“Ibo” “qarshilik”, “mug‘ombir” “tavakkalchi” – asliga zid ma’noda qo‘llanuvchi so‘zlar


Saqlash
16:59 / 24.09.2024 249 0

U “bo‘l dedi va butun borliq yaraldi. Barcha muqaddas kitoblarda yozilishicha, eng avval Kalom bo‘lgan. Odam ham borliqni so‘zlar orqali o‘rgangan. U yaratiqlarning nomini bilgani uchun ham ma’rifatlanib farishtadan yuqori maqomga ko‘tarilgan. Keyin esa yana bir muqaddas kitobda yozilishicha, Xudo insonlarni yer yuzi bo‘ylab tarqoq yashashi uchun ularning tillarini aralashtirib yuboribdi, toki bir-birini tushunmasin. Shundan buyon “minnatdorlik” desa rahmatni, “minnat” desa ta’nani tushunamiz. Shundan beri “mulozamat” desa maqtovni, “mulozim” desa hukmdorning ortidan ergashuvchi arboblar ko‘z oldimizga keladi.

 

Shuningdek, “aysh”, “ishrat”, “maosh”, “maishat”, “maishiy” so‘zlari tuzilish jihatidan o‘zakdosh bo‘lsa-da, mohiyatan boshqa-boshqa tushunchalarni ifodalaydi. Tilimizda shunday johilona holatlar borki, rang ma’nosini anglatuvchi “lavn” so‘zining ko‘plik shakli – “alvon”ni faqat qizil rangga “yopishtirgan” bo‘lsak, “sabab” so‘zining ko‘plik shakli – “asbob”ni mehnat qurollariga nisbatan ishlatamiz. Aytgancha, yuqorida tilga olingan “johil (ona)” so‘zi ham bundan mustasno emas. O‘ylab ko‘ring-chi, bu so‘z sizga qaysi kalomni eslatyapti? Ha, “jahl”. “Jahl” so‘zi biz tasavvur qilganimizdek “achchiqlanish”, “g‘azab”ni emas, aslida “nodonlik”, “bilimsizlik”ni ifodalashi kerak edi. Xuddi “kasal” so‘zi tanasining qayeridir og‘riyotgan “bemor” emas, aslida “dangasa”, “ishyoqmas” ma’nosini anglatganidek.

 

Tilimizda mana shunday asl ma’nosidan uzoqlashgan yoki butunlay aks ma’noni anglatuvchi arab tilidan o‘zlashgan so‘zlar bir qanchadir. Masalan, “isnod” so‘zi “tayanch”, “tirgak” degani, “uyat” degani emas. “Ehtimol” – “bardosh”, “chidam” degani, “taxmin” degani emas. “Maza” – “sho‘r, nordon gazak” degani, “lazzat” degani emas.

 

Umuman olganda, so‘zlarning asl ma’nosidan uzoqlashuvi yoki ichki bog‘liqlik uzilib, butunlay nomunosib tushunchani anglatishi barcha tillar uchun mutlaq tabiiy jarayon aslida. Shuning uchun ham biz “hamiyat” deganda “jizzakilik”, “manmanlik”ni emas, “oriyat”ni tushunaveramiz. Shuning uchun “ilhaq” deganda “qo‘shish”, “bog‘lash”ni emas, “mushtoqlik”ni tasavvur qilamiz.

 

Bilasizmi, so‘zlar qanday vaziyatlarda asl ma’nosidan uzoqlashadi? Bir tushunchani anglatuvchi mustaqil ma’nodagi so‘z ma’no ko‘chish turlari (sinekdoxa, metafora, metonimiya) bilan aloqaga kirishadi. Vaqt o‘tgan sayin so‘z ma’nosi va ko‘chma o‘rtasidagi aloqa uzilib, tushuncha ko‘chma ma’noda qotib qoladi. Keyinchalik u ko‘chma ma’nolik “guvohnoma”sini mustaqil ma’noga almashtiradi. Keling, buni quyidagi tahlillar bilan ko‘rib chiqamiz:

 

(Sinekdoxa)

“Bisot” – aslida bu so‘z arabchadan tarjima qilinganda “gilam ma’nosini bildiradi. Qadimgi arablar badaviylar deb atalgan bo‘lib, bu so‘z “sahroyi”, “ko‘chmanchi” ma’nolarini anglatgan. Tabiiyki, ko‘chmanchi xalqlar chayla, o‘tov kabi tez yig‘iladigan va tez tiklanadigan uylarda yashashgan. Bunday uylarning asosiy xomashyosi gilam bo‘lib, u dumaloqlanib yig‘ishtirilganda tuyaga ortib ko‘chish uchun qulay bo‘lgan. Biz hozirgacha ishlatadigan “bor bisotim shu” jumlasining tarixi ham badaviy arablar hayot tarziga borib taqaladi. O‘sha davr uchun “bor bisotim” o‘z ma’nosida qo‘llanilgan bo‘lsa, hozirda biz buning ko‘chma ma’nodan tug‘ilgan yangi ma’nosidan foydalanamiz.

 

(Metafora)

“Valad” so‘zi arab tilida “bola”, “farzand” ma’nosini anglatadi. Bizning tilimizga o‘zlashganda “valadi zino” tariqasida avvaliga birikma tarzida yaxlitligicha o‘zlashgan, keyinroq esa “zino” tushib qoldirilib, “valad” so‘zi yakka holda qo‘llanilishiga qaramay, “zinodan tug‘ilgan farzand” tushunchasini o‘zida saqlab qolgan.

 

(Metonimiya)

“Bashara” so‘zini arablar butun bir “tana”, “gavda” yoki “inson” ma’nosida qo‘llaydi. “Insoniyat” ma’nosini anglatuvchi “bashar/bashariyat” so‘zlari ham “bashara” bilan o‘zakdoshdir. Bizning tilimizda esa bu so‘z tanamizning bir bo‘lagi – yuz qismimiznigina ifodalaydi (shunda ham salbiy bo‘yoqda).

 

Mana shu tarzda biz ba’zi so‘zlarning osmonlarga tutash ma’nosini yerga urib, chilparchin qilamiz-da, ba’zi so‘zlarni yerdan olib, ko‘kka ko‘targancha hayf qilamiz. Bunday so‘zlar kundalik hayotimizning har damida, har qadamimizda uchraydi. Mana hozir ham men “hayf” so‘zidan foydalanganimni sezmay qola yozdim. Undan foydalana turib, bu so‘zga nisbatan adolatsizlik, nohaqlik qildim. Aslida ham bu so‘zning tarjimasi “adolatsizlik”, “nohaqlik” demakdir (tarjimasi qismatiga qanchalik monand-a?). Biz esa bu so‘zni o‘z tarjimasiga arzitmaymiz.

 

Bundan tashqari, shu tariqa adolatsizlikka uchragan so‘zlar sirasiga biz nazmiy atama sifatida foydalanadigan “bayot (“tunab qolish”), “bayt” (“uy”); kundalik so‘zlashuvda ishlatiladigan “diyonat (“din”, “e’tiqod”), “(hech) vaqo” (“voqea”), “jarima” (“jinoyat”, “gunoh”), “ibo” (“qarshilik”, “ko‘nmaslik”), “mador” (“aylana markazi”), “mug‘ombir” (“tavakkalchi”; “tush ta’birlovchi”); ismlardan esa “Muharram” (“harom qilingan”), “Javlon” (“chiroyli yurish”), “Javhar” (“mohiyat”) kabilar ham mansub.

 

Agar bunda “adolat”ni tiklamoqchi bo‘lsak, “ayol” (“oila”) so‘zidan boshlanib (alifbo tartibida), “zaqqum” (daraxt nomi) so‘zi bilan tamomlanadigan uzun ro‘yxat shakllansa kerak.

 

Ziyodaxon TURDIBOYEVA

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

So‘nggi maqolalar

Barchasi

Adabiyot

14:09 / 24.09.2024 0 102
Ajiniyoz obraziga bir nazar

Adabiyot

17:09 / 23.09.2024 0 759
Usmon Azimning “ramka”ga tushmagan portreti





Ko‘p o‘qilgan

Barchasi

Adabiyot

18:04 / 05.04.2024 0 20411
Yaponiya sotuvga qo‘yiladi

//