Ayol dasturchilarni ustunlik jihatlari koʻp – biznesmen va investor Alisher Tojiyev bilan suhbat


Saqlash
17:57 / 24.09.2024 563 0

Bugungi dunyoda IT-sanoati global oʻzgarishlarning asosiy harakatlantiruvchi kuchiga aylanmoqda. Biroq katta texnologiyalar ortida nafaqat tijoriy manfaatlar, balki insonlar turmushini yaxshilash, jamiyatga yaxshilik olib kelish istagi ham yotadi. Bizning qahramonimiz haqida aynan shunday deyish mumkin – biznesmen, investor va ijtimoiy loyihalar tashabbuskori sifatida u 9 ta muvaffaqiyatli IT-kompaniya hamda 2 ta IT-akademiya tashkil etgan. Uning ilhomlantiruvchi tarixi, ortidan ergashgan yuzlab shogirdlari va ijtimoiy masʼuliyatni birinchi oʻringa qoʻyishi alohida eʼtiborga loyiq. Uning rafiqasi ham jamoat faoli va bloger sifatida nafaqat biznes, balki ijtimoiy loyihalarda oʻz hissasini qoʻshmoqda.

 

 

IT-tadbirkor Alisher Tojiyev bilan faoliyati, jamoasi va rafiqasi haqida suhbatlashamiz. Uning turmush o‘rtog‘i Mahliyo Tojiyeva – taʼlim sohasida  tadbirkor, tinib-tinchimas ayollardan biri.

 

– IT sohasidagi faoliyatingizni endigina boshlaganingizda, nafaqat 9 ta IT-kompaniya va akademiyalarga, balki taʼlim, sanʼat hamda tibbiyot sohalarida ham IT-loyihalarga ega boʻladigan darajaga yetishingiz mumkinligini tasavvur qilganmisiz? Hozirgi turgan nuqtangizgacha boʻlgan yoʻl haqida soʻzlab bersangiz

 

– Toʻgʻrisini aytish kerak, bir nechta IT kompaniyalarim boʻlishi bundan 5-6 yil oldin  umuman xayolimga kelmagan. Lekin bitta IT kompaniyam va akademiyam boʻlishini doim orzu qilganman.

 

Har bir sohaning yaxshi tomonlari bor va shu tomonlari hali yoʻl boshida turganingizda sizni ilhomlantiradi, kuch bagʻishlaydi. Misol uchun, aynan IT sohasida meni maza qiladiganim – bu turli sohalarga yechim berolishimiz. Xoh u taʼlim boʻlsin, xoh tibbiyot yoki sanʼat boʻlsin, biz mijozimiz soʻragan muammoga yechim topishdan avval oʻsha sohani atroflicha va chuqur oʻrganamiz. Toki oʻsha sohani oʻrganib chiqib muammoni “tomiriga tushganimizdan” soʻng kutilgan natijaga erishsa boʻladi.

 

Yana bir nechta yoqimli tomonlari – ITʼda mukammal yechimga jamoa bilan erishiladi, insonlar bilan ishlaysiz, oldingizga kelgan mijozga yechim berganingizda uning faoliyati osonlashadi va boshqa tarafdan esa nafaqat oʻrganasiz, balki oʻrgatasiz ham. Yaʼni, siz ishlab chiqqan loyihani mijozga topshirayotganingizda uni ishlata olishi uchun texnik koʻrsatmalar berishingiz kerak boʻladi. Oddiygina admin panelda roʻyxatdan oʻtishdan tortib tizim tahlillari bilan ishlashgacha boʻlgan jarayonni oʻrgatasiz va yana bir qancha insonlarning raqamli savodxonligining oshishiga sababchi boʻlasiz.

 

Umuman IT juda keng soha va bu yerda istalgan insonni hayratlantiradigan hamda oʻziga jalb qiladigan texnologiyalar sanoqsiz. Aytaylik, neft-gaz sohasidagi texnologiyalar yoki inson boshqaruvisiz yerda harakatlanadigan, havoda harakatlanadigan qurilmalar va sunʼiy intellektdagi jarayonlar meni hanuzgacha hayratlantiradi va ular ustida ishlash meni juda ham ilhomlantiradi.

 

Oʻtgan davrga keladigan boʻlsak, ilk IT kompaniya asosini qurayotganimizda atrofimda menga ishongan 10-15 ta bolalar bor edi va biz birlashib IT hub tashkil etganmiz. Toshkentdagi Inha universiteti negizida ijtimoiy taʼlim loyihasini ochdik va ijtimoiy loyihalarga urgʻu berdik. Mening nazdimda ijtimoiy loyihalarda baraka boʻladi – insonlar uchun manfaatli ish qilayotganingizda ham oʻzingiz maza qilasiz, ham siz kabi hammaslak kishilar oʻzlari sizni topib keladi. Shu tariqa Matn.uz, Co-Learning Center, Co-Learning Academy, Lenta.uz kabi loyihalar dunyo yuzini koʻrdi.

 

– Kompaniyalaringiz va akademiyalaringiz yuzlab odamlarni rivojlanishiga yordam beradi. Buning uchun oʻz ustingizda qanday ishlaysiz? Qarashlaringizga keskin taʼsir qilgan oxirgi kitob yoki maqola qaysi?

 

– ITʼda shunday narsa bor, biror bir loyiha ustida ishlanayotganda, oʻsha soha egasidan koʻproq narsani bilmagunimizcha u odamni ishini yengillashtirib bera olmaymiz. Shu sababli kasbimizni oʻzi bizni zoʻr rivojlantiradi. Qarashlarimga keskin taʼsir oʻtkazadigan narsalar – bu loyihalar, mijozlar, doimiy oʻqiladigan kitoblar va Medium.com yoki moliyaga doir turli manbalar.

 

 

Oxirgi kitobim “Pul psixologiyasi” boʻlgan va hozirgi kunda “Talaba” nomli kitobni oʻqishni boshlaganman. Garchi faoliyatim tufayli doim ham vaqt boʻlmasa-da, kitob oʻqishni yoqtiraman. Soʻnggi oylarda kitob oʻqish odatimni barqarorlashtira oldim. Bu hattoki kitobga doir loyihalarga sarmoya qilishga ilhomlantirmoqda.

 

– Hozirgi kunda sunʼiy intellekt mavzusi yurtimizda ham urf boʻlmoqda. Undan foydalanib biznes qurayotgan shaxs sifatida, keyingi 5 yil ichida sohada qanday kutilmagan oʻzgarish yoki voqealar sodir boʻladi, deb oʻylaysiz?

 

– Biz hozirda Aisha nomli sunʼiy intellekt ustida ishlayapmiz va bu sunʼiy intellektning STT, TTS hamda LLM qismlarini bozorga chiqardik. Loyiha bozorda oʻz mijozlarini topib boshlagan. Garchi loyiha ishlab chiqish jarayonida boʻlsa-da, uni bozorga chiqarganimiz sababini osonroq tilda tushuntirishga harakat qilaman: hozirgi kunda sunʼiy intellektdagi eng qimmat narsa bu serverlardir. Ikkinchi qimmat narsa Oʻzbekiston bozorida maʼlumotlar juda ham betartib, umuman oʻzbek tilidagi maʼlumotlarni indeksatsiya qilib boʻlmaydi. Mana shu ikkita vajdan biz bir vaqtning oʻzida ham loyihani “quryapmiz”, ham mijozlarimizga yoqadigan takliflar, chegirmalar berib sotmoqdamiz. Buni evaziga ular arzon mahsulot olishadi, biz esa serverlarimizni tiklab olyapmiz.

 

Keyingi 5 yilda aynan biznesda kuzatiladigan holat: bizneslar sunʼiy intellektda serverlar sotib oladi, lekin Oʻzbekiston axborot xavfsizligini hisobga olib, har bir davlat oʻzining sunʼiy intellektlaridan foydalanishiga toʻgʻri keladi. Bunaqa paytda esa Oʻzbekiston ichida mahalliy sunʼiy intellektlarni qiymati juda ham oshib ketadi. Maʼlumotlarni tartiblovchi data science mutaxassislarining oyliklari koʻtarilib ketadi.

 

Sunʼiy intellektga oʻtmagan tizimlar esa deylik, 1 kunda 20 kishi bilan ishlayotgan boʻlsa, maksimal optimizatsiya qilib 25 kishi bilan ishlay oladi. Sunʼiy intellektlar esa bir kunda 100-200 kishini vazifasini uddalaydi. Demak, biznesini rivojlantirishni xohlagan istalgan odam sunʼiy intellektdan foydalanishga majbur boʻladi.

 

Umuman, sunʼiy intellektning biznesga taʼsiri uning tezkorligi, aniqlikligi va arzonligida boʻladi. Shu sababdan, keyingi 5 yillikda sunʼiy intellektga oʻtish va undan foydalanish hozirgiga nisbatan 70% ga oshadi.

 

– Biz bilamizki, har bir muvaffaqiyatli erkakning ortida kuchli ayol turadi. Rafiqangizga oʻz karyerasini rivojlantirishga va ayollar uchun taʼlim platformasini ochishiga qanday yordam bergansiz?

 

– Mahliyoxon hozirda iqtisod fanlari boʻyicha falsafa doktori, AyolUchun platformasi asoschisi va ayollarni rivojlantirish boʻyicha ekspert hisoblanadi. Biz oila qurganimizda hali iqtisod boʻyicha bakalavrda oʻqirdi va oʻtgan vaqt davomida har taraflama rivojlandi, deb aytolaman. Eng birinchi navbatda, onalik masʼuliyati ayollarga rivojlanishda katta turtki berar ekan: farzandingiz toʻgʻri rivojlanishi, dunyoqarashi keng boʻlishi, oilada muhit sogʻlom boʻlishida ota-onaning birgalikdagi mehnati muhim.

 

 

Mahliyoxon ayollarga yordam berishni yaxshi koʻradi, atrofidagi insonlarni ham oʻylash kabi ajoyib xislatga ega. AyolUchun taʼlim platformasi gʻoyasi paydo boʻlganida ham uning ekspertlarni izlab, oʻrganib, har bir dars ustida jon koyitishini koʻrib qoʻllab-quvvatlashga tayyorligimni aytganman. Menda loyihaning insonlarga manfaatli boʻlishi va davomiy ishlashiga ishonch boʻlgan. Boshqa ishlarida ham ayolimning tashabbusini qoʻllab-quvvatlayman, fikrlarini eshitaman.

 

– Raqamlardan bilamizki, IT sohasida butun dunyo boʻylab ayol-qizlarning ishtiroki nisbatan kam. Yurtimizda esa bu anchayin sezilarli. Nima uchun IT sohasida ayol-qizlar kam oʻqiydi?

 

– Gapingizda jon bor. Bunga sabab ayollar orasidan chiqqan dasturchilar yetarlicha targʻib qilib mediaga olib chiqilmaganida boʻlsa kerak. Chunki faoliyatimda kuchli ayol dasturchilarni koʻp uchratganman. Bir narsani taʼkidlash kerak, ayol dasturchilarning mutaxassis sifatida hatto ustunlik jihatlari bor – ular kodni tozaroq yozishadi, “clear coding” degan atama bor, yaʼni bu turli xatolardan xoli boʻlgan kod yozish boʻlib, odatda deyarli barcha dasturchilarning nozik joyi hisoblanadi. Biz shunaqa toza kod yozadigan dasturchilarni “lotoreya” deymiz.

 

Xojarbu Hayitmetova shunaqa iqtidorli qizlarimizdan biri boʻlgan. Hozirda frilansda veb-sayt ishlab chiquvchi muhandis boʻlib faoliyat olib bormoqda. Jamoadagi eng masʼuliyatli, tartibli va quntli mutaxassislardan biri sifatida hurmatimizni qozongan. Xojarbu kabi yetuk mutaxassislar oʻzbek IT sanoatida yetarlicha, faqat hammasi ham mediaga chiqmagan, yoki oila qurib, farzand tarbiyasi bilan faoliyatini toʻxtatib turganlar ham topiladi. Misol uchun, oxirgi vajdan sohasida ishlashni maʼlum muddatga toʻxtatgan ayol dasturchilarni mentor (oʻqituvchi) sifatida taʼlim loyihalariga taklif qilsa boʻladi – boshqa ayol-qizlarga bilimini ulashishadi.

 

 

Ayollardagi kichik detallargacha eʼtiborlilik xislati, ishga sabr bilan yondashishi va mehr berishi loyihalarda yaqqol seziladi. Yana ularda qunt bilan oʻrganish qobiliyati kuchli.

 

Hozirda ayol dasturchi, “aytishniklar” uchun turli hakaton va musobaqalar oʻtkazilib turiladi. ICTWEEK UZBEKISTAN-2024 haftaligida “GAP & IT Ladies” konferensiyasi boʻlib oʻtdi, Tumaris.HACK ayollar hakatoni tashkil qilinadi va bu kabi tadbirlar koʻp. Bundan tashqari kibersportda ham ayol-qizlar ishtirokini kengaytirsa boʻladi, deb oʻylayman.

 

– Turli media-loyihalardagi chiqishlaringizda bir nechta IT akademiyalaringiz haqida aytib oʻtgansiz. Shogirdlar bilan ishlash jarayoni, taʼlim loyihalaringiz va ularning yoshlarga koʻrsatayotgan yordami haqida maʼlumot bersangiz

 

2020-yil – ayni karantin eʼlon qilingan yili ilk taʼlim loyihamiz boʻlgan Co-Learning Center va Co-Learning Academy onlayn hamda jonli oʻquv uslubidagi ijtimoiy taʼlim loyihalarimizni boshlagan edik. Oʻsha vaqtdagi ogʻir vaziyatga qaramasdan zamonaviy kasblarga asoslangan har ikkala loyihamizni ishga tushirganmiz – masofadan daromad topish imkonini beruvchi, buning ustiga kelajak kasblari deb atalgan SMM, dasturlash, grafik dizayn va raqamli marketing sohalarida ochiq va bepul video-darsliklar hamda jonli darslarni yoʻlga qoʻyib 700 ga yaqin yoshlarning taʼlim olishiga oʻz hissamizni qoʻshganmiz.

 

UIC Academy — yana bir oʻziga xos taʼlim yechimini beruvchi loyihamiz faoliyat olib bormoqda. Mazkur akademiyamizning oʻziga xosligi shundaki, UIC Academy oddiy oʻquv markazi emas, balki toʻlaqonli praktikum hisoblanadi. Bu degani, markazda bir vaqtning oʻzida ham oʻqib ham tajriba oshirish imkoni yaratilgan. Muvaffaqiyatli tamomlagan oʻquvchilarni esa IT kompaniyalarimizga ishga taklif qilamiz yoki hamkor tashkilotlarga tavsiya qilamiz. Shu kungacha 300 ga yaqin talabamizni dasturlashning back-end, front-end va no-code yoʻnalishlarida oʻqitdik. Endilikda maqsadimiz, shu kabi praktikumlarni Oʻzbekistonning boshqa viloyatlarida ham ochish.

 

Shogirdlar bilan ishlash jarayoniga kelsak, shogirdlikka murojaat qilgan barcha yigit-qizlarni iqtidoridan kelib chiqib yoʻnalish va maslahat beraman. Kelajagini boshqaruv, dasturlash yoki marketing sohalarida koʻrsam jamoamga taklif qilib amaliyot oʻtashi va kerakli bilimlarni olib oʻsishiga sharoit qilib berishga harakat qilaman. Koʻp hollarda ota-onalar farzandlarini oʻzlari olib kelishadi “eti sizga, suyagi bizga” deb. Lekin har qanday holatda ham biz barcha eshiklarni ochib berganimiz bilan bolaning oʻzida intilish va ilm olishga ishtiyoq kuchli boʻlishi kerak. Buni esa vaqt koʻrsatadi. 13-14 yoshda jamoaga kelib 4 yilda 0 dan grafik dizaynni oʻrganib hozirda oʻz jamoasiga ega teamlead darajasiga chiqqan yoshlar bor. Iqtidor hammada bor, faqat uni dangasalik qilmay tarbiyalash kerak. Biz iqtidorlarni tarbiyalashga harakat qilamiz.

 

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

So‘nggi maqolalar

Barchasi

Adabiyot

14:09 / 24.09.2024 0 104
Ajiniyoz obraziga bir nazar

Adabiyot

17:09 / 23.09.2024 0 759
Usmon Azimning “ramka”ga tushmagan portreti





Ko‘p o‘qilgan

Barchasi

Adabiyot

18:04 / 05.04.2024 0 20411
Yaponiya sotuvga qo‘yiladi

//