlari-yu yutuqlari barchamizniki. Zotan, bunyodkor ham, binokor ham hammamiz – men, siz, boshqalar...

 

Albatta, Makiavellining davlatchilik va siyosiy yetakchilar haqidagi fikrlari hech qachon qiymatini yo‘qotmaydi. Lekin ularni aniq makonda, konkret zamonda joriy etishda o‘sha davr odamlari dunyoqarashi, ma’naviy-axloqiy ehtiyojlarini nazarda tutmoq kerak bo‘ladi. Darhaqiqat, xalq muhabbati, ishonchi va e’tirofi siyosiy yetakchi maqom-martabasi, obro‘-e’tiborini belgilaydi. Zamonaviy davlatchiligimizda ham bu talab inobatga olingan. “Xalq davlat organlariga emas, davlat organlari xalqqa xizmat qilishi kerak” degan aqidaning o‘zi ko‘p jihatlarni oydinlashtiradi. Biroq hayot – hayot-da. Ideal jamiyat hech qachon bo‘lmagan, bundan keyin ham bo‘lmaydi. Bu orzuning ro‘yobga chiqishi ham har qanday jamiyatning quruvchisi bo‘lgan odamlarning fe’l-atvori, axloqi, ijtimoiy-siyosiy dunyoqarashiga bog‘liqdir.

 

To‘g‘ri ta’kidladingiz, davlat boshqaruvida xorijda o‘qib dunyo tajribasini o‘rgangan, chet tillarni puxta o‘zlashtirgan rahbar kadrlarimiz ko‘paydi. Ammo ayrim holatlarda ularda hayotiy tajriba yetishmasligi, milliy axloqiy me’yorlar, ma’naviy mezonlardan begonalik ko‘zga tashlanmoqda. Boz ustiga, boshqaruv salohiyati, sharqona donishmandlik, o‘zbekona tafakkur va andisha yetishmayotir. Afsuski, bu vaqt va tajriba bilan bog‘liq bo‘lgan o‘tkinchi masala emas. Xususan, o‘rta va quyi bo‘g‘in boshqaruv tizimida muammolar ko‘p. Quyushqondan chiqish, so‘kinish, yoqalashish, axloqqa zid muomala-munosabatlar ro‘y bermoqda.

 

Tajribadan ma’lum, mansabdor unga yuklangan lavozimga munosib bo‘lmasa, o‘ziga ham, o‘zgalarga ham azob berib ishlaydi, muammo tug‘ilganda ruhiy muvozanatini yo‘qotadi, oqibatda baqir-chaqir, so‘kinish, ur-to‘polonlar yuzaga keladi. Ayrim yosh kadrlar lavozim yukini ko‘tara olish yoki olmaslik haqida o‘ylash layoqatidan-da mahrum. Mutaxassisligi, kasb-kori va tajribasidan qat’i nazar, istalgan lavozimni taklif qilsangiz, o‘ylamay-netmay ishlashga shaylik izhor etadi. Dangalini aytganda, biz o‘z darajamizni bilmaymiz, o‘zimizga xolis va haqqoniy baho bera olmaymiz. Bunga xudbinlik, manfaatparastlik, amalparastlik, shon-shuhrat, kibr-u havo illatlari to‘sqinlik qiladi.

 

Odamzodning tabiati qiziq: mudom o‘z imkoniyati, qobiliyati va bilim darajasidan ziyod ne’matlarni xohlaydi. Ko‘zlagan lavozimiga munosibmi, yo‘qmi, buni o‘ylamaydi. Lavozimni egallagach, birdan donoga aylanadi, o‘zini hammadan aqlli deb bila boshlaydi. Muammo tug‘ilganda, uning yechimini topolmagach esa, do‘q-po‘pisaga o‘tadi. Fikr bildirganlarni yoqtirmaydi, haqini talab qilganlar bilan yoqalashadi. Bu hol rahbar shaxsning o‘z lavozimiga munosib emasligidan kelib chiqadi.

 

Demak, hozirgi sharoitda kadrlar bilan ishlash, har tomonlama yetuk boshqaruvchilar zaxirasini shakllantirishga ehtiyoj katta. To‘g‘ri, davlat bu illatlarga qarshi kurashga alohida e’tibor qaratmoqda. Biroq rahbar kadrlarning savodxonligini oshirish, imijmeykerlik singari zamonaviy yo‘nalishlarga e’tiborni yanada kuchaytirishni hayotning o‘zi taqozo qilmoqda. Yaqinda men Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi qoshida tashkil etilgan “Kelajak liderlari” klubi a’zolari bilan uchrashdim. Bilishimcha, bir necha o‘n ming yoshlar orasidan onlayn sinovlar, savol-javoblar orqali saralab olingan yigit-qizlar ushbu klubda boshqaruv bobida tajriba orttirmoqda. Yigit-qizlarning ishtiyoqi zo‘rligi, qalbi uyg‘oqligi, fikrati tozaligi, aqli butunligidan ham quvondim, ham umidlandim. Bu – jamiyatimizning, davlatimizning yorug‘ kelajagidan nishona. Biroq ko‘ngilda xavotir ham yo‘q emas. Ular ma’lum bir lavozimni egallagach, byurokratik to‘siqlar, xudbin va munofiq mulozimlar qurboniga aylanib, olmosday tovlanib turgan qalblari chilparchin bo‘lmasmikan?..

 

Lider deganda biz tuman, shahar, viloyat, mamlakat rahbari yo siyosiy partiyalar raislarinigina tushunmasligimiz kerak. Har bir sohaning o‘z yetakchisi bo‘lishi darkor. Har bir kishi o‘z ish joyi, kasb-korining peshqadami bo‘lmog‘i lozim. Shu tariqa turli daraja, soha va bo‘g‘indagi liderlar, tashkilotchilar, tashabbuskorlar jamiyatini quramiz. “O‘zing o‘zingning hokiming bo‘l” deb o‘git bergan edi Nitshe. Mustaqil fikrli kishilardan iborat jamiyat, davlat ham chin ma’noda mustaqil bo‘ladi.

 

Liderlar qancha ko‘p bo‘lsa, kadrlar zaxirasi boy bo‘lsa, tanlash imkoniyati kengayadi. Ba’zan nomzodning mutaxassisligi, bosib o‘tgan yo‘li, kasbiy va boshqaruv tajribasiga qaramay lavozimga qo‘yilyapti. Bu esa talay muammolarni keltirib chiqarmoqda.

 

Har qanday mutaxassis idora, muassasa, tuman, shahar yo viloyat boshqaruvida ma’lum darajada qatnashadi. Lekin bir achchiq haqiqat bor: har qanday mutaxassisdan rahbar chiqishi mumkindir, ammo har qanday rahbardan chinakam arbob chiqmaydi.

 

– G‘arblik olimlar Daron Ajamo‘g‘li va Jeyms Robinson qalamiga mansub “Mamlakatlar tanazzuli sabablari” degan salmoqli tadqiqotda farovonlik va kambag‘allik ildizlari xususida bahs yuritilgan. Keng tarqalgan ilmiy qarashga ko‘ra, jug‘rofiy joylashuv, iqlim, tabiiy boyliklar hamda madaniy mansublik mamlakatlar farovonligi, xalqlarning to‘kis, to‘kin hayotini kafolatlovchi omillar sanaladi.  D.Ajamo‘g‘li va J.Robinson bu nuqtai nazarni rad etib, taraqqiyot birinchi galda inklyuziv iqtisodiy va siyosiy insitutlarga bog‘liq ekanini ta’kidlaydi. Ayrim xalqaro tashkilotlar, ekspertlar O‘zbekistonda siyosiy-institutsional islohotlar o‘tkazish zarur deya tavsiya berayotir. Sizningcha, siyosiy institutlarimiz takomili yo‘lida qanday chora-tadbirlar ko‘rmoq kerak?

 

– “Mamlakatlar tanazzuli sabablari” kitobini o‘qiganman. Mualliflarning fikr-mulohazalari ham ilmiy-nazariy asosga, ham amaliy ahamiyatga ega ekani bilan qimmatli. Bu masala avval ham talay olimlar tomonidan tadqiq qilingan, xilma-xil xulosalar ilgari surilgan. Jumladan, Karl Marks jamiyatni harakatga keltiruvchi kuch iqtisod deb hisoblasa, Sharl Monteskyo tabiiy geografik muhit deydi. Zigmund Freyd nazdida esa jamiyatni harakatga keltiruvchi kuch – libido, xohish-istak, mayldir.

 

Jamiyat ravnaqida iqtisod muhim o‘rin tutishini inkor etib bo‘lmaydi. Cho‘ntagingizda pulingiz bo‘lmasa, durust kiyinolmaysiz, bolalaringizni o‘qitolmaysiz, ularga kitob olib berolmaysiz (o‘zi bolalarimizga kitob olib beryapmizmi?). Toparmon-tutarmon bo‘lsangiz, hayotingiz to‘kis, farovon kechadi. Ammo gap faqat moddiy ne’matlarda emas-da. Yon-atrofimizda moddiy jihatdan boy-u, ma’nan qashshoq odamlar kammi? Hashamatli uylarda yashab, qimmatbaho mashinalarda yuradigan, to‘y uchun million-million sarflaydigan, ammo kasalmand qo‘shnisiga bittagina dori olib berishga yaramayotgan kimsalar yo‘qmi?..

 

Monteskyo nazariyasiga muvofiq, geografik omil jamiyat hayotida katta rol o‘ynaydigan bo‘lsa, Yaponiya, Shvetsiya singari davlatlar qanday qilib turmush darajasi bo‘yicha dunyoda yetakchi o‘ringa chiqdi? Binobarin, ular aql, fan-texnika taraqqiyoti orqali yuksak natijalarga erishmoqda.

 

Freydning libidoga ustuvor o‘rin berishi ham munozara uyg‘otmay qo‘ymaydi. Bu telba ko‘ngil nimalarni istamaydi?! Odamga mutlaq erkinlik, cheksiz ixtiyor berilsa, u qay ko‘chalarga kirmaydi deysiz! Jinoyatlar, turli g‘ayriqonuniy harakatlar, axloqsizliklar bunga yaqqol misoldir.

 

Prezident Shavkat Mirziyoyev g‘oyalariga ko‘ra, jamiyatni harakatga keltiruvchi kuch – ma’naviyat, yuksak axloq. Har bir inson o‘zini o‘zi isloh qilsa, kuch-g‘ayratini bunyodkorlikka yo‘naltirsa, qalb da’vati ila yashasa – jamiyat ham ravnaq topadi. Iqtisod ham, xohish-istak ham, jug‘rofiy joylashuv ham axloqiy qadriyatlarsiz zaif va kuchsizdir. Shuning uchun ham “barkamol inson”, “barkamol avlod” g‘oyasi hech qachon o‘z dolzarbligini yo‘qotmaydi. Yangicha tafakkur, yuksak ma’naviy-axloqiy qadriyatlar egasi bo‘lgan avlodni tarbiyalash – uzluksizlik, tadrijiylikni taqozo etadigan, qalb, ong, ruhiyat bilan bog‘liq bo‘lgan murakkab jarayon. Biz qiyin bo‘lsa-da, ana shu yo‘lni tanlab to‘g‘ri qildik.

 

Xulosamni aytsam, taraqqiyotning asosi – axloq, tanazzulning boisi – axloqsizlik. Millatni uyg‘otuvchi, rag‘batlantiruvchi, safarbarlik hissini uyg‘otuvchi kuch – ma’naviyat. Boshqa narsa emas!

 

– 2016-yili mamlakatimizda siyosiy o‘zgarishlar ro‘y berdi, Prezident Shavkat Mirziyoyev yangi platforma bilan hokimiyatga keldi. Zamon evrilgach, “qahramon” to‘nini kiyib kechagi kunni qoralashga tushgan, hatto o‘zidan jabrdiyda yasamoqqa uringan arboblarimiz haqida ham fikringizni bilsak. Holbuki, ular birinchi ma’muriyat davrida ham davralarning to‘rida bo‘lgani ko‘pchilikning yodidan chiqqani yo‘q. Buni siyosiy buqalamunlik deymizmi, tovusdek turlanish-tuslanishmi!.. Xo‘sh, kechagi kunni bu tariqa rad etish taraqqiyot talabimi yoki yashash uchun kurash usulimi?

 

– Ikkiyuzlamachilik, vaziyatga qarab turlanib-tuslanib turish milliy mentalitetimizga xos desam, o‘zim mansub bo‘lgan millatni kamsitgan, haqorat qilgan bo‘laman. Bundan Xudo asrasin. Lekin peshonamizning sho‘ri shundaki, bunday buqalamun odamlar oramizda oz emas. Ko‘rinishidan tuppa-tuzuk, savlatidan ot hurkadigan, vajohati olamning tirgagi kabi odamlarning o‘zini har ko‘yga solishi kishini o‘ylantirib qo‘yadi.

 

2017-yildan keyin jamiyat hayotida ham, davlatchiligimizda ham jiddiy o‘zgarishlar yuz berdi. Bu tabiiy hol. Har bir davlat rahbari o‘z xarakteri, fe’l-atvori, dunyoqarashi, maqsadlariga ko‘ra siyosiy tizimni isloh qiladi, yangi taraqqiyot yo‘llarini izlaydi. O‘zgarish pallasida esa kimlardir o‘zini sadoqatli ko‘rsatmoq uchun o‘tmishga tosh otishga tushadi.

 

Boya ham aytdim, tarixni el-ulus yaratadi. Davlat ham xalqning umumiy dunyoqarashi, ma’naviy-axloqiy quvvati asosida vujudga keladi. Ammo uni bir kishi boshqaradi.

 

Buyuk arab olimi Ibn Xaldun davlat – xalq ma’naviy irodasining, ichki dinamik quvvatining in’ikosi, degan g‘oyani ilgari surgan. Allomaning fikricha, davlatning qudrati raiyatning aqliy salohiyati, ma’rifatlilik darajasiga bog‘liq. Ibn Xaldun buni “asabiya” so‘zi bilan ifoda etadi. Demak, xalq qanday bo‘lsa, davlat ham shunday bo‘ladi.

 

O‘tmishni qoralab, o‘zini jabrdiyda qilib ko‘rsatadiganlar buni anglagisi kelmaydi. Ular bugunini, hozirgi manfaatini o‘ylaydi, xolos. Vaholanki, bu bilan o‘zimizga tosh otayotganimiz, illatlarimizni olamga doston qilayotganimiz, o‘zimizni o‘zimiz sharmandai sharmisor etayotganimizni tushunmaymiz. Yaqin o‘tmishimizda xatolar, kamchiliklarga yo‘l qo‘yilgan, albatta. Axir, inson tabiatan xatokordir. Ne-ne donishmand-u allomalar, avliyo-yu azkiyolar ham adashgan, yanglishgan. Ana shu nuqtai nazardan biz tarixga birbutun hodisa sifatida qarashimiz, uni butun kamchiliklari-yu yutuqlari bilan, illatlari-yu fazilatlari bilan yaxlit holda tahlil qilishimiz kerak.

 

Amir Temur jahon tarixiga ulug‘ sarkarda va odil hukmdor sifatida kirgan. “Bir o‘spirin bola bir lagan tillani boshiga qo‘yib, mamlakatimning bu burchagidan narigi burchagiga piyoda olib o‘tsa, birov qo‘l cho‘zmaydigan odil saltanat qurdim”, degan edi Sohibqiron. Mana, sizga, bugungi ibora bilan aytganda, erkin fuqarolik jamiyati, kafolatlangan inson huquqlari! Ibn Xaldun shahodatiga ko‘ra, dunyo davlatchiligi Amir Temur saltanatidek yetuk davlatchilikni ko‘rmagan. Biroq ulug‘ bobomiz ayrim hollarda o‘ta shafqatsizlik qilgani, hukmfarmolik bobida goho keskinliklardan qaytmaganini yaxshi bilamiz.

 

Tarixiy haqiqat shuki, Amir Temur dunyo taqdiri bilan bog‘liq bo‘lgan, Mashriq-u Mag‘ribni birlashtirishdek buyuk missiyani bajardi. Ulkan insonparvar imperiya barpo etib, islom tamaddunini yangi bosqichga ko‘tardi.

 

Fransiya tarixida buyuk burilish yasagan Sharl de Goll, Turkiyada respublikaga asos solgan va uni taraqqiyot yo‘liga olib chiqqan Mustafo Kamol Otaturk qanchadan-qancha qurbonliklarga yo‘l qo‘ygan, kezi kelganda terror usullaridan foydalangan. Lekin ularning har ikkovi xalq, millat tarixida yangi sahifa ochgan siyosiy yetakchilar sifatida e’zozlanadi. Ya’ni ularning inson sifatida yo‘l qo‘ygan xato, kamchiliklari millat oldidagi tarixiy xizmatini inkor etmaydi.

 

Oradan yillar o‘tadi. Vaqti kelib bugungi kunga baho beradigan bo‘lsak, yana o‘zimiz o‘zimizdan illat izlab, ayyuhannos solamizmi?! “Bu ishlardan men chetda edim, o‘sha vaqtda men kurasha olmaganman, munosabat bildirishning iloji yo‘q edi” deya iddao qilamizmi?!

 

Albatta, kechagi kunga odilona tahlil, xolisona tanqid nigohi bilan qarash, kamchiliklar va xatolardan xulosa chiqarish taraqqiyot talabi. Biroq o‘tmishni qoralab, o‘zimizni oqlash insofdan emas. Shaxs sifatida shakllanmagan, qat’iy hayotiy pozitsiyaga ega bo‘lmagan, ma’naviy-ruhiy jihatdan zaif odamlarga xos usul bu. Biz o‘tmish bilan kelajak orasidagi ko‘prikmiz. Alhol, moziy bilan mustaqbal o‘rtasida jarlik paydo qilmaylik!

 

Mashhur shoir Rasul Hamzatov “Mening Dog‘istonim” asariga otasi Hamzat sadasaning “Sen o‘tmishga to‘pponchadan o‘q otsang, kelajak seni zambarakdan to‘pga tutadi” degan gapini epigraf qilgan. Butun asarda bir hovuchgina xalq o‘tmishiga buyuk hurmat, ajdodlarga ehtirom, vatan va millatga sadoqat tuyg‘ulari yorqin namoyon bo‘ladi. Biz esa... Ana shunday holatlarda buyuk zamondoshimiz Abdulla Oripovning “Qachon xalq bo‘lasan, ey sen, olomon!” degan hasratli nidosini eslayman. Ba’zan esa, shakkoklik bo‘lsa ham, o‘zi millatmizmi, yo‘qmi yo olomondan xalqqa aylanayotgan palladamizmi hali degan iztirobli o‘ylarga boradi odam.

 

– Shoir Matnazar Abdulhakimning “Arz” degan she’ri bor. Unda bayon etilishicha, karvonsaroyda tilla to‘la xurjunini o‘g‘irlatib qo‘ygan musofir xon huzuriga borib arzihol qiladi. Xon ko‘mak berish o‘rniga arzgo‘yning o‘zini ayblamoqqa tushadi. Muallif hukmdor bilan musofir suhbatini bunday tasvirlaydi:

 

– Shunchalik ham qattiq uxlaysanmi, g‘ofil!

Qilasan-a yana uyalmay hasrat.

 

– Bir qoshiq qonimdan o‘ting-u, lekin

Sizni uyg‘oqmikan debman, onhazrat.

 

Tanbehdan saboq chiqargan xon musofirga minnatdorlik bildiradi, saroyda mehmon qilib, o‘g‘irlangan xurjunini ham topib beradi. Ibratli rivoyat-a, shunday emasmi? Darvoqe, o‘zingiz ham “Agar ogoh sen...” degan kitobingizda siyosiy arbob uchun uyg‘oqlik, ogohlik birlamchi fazilat ekanini ta’kidlab yozgansiz-ku. Bugun ham el-ulus davlat boshqaruvi idoralari, ayniqsa, qonunchilik bo‘g‘ini vakillaridan ana shunday jonsaraklik, bedorlik va tiyraklikni talab qilmoqda. Xabaringiz bor, “jo‘jani sanash” fursati ham yaqinlashyapti: 27-oktyabr kuni Oliy Majlis Qonunchilik palatasi va mahalliy kengashlar deputatligi uchun saylov bo‘lib o‘tadi. Vakolat muddatini yakunlayotgan deputatlarimiz elektorat ishonchini oqlay oldimi? Deputatlikning tuz-namagini totgan siyosatdon sifatida aytsangiz, parlamentimiz qachon chinakam “Xalq uyi”ga aylanadi?

 

– Xalq hokimiyatchiligi tamoyiliga muvofiq oliy vakillik organi bo‘lgan parlament o‘z kuch-qudrati, keng vakolat va imkoniyatlarini namoyon eta bilmog‘i lozim. Elektorat ishonch bildirgan vakillar o‘zini faollarning faoli, fidoyilarning fidoyisi, jonkuyarlarning jonkuyari sifatida ko‘rsatishi kerak.

 

Men ham ma’lum muddat (2000–2004-yillar) parlamentda faoliyat yuritganman. O‘sha kezlar qulog‘imga chalingan bir gap hamon esimda. Oliy Majlis markaziy apparatida doimiy faoliyat yuritadigan xodimlardan biri “Oldingi chaqiriqdagi deputatlar sizlardan ko‘ra yaxshiroq ishlagan edi”, degan edi. Keyingi chaqiriqdagilar davrida yana shu gap takrorlanibdi. Mantiqan o‘ylab qaralsa, parlament faoliyati yildan-yilga susayib bormoqda, degan xulosaga kelish mumkin. Buning uchun kimnidir ayblash, kimnidir javobgar qilish, menimcha, to‘g‘ri emas. Bu, aslida, jamiyatning yalpi savodxonlik darajasi, intellektual salohiyati in’ikosi.

 

Ayni choqda, parlament faoliyati takomillashib, deputat va senatorlarning javobgarligi oshib bormoqda. Masalan, biz ishlagan davrda birorta ham vazir yoki hokim Oliy Majlis minbarida hisobot bermas edi. Hozir esa bir qator vazirlar tik oyoqda xalq vakillarining savollariga javob qaytarmoqda. Lekin ta’kidlaganingizdek, parlamentimiz hali chinakamiga “Xalq uyi”ga aylangani yo‘q. Vakillarimizda dadillik, oshkoralik, shijoat, qat’iyat yetishmayapti. Ayrim vaqtlarda mayda masalalar atrofidagi munozaralarga guvoh bo‘lamiz. Ba’zan kurakda turmaydigan takliflar ilgari suriladi. Bu hol ijtimoiy tarmoqlarda haqli e’tirozlarga sabab bo‘lmoqda.

 

– Ilm, ijod ahlining siyosat ila mashg‘ul bo‘lmog‘i – Yusuf Xos Hojib, Navoiy, Ogahiy kabi ulug‘larimizdan meros an’ana. Siz ham bir muddat O‘zbekiston Prezidenti davlat maslahatchisi bo‘lib ishlagansiz. Jurnalimizning 2008-yil 1-sonida talay yil mas’ul lavozimlarda sa’y-ko‘shish ko‘rsatgan adib Murod Muhammad Do‘st bilan suhbat chop etilgan edi. O‘shanda Murod og‘amiz ijodkorning mas’ul lavozimda ishlashi yutuqmi yo yutqiziqmi degan mazmundagi savolga javoban “Orttirgan hikmatim shuki, bir muddat siyosatga aralashib, keyin chetga chiqqan odam “men toza edim” deb aytsa, unga ishonmaslik kerak”, degan edi. Narzulla aka, davlat rahbari qabatida, mamlakat oliy devonida ishlab Siz qanday hikmat orttirdingiz?

 

– Chindan ham, azaldan olimlar, ijod ahli saltanat boshqaruvi, davlat ijtimoiy-siyosiy strategiyasini belgilashda ishtirok etgan. Buni ijobiy hodisa deb bilaman. Taniqli yozuvchimiz Murod Muhammad Do‘st haq gapni aytgan ekan. Katta dargohda ishladingmi, saltanatning barcha yutuq va kamchiliklariga teppa-teng sheriksan. Har qancha bahonalarni ro‘kach qilma, baribir o‘zingni oqlayolmaysan...

 

Murod aka “chetga chiqqan odam” deb, menimcha, o‘zini nazarda tutgan. Yozuvchi – olam ichra o‘z betakror olamiga ega bo‘lgan shaxs. Bu bilan rasmiy idoradan bo‘shab, ijodga qaytganini nazarda tutgandir. Biroq men kasbim va ilmiy faoliyatim sabab o‘zimni chetga chiqqan odamman deya olmayman. Ma’lum yillar davlat boshqaruvida bevosita ishtirok etgan bo‘lsam, hozir bilvosita qatnashyapman. Ilgari vazifam rasmiy edi, hozir esa norasmiy tarzda, jamoatchilik asosida. Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi yo‘llanmasi bilan tumanma-tuman, mahallama-mahalla kezib yuribman. Turli nufuzli idoralar, tashkilotlar, muassasalar dolzarb masalalarda ma’ruza o‘qishga taklif qiladi. Sirasi, hozirgi islohotlar jarayonida ham faol ishtirok etyapman.

 

Bugun topgan hikmatim shu: ishim yurishsa quvonaman, yurishmasa xafa bo‘lmayman. Shaxsiy hayotimni fisq-u fasodga to‘la dunyodan chetda tutaman. Kimdir buni ojizlik deb o‘ylashi mumkin. Aslida, bu ichki iroda, ma’naviy quvvat! Mening hech kimga da’vom yo‘q. Shunday taqdirni ravo ko‘rgani uchun Ollohga beadad shukr aytib yashayotirman.

 

Sobirjon YOQUBOV

suhbatlashdi.

 

“Tafakkur” jurnali, 2024-yil 3-son.

“Bir yon ma’siyat, bir yon ma’sumiyat” maqolasi

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

So‘nggi maqolalar

Barchasi

Adabiyot

15:11 / 20.11.2024 0 106
Abdulla Qodiriy – o‘zbek detektivi asoschisi





Ko‘p o‘qilgan

Barchasi

San’at

16:08 / 28.08.2021 8 22030
Dunyoning eng mashhur va qadimiy besh muzeyi

//