Ilmiy kitoblar tarjima qilishni maʼmuriy buyruqbozlik usuli bilan amalga oshirib boʻlmaydi


Saqlash
18:01 / 08.10.2024 255 0

O‘zbekiston Uchinchi Renessans poydevorini barpo etmoqqa bel bog‘ladi. Agar oldingi renessanslarda erishilgan yutuqlar miqyosidan qaralsa, uchinchisi biz o‘zbekistonliklar uchun olamshumul voqeadir. Ildizlari milliy tariximizga borib tutashuvchi bunday katta g‘oyaning “o‘zbek orzusi” o‘laroq tanlanishi tahsinga loyiq, albatta. Illo, Vatan ziyolilari, ilm ahli uni siyqasi chiqqan shior deb emas, hayotiy maqsad-marra deb qabul qilmog‘i lozim.

 

Asosiy masala endi O‘zbekiston ilm-fanini ana shunday katta sakrashga tayyorlashdir. Bu borada kamina faoliyat yuritib kelayotgan Yaponiya tajribasi diqqatga sazovor. Kunchiqar o‘lkada sanoat – hukumat – universitetlar (San – gaku – kan renkei) tarzida mustahkam ittifoq shakllangan. Hukumat va sanoat vakillari ilm-fan o‘choqlariga subsidiya, grant ajratgan holda iste’dodli kadrlarni tarbiyalashga hissa qo‘shadi. Xususiy shirkatlar ham Tadqiqot va taraqqiyot boshqarmalari (Research and development) orqali universitetlar bilan yaqindan hamkorlik qiladi. Hukumat ixtirochilik patentlariga da’vogarlik qilayotgan istiqbolli firmalarga moddiy ko‘mak ko‘rsatib qolmay, tashqi iqtisodiy aloqalarini kengaytirishda diplomatik yordam ham beradi. Shu tariqa dorilfununlar “innovatsiyalar inkubatori”ga aylangan. Xususiy shirkatlar ishlab chiqarish va xizmat ko‘rsatishdan tushgan daromad orqali davlat g‘aznasini to‘ldirsa, universitetlar hukumat va milliy iqtisodiyot bo‘g‘inlariga raqobatbardosh kadrlarni yetkazib beradi. Yuksak natijalarni ko‘zlagan talabalarning g‘ayratini to‘g‘ri yo‘naltirishda esa sifatli darsliklar, qo‘llanmalar muhim o‘rin tutadi.

 

Mamlakatimiz ravnaqi uchun ham mukammal o‘quv adabiyotlari suv bilan havodek zarur. O‘zbekistonlik talabalarning darsliklar xalqaro standartdan yiroq ekani, amaliyot bilan mustahkam bog‘lanmagani xususidagi e’tirozlariga ko‘p bora guvoh bo‘lganman. Oliy ta’limdagi ustozlar imkon qadar harakat qilayotgani aniq, ularning fidokorona mehnatini qadrlamaslik insofdan emas. Biroq mamlakat ilm-faniga ichkaridan turib qarash bilan, Tokio kabi global shahardan turib nazar solmoq katta farq qiladi. Darsliklarimizning global standartlardan qay darajada ortda ekanini, ayniqsa, chet elda magistratura yoki doktorlik bosqichida tahsil olayotgan yurtdoshlarimiz yaxshi biladi.

 

O‘zbekistonda – xoh gumanitar, xoh tabiiy fanlar sohasi bo‘lsin – bakalavriatni bitirgan talaba xorijga o‘qishga kelsa, darsliklar sabab o‘rtada paydo bo‘lgan jarlikni yo‘qotish uchun kamida bir yil kutubxonadan chiqmasligi kerak. Gap shundaki, aksar darsliklarimiz g‘oya, mazmun va saviya jihatdan sayoz. Boz ustiga, sahifalari kam, ma’lumotlari eskirgan darslik risoladagidek bilim bermasligi kundek ravshan. Xorijda tabiiy fanlar bo‘yicha audiovizual materiallardan keng foydalaniladi, bizda esa bunday kitoblar nihoyatda kam.

 

Ingliz tili jahon ilm-fan tili ekani sir emas. Germaniya va Yaponiya kabi asosiy tili inglizcha bo‘lmagan davlatlar ilmiy tarjima borasida katta maktab yarata olgan. Ularning biri Yevropa, ikkinchisi esa Osiyoning texnologik drayverlaridan hisoblanadi. Mazkur ikki davlat universitetlari faoliyatini kuzatsak, ular dunyodagi eng ilg‘or darsliklarni tezkorlik bilan tarjima qilib oliy ta’limda faol qo‘llayotganini ko‘ramiz. Ingliz tilidagi darsliklarning katta ko‘lamda, yuksak sifatda milliy tilga tarjima qilinishi olmon va yapon talabalarining fan, texnologiyalarga oid yangiliklardan ortda qolmasligi omili bo‘layotir.

 

Siz yurtimizda ilm qilmoqchimisiz, unda albatta chet tilidagi adabiyotlardan foydalanishingizga to‘g‘ri keladi. Kunchiqar o‘lkada esa ko‘pgina sohalarda yapon tilidagi manbalarga tayanib izlanishlar olib borsa bo‘ladi, chunki milliy kontent o‘ta boy va rang-barang. Yapon ilmiy mo‘jizasi siri nimada? Bu borada ko‘p omillarni sanash mumkin bo‘lsa-da, bittasini alohida ta’kidlamoq kerak – yaponlar jahon olimlari yaratgan ilg‘or tadqiqotlarni sinchkovlik va tezkorlik bilan o‘rganib, ularni o‘z mamlakatiga olib kelgan. Dunyoda qaysi sohada yangi tendensiya paydo bo‘lsa, yapon olimlari yo tarjima orqali, yo original kitob orqali uni o‘z millatiga tanishtiradi. Pirovardida fanning deyarli barcha sohasini yapon tilidagi manbalar orqali o‘rganish imkoniyati vujudga keldi. So‘nggi chorak asrda ko‘plab yapon olimlari fizika, kimyo, tibbiyot kabi yo‘nalishlarda Nobel mukofotiga sazovor bo‘ldi. Bu ham mamlakatda ilmiy faoliyat to‘g‘ri o‘zanga solinganidan dalolatdir.

 

Demak, bir millatning ilm-fandagi yutuqlari o‘sha mamlakatning qay darajada ilm bilan to‘yinganiga, ona tilidagi manbalar zaxirasiga bog‘liq ekan. Shunday ekan, biz – o‘zbek tadqiqotchilari va olimlari yangi ilm sohalariga doir manbalarni yurtdoshlarimizga izchil tanishtirib bormog‘imiz darkor. Ilmiy yangilik millat yoshlariga qiziqarli shakl va yo‘sinda taqdim etilishi kerak, toki tadqiqot, izlanishga rag‘bat ortsin. Sirasi, biz empirik bilimlarni, fan va texnologiya, ijtimoiy dissiplinalarni tezlik ila, tizimli ravishda yurtimizga import qilishimiz shart.

 

Bugun “dunyodan o‘rganish” bosqichiga o‘tishimiz kerak. O‘zbekiston ta’lim tizimi yetti uxlab tushimizga kirmagan boy ilmiy kontent tarjimasini kutmoqda. Bu sirada sun’iy intellekt texnologiyalaridan tortib elektromobillargacha ishlab chiqarayotgan, “dunyo korxonasi”ga aylangan Xitoy davlati yutuqlarini ham eslash mumkin. Chin yurti o‘tgan asrning 80–90-yillari dunyoga bag‘rini ochgach, mahalliy universitetlar zamonaviy ilm-fan sohalariga oid manbalarni xitoy tiliga tarjima qilishga kirishdi. Shu tariqa xitoy tili ilmiy atamalar bilan boyidi. Boshqa tomondan esa, chet tillarini yaxshi bilmaydigan talabalarga ham o‘z lisonida sifatli kontent bilan tanishish imkoniyati yaratildi. Natijani ko‘rib turibmiz: hozirda Xitoy ilm-fan sohasida yuksak marralarga da’vogarlik qilmoqda. Bunga esa, boshqa omillar qatorida, akademik darsliklar va o‘quv qo‘llanmalarini yaratish, ayniqsa, ommaviy tarjima orqali erishildi.

 

Bizningcha, jahon ilm-fani bilan hamqadam bo‘lmoq uchun mamlakatimizda quyidagi chora-tadbirlarni amalga oshirish lozim: avvalo, ilmiy adabiyotlar tarjimasiga oid milliy dastur joriy etilishi kerak. Peshqadam mutaxassislarni jalb etgan holda, 3, 5 va 8 yillik loyihalar doirasida yuzlab kitoblarni tarjima qilmoq, ayniqsa, tibbiyot, geologiya, fizika, biologiya, kimyo kabi aniq fan sohalariga alohida e’tibor bermoq darkor.

 

Quvonarlisi, 2023-yildan buyon O‘zbekiston Yoshlar ishlari agentligi “1000 kitob” nomli loyihani amalga oshirmoqda. Uning doirasida turli fan sohalariga oid o‘nlab inobatli adabiyotlar tarjima qilinmoqda. “1000 kitob” tahsinga loyiq tashabbus, albatta. Ammo bunday loyihalar umummilliy miqyosda keng quloch yozishi kerak. Yana bir gap. Ommabop kitoblar yo‘nalishi xususiy nashriyotlarga qoldirilib, davlat byudjeti ilmiy tadqiqotlar, darsliklarga yo‘naltirilmog‘i lozim.

 

Tajribamdan ma’lumki, xorij nashriyotidan yaxshi bir kitobning intellektual mulk huquqini sotib olib, bir necha ming nusxada chop etishga 10 ming dollar atrofida mablag‘ ketadi. Aniq fanlarga doir kitoblar uchun ko‘proq mablag‘ talab etilishi mumkin. Demak, 10–20 million dollar evaziga bunday loyihani amalga oshirsa bo‘ladi. Mazkur zalvarli ishda hukumat asosiy homiy bo‘lmog‘i kerak. Talabalarning shartnoma to‘lovidan katta foyda orttirayotgan davlat va xususiy universitetlar ham bunga mablag‘ ajratishi lozim. Ayni choqda ma’rifatparvar boylarimiz, ilm-fan homiylari, metsenatlarimiz ham bunga hissa qo‘shsa, natija yanada salmoqli bo‘ladi.

 

Mustaqil tarzda darslik tarjima qilgan ustozlarni moddiy rag‘batlantirib, qo‘shimcha mukofotlash tizimini yo‘lga qo‘yish ham muhim. Kitob nashri, intellektual mulk huquqini xorijdan sotib olishni esa universitetlar va milliy dastur asosida tuzilgan jamoa amalga oshiradi. Ana shunda tarjimon ustozlar zimmasidagi yuk birmuncha kamayadi. Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi jahondagi nufuzli nashriyotlar bilan shartnomalar tuzib, litsenziya olish va adabiyotlarni ona tilimizda, kerakli adadda chop etish bilan bog‘liq tashkiliy ishlarga mas’ul bo‘lmog‘i lozim.

 

Hozirda ilmiy maqolalar, monografiya, darslik va o‘quv qo‘llanmalarining asosiy qismi ingliz, fransuz, olmon va rus tillarida. Soha mutaxassislari va chet eldagi vatandosh olimlarimiz bilan hamkorlikda birinchi navbatda kitoblar ro‘yxatini shakllantirish kerak. Tarjima borasida so‘z borar ekan, inglizcha – o‘zbekcha, olmoncha – o‘zbekcha, yaponcha – o‘zbekcha, fransuzcha – o‘zbekcha kabi lug‘atlarni mukammallashtirish va keng miqyosda chop etishga ham alohida e’tibor qaratishni tavsiya etgan bo‘lardik.

 

Islom Renessansi zamirida ham jamiyat va raiyat uchun manfaatli ilmlarning chuqur o‘rganilgani, ilmiy asarlarning ommaviy tarjima etilgani omili yotadi. Ma’rifatparvar hukmdorlar qiyinchiliklarga qaramay, mohir mutarjimlarni yig‘ib, ularni tarjimaga safarbar etgan. Qiziq jihati, vaqtlar o‘tib G‘arb davlatlari o‘sha tarjimalarni qayta inkishof etgan. Islom Renessansi manbalari Oksford, Kembrij kabi universitetlarda darslik sifatida o‘qitilgan. Ular bugun ham xorijda keng tadqiq etilmoqda. Bizda-chi? Taraqqiyot shiddatli tus olgani, resurs va imkoniyatimiz borligiga qaramay, haligacha ilmiy tarjimonlik instituti shakllangani yo‘q. Agar ish tizimli tashkil qilinsa, o‘n yil ichida yuzlab kitobni ona tilimizda o‘qishga muyassar bo‘lamiz. Bu mamlakat rivojiga kuchli turtki berishiga aminman.

 

Ta’kidlash joizki, bu tashabbusni ma’muriy buyruqbozlik usuli bilan amalga oshirib bo‘lmaydi. Deylik, tegishli vazirlik kitob tarjimasi bo‘yicha reja belgilaydi va universitetlarga buyruq beradi. Bunday usul samara bermagan, bermaydi ham. Sababi oddiy: ishi shundoq ham oshib-toshib yotgan professor-o‘qituvchilarda qo‘shimcha tarjimaga vaqt ham, toqat ham, imkon ham, qobiliyat ham bo‘lmasligi mumkin. Bizningcha, milliy dastur doirasida tarjima loyihalariga jalb qilinadigan professor-o‘qituvchilarga 6–8 oylik ta’tillar berilishi kerak. Qayta ta’kidlayman: barchasini universitetlar va kafedralarga tashlab qo‘yish – mas’uliyatsizlikdir.

 

Yurtimiz olimlari, tadqiqotchilari ulkan salohiyatga ega, faqat uni oqilona boshqaruv va taqdirlash usullari orqali to‘g‘ri yo‘naltirmoq darkor. Shaxsan o‘zim, do‘stlarim bilan birgalikda, mana, 5 yildirki, “Renessans kitoblari” loyihasini amalga oshirmoqdamiz. Shu kungacha 8 ta kitob chop etildi. Yana qator tarjimalarimiz navbat kutib turibdi. Kuchli ishtiyoq va mustahkam qo‘llov bo‘lsa, bu kabi loyihalarni respublika miqyosida amalga oshirsa bo‘ladi.

 

Tarjima, albatta, bir kunlik yumush emas – u davomiy va uzoq muddatli jarayon. O‘zbekchaga o‘girilgan ilmiy kitoblar besh-olti yilda eskirib, chet elda yangi, to‘ldirilgan nashri chiqadi. Shu bois mohir tarjimonlarimiz boshini qovushtiradigan, doimiy ishlaydigan tuzilma kerak. O‘shanda bizda ham munosib kadrlar tarbiyalanib, kuchli ilmiy tarjima maktablari paydo bo‘ladi.

 

 

Alisher UMIRDINOV,

Nagoya Iqtisodiyot universiteti professori

 

“Tafakkur” jurnali, 2024 yil 3-son.

“Dunyoni o‘zbekcha ko‘rmak orzusi” maqolasi

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

So‘nggi maqolalar

Barchasi

Ma’naviyat

11:11 / 01.11.2024 0 361
Millat qanday tarbiyalanadi?





Ko‘p o‘qilgan

Barchasi

San’at

11:08 / 28.08.2021 8 21372
Dunyoning eng mashhur va qadimiy besh muzeyi

//