“Otasidan voz kechgan oʻgʻil maktubi”. Amir Olimxonning uch farzandi taqdiri


Saqlash
10:18 / 27.09.2024 2821 0

Amir Sayid Olimxon 1920-yil sentyabrda poytaxtni tark etar ekan, nafaqat davlat xazinasini, balki oʻz haramini ham shaharda qoldirishiga toʻgʻri keladi. Uning Buxoroda qolgan barcha qarindoshlari, jami 118 kishi Xoja Orif (hozirgi Shofirkon)da ruslar tomonidan asir olinib, Buxoro shahridagi Xurjun madrasasida uy qamogʻiga olinadi.

 

Olimxonning 3 farzandi ham ruslar qoʻliga tushadi. Bolsheviklar amir oʻgʻillar boʻlgan Said Sultonxon, Said Shohmurodxon va Said Rahimxon hamda amirning ikki jiyani Said Rahmatullo va Said Sayfiddinlarni turli usullar orqali qiynoqqa soladi. Qizil armiya Buxoroga kirgach, amirning uch nafar begunoh farzandi tungi soat uchdan ertalab soat oʻn birgacha Devonbegi masjidida soʻroq qilinadi. Soat oʻn birda amir bolalarining kiyimlariga fors va oʻzbek tillarida “Olimxon zolim”, “Amir jumhuriyatni istamaydi”, “Xalqni qul boʻlib ishlashga majbur qiladi”, “Qutilganlaringga shukur qilinglar” degan soʻzlar yozilib, bozor va koʻchalar boʻylab aylantirib chiqiladi. Ammo bu bolsheviklar kutgan natijani bermaydi. Aksincha, amirzodalarning bunday tahqirlanganligini koʻrib xalqning amirga qarshi qismi ham ularga hamdardlik bildiradi.

 

Amir Olimxon mulozimlari bilan ruslarga qarshi kurashda ittifoqchilar topish, qurol-yarogʻ toʻplash maqsadida Afgʻonistonga ketgan, Buxoroda qolgan oilasi, oʻgʻillari, amakilari va onasining taqdiridan xabari yoʻq edi. Usmonxoʻjadan keyin hokimiyatga kelgan Fayzulla Xoʻjayev amirning 3 farzandidan boshqa barcha oila aʼzolarini Afgʻonistonga qoʻyib yuboradi. Fayzulla Xoʻjayev Amir Olimxonga maktub yoʻllab, “agar siz inqilobchilarga qarshi kurashni toʻxtatsangiz va mujohidlarni qoʻllashni bas qilsangiz uch oʻgʻlingizni ham Afgʻonistonga joʻnatamiz. Aks holda ular bizda qoladi” deydi.

 

Fayzulla Xoʻjayev shu tariqa amirni kurashdan toʻxtatmoqchi edi. Biroq amir Olimxon bu ruslarning hiylasi ekanligini va Fayzulla Xoʻjayev bu maktubni ularning bosimi ostida yozganini tushunib, qarshilikni davom ettiradi. Xatga javoban esa “Mening minglab bolalarim Buxoroda ruslar qoʻlida asir qoldi. Siz 3 farzandim evaziga urushdan voz kechishimni istaysiz. Men uchun Buxoroda qolgan bolalar va 3 farzandim oʻrtasida hech qanday farq yoʻq. Gʻalaba qilsak oʻz farzandlarim va qolganlar ham Buxoroda qoladi. Men uchun eng muhimi Buxoro va Turkistonni ruslardan tozalash” degan mazmunida javob yoʻllab, taklifni rad etadi.

 

Uch oylik jismoniy va ruhiy qiynoqlardan keyin, Said Olimxon farzandlari Moskvaga olib ketiladi. Katta oʻgʻil Sultonxonning bir oyogʻi nogiron boʻlib, oʻsha yerda vafot etadi. Sovet rejimiga nisbatan nafratini yaqqol namoyon qilgan kenja oʻgʻil Abdurahimxon 1937-yil josuslikda ayblanib, otib tashlanadi.

 

Oʻrtancha oʻgʻil Shohmurodxonning taqdiri esa, oʻzgacha kechadi. 1922-yil Buxoro Xalq Sovet Respublikasi mutasaddilari Shohmurodni bir guruh yoshlar qatorida Germaniyaga oʻqishga joʻnatishga qaror qiladi. Hatto, unga “Olimov Shoh Murotovich” deb pasport ham tayyorlashadi. Biroq, nemis tilini mukammal oʻzlashtirganiga qaramay, uning Germaniyada oʻqish orzusi ushalmaydi.

 

1929-yil 16-iyunda “Izvestiya” gazetasining navbatdagi sonida Amir Olimxonning oʻgʻli Shohmurodxonning oʻz otasidan voz kechgani haqidagi “Sobiq Buxoro amiriga oʻgʻlidan” maqolasi eʼlon qilinadi. Zamondoshlari bu ochiq xat sovet hukumatidan qoʻrquv yoxud doʻstlari va sevgan qizi Javhar Bashiyevaning qistovi bilan yozilgan boʻlishini mumkinligini taxmin qiladi.

 

Aynan ushbu otadan voz kechish haqidagi maktubdan soʻng amirzoda Shohmurod uchun “porloq kelajak” sari yoʻllar ochiladi. U harbiy bilim yurtiga oʻqishga qabul qilinadi. Ilmiy jamiyatlarda erkin ishtirok eta boshlaydi.

 

Shohmurod Olimov

 

Onasi Muharram oyim Moskvada oʻqiyotgan oʻgʻli Shohmurod bilan diydorlashish uchun ruxsat soʻrab, Kobuldagi shoʻro elchixonasiga koʻp bora murojaat qiladi. Biroq, 1933-yil Shomurodxonning bilim yurti uning nomidan “biz sovet taʼlimini olyapmiz, siz bilan uchrashish biz uchun tabu” deya rad javob beradi.

 

Shohmurod Olimov harbiy maktabdan soʻng Moskva shahri, Korolenko koʻchasi, 23-uy, 7-xonadonda yashab, harbiy zavodga muhandis boʻlib ishga kiradi. Keyinchalik Moskvadagi harbiy-muhandislik akademiyasida tahsil oladi. Ikkinchi jahon urushida ishtirok etib, qator orden va medallar bilan taqdirlanadi. 1944-yilda ogʻir yarador boʻlib, bir oyogʻidan ajraladi. Urushdan keyin oʻzi tahsil olgan akademiyada faoliyat yuritadi va general darajasigacha koʻtariladi. Turmush oʻrtogʻi Lidiya Mixaylovna xotirasiga koʻra, u baʼzan vatani va ota-onasini eslab yigʻlagan. General Shohmurod Olimov 1985-yilda Moskvada vafot etadi.

 

Quyida Shohmurod Olimovning “Izvestiya” gazetasining 1929-yil 16-iyundagi sonida chop qilingan maqolasini eʼtiboringizga havola etamiz:

 

Sobiq Buxoro amiriga oʻgʻlidan

 

(Ochiq xat)

 

Biz oʻgʻilning otaga xatini havola qilmoqdamiz. Ota – sobiq Buxoro amirligi hukmdori, rus podshohligining qoʻllab-quvvatlovi bilan Buxoro amirligini boshqargan va oq podshohning sodiq quli boʻlgan amir Olimxon. Ishchi xalq tomonidan Buxorodan surgun qilingan amir uzoq vaqt davomida Afgʻonistonning nomaʼlum joylarida muhojir boʻlib yashadi. Yaqinda u sovet hokimiyatiga qarshi urush eʼlon qildi va bosmachi toʻdalar bizning Garm (Pomir yaqinidagi hudud) shahri yaqinidagi hududimizga bostirib kirdi.

 

Oʻgʻil – Shohmurod Olimov boshqa jabhadan. U Moskva ishchi fakulteti talabasi. Otasining yangi natijasiz harakatlari haqida eshitib “sobiq oʻgʻil” sifatida otasiga “birinchi va oxirgi” xatini yozmoqda. Biz insoniyat tarixida kamdan-kam uchraydigan ushbu hujjatni chop etmoqdamiz. Bu hujjat Buxoroni siyosiy jihatdan toptagan monarx oilasining bir vakiliga sotsialistik gʻoyalar qanchalik tasir etganligini koʻrsatadi.

 

“Senga umrim davomidagi birinchi va oxirgi xatni yozyapman. Aslida yozmoqchi emasdim, oʻrtamizda qandaydir aloqa boʻlishini xohlamagan edim. Lekin oxirgi kunlardagi voqealar noiloj senga yuragimning qoni bilan xat yozishga majbur qildi.

 

1917-yilda insoniyat tarixida birinchi marta dunyo ikkita lagerga boʻlindi: kapitalizm va sotsializm lageri.

 

1918-yilga kelib, sening zulming eng yuqori nuqtasiga yetib kelgach, Registon, sen qashshoqlikka mahkum qilgan bechoralar, dehqonlar va shafqatsiz qatagʻoningga qarshi bosh koʻtarishga jurʼat qilganlar qoni bilan toʻldi.

 

Sen oʻz kayf-safolaring bilan band eding. Ota-oʻgʻil boʻla turib, yilda bir marta koʻrishar edik. Boshqa vaqtni biz (uch aka-uka) onalarimiz bilan ayollar davrasida oʻtkazar edik. Sen oʻgʻillaring bor yoʻqligini ham bilmasding. Men bu narsalarni tushunmasdim (u vaqti 9 yosh edim), lekin onamning qaygʻuli hikoyalari xotiramda jonli muhrlanib qolgandi.

 

Shohmurod Olimov

 

1920-yil. Buxorodagi mustabid tuzum – yarim mustamlaka va shafqatsiz reaksion hukumat agʻdarildi. Sening mullalar va boylardan iborat hukumating ham quladi. Buxoro amirligi oʻldi. Oʻrniga boshqa tuzum keldi – xalq hokimiyati. Biz yangi tashkil etilgan Buxoro Xalq Sovet Respublikasi qaramogʻiga olindik. U bizni boqdi, oʻstirdi va kiyintirdi.

 

1923-yil biz sovet Buxorosi ishchi va dehqonlarining farzandlari bilan birga Moskvaga oʻqishga yuborildik. Markaziy Osiyo ishgʻol etilgach, Buxoro Sovet respublikasi, Turkiston avtonom Sovet Respublikasi va Xorazm Sovet Respublikalari bilan birgalikda SSSR tarkibiga teng huquqli boʻlib kirib, Oʻzbekiston SSRʼni tashkil etdi. Nafaqat sen, balki sen toʻgʻridan-toʻgʻri tobe boʻlgan rus mustabid hokimiyati tomonidan zulm ostida qolgan Buxoro amirligi oʻldi. Buxoro oʻzgardi, yangilandi. Endi hech qanday zoʻravonlik ham, zulm ham yoʻq. Bu yerda jaholat va savodsizlik bartaraf etilyapti, yangi maktablar soni koʻpayyapti, ularda oʻn minglab batraklar va mehnatkash aholining bolalari oʻqish va yozishni oʻrganyapti, turli fanlarni oʻqiyapti.

 

Bolsheviklar partiyasining mohir rahbarligi ostida xalq xoʻjaligi mustahkamlanib, yangi jamiyatga – kommunizm jamiyatiga oʻtish uchun oʻsib boryapti.

 

Mana 6 yildan beri Moskvada, butun ittifoqning siyosiy va iqtisodiy markazida oʻqiyman. Men ishchilar fakultetida tahsil oldim. Fakultetdagi oʻrtoqlarim bilan birga yashab men katta sovet jamiyatining umumiy jamoasiga qoʻshildim. Men sendan nafratlana boshladim. Men umuman otam boʻlmagan deb hisoblayman va senga ham oʻgʻling borligini unutishingni maslahat beraman. Lekin boshqa narsa bor. Notanish ammo koʻzga issiq koʻrinadigan chehra. U yangi tilda soʻzlashadigan, hayotga yangicha qaraydigan, yangi inson boʻlib, qayta tugʻilgan.

 

Dunyo ikkita qutbga boʻlingan.

 

Inqilobiy harakat nafaqat Gʻarbda, balki Sharqda ham kuchayib bormoqda: Xitoy qashshoqlari imperializm zulmiga qarshi isyon koʻtarmoqda. Hindlar oʻzining metropoliyasiga qarshi chiqib, mustaqilligini himoya qilyapti. Butun yer yuzida inqilob uchqunlari alangalanib, barcha zararli narsalarni yoqib yubormoqda.

 

Imperializm millatlarni bir-biriga qarshi qoʻyadi. Ularni oʻz mustamlakasiga aylantirish uchun aldaydi.

 

Va sen, inidan haydalgan quyon, imperializmning qoʻli va xoin Bachchayi-Sako hukumati himoyasi ostida Buxoroga oʻtish uchun Sovet Tojikistoniga hujum qilmoqchisan. Bu senga u yerda sovet hokimiyatini yoʻq qilib, yana Buxoro amirligini tiklash uchun kerak. Yagona farq shundaki, sen avval xalqning suvini siqib, uni rus chor hukumati bilan baham koʻrgan boʻlsang endi buni dunyoviy, har doim och va yirtqich – Angliya bilan birga qilmoqchisan. Bunday boʻlmaydi. Sovet hokimiyati Tojikistonda bor va har doim bor boʻladi. Sovet hokimiyati shu qadar oson tiklanmaganki, uni har qanday surgun boʻlgan zolim osonlikcha yoʻq qila olsa.

 

1920-yil Buxoroni tark etayotib, Sharqiy Buxoro boʻylab bosmachi urugʻini sepding, lekin ularning oxirgilari ishchi va dehqonlardan tashkil topgan qizil armiya va milliy boʻlinmalar tomonidan butunlay yoʻq qilindi. Ammo sovet yerlarida yana bosmachi toʻdalari paydo boʻla boshladi. Biroq bu safar ham qizil armiya odamlarni aldaydigan bu qaroqchilarni yoʻq qiladi. Sovet Tojikistonining orqasida buyuk Sovet ittifoqi 140 million aholisi bilan turibdi. SSSR ortida esa Gʻarb va butun mustamlaka Sharqning ishchilar sinfi turibdi. Bu mening senga oxirgi soʻzlarim. Butunlay ajralamiz. Agar taqdir mening xohishimga qaramay bizni uchrashtirsa, demak biz dushman boʻlib uchrashamiz.

 

Sening sobiq oʻgʻling Shohmurod”.

 

Amirning Buxoroni tashlab chiqishi, ilojsizlikdan boʻlsa-da oʻz farzandlarini dushman qoʻlida qoldirishini oqlash mumkin emas, albatta. Ammo farzandni oʻz otasidan voz kechishga majbur qiluvchi, bolalardan qurol sifatida foydalanadigan jamiyatni ham maqtab boʻlmaydi.

 

Ushbu maktub amir Olimxonga Afgʻonistonning SSSRʼdagi elchisi tomonidan yetkazilgan. Maktubni oʻqib chiqqan Olimxon elchiga qarab, jilmayib, “bu maktubni oʻgʻlim yozganiga ishonmayman” deydi.

 

Maktubni yozdirishdan maqsad, amirga ruslarning qoʻlida uni tiyib turuvchi qurol borligini eslatib qoʻyish va bu quroldan xohlagan payti foydalana olishini bildirishdan iborat edi. Yana bir sabab, amirning 1927-1928-yillarda Buxoro aholisini ruslarga qarshi kurashga undab, josuslar orqali yoʻllagan murojaat maktublari edi.

 

Amirlikning tugatilishi balki toʻgʻri boʻlgandir. Lekin buni sovetlar milliy ziyolilar qoʻli bilan amalga oshirganligi xalqimizning yana bir necha oʻn yillar davomida jipslashmasligiga sabab boʻldi. Amirlik qulagach sovetlarning asosiy ishi amir shaxsini qoralash, xalqning qolgan qismini ham bu fikrga ishontirishdan iborat boʻldi. Va ular bu ishning uddasidan chiqdi.

 

Navoiy davlat pedagogika instituti tayanch doktaranti

 

Mahmud Hamrayev

 

 

 

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

So‘nggi maqolalar

Barchasi

Ma’naviyat

09:10 / 01.10.2024 0 570
Olimlik va odamiylik uyg‘un ustozlar





Ko‘p o‘qilgan

Barchasi

Adabiyot

18:04 / 05.04.2024 0 20444
Yaponiya sotuvga qo‘yiladi

//