“Shu tashvishni bolalarimizga meros qoldirmasligimiz zarur” – Qozoqboy Yo‘ldоshev turkiy alifbo haqida


Saqlash
11:15 / 07.10.2024 766 0

 Shu yilning 9–11-sentyabr kunlari Bokuda Turkiy davlatlar tashkilotiga a’zo yurtlarning olimlari o‘rtoq turkiy alifbo masalasida bir to‘xtamga kelishdi. Aslida bu masala bir majlisda hal qilingan emas. Ilk yig‘in o‘tgan yili Ostonada, keyingisi Olmaotada, uchinchisi bu yil may oyida Bokuda bo‘lgan edi. To‘rtinchi – oxirgi yig‘inda “34 harfdan iborat o‘rtoq turkiy alifbo tavsiya qilinsa”, degan umumiy xulosada to‘xtalindi.

 

Uchrashuvlarda, ijtimoiy tarmoqlarda ko‘pchilik “O‘rtoq turk alifbosi qabul qilinibdi yoki tasdiqlanibdi” deganga o‘xshash gaplarni aytyapti. Aslida unday emas. Taqdim etilayotgan alifbo Turkiy davlatlar tashkilotiga kirgan mamlakatlar olimlarining TDT rahbariyatiga taklifi, xolos. Ikki yil davomidagi tortishuvlar, tushuntirishlar, izohlardan so‘ng olimlar kelgan konsessus. Endi ushbu loyiha Turkiy davlatlar tashkilotiga kirgan yurt rahbarlariga tavsiya qilindi. Ular vaqti bilan kerakli mutaxassislar ishtirokida uni ko‘rib chiqib, fikrlarini aytishadi.

 

Bir narsani ishonch bilan aytish mumkinki, ushbu alifbo turkiy millatlarning o‘zaro birlashishi yo‘lidagi juda jiddiy qadam hisoblanadi. Birinchi o‘rinda Turkiy davlatlar tashkilotiga a’zo mamlakatlar, keyin lozim topsa, boshqa turkiy xalqlar ham bunga qo‘shiladigan bo‘lsa, juda keng miqyosda foydalaniladigan alifbolardan biriga aylanadi.

 

 

Nima da’vo qilinyapti bu o‘rtoq turkiy alifbo bilan? Qanday afzalligi bor, nega 34 ta harfdan iborat? “O‘rtoq” degan so‘z universal, umumiy ma’nosida ishlatilgan. Aslida turkiy millatlar orasida 34 harfli alifbo yo‘q. Lekin biz turkiylar bir-birimiz bilan juda o‘xshash jihatlarimiz ko‘p bo‘lgani holda ayrim o‘zgachaliklarimiz ham borki, o‘rtoq alifboda shu holat hisobga olindi. Alifboda har bir millat ahlidagi o‘zgachaliklarni ifodalashga imkon berish maqsadida 34 harf belgilandi. Yo‘qsa, turklarning salkam yuz yildan buyon qo‘llanib kelinayotgan alifbosini shunday qabul qilsa ham bo‘lardi. Chunki bu alifboda turkiy tillarning barchasiga xos tovushlarning ko‘pchiligiga harf belgilangan edi. Shuningdek, turkiy tilning eng yetakchi belgisi, tovush uyg‘unligi – singarmonizm aks etgandi. Lekin bu alifboda ayrim turkiy tillarga xos ba’zi tovushlarga harf belgilanmagan edi. Barcha turkiy tillardagi asosiy tovushlarning, imkon qadar, barchasiga harfiy belgi bo‘lishini ta’minlash uchun 34 harfdan iborat o‘rtoq alifbo qabul qilindi.

 

Deylik, “q” tovushi turklar nutqida ishlatilmaydi, demak, ularga bu harf kerak emas, biroq boshqa barcha turkiylarga kerak. “H” harfini ozarboyjonlar bilan o‘zbeklardan boshqa qardoshlar ishlatmaydi, hech qachon ishlatmagan ham. Lekin ayni vaqtda u ham qabul qilindi. Yana shunday imkoniyat qoldirildiki, mabodo o‘rtoq alifbo tuzish komissiyasidagi olimlar ko‘zda tutmagan biror bir fonema qaysidir bir turkiy tilda mavjud bo‘lsa, bu tovushga o‘zi istagan belgini tayin qilishi mumkin.

 

O‘rtoq turkiy alifbodagi “ә” harfi “anhor”, “anor” kabi so‘zlardagi birinchi tovush uchun ishlatiladi. “A” belgisi o‘zbek tilidagi “o” tovushini ifodalashga xizmat qiladi. Bizda 1929–1940-yillari amalda bo‘lgan lotin yozuvida ham ushbu tovush “a” belgisi bilan ifodalangan. Ta’kidlash kerakki, o‘zbek tilidagi keng “o” unlisi bizdan boshqa turkiy tillarning birortasida yo‘q. Buning ustiga, butun turk dunyosida “o” harfi “o‘” tovushining belgisi o‘laroq qabul qilingan.

 

O‘rtoq alifboga yot ko‘z bilan qarab, kamchilik izlashdan ko‘ra, uning foydali tomonlarini o‘ylagan ma’qul. Alifbo majburiy ham, undagi 34 harfni barcha turkiy uluslar qo‘llashi shart ham emas. Har bir turkiy millat o‘zining tovush tizimini ifodalashga yaraydigan harflardangina foydalanadi. Lekin asosiy tovushlar bir xil harflar bilan ifodalangani uchun barcha turkiylar bir-birlarining yozganlarini oson o‘qib, tushunadigan bo‘lishi aniq.

 

O‘rtoq turkiy alifboning qabul qilinishi bir qator o‘ziga xos qiyinchiliklar tug‘diradi, albatta. Mana, biz 35 yildan beri yangi alifbodagi to‘rt harfni qanday ifodalash borasida bir to‘xtamga kelolmay, tortishib yotibmiz. O‘rtoq turkiy alifboning qabul qilinishi bilan bu kabi masalalar o‘z-o‘zidan hal bo‘ladi.

 

Aytish kerakki, har qanday ko‘lamdor ish kabi o‘rtoq alifboga o‘tish ham bir qadar fidoyilik, jonachirlik talab qiladi. Bu yo‘lda qiyinchiliklar bo‘lishi tabiiy. Ayniqsa, biz – o‘zbek o‘quvchilari, o‘qituvchilari, oydinlari, yozarlari uchun bir qator qo‘shimcha yumushlar vujudga kelishi aniq. Chunki biz salkam bir asrdan beri tilimizda olti unli bor, deb yurganmiz. “O‘tin” so‘zidagi “o‘” bilan “o‘zbek” so‘zidagi “o‘”ni; sonni anglatgan “uch” so‘zidagi “u” bilan “un” so‘zidagi “u” tovushini; “qir” so‘zidagi “i” bilan “ingichka” so‘zidagi “i”ni farqlamay yozib o‘rganganmiz. Bordi-yu to‘qqiz unli qabul qilinadigan bo‘lsa, uch qo‘shimcha unlining belgilarini qayerda, qanday ishlatish kerakligini o‘rganish zarur bo‘ladi. Albatta, bu muayyan vaqt qiyinchilik tug‘diradi. Butun turkiy dunyo shu ishni qilyapti va buning uchun xarob bo‘lib qolgan joyi yo‘q. Biz ham tez orada o‘zlashtirib olishimiz tayin. Chunki tilimizning tabiati, bizning minazimiz shuni taqozo qiladi. Shu asnoda ozroq qo‘shimcha emgak (mehnat) qilishga to‘g‘ri keladi.

 

O‘rtoq turkiy alifbo muhokamalari ham silliq kechgani yo‘q. O‘rtada ko‘p tortishuvlar bo‘ldi. Mening o‘yimcha, chet tillardan o‘zlashtirilgan so‘zlarda uchraydigan sirg‘aluvchi “j” va bo‘g‘iz “h”ni ifodalash uchun belgi shart emas edi. Chetdan kirgan so‘zlardagi tovush uchun belgi olish o‘rniga bunday so‘zlarni turkiy talaffuz yo‘siniga moslashtirish tabiiyroq bo‘lardi. Ammo ko‘pchilikning fikri boshqacharoq ekan.

 

O‘rtoq turkiy alifboni joriy qilishga to‘siq sifatida savodxonlikka salbiy ta’sir ko‘rsatishi aytilishi mumkin. Umuman, shu vaqtga qadar bizda alifboning ko‘p o‘zgartirilishini savodsizlik sababi sifatida ko‘rsatish holati ko‘p uchraydi. Aslida, savod bilan alifboni bir-biriga fatal bog‘lab qo‘yish unchalik to‘g‘ri emas. Ayni vaqtda bunday e’tirozlar asossiz ham emas. Chunki alifboning tovush tizimiga uyg‘unligi, shuningdek, uning til minazi, tabiatini to‘g‘ri ifodalaydigan qoidalardan iborat qilib tuzilgani savodxonlikni ta’minlaydi.

 

Birinchidan, turkiy dunyoning asosiy bo‘g‘ini, har uch katta lahjani birlashtirgan katta millat sifatida o‘zbek yozuvining singarmonizmga asoslanishi maqsadga muvofiqdir. Kimlardir shu vaqtgacha g‘ayirlik qilib kelganiga qaramay, tovush uyg‘unligi bizning tilimizdan yo‘qolib ketmadi va endi u harfiy ifodasini talab etmoqda. Biz qilmasak, urpoqlarimiz baribir qachondir singarmonizmni tiklaydi. Kimlarningdir xohishi haqiqatni yo‘q qilib yuborolmaydi. Shu tashvishni bolalarimizga meros qoldirmasligimiz zarur. Har safargiday, qurgan imoratimizning bir joyini to‘g‘rilab, qolganini chala qoldirib ketavermasligimiz kerak.

 

 

Ikkinchidan, harflar tilning tabiatiga muvofiq belgilangani uchun odamlar tez orada “o‘n” bilan “o‘rdak”dagi “o‘”ni farqli yozishni ham, farqli aytishni ham o‘rganib oladi. Agar shu ikki tovush alohida-alohida harfda ifodalansa, hozirda bu ikkisini ajratolmaydiganlar ham to‘g‘ri talaffuz qila boshlaydi.

 

E’tibor qilsangiz, ko‘pchilik yoshlar milliy alifbomizga bir kiritilib, bir chiqariladigan, kiritganda ham ikki harf bilan “ng” tarzida ifodalanadigan “ñ” tovushini aytolmaydi. “O‘ng tomon” deyolmay, “O‘n tomon”, deydi. “Ming” o‘rniga, “min” deydi. “Gapirin”, “aytin”, eshitin” deb aytadi. Ko‘ryapsizmi, tovushning ifodasi bo‘lgan yozuv tovushga ham ta’sir qiladi, uni o‘zgartiradi. Grafema talaffuzining yo‘sini o‘zgarishiga ham olib kelishi mumkin ekan. Ushbu burun tovushi bor so‘zlarni bir necha marta to‘g‘ri aytish natijasida talaffuzni to‘g‘rilab olish qiyin emas.

 

Afsuski, bugun savodxonlik darajasi tushib ketgan. Chunki odamlar, ayniqsa, yoshlar tilni faqat og‘zaki so‘zlashuv orqali o‘rganyapti. Oldinlari ham so‘zlashuv orqali: ota-onasi, o‘rtoqlari, atrofidagi katta-kichikdan o‘rgangan. Maktabga kelgach esa, tilni yozuvdan ham o‘rgangan. Darslikda esa to‘g‘ri yoziladi. O‘quvchi undan keyin badiiy asardan o‘rgangan. Badiiy asar tilga jilva beradi, sayqallaydi, go‘zallashtiradi. Shuning uchun kechagi odamlarning savodi balandroq edi. Bugungilar umrida kitob titkilamagani, darsliklargayam yalchitib e’tibor qaratmagani, nega o‘qiyotgani, nima uchun maktabga borishi kerakligini yaxshilab idrok etmagani bois savodsizlik judayam kuchayib ketyapti.

 

Hozir yoshlarning ko‘pchiligi “most”, “optom” degan so‘z o‘rischa ekanini bilmaydi. Shuning uchun bittasi do‘koniga “O‘ptim narxlarda sotiladi” deb yozib qo‘yibdi. Birinchi so‘z nimani ifodalashini o‘ylab ham o‘tirmaydi. Chunki u so‘zni qulog‘i bilan shunday eshitgan. Saviya pastligi, bu qaysi so‘z, kim uchun, qaysi tilda yozayapman, degan farosat shakllanmagani uchun mana shu ahvolga tushildi. Millatimiz dunyo ayvonida yashab qolishi uchun baribir qachondir kitobga qaytishi kerak bo‘ladi. Ana shu avlod puxta alifboga ega bo‘lishi shart.

 

Boshqa muammolar ham ko‘p bo‘lgan bugungi zamonda turkiy postsovet mamlakatlarida lotin yozuviga tayangan alifboga o‘tish harakati bejiz boshlanmagan. Globallashgan dunyoda o‘zimizning turkiy qiyofamizni saqlab qolish uchun barcha qardosh xalqlar birlashishi kerak. Har qanday birlashish til birligidan boshlanadi. Shuning uchun yaxlit va buyuk bir hudud, 300 milliondan oshiq nufusning yozuvi, so‘zlari bir-biriga yaqinlashsa, globallashuvning salbiy ta’siri ham kamayadi. Aksincha, globallashuvga o‘rtoq alifbo asosidagi turk yozuvi va qudratli turkiy til o‘z ta’sirini o‘tkazishi mumkin.

 

 

Qozoqboy YO‘LDOSH,

Turk dunyosi o‘rtoq alifbo komissiyasi a’zosi

 

“Til va adabiyot ta’limi” jurnali, 2024 yil 9-son.

“Milliy qiyofani saqlab qolish sharti” maqolasi

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

So‘nggi maqolalar

Barchasi





Ko‘p o‘qilgan

Barchasi

Adabiyot

18:04 / 05.04.2024 0 20456
Yaponiya sotuvga qo‘yiladi

//