Rim papasi, dengizchi Papay kabi nomlar yaralishiga turkiy til sababchi bo‘lganmi?


Saqlash
16:33 / 07.10.2024 235 0

O‘zbek tilida ifoda etganimiz jumlalar “bobo” va “dada” turk tilida teskari aytiladi. Ya’ni, turkchaga bobo “dede” deya, dada esa “baba” deb tarjima qilinadi. Bir qarashda bizda to‘g‘ri qo‘llangan so‘zlar turklar Old Osiyoga siljigach o‘zgarib qolgandek. Aslida esa unday emas.

 

Rus tilida ota “papa” deyiladi, bobo esa “dedushka”. Bizning tilimizdagi so‘zlar hozirda butun dunyo taniydigan Rim papasi, dengizchi Papay (aslida, boboy) kabi nomlar yaralishiga sababchi bo‘lgan. Muarrixlarning asarlarida Zahiriddin Muhammad Bobur bir muddat Toshkentda, xon dodasi Yunusxon huzurida istiqomat qilgani yozilgan. Yunusxonning Qutlug‘ Nigorxonimga otaligi, Boburga boboligini inobatga olsak, bizda qadimda bu so‘z hozirgi turk tilidagidek ishlatilgani ayonlashadi. Hozir ham poytaxtimizning Eski shahar qismida boboni “doda” deya chaqirishadi.

 

Endi tilimizda mavjud bo‘lgan “momo” istilohiga ham to‘xtalsak. Bu kalima dastavval onani anglatgan. Odam Ato va Momo Havo deganda Odam Ota va Havo Ona tushunilgan. Rus tilida ham bu kalom “mama” deyiladi.

 

Ehtimol, siz Hind-Yevropa tillar oilasida shunaqa, buning turkiy asosi yo‘q dersiz. Siz haqsiz. Ammo bilmaganingiz bir narsa bor: Xitoy tilida ham otani “baba”, onani “mama” deyishadi. Xitoychaning esa ingliz, rus tillariga aloqasi yo‘q. Darvoqe, anglo-saksonlar “granddad” deganda boboni, “grandmom” deganda momoni nazarda tutishadi. Ushbu atamalar o‘zbekchaga katta ota va katta ona deya o‘giriladi.

 

Hozirgi turk tilida bizning tilimizda iste’moldan chiqib ketgan, arxaik va tarixiy maqomga o‘tib olgan so‘zlar keng qo‘llanadi. Ba’zan esa yuqoridagi kabi o‘rin almashish hodisasi yuz berganini ko‘rishimiz mumkin. Bunda o‘zgarishlar Ona Do‘li Saljuqiylarning emas, O‘rta Osiyo Chig‘atoylarining avlodlari tomonidan amalga oshirilgan.

 

Тurk tilida “babajim” (babacim) degani o‘zbekchaga “dadajon” deya o‘giriladi. So‘zning ikkinchi qismidagi “jim” bizning tildagi “jon”ga to‘g‘ri keladi. Hind tilida aynan shu qo‘shimcha “je” deya talaffuz qilinarkan. Hindlar “babuje” deganda otaxon deya murojaat qilayotgan bo‘larkan. O‘xshashlikni qarang.

 

Hindistonga turkiy so‘zlarning ko‘pi turk-mo‘g‘ul istilosi bilan kirib borgan. Dastavval, kushonlar, keyinchalik eftaliylar, kidariylar, xioniylar, g‘aznaviylar, g‘uriylar, xorazmshohlar, temuriylar va boburiylar bu sirli diyorni ishg‘ol qilishgan. Aholining so‘zlashuvi orqali tillar o‘zaro omixtalashib, qorishib borgan.

 

Rus tiliga esa eng katta ta’sir Oltin O‘rda davrida yuz berdi. Ko‘pchilik tarixchilar gapni nuqul Turk xoqonligi atrofida aylantirsalar-da, ammo tan olish kerakki, aynan O‘zbekxon va Jonibekxonlar yuritgan adolatli siyosat slavyanlarning turkcha so‘zlarni o‘zlashtirishiga olib kelgan.

 

Ushbu maqola etnogenez, millatlar aralashuvi haqida emas. Turli tillarda yaqin qarindoshlarning nomlanishidagi o‘zaro o‘xshashliklar haqida:

 

1. Har bir oilada tug‘ilgan chaqaloq eng avval onasi va otasi bilan muloqotda bo‘ladi.

 

2. Go‘dakning ilk talaffuzidagi tovushlar lab-lab va til-tish kombinatsiyasi orqali amalga oshadi.

 

3. Go‘dak labga labni tegizish bilan baba, papa, bobo, mama, momo, oma, babu, ummi, abu kabi so‘zlarni aytadi.

 

4. Go‘dak til undoshlari orqali ona, ena, oyi, aya, oya, ocha, dada, ota, ata, doda, dede, ded (dad) kabi so‘zlarni talaffuz qiladi.

 

5. Oiladagi ota-onadan keyingi o‘rindagi qarindoshlar nomlari ham bir yoki ikki bo‘g‘inda: aka, uka, opa, amma, xola, tog‘a, dayi, dyadya, tyotya, abla, aba, og‘a, ini, ant (aunt).

 

6. Tillarning ildizi bitta: u ham bo‘lsa go‘dak tili. Eng ibtidoiy so‘zlar aynan chaqaloq nutqi orqali paydo bo‘lgan. Bolakaylar ulg‘aygan sari boshqa narsalarni ham nomlab ketaverishgan. Yaqin qarindoshlarni ifodalaydigan so‘zlar tilimizdagi eng qadimiy kalimalardir.

 

Hozir ham dunyoning istalgan burchagidagi tili chiqayotgan go‘dak shu so‘zlarni aytadi. Biroq atrofdagi kattalar keyinchalik ular aytgan so‘zlarga emas, boshqa jumlalarga tushunchalarni kodlashni o‘rgatadilar. Bola ulg‘aygan sari tili, millati, dini, madaniyati farqlana boradi.

 

Anvar ESHNAZAROV

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

So‘nggi maqolalar

Barchasi





Ko‘p o‘qilgan

Barchasi

Adabiyot

18:04 / 05.04.2024 0 20456
Yaponiya sotuvga qo‘yiladi

//