Akmal Ikromov O‘zbekiston tarixidagi bahsli va ziddiyatli shaxslardan biridir.
Ilk ish faoliyatini 1918-yilda Toshkent va Namangan shaharlarida o‘qituvchilik qilishdan boshlagan Akmal Ikromov dastlab “Elxon” taxallusi ostida sovet tuzumiga qarshi she’rlar yozgan. Toshkent pedagogika kurslarida o‘qib yurgan kezlari u ilk bor sotsialistik g‘oyalar bilan yaqindan tanishgan. 1920–1922-yillarda Farg‘ona, Sirdaryo viloyatlarida turli lavozimlarda faoliyat ko‘rsatgach, 1922–1924-yillarda Moskva Kommunistik universitetida tahsil olgan. 1929–1937-yillarda O‘zSSR Markaziy Qo‘mitasi birinchi kotibi lavozimida ishlagan.
U bolsheviklarning Turkiston Respublikasida Yangi Iqtisodiy Siyosatni (NEP) amalga oshirishida tashabbus ko‘rsatgan, Stalinning “avtonomlashtirish” (sovet respublikalarini yuridik jihatdan RSFSR tarkibiga qo‘shish loyihasi)ga qarshi chiqqan.
Akmal Ikromovning qatag‘on qilinishi sabablari xaqida 1995-yil Moskva shahrida chop etilgan R.Islambekovning “Тревожные времена” kitobida ham qiziqarli ma’lumotlar keltirilgan. Kitobdan o‘rin olgan “Стальной диктатор” bobi “Tarixning noma’lum sahifalari” beshinchi kitobida rus tilida e’lon qilingan. Unda muallif ishonchli faktlargagina to‘xtalib qolmagan, qatag‘on qurboni Akmal Ikromovning o‘g‘li Komil Ikromov bilan bo‘lgan suhbat keltirilgan. Komil Ikromovning otasining qatag‘on qilinishi sabablari to‘g‘risidagi xotiralarini aynan keltirmoqdamiz:
“K.Ikromov: Endi men sizga bitta hujjatning nusxasini ko‘rsataman va nima uchun ekanligini tushunasiz. Bu bolsheviklarning Butunittifoq Kommunistik partiyasi Markaziy Qo‘mitasi Siyosiy byurosi yig‘ilishining “o‘ta maxfiy” grifli stenogrammasining nusxasi.
Bu mening qo‘limga qanday kelganini keyinroq aytib beraman."
Hujjat nihoyatda qiziq bo‘lib chiqdi: unda Ikromov va Stalin o‘rtasidagi ... bug‘doy uchun mojarolar tarixi aks etgan.
“Stalin: Endi so‘z O‘zbekiston Butunittifoq Kompartiyasi Markaziy Qo‘mitasining birinchi kotibi o‘rtoq Ikromovga.
Ikromov: O‘rtoq Stalin! Bir iltimosim bor! O‘zbekiston endi Ittifoqning asosiy paxta yetishtiruvchi respublikasiga aylanayotgani va shuning uchun barcha sug‘oriladigan yerlar paxta bilan band bo‘lishi, g‘alla ekish uchun maydon bo‘lmasligi sababli, O‘zbekistonga Rossiya bilan teng ravishda markazlashtirilgan holda bug‘doy yetkazib berish to‘g‘risida partiya qarori qabul qilishingizni so‘rayman. Aks holda, respublikamizda aholi orasida ocharchilik, notinchlik bo‘lishi va...
Stalin: Menga bir necha kun oldin respublikangizga bir eshelon bug‘doy jo‘natilgani haqida xabar berishdi.
Ikromov: Bir eshelon bug‘doy muammoni hal qilmaydi! Bizga rejali va doimiy ta’minot kerak, o‘rtoq Stalin...
Stalin: Kerak bo‘lsa, yana bug‘doy poyezdi yuboramiz, o‘rtoq Ikromov...
Ikromov: Gapimni bo‘lmang, o‘rtoq Stalin! Birinchidan, bug‘doy ortilgan poyezdingiz Toshkentga umuman yetib bormadi, Kuybishev shahri yaqinida talon-toroj qilindi. Ikkinchidan, bir-ikki, hatto o‘n eshelon bug‘doy ham O‘zbekiston aholisining nonga bo‘lgan ehtiyojini qondirish masalasini hal etmaydi. Bizga savolning mukammal yechimi...
Stalin: Bu haqda keyinroq o‘ylab ko‘ramiz, lekin hozir sizdan ochiq gapirishingizni so‘rayman...”
Va Stalin bilan bunday suhbat otamning hayotini yo‘qotdi. Barcha zamonlar va xalqlarning rahbari hatto u bilan bahslashishga jur’at etgan har qanday odamni yo‘q qildi.
R.Islambekov: Komil Ikramovich, qo‘lingizga qayerdan keldi bunday hujjat? Axir, partiya va hukumatning barcha yopiq qarorlari maxfiy va ularga, shuningdek, harbiy idoralar va GPU, KGB hujjatlariga kirish imkoni yo‘q-ku?
K.Ikromov: Ma’lum bo‘lishicha, otam bir qancha muhim stenogrammalarning nusxasini, agar o‘zida bo‘lgan bo‘lsa, yashirin joyga – xonasidagi parket pol tagiga yashirib qo‘ygan ekan. Yoki ularning mazmunini eslab, esdalik sifatida yozib olgan va yupqa yig‘majildga solib, o‘sha yerda saqlagan. Kechasi uni onam bilan olib ketishganida, onam buvimga bu yig‘majildni zudlik bilan Moskvada yashovchi onam tomonidagi xolamga jo‘natib, Podmoskovyeda yashovchi uzoq qarindoshlar dalahovlisiga xavfsizroq joyga yashirish kerakligini pichirlashga muvaffaq bo‘lgan. Bu yig‘majild o‘nlab yillar davomida kitoblar ortidagi tanho joyda yotardi va yaqinda qarindoshlarim otam haqida kitob yozishni boshlaganimni bilishib, uni menga berishdi. Endi men otamning qatl etilishi sabablarini bilib oldim”.
Sovetlar davrida Cho‘lpon, Qodiriy, Fitrat va boshqa xalqparvar ajdodlarimizni yashirincha himoya qilgan va homiylik qilgan ajdodlarimiz – Fayzulla Xo‘jayev, Akmal Ikromov va boshqa mahalliy yetakchilarimiz xalq manfaatini markaz manfaatidan yuqori qo‘yganliklari sababli qatag‘on qilinganlar. Ular doimiy nazoratda bo‘lganlar va qulay vaqt topilgan zahoti mahv etilganlar.
Asqarbek ESHPO‘LATOV,
Andijon davlat universiteti talabasi
Tarix
Tarix
Falsafa
Til
Ma’naviyat
Jarayon
Til
Ta’lim-tarbiya
Jarayon
Tarix
Tarix
Tarix
Din
Adabiyot
//
Izoh yo‘q