Dunyoda anglaganingiz sari bahosi tengsiz bo‘lib boradigan nomli va nomsiz boyliklar bor. Shunday boyliklardan birining nomi ustoz deb ataladi. Ular vaqt, imkon, naf, burch kabi umrning qiymatini belgilovchi omillarning sarlavhasi. Ular shogirdlarning yo‘l xaritasini tepadan ko‘rib turadi. Ular har bil qalb, orzuning me’morlari. Ularning xizmatlari evaziga insoniylikning qiyofasi tiniq, ma’naviy va moddiy olamimiz bugun shu ko‘rinishda.
Bir kishiga, bir sulolaga, bir mamlakatga tegishli boylik, mulklar bo‘ladi. Shuningdek, millatga, insoniyatga tegishli boyliklar ham. Shunday insonlar borki, ular insoniyatning mulki, boyliklaridir.
Oyina.uz Ustozlar kuni munosabati bilan jamiyatda so‘zi, o‘rni, amali bilan o‘chmas iz qoldirgan ustozlarning shogirdlaridan millat boyliklari haqida yodnoma yig‘di.
Urintirib qo‘yish, vaqtlarini olishdan tortinib dastxat olmaganman
Hasanxon qori YAHYO ABDULMAJID,
Qur’oni Majid mudarris ustozi
Allohga hamd bo‘lsin, dindor, ahli ilm oilada dunyoga kelganmiz. Dadamiz Yahyoxon qori Andijondagi ikki katta masjidning ikkinchisida imom-xatib edilar. Onamning otasi, bobomiz esa katta masjidda imom edilar. Shuning uchun din, ilm sohasidagi gap-so‘zlar, xabarlar bizning xonadonda doimiy yangrab turardi. Bola bo‘lsak ham o‘sha gap-so‘zlar qulog‘imizga kiraridi, keyinchalik bu gaplarni tahlil qilib yana ham anglab borganmiz.
Hazrat muftiy bo‘layotgan paytlarida aynan o‘sha muftiylik quriltoylarida, saylovlarida bizning otalarimiz, bobolarimiz qatnashgan. Toshkentga kelib ketish asnosida bo‘layotgan voqealar haqida gapirilganda, jumladan shu gaplar esimizda qolgan, dadam aytganlarki, Muhammad Sodiq degan yigit bor, juda yaxshi olim odam, nomzodlarning ichida agar bu kishi muftiy bo‘lsa musulmonlarga nihoyatda foydali bo‘ladi, yaxshi bo‘ladi. Hazrat haqida birinchi eshitgan gapimiz mana shu bo‘lgan.
Keyinchalik hazrat muftiy bo‘ldilar. Qiblagohimiz vafot etib qoldilar. Hazrat fotihaga borganlar. Biz 7-8 yosh bola edik. Hazrat ukam ikkalamizning peshonamizdan o‘pib, erkalatib ko‘rishganlar.
Mana shu joyda bir nuktani eslab o‘tgim keladi. Bizning bir qo‘shnimiz boridi. U kishi juda ko‘chabezori odam bo‘lgan. O‘sha vaqtda navqiron yigit vaqti. Oilasi rus tabiatli edi. U yigitning ota-onasi “русны язичны” bo‘lsa ham u oilada muftiy bo‘lganlaridan keyin hazratga nisbatan muhabbat bor edi. Rus tilida gapirgan nutqlariga ishqibozmiz, deyishardi. Shundan o‘g‘lida muhabbat tug‘ilganmi, xullas, hazrat biznikiga borganlarida o‘sha yigit hazratning qo‘llariga o‘zim suv quyaman deb talashib, shunday qilgan. Bu haqda o‘zi keyin ham aytib yurardi, o‘sha bir martalik muloqotda 180 gradusga o‘zgargan. Ya’ni, namozxon, ibodatli odamga aylanib ketdi. Bu ham o‘sha ahli ilm, ahli fazl kishilarning fazilatlaridan bo‘ladi. Hazratda mana shunday tavfiyq ham boridi. Bir marta uchrashib, muloqot qilgan odamda (muhabbatga yarasha Alloh tavfiyq beradi baribir) mana shunday o‘zgarish bo‘lgan. Keyinchalik u qo‘shnimiz bilan ancha qadrdon bo‘lib yurganmiz. Bizning mahallamizga borganlarida xotiramizda mana shunday iz, ta’sir qoldirgandilar.
Keyinchalik “Tafsiri Hilol”ning ilk juzlari, “Shoyadki taqvodor bo‘lsak”, “Iymon” kitoblari nashr bo‘ldi. Bu kitoblarning har biri nashr bo‘lgandayoq, sotuvga chiqishi bilan xonadonimizga kirib borardi. Onamiz rahmatli kitobga nihoyatda haris edilar. Hazratning kitoblarini hech qoldirmay olib kelardilar, o‘qib berardilar. Men aniq eslayman “Ar-rahmon” surasini yodlayotgan paytimizda, 8-9 yashar bo‘lsak kerak, “Tafsiri hilol”dan tarjimasi bilan yodlaganmiz. Chunki “Ar-rahmon” surasida o‘ttiz bir marta takror keladigan oyat bor, qori adashib ketadi. “Tafsiri hilol”dan aynan ma’nolari bilan yodlash orqali oyatlarning tartibini adashtirmaydigan bo‘lganmiz. Ana o‘shandan hazratning kitoblari orqali g‘oyibona shogird bo‘la boshlaganmiz – el qatori, ilmlaridan bahramand bo‘la boshlaganmiz.
2000-yil musobaqa va Umra ziyoratidan qaytayotganimizda hazrat ko‘p qavatli uyda turarkanlar, o‘sha uylarida mehmon bo‘lganmiz. O‘shanda hazrat Qur’onni tugatganlaringga qancha bo‘ldi? deb so‘raganlar, biz 6-7 yil bo‘lganini aytganmiz. Shunda qancha dars o‘qiganimizni so‘raganlar. “Kofiya”ni tugatganmiz, “Muxtasar”dan ozgina o‘qiganmiz va hokazo deganimizda, 6 yilga “Bu juda oz, ko‘proq o‘qishlaring kerak” deb bizga irshod berganlar.
Keyinchalik, 2003-yillarda hazrat vodiyga ko‘proq boradigan bo‘ldilar. Biz marosimlarda tez-tez uchrashadigan bo‘ldik. Marosimlarda Qur’on tilovat qilish uchun bizni ham ko‘p taklif qilishardi. Shu zayldi hazratning marosimdagi suhbatlaridan bahramand bo‘lib borildi.
Hazratning dadalari Muhammad Yusuf hoji dadaning suhbatlarida ham juda ko‘p bo‘lganman. Suhbatlarning birida yaxshi xotiralarini aytganlar. Buxoroda Muhammadamin domla degan ustozlari bor ekan. U kishi oilasiz yasharkanlar. Ko‘p xizmatini Muhammad Yusuf hoji dadaga aytar ekanlar. Keyin yana ta’kidlab qo‘yarkanlarki, boshqa bolalarga ham aytsam bo‘ladi, yo‘q deyishmaydi-yu, ular sal malollanganga o‘xshaydi, sen chin ko‘ngildan qilasan, der ekan. Bir kuni o‘sha ustozlari qorin og‘riq bo‘lib og‘rib qolibdi. Bir kunda 16 marta usti-boshlarini almashtirdim, deydilar. O‘zi ikkita almashtirishga kiyimlari bor ekan. Bittasini yuvib-tozalab, quritib turishingiz kerak, ikkinchisi ishdan chiqadi bir pas turib, deydilar. Aytadilarki, bir kunda 16 marta almashtiribman. Shunda domla yig‘lab duo qilganlar, avlodingdan olimlar chiqsin, dunyoga tatiydigan olim chiqsin, deb. Muhammad Hoji dadaning og‘izlaridan chiqqan so‘z shuki, Muhammad Sodiqning muvaffaqiyatlarida ustozning mana shu duolarining barkasi bor deb bilaman, deganlar.
Hazrat o‘zlarining vaqtlarini qanday tejasalar, o‘zlariga xizmat qilib turgan shogirdlarining vaqtini ham xuddi shunday tejashga harakat qilardi. Bizning vaqtimizni bizdan ko‘ra ko‘proq qizg‘onardi.
Hazrat bilan so‘nggi uchrashuvimiz o‘sha “Hikmatli xislatlar” kitobi taqdimoti bo‘lgan. Undan bir-ikki haftacha oldin, balki bir oycha oldindir, “Ochiq xat” kitobining taqdimoti bo‘lgan. Taqdimotga men, adashmasam, uch daqiqa kech qolib keldim. Hali boshlanmagan ekan. Menga birov shu taqdimotni o‘tkizib berasiz, yo boshqa demagan. Oddiy ishtirokchi bo‘lib kirib kelyapman. Shoshib kelib o‘tirsam, hazrat aytdilarki, nima qilamiz endi, men o‘zimdan o‘zim gap boshlamayman-ku. Qani olib boruvchisi? deb qoldilar. Bu majlisning tashkilotchiligini menga topshirmagan edilar, shuning uchun bu gaplari menga malol kelmadi. Qani kim boshlaydi, kim gapiradi, degan edilar, o‘sha yerdagilar Hasanxon boshlovchi bo‘lsin deb yuborishdi. Xullas vazifani bajardim. Hazrat o‘sha kungi boshlovchiligimdan xursand bo‘lganlar shekilli, “Hikmatli xislatlar” taqdimotini siz olib borasiz, dedilar. U taqdimot ham yaxshi o‘tgan. Mana shu taqdimotda bizning oxirgi uchrashuvimiz bo‘lgan. Bitta narsaga men juda katta afsusmas-u, baribir afsus qilaman. “Ochiq xat” kitobini eslaganimning sababi, bu kitob taqdimotidan keyin hazratdan dastxat olganmiz. O‘zi birovlarning iltimosini bajarib dastxat olardik, o‘zimizga yozdirgani tortinardikki, u kishining vaqtlarini olib, urintirganga o‘xshaysiz. “Ochiq xat” kitobida vaziyat bo‘lib qoldi, dastxat yozib berdilar. “Hikmatli xislatlar” taqdimotidan keyin shu kitoblarning bittasiga hazratdan dastxat olvolay degan xayol kelyapti. Yo‘q, yana erta-merta uylariga borganda, xotirjam vaqtlarida olarman dedim-u, olmadim. Lekin u narsa nasib bo‘lmadi, qoldi. Taqdimot dushanba bo‘lgan bo‘lsa, hazrat seshanba kuni kechki payt vafot etdilar.
Hazrat Allohdan “xayri xalaf ber” deb so‘rardilar. Alloh u kishiga xayri xalaf berib, xalqimizga ana shunday olimlarning yana ko‘plab chiqishini O‘zi nasib etsin.
Ustozda olimlik bilan odamiylik uyg‘un edi
Sohiba UMAROVA,
Filologiya fanlari bo‘yicha falsafa doktori, dotsent