O‘rta Osiyoning ilk professori Yarotskiy. U nega o‘limga hukm qilingan?


Saqlash
15:35 / 04.10.2024 529 0

Vasiliy Yakovlevich Yarotskiy 1887-yil 14-mart Ukrainaning Kiyev guberniyasi, Cherkasski shahrida ukrain millatiga mansub o‘qituvchi oilasida tug‘ilgan. Uning otasi tarix fanidan dars berardi. Bolaligi oilasi bilan Jitomirda kechdi. Vasiliy hali gimnaziyaga kirmasidan avval 1903-yildayoq darvinizmni o‘rganish to‘garagi tashkil etib, o‘zining gektografik jurnaliga asos soladi. 1904–1917-yillar eser partiyasi a’zosi, 1906-yil may oyidan Poltavadagi to‘garak a’zosi bo‘lib, bir necha marta inqilobiy faoliyati uchun jazoga tortilgan. Uchinchi bor jazodan so‘ng okrug-harbiy sudi qamog‘idan xorijga qochib ketishga majbur bo‘ladi.

 

Vasiliy Yakovlevich Yarotskiy Fransiyada Sorbonna universitetida o‘qib, Parij to‘garaklarida inqilobiy ish bilan shug‘ullandi. London muzeyi kutubxonasiga a’zo bo‘ldi, Iqtisodiy fanlar oliy maktabida ta’lim oldi.  G.Bichkov, A.Chekin imzolari bilan “За народ”, “Саратовский вестник”, “Вестник Европы”, “Русское Богатство”, “Вестник кооперации”, “Общественный врач” kabi qator matbuot nashrlarida jurnalist sifatida faol ishtirok etdi.

 

 

1916-yil London universitetining tarix-iqtisod yo‘nalishini tugatadi va 1917-yil o‘zining “Ingliz-rus savdo aloqalari tarixi” mavzusida tadqiqot ishini yozadi. Ayni payda Kekston Xolda Rossiya iqtisodiyoti haqida ma’ruzalar qiladi. 1920-yil iyuldan kompartiyaga kirib Xalqaro professional ittifoqlar kengashi kotibiyati mudiri va muharriri bo‘ldi.

 

Vasiliy Yakovlevich muhojirlikdan qaytgach qator monografiya va kitoblar yozdi, jurnal va gazetalar bilan hamkorlikda ko‘plab maqolalar chop etdi. Y.M.Sverdlov nomidagi Kommunistik universitetda, Sharq mehnatkashlari Kommunistik universiteti, Moskva davlat universitetlarida dars berdi. Ayni paytda kasaba uyushmasida ishlab, mas’ul lavozimlarga saylandi, kasaba uyushmasi davriy nashrlarida muharrirlik qildi. 1924-yil sovet kasaba uyushmalari delegatsiyasi kotibi sifatida ingliz tred-yunionlar kongressida muzokaralar olib bordi.

 

Vasiliy Yakovlevich Yarotskiy 1930-yil oktyabrdan Toshkentga ko‘chib kelib, tashkiliy va ilmiy-pedagogik faoliyatini boshlaydi. O‘zSSR Maorif xalq komissarligi O‘quv ilmiy kengashi (GUS) raisi o‘rinbosari sifatida o‘rta maktab va bilim yurtlari dasturlarini ishlab chiqish, O‘zbekistondagi ilmiy muassasalar va oliy ta’lim dargohlari ilmiy xodimlarining malakalarini baholash komissiyasi raisi vazifalarini bajaradi. 1933-yilning may oyida Butunittifoq kompartiyasi markaziy qo‘mitasi Sredazbyuro qarori bilan O‘rta Osiyo davlat universiteti rektori lavozimiga tayinlanadi. Vasiliy Yakovlevich Yarotskiyning bevosita ko‘magi bilan SAGUda Pomir ekspeditsiyasi tashkil etildi va 1933–1937-yillar davomida o‘lkani keng o‘rganishga kirishadilar. 1934-yil Moskvadan O‘rta Osiyo davlat universitetining moddiy texnik bazasini boyitish, ilmiy va o‘quv jihozlari bilan ta’minotini kengaytirishga erishadi. 1934-yil dekabrda universitet yubileyi munosabati bilan Pomirda tog‘-biologik stansiya tashkil etishga muvaffaq bo‘ladi. 1935-yil iyulda SSSR MIK huzuridagi o‘quv muassasalari va olimlar ma’muriyati O‘rta Osiyo davlat universitetining 5 nafar xizmat ko‘rsatgan murabbiylariga: V.Y.Yarotskiyga – tarix, A.M.Brodskiyga – zoologiya, P.A.Baranovga – botanika, Y.P.Korovinga – geobotanika, V.I.Romanovskiyga – matematika yo‘nalishlarida O‘rta Osiyoda ilk bor professorlik unvonini beradi. 1935-yil SSSR MIQ Olimlar qo‘mitasi Prezidiumi Sredazbyuroning V.Y.Yaroskiyning tashabbusi bilan tayyorlangan maxsus ma’ruzasi tinglanadi va unda O‘rta Osiyo davlat universitetida tarix fakultetini tashkil etish zaruriyatini asoslab beradi. 1935-yil kuzida O‘rta Osiyo davlat universitetida tarix va geologo-geografik-tuproqshunoslik fakultetlari ish boshlaydi.

 

V.Y.Yarotskiy tarix fakultetida G‘arb va Sharq mamlakatlarining qadimgi va o‘rta asrlar tarixidan dars beradi. Shuningdek, A.Ikromov nomidagi Umumiy pedagogika va o‘qituvchilar institutida dars beradi, Marksizm-leninizm o‘zbek ilmiy-tadqiqot institutida ilmiy tadqiqot ishi bilan shug‘ullanadi. Uning tadqiqot mavzusi O‘rta Osiyoda madaniy hayot va sosoniylar davridagi asosiy ijtimoiy-iqtisodiy aloqalariga bag‘ishlangan. Ayni paytda Toshkent shahar soveti deputati edi.

 

V.Y.Yarotskiy Moskva, Leningrad va boshqa markaziy shaharlardan Toshkentga surgin qilingan taniqli mutaxassislar va ilmiy xodimlarni SAGUda ilmiy-tadqiqot va o‘qitish ishlariga keng jalb etishga alohida ahamiyat qaratadi. Jumladan, professor P.P.Smirnov Kiyevda “aksilinqilobiy faoliyati uchun” Toshkentga ko‘chma qilingan edi. U dars o‘tish huquqidan mahrum etilgani uchun Toshkent davlat bankida inspektor bo‘lib xizmat qilgan. 1933-yil V.Y.Yarotskiy professor Smirnovni SAGUning fundamental kutubxonasiga direktor etib tayinlaydi va “SSSR xalqlari tarixi” kursidan ma’ruzalar o‘tishiga imkon beradi.

 

V.Y.Yarotskiy universitet talabalari orasida juda katta obro‘ga ega edi. U hibsga olinganidan so‘ng uning bu obro‘si talabalar orasida aksilsovet kayfiyat tashigan deb ayblanishigа bahona bo‘ladi. 1936-yil sentyabrda V.Y.Yarotskiy partiyadan haydalib, rektorlikdan olinadi va uning vazifasini professor L.G.Rayskiy davom ettiradi.

 

1937-yil 28-yanvar kuni professor V.Y.Yarotskiy O‘zSSR JKning 66-1, 67-moddalari bilan ayblanib qamoqqa olinadi. Toshkent shahar, K.Marks ko‘chasi 67-uy, 10-xonadondan unga tegishli ko‘plab kitoblar, shaxsiy yozishmalar va buyumlari xatlab olib ketiladi. 30-yanvar kuni to‘ldirilgan shaxsiy anketasiga ko‘ra uning oila a’zolari turmush o‘rtog‘i Yarotskiy Mariya Petrovna (31 yosh), farzandlari Vadim (12 yosh) va Andrey (1,5 yosh)larning nomlari keltirilgan. Bu vaqtda katta o‘g‘li Anatoliy (27 yosh) Leningraddagi harbiy akademiyada o‘qigan. 1937-yil 1-fevralda ilk so‘roqdan Yarotskiy Vasiliy Yakovlevichga Tomskiy va Buxarinlarning yaqin do‘sti, O‘zbekistonda mavjud aksilinqilobiy o‘ng troskiychilar tashkiloti rahbari, xalq xo‘jaligi qurilishida jiddiy o‘pirilishlarga yo‘l qo‘ygan kabi ayblovlar qo‘yildi. Vasiliy Yakovlevich o‘zining aybsizligini qanchalik isbotlashga harakat qilmasin 1938-yil 7-oktyabr kuni mash’um “uchlik” uni oliy jazoga hukm etadi. Hukm shu kunning o‘zida Toshkentdagi maxsus obyektlardan birida ijro etiladi. Uning izidan so‘rab kelgan oila a’zolariga esa 10 yil muddatga qamoqqa hukm etilgani haqidagi yolg‘on xabarni yetkazadilar. V.Y.Yarotskiyning ishi 1956-yil turmush o‘rtog‘i Yaroskiy Mariya Petrovnaning arizasi ortidan qayta ko‘rib chiqiladi va u 1957-yil 26-mart kuni SSSR Oliy sudi tomonidan oqlangan.

 

Bahrom IRZAYEV,

tarix fanlari bo‘yicha falsafa doktori



[1] Qarang: “Стенограмма 4го пленума Союза советских писателей Узбекистана”, начато 2 сентября 1937 года, окончено 7 сентября 1937 года, ЦГА УЗ, фонд № 2356, опись, 1 ед.хр.30, стр. 42.)

[2] ЦГА Уз, фонд 2356, опись, ед.хр. 27, стр. 9

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

So‘nggi maqolalar

Barchasi





Ko‘p o‘qilgan

Barchasi

Adabiyot

18:04 / 05.04.2024 0 20456
Yaponiya sotuvga qo‘yiladi

//