Shoh xizmatchilarining oti, sichqon, kalamushlar ini. “O‘rda” so‘zining etimologiyasi


Saqlash
16:16 / 02.10.2024 535 0

“O‘rda” so‘ziga ko‘p duch kelganmiz. Oltin O‘rda, xonning eski o‘rdasi, Oq o‘rda, Ko‘k o‘rda va hokazo. Garchi bugun bu so‘zdan u qadar faol foydalanmasak-da, batamom iste’moldan chiqib ketgani yo‘q. Mazkur maqolamizda “o‘rda”ning kelib chiqish tarixi, avval va hozir anglatadigan ma’nolari, shuningdek, qaysi hududlarda muntazam ishlatilgani haqida so‘z yuritamiz.

 

“Devoni lug‘atit-turk” asarida bu so‘z “Ordu” (O‘rdu) shaklida uchraydi. Birinchi ma’nosi – Shoh turadigan shahar. Shuning uchun Koshg‘arni O‘rdukent deyishgan, ya’ni “shohlar shahri”. Ikkinchi ma’nosi – Bolosog‘un yaqinidagi shahar. Shuning uchun ham bu shaharni Quzo‘rda ham deyishgan. Asarning yana uch o‘rnida “Ordu” so‘ziga izoh berilgan:

 

1.                 Ordu (O‘rdu) – Ordubashi – Shohlar xizmatidagilarning oti.

2.                 Ordu (O‘rdu) – Sichqon, kalamush kabi yer ostida yashovchi hayvonlar ini.

3.                 Ordu (O‘rdu) – Ordutal. A) Mo‘yni tushirish uchun hammomda ishlatiladigan aralashma, ohak. B) Yosh ko‘krakka uriluvchi tamg‘a. Bu so‘z o‘g‘uz va turk tillarida keng qo‘llanilgan.

 

Yuqorida keltirilgan so‘zlarning so‘ngisini shakldosh deya bemalol ayta olamiz. Chunki, bu atamaning na xonlarga va na ularning qarorgohiga aloqasi yo‘q. O‘zbek tilining izohli lug‘atida  esa “O‘rda” so‘ziga quyidagicha ta’rif berilgan: O‘rda – (tarixiy so‘z). 1. Turkiy va mo‘g‘ul xalqlarida hukmdor, xon qarorgohi, qal’a. 2. Qo‘shin qarorgohi, lashkargoh. Xuddi shu kitobda Oltin O‘rdaga ham ta’rif berib o‘tilgan: Oltin O‘rda –  XIII asrning  40-yillaridan XVI asrning boshlarigacha mavjud bo‘lgan. Poytaxti turli shaharlarda joylashgan, aholisi, asosan, turkiy va mo‘g‘ul ko‘chmanchi qabilalari ittifoqidan tashkil topgan yirik davlat.

 

Endi esa biz о‘rda so‘zini asos va qo‘shimchalar jihatidan tahlil qilamiz. Sh.Rahmatullayev tuzgan etimologik lug‘atda “O‘r” so‘zi uchraydi: O‘r – Chuqur, handak. “Front chizig‘ida o‘rlar qazilgan”. Qadimgi turkiy tilda chuqur ma’nosini anglatgan. Bu ot asli “Kovla” ma’nosini beruvchi or fe’lining ism eshi bo‘lib,  hozirgi o‘zbek tilida deyarli ishlatilmaydi.

 

1.                 O‘r – Do‘nglik, tepalik. “O‘r kelsa o‘rmaladi”. Bu ot qadimgi turkiy tilda “Tepaga harakatlan” ma’nosini anglatgan. O:R fe’lining ism eshi bo‘lgan. O‘sha davrdayoq O‘‘ unlisining cho‘ziqlik belgisi, O‘zbek tilida esa yumshoqlik belgisi yo‘qolgan. O‘‘R >O‘R>OR

 

2.                 O‘r – Bir-biriga chirmashtir, esh. Sochini o‘rmoq. Qadimgi turkiy tilda ham shunday mazmunni bildirgan. Bu fe’lning unli tovushi asli yumshoq va cho‘ziq talaffuz qilingan. O‘sha davrlardayoq cho‘ziqlik belgisi yo‘qolgan. O‘‘R>O‘R>OR.

 

Bunda uchinchi so‘z “O‘r” shakldoshlik xususiyatiga ega. Uning hozirgi tilimizda o‘rmoq – eshmoq va o‘ramoq – chirmashtirmoq ma’nolari bor. Misol uchun, sochini o‘rdi; ko‘rpaga o‘randi.

 

Hozirgi o‘zbek tilida o‘rmoq so‘zi yana bir o‘rinda omonimlik hosil qiladi: Bug‘doyni o‘rmoq, bedani o‘rmoq. Demak, bu ikkala ifodaning “O‘rda” so‘ziga mutlaqo aloqasi yo‘q.

 

3.                 O‘ra – Maxsus qazilgan chuqurlik. “Kuzda bu o‘raga kartoshka va sabzilarni ko‘mamiz”. Bu ot qadimgi turkiy tilda “Kovla” ma’nosini anglatgan. Or fe’lidan – u qo‘shimchasi bilan yasalgan. Keyinchalik U unlisi A ga, A unlisi o‘z navbatida A’‘ unlisiga almashgan. OR+U=ORU>ORA>ORA’‘

 

Izohli lug‘atda “O‘r” so‘zi ikki xil ma’noda izohlangan:

 

I.                  O‘R - 1. Jarlik, chuqurlik, o‘ra; 2. Tepalik, balandlik. O‘r tortmoq – Balandlikka yo‘nalmoq. “Olovni qancha alangalatsak, tutuni shuncha o‘rladi”; 3. Ko‘chma: Yuqori, baland. “Birodarlar, o‘zbek eli o‘r keladi, O‘zi o‘jar zo‘r keladi” (Tog‘ay Murod. “Ot kishnagan oqshom”).

 

II.               O‘R – Folklor. O‘jar, johil. “Hali bu bola bo‘sh bo‘lsa ham, yomon o‘r bola ekan” (“Ravshan” dostonidan).

 

Endi esa biz “O‘r” va “O‘rda” so‘zlariga aloqador nomlarni ko‘rib chiqamiz. Ma’lumki, Pokiston Islom Respublikasining rasmiy davlat tili urdu tili hisoblanadi. Urdu esa o‘z navbatida Hindistonda hukmdorlik qilgan Boburiy podshohlar va saroy a’yonlari o‘zaro so‘zlashgan, asosan, musulmon aholi gapiradigan, kelib chiqishiga ko‘ra forschaga yaqin til. Turkiya mamlakatida “O‘rxon” ismi keng tarqalgan. Bu ism qal’adek mustahkam o‘suvchi, yuksaluvchi degan ma’noni anglatadi. Varianti – “Orxan”. Shuningdek, bu nomdagi joy ham bor – “O‘rxun”. Orskmeseum.ru internet saytidan foydalangan holda Rossiya Federatsiyasida joylashgan Orenburg va Orsk shahri kabi joy nomlarini o‘rganib chiqdik: Orsk – Or daryosi bo‘yidagi shahar. Orenburg – Markazi Orsk shahri bo‘lgan Rossiya Federatsiyasidagi viloyat. Or – Daryo. Turkiy tilda yuqori, baland ma’nosini beradi. Bundan ma’lum bo‘ladiki, Or daryosining mazmuni yuqoridagi daryo, balanddagi daryo bo‘ladi. Qozog‘istonda ham Ordabashi degan joy nomlari uchraydi. Bu atama elboshi, yurtboshi kabi o‘rdaning boshchisi ma’nosini bildiradi.

 

Demak, O‘r so‘zining to‘rt xil ma’nosi bor ekan:

 

1. Yuqori, balandlik. “Osmonga tutun o‘rladi”;

2. Quyi, pastlik. “O‘raga sichqon tushdi guldur-gup”.

3. Biror tolani o‘ramoq, eshmoq. “Sochini o‘rdi”.

4. Biror o‘simlikni poyasining osti qismidan qirqmoq, kesmoq: “Pichan o‘rdi”.

 

Shuningdek, uch xil tarixiy shakli bor:

 

1.Or;

2.O‘r;

3.Ur.

 

Birinchi ma’nosiga Or (yuqoridagi daryo), Orenburg, Orsk shaharlarini, O‘rxun manzilgohini, O‘rxon ismini misol qila olamiz. Ikkinchi ma’nosiga esa O‘ratepani. Xulosa o‘rnida shuni aytish mumkinki, “O‘rda” so‘zining kelib chiqishi “O‘r” so‘ziga borib taqaladi. Bunda “O‘r” so‘zining faqatgina balandlik ma’nosini asos qilib olishimiz mumkin. Ya’ni “Ulug‘vorlik” ma’nosida. Bundan tashqari shakli o‘xshash so‘zlardan yana ko‘plab misollar topishimiz mumkin. Ular quyidagilar:

 

1.Order (yuqori darajali vazifa);

2.Orden (yuqori darajali mukofot);

3.Organ (yuqori darajali tashkilot);

4.Orol (suvdan yuqoridagi yer);

5.Oriy (yuqori irq).

 

O‘rxun va O‘rxon atamalari negizida Rossiyaning Arxangelsk shahri nomi ham kelib chiqqanini taxmin qilish mumkin (darvoqe, turklar O‘rxonni, Orxan deyishadi).

 

Uchinchi shaklda ham bir qancha nomlar mavjud degan fikrga kela olamiz. Ammo ularni aniq dalil-isbotlarsiz da’vo qilish ham noo‘rin. Shunday bo‘lsa-da, bu farazlarni o‘rtaga tashlashga qaror qildik. Ular quyidagilar:

 

1.Ur;

2.Uruk;

3.Urmiya;

4.Urartu;

5.Urumchi.

 

Anvar ESHNAZAROV

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

So‘nggi maqolalar

Barchasi

Adabiyot

15:11 / 20.11.2024 0 106
Abdulla Qodiriy – o‘zbek detektivi asoschisi





Ko‘p o‘qilgan

Barchasi

San’at

16:08 / 28.08.2021 8 22029
Dunyoning eng mashhur va qadimiy besh muzeyi

//