Ibtidoiy insonlarning rivojlanishi o‘zaro muloqot o‘rnatish uchun belgilar o‘ylab topganidan boshlanadi. To hozirgi kunga qadar davom etayotgan bu usul bir muncha murakkablashib butun hayotimizni qamrab oldi. Belgilarga qarab telefonimiz quvvati oz-ko‘pligini, chorrahada qachon, qayerdan o‘tishni, binodagi belgilardan kelar-ketar manzilimizni, iste’molimizdagi mahsulot qadog‘iga tushirilgan belgilardan tarkibi, yaroqlilik muddati yoki chiqindisi necha qayta ishlanishi mumkinligini, egnimizdagi kiyim etiketkasidagi belgilardan necha darajali suvda yuvish, dazmol qilish-qilmaslik va shunga o‘xshash bilimlarni o‘rganimiz, bajaramiz. Bu belgilarning hayotimizdagi roli boshqarish, yo‘naltirish, o‘rgatish yoki ko‘rsatishdan iborat. Yuqoridagilarning barchasi tashqi muhitdagi belgilar edi, xo‘sh, ichki muhitimiz, ya’ni tanamiz yoki ruhiyatimiz ham belgi beradimi? Uni o‘qiy olamizmi? Ushbu maqolada tanaga oid belgilarning bir necha turini ko‘rib chiqamiz.
Tana va ruhiyat bilan bog‘liq belgilar tibbiyot tilida sindrom deb yuritiladi.
Sindrom – muayyan buzilish yoki holatga ishora qiluvchi alomatlar to‘plamidir. Mavzuni yaxshiroq yoritish uchun misollarni badiiy adabiyotdan olamiz. Vaholanki adabiyot inson ruhiyatiga yuborilgan vaksina kabi uni kelajakda yuz berish ehtimoli mavjud bo‘lgan vaziyatlarga: yo‘qotishlar, taqdir zarbalari, hayot sinovlariga tayyorlab boradi.
Misollar:
Martin Iden sindromi – insonning patalogik holati bo‘lib, oldinga qo‘yilgan maqsadga erishgach maqsadsiz qolishi natijasida yuzaga keluvchi ruhiy inqirozga nisbatan aytiladi. Bu atama Jek Londonning dunyoga mashhur “Marten Iden” romani va shu ismdagi obraz nomidan olingan. Ushbu romanda ham bosh qahramon o‘z orzusi sari uzoq va mashaqqatli yo‘lni bosib o‘tgach, maqsadsizlikdan tushkunlikka tushib, o‘z joniga qasd qiladi.
Maugli sindromi. Kiplingning shu nomdagi asarida tasvirlangan vaziyatlar hayotda ham yuz bergan bo‘lib, undagi qahramonlarning umumiy o‘xshashligi nutq buzilishi yoki umuman gapira olmaslik, gavdasini tik tuta olmaslik, jamoa va jamiyat orasida o‘zini yomon his qilish, buyumlarni ishlatish hamda kundalik yumushlarda eng ibtidoiy ko‘nikmalar yetishmasligi, odamlardan qo‘rqish kabi belgilarda mujassamlashadi. “Maugli” bolalar taqdiri bilan bog‘liq vaziyatlar natijasi turlichadir: ba’zilari jamiyatga moslashib yashab keta olgan, ba’zilari esa yo‘q. Bu ko‘rsatkichlar bolaning hayvonlar orasida qancha muddat qolib ketganiga bog‘liq.
Doriyan Grey sindromi – bunday bemorlar go‘zallik va yoshligini saqlab qolish uchun o‘zidagi bor imkoniyatdan foydalanadi. Ular bu yo‘lda plastik operatsiyalar; yoshiga nomunosib kiyim, turmak va atributlardan panoh izlaydi. Bu atama Oskar Uayldning “Doriyan Greyning portreti” romani bosh qahramoni nomidan olingan.
Robinzon sindromi – mohiyatan fikr almashish, muloqot asnosiga qurilgan mavsumiy tadbirlar tugagach yuz beruvchi suhbatga bo‘lgan kuchli ehtiyoj ko‘rinishida namoyon bo‘ladi. Ushbu atamaga asos bo‘lgan roman qahramoni – Robinzon Kruzo ham kimsasiz orolda faqat suhbatgagina kuchli ehtiyoj tuyadi. Bu hol to Jumavoyni topib olgunga qadar davom etadi.
Xlestakov sindromi – “Revizor” romanidagi shu nomli qahramon xarakterini nishonga olsak, uning belgilari: doimiy ravishda diqqat-e’tiborda bo‘lish, o‘zini atrofdagilardan yuqoriroq martaba yoki lavozim egasi sifatida ko‘rsatib, amalda qilmagan “buyuk ishlari” haqida so‘zlash kabi alomatlar orqali namoyon bo‘ladi. Qilmishlari fosh bo‘lib qolgan taqdirda ham, xijolat bo‘lmay suvdan quruq chiqishga usta bo‘lishadi.
Manilov sindromi – Xlestakov sindromi bilan o‘xshash bo‘lib, yagona farqi bunda inson odamlar orasida emas, yolg‘izlikda o‘zining amalga oshirolmaydigan orzu, martaba va muvaffaqiyatlarini tasavvurida jonlantiradi. Bu atama Gogolning “O‘lik jonlar” asaridagi bosh qahramon nomiga asoslangan.
Geklberri Finn sindromi – bunday odamlar Mark Tvenning qahramoni singari atrofidagi hamma narsadan doimiy norozilik va ichki bo‘shliqni his qiladi, mas’uliyatdan qochadi; do‘stlari, tanishlari doirasi hamda ish joylarini tez-tez o‘zgartirib turadilar.
Ofeliya sindromi. Bu atamani 1982-yilda fanga kiritgan shifokor Yan Karrning ushbu sindrom bilan bog‘liq o‘z hikoyasi bor: u 15 yoshli qizidagi holatlarni kuzatib, uning g‘alati xatti-harakatlariga guvoh bo‘ladi. Qizaloqda tushkunlik, uyqu buzilishi, dunyodan uzilib, o‘z dunyosiga berilish, kayfiyatning tez-tez o‘zgarib turishi, boy tasavvur, arzimas narsalardan ham hayratlanish va doimiy o‘ychanlik belgilari bor edi. Doktor Karr bu alomatlarni balog‘atga yetish jarayonidagi gormonal o‘zgarishlar natijasi deb o‘yladi. Biroz vaqt o‘tgach qizaloqda progressiv xotira yo‘qolishi, illyuziya, gallyutsinatsiya va nutqida kamchiliklar paydo bo‘ldi. Jiddiy tekshiruvlardan so‘ng unga Hojnik kassaligi tashxisi qo‘yiladi. Muvaffaqiyatli va o‘z vaqtida davolanishdan so‘ng qizaloq tuzalib ketdi. Keyingi tadqiqotlar shuni ko‘rsatdiki, Hojnik tashxisi qo‘yilgan boshqa bemorlarda ham yuqoridagi alomatlar kuzatilgan. “Ofeliya sindromi” atamasi esa Shekspirning ashaddiy muxlisi bo‘lmish Karrning tanlovi edi. Ofeliya – “Hamlet” tragediyasi qahramoni, Daniya shahzodasi Hamletning mashuqasi. Asarda Ofeliyaning nutqidagi jumlalar asta-sekin bir-biriga mos kelmay boshlaydi, u sarson-sargardon bo‘lib, ma’nosiz qo‘shiqlar kuylaydi. Oxirida qiz aqldan ozadi va ruhiy iztirob-u hayot qiyinchiliklariga chiday olmay vafot etadi.
Bovari xonim sindromi – bu atama fanga 1857-yilda kiritilgan bo‘lib, Gustav Floberning shu nomdagi romani va uning qahramoni sharafiga shunday atalgan. Ushbu sindromga chalingan insonlar o‘z hayotini o‘zgartira oladigan va muammolaridan qutqara oladigan qahramon kelishiga ishonib, uni kutib yashaydilar. Bunday ayollar allaqachon turmushga chiqqan bo‘lsalar ham, jufti ular uchun qusurli, nomukammal shaxs bo‘lib tuyiladi va ayollarda boshqa erkakka nisbatan sevgi illyuziyasi boshlanadi. Bu ko‘p hollarda xiyonatga sabab bo‘ladi.
Pikvik sindromi. 1836–1837-yillarda chop etilgan Charlz Dikkens qalamiga mansub “Pikvik klubining o‘limidan keyingi yozishmalari” asari qahramoni Jo kun davomida ko‘p ovqatlanar va istalgan vaqtda, istalgan joyda uxlab qolar edi. Pikvik sindromi – ortiqcha vazn natijasida nafas olish mexanizmining buzilishi bo‘lib, unda yurak va tana semizlik sabab yuzaga kelgan o‘zgarishlarga moslasha olmaydi. Natijada, qondagi kislorod ko‘rsatkichi pasayadi va bu kunduzgi uyqusirash, nafas siqilishi hamda yuqori qon bosimi kabi belgilar bilan namoyon bo‘ladi. 1956-yilda, kasallik o‘rganilgandan so‘ng “Piknik sindromi” deb yuritila boshlandi.
“Verter sindromi” yoki “Verter effekti” deb matbuot va televideniyeda, qaysidir film yoki badiiy asarda yoritilgan o‘z joniga qasd qilish holatidan so‘ng ommaviy ravishda suiitsid to‘lqini yuzaga kelishiga aytiladi. Mazkur sindromni birinchi marta 1974-1975-yillari Kaliforniya universiteti sotsiologi Devid Fillips XVIII asr oxirida butun Yevropa bo‘ylab tarqalgan shunday hodisa ustida izlanish olib borishi jarayonida aniqlagan. Bunga Gyotening “Yosh Verterning iztiroblari” romani turtki bergani bois sindrom nomi ham ayni asar qahramoni ismiga qo‘yilgan.
Bundan tashqari mashhur rassom – Van Gog, taniqli yozuvchi – Stendal, hassos shoir Yesenin nomlari bilan ataluvchi sindromlar ham mavjud bo‘lib, ular quyidagicha belgilarga ega:
Van Gog sindromi – ushbu sindromning mashhur rassom sharafiga nomlanishi ham bejiz emas. Ayrim manbalarda Van Gog psixologik muammolarni boshdan kechirayotgan kunlarning birida o‘z qulog‘ining birini kesib tashlagan. Shundan kelib chiqadigan bo‘lsak, “Van Gog sindromi”ga chalingan bemor o‘zini o‘zi operatsiya qilishi yoki ma’lum bir operatsiyani bajarishni talab qilishi bilan namoyon bo‘ladi. Sindromning asosiy klinik belgisi bu – o‘z-o‘zini jarohatlash;
Stendal (Florensiya) sindromi – tasviriy san’at muzeyida bo‘lgan vaqtingizda yurak tez urishi, terlash, holsizlik, bosh aylanishi, gallyutsinatsiya holatlarining kuzatilishi bilan namoyon bo‘ladi;
Yesenin sindromi – hassos shoir Yesenin vafoti bilan bog‘liq bo‘lib, “Verter sindromi”ning Sobiq Ittifoq davlatlarida foydalanilgan variantdosh nomidir.
Badiiy adabiyot va mualliflar nomidan olinga sindromlar sahifasini yopib, yangi sahifa – xalq og‘zaki ijodi bo‘lmish ertak hamda mifologik qahramonlar nomi bilan atalgan sindromlar sahifasini ochamiz. Bunda ertak qahramonlaridan Rapunzel, Piter Pen, Zolushka va Oq quyon (aslida bu muallifi mavjud badiiy asardagi obraz hisoblansa-da, shaxs bo‘lmagani tufayli ertak qahramonlari qatoriga qo‘shdim) sindromlarini; mifologik obrazlardan esa Odin, Uliss va Protey sindromlarini ko‘rib chiqamiz.
Rapunzel sindromi – bunday bemor o‘z sochini og‘ziga solishi, so‘rishi va yeyishi natijasida yuzaga keladigan ichak trixobezoyar kasalligidir. Kasallik asosan nevrozlar va ruhiy kasalliklar fonida yuzaga keladi. Sindrom qorin og‘rig‘i, ishtahaning yo‘qolishi va ich qotishi bilan namoyon bo‘ladi.
Piter Pen sindromi – doimo beg‘ubor bola bo‘lib qolish istagi, katta odamlarning voqelikni to‘g‘ri va jiddiy qabul qila olmasliklari natijasida yuzaga keladi. Bu holatda odam katta bo‘lishdan, o‘ziga biror bir mas’uliyatni olishdan qo‘rqadi va bulardan qochadi.
Zolushka sindromi. Marhum, buyuk psixolog doktor Albert Ellis buni “Inson boshqalarga to‘liq qaram bo‘lishi va ularga muhtoj bo‘lishi kerak...”, deya tavsiflangan mantiqsiz fikr sifatida ta’riflagan. “Zolushka sindromi”ning asosiy belgilari quyidagilardan iborat: 1) Kimdir meni xursand qiladi; 2) Bu odam mening hayotimga kiradi va meni baxtsizlikdan xalos qiladi; 3) Men bu odamni topganimdan keyin yoki u meni topgach, baxtli yashayman. Bunday qarashlar bolalar adabiyotida, ishqiy romanlar va filmlarda chiroyli ko‘rinadi, ammo u haqiqatdan uzoqdir.
Oq quyon sindromi – Lyuis Kerrolning “Alisa mo‘jizalar mamlakatida” asarida oq quyon obrazi bor. U har doim cho‘ntak soatiga qarab, judayam kechikib ketayotganini aytib, jo‘nab qoladi. Oq quyon sindromi – ruhiy holat bo‘lib, odamda doimo yoki tez-tez biron joyga (institutga, uchrashuvga, ishga, biron vazifani bajarishga v.h.k) kechikayotgandek tasavvur uyg‘onaverishi. Ko‘pchilik mutaxassislar bu sindromni jiddiy qabul qilishmaydi, kasallik yoki ruhiy holatning buzilishi deya baho berishmaydi. Ularning fikriga ko‘ra, bu holat insonning turmush jarayonidan kelib chiqadigan odatiy holdir.
“Odin la’nati” yoki markaziy gipoventiliya sindromi – uyqu paytida nafas olishning to‘satdan to‘xtab qolishi bilan namoyon bo‘luvchi buzilishdir. Bu miya po‘stlog‘ining tug‘ma yoki orttirilgan shikastlanishi natijasida kelib chiqadi, pirovardida nafas olishda muammolar paydo bo‘ladi. Kasallik 1962-yilda tasvirlangan va Odin haqidagi mashhur hikoya sharafiga nomlangan: Odin Yevropa xalq ertaklarida ma’lum bo‘lgan suv nimfasi edi. U Jan Jirodoks tomonidan Fridrix de la Motte Fukening qisqa hikoyasi asosida yozilgan pyesa qahramoni. Odin Hansni sevib qoladi va unga turmushga chiqadi. Lekin bir shart qo‘yadi – agar Hans xiyonat qilsa, uni o‘ldirishi haqida ogohlantiradi. Hans birinchi muhabbati Berta bilan uchrashganda, Odin uni nafas olish qobiliyatidan mahrum qilish bilan jazoladi.
Uliss – yunoncha Odissey nomi bilan tanilgan Itaka shohining lotincha nomi, Homerning “Odissey” asari bosh qahramoni. U Troya urushidan keyin uyiga qaytish uchun o‘n yil vaqt sarflaydi. Uliss sindromi – muxojirlarda uzoq davom etadigan stress natijasida beixtiyor yuzaga keladigan surunkali psixo-ijtimoiy alomatlar to‘plamidir.
Protey sindromi (Viedemann sindromi) – terining haddan tashqari o‘sishi, atipik suyak rivojlanishi va tanadagi o‘smalar bilan bog‘liq kam uchraydigan kasallik. Kasallikning kechishi juda o‘zgaruvchan.
Protey shaklini o‘zgartiruvchi dengiz xudosi bo‘lib, dengizning doimiy o‘zgaruvchan tabiati ramzi bo‘lgani uchun ham ushbu nom tanlangan.
Ziyodaxon TURDIBOYEVA
Adabiyot
Til
Adabiyot
Adabiyot
Jarayon
Til
Til
Jarayon
Tarix
Ta’lim-tarbiya
Tarix
Tarix
Din
San’at
//
Izoh yo‘q