Ajiniyoz obraziga bir nazar


Saqlash
19:34 / 24.09.2024 293 0

Ibroyim Yusupovning Ajiniyoz (Dala Orfeyi) operasining librettosi 1973-yili yozilgan. Libretto dramatik asarlarning va dramaturgiyaning sahna talablariga asoslangan. Markaziy obraz sifatida Ajiniyozning obrazi gavdalangan librettoning syujeti va qahramoni I.Yusupovning Dala Orfeyi maqolasida shoirning o‘zi tomonidan aytilib o‘tilgan fikrlari bazasida yaratiladi[1]. I.Yusupov bu maqolasida 1958-1959-yillarda qoraqalpoqlarning tarixiy hayotidagi Qo‘ng‘irot qo‘zg‘olonini akademik Sobir Kamolovning tarixiy ilmiy tadqiqotlariga va Q.Bayniyazovning tadqiqotlari va uy arxividagi materiallarga asoslanib, Ajiniyozning Bo‘zatov  poemasini va ushbu voqea bilan bog‘liqligi bo‘lgan she’rlarini talqin qilsa, Ajiniyoz librettosida Ajiniyoz obraziga uning bilimdonligi, xalq taqdiri bilan yashashi, aql-zakovati, madaniyatliligi, sevgilisi bilan kechirgan baxtsiz muhabbat tarixi jonlantiriladi. Librettoda muallif tomonidan Voqea 1860-yillari Qo‘ng‘irot atrofida, Bo‘zatovda bo‘lib o‘tadi, deb keltiriladi. Badiiy asarning tarixiy haqiqat bilan to‘g‘ri kelmaydigan o‘rinlari ham bo‘ladi.  Bu tarixiy voqea 1850-yillarning oxirida sodir bo‘lgani uchun muallif bu yillarni 1860-yillari bo‘lib o‘tgan deb keltirgan bo‘lishi mumkin.  Chunki 1850-yillarda Qo‘ng‘irot qo‘zg‘olonidan tashqari Ernazar Olako‘z boshchiligidagi xalq qo‘zg‘oloni ham bo‘lgani ma’lum.

 

Libretto kompozitsion jihatdan bir aktli beshta pardadan iborat. Dramatik asarlarning kompozitsion talabi bo‘yicha akt (lat. ‒ harakat) ‒ dramatik asar yoki sahna asarining yakunlangan qismi. Akt teatrda uzilishlarga, shuningdek, bir nechta kichik ko‘rinish, kartina, epizodga bo‘linishi ham mumkin[2]. Aktlarning yakunlanganligi pardaning yopilishi, chiroqning o‘chirilishi yoki musiqa bilan belgilanadi. “Ajiniyoz” (Dala Orfeyi) librettosida uning aktga bo‘linishida muallifning asosiy konsepsiyasi yetakchiligi kuzatiladi. Akt ichidagi pardalar voqealar yo‘nalishi, joyi o‘zgarishiga bog‘liq 5 ta pardaga bo‘linadi. Birinchi pardada tinch-osoyishta Bo‘zatov, Navro‘z bayramini nishonlayotgan xalq va o‘qishini tamomlab, o‘z yurtiga kelayotgan Ajiniyoz, seviklisi Xonzoda va shoirni sevadigan Aybureklarning dialog va monologlaridan iborat ekspozitsiya va voqeaning syujeti boshlanishini bildiradigan epizodlar joy olgan. Ikkinchi pardada voqea-hodisalar Qo‘ng‘irotda bo‘lib o‘tadi. Joy birdaniga Panaxanning saroyiga, sharoit esa mojaroga aylanadi. Muallifning mahorati shundaki, har bir pardada faqatgina bir hodisa, ya’ni, Qo‘ng‘irot qo‘zg‘alonining sababi, bo‘lib o‘tishi va natijasini tasvirlamasdan, parallel ravishda Ajiniyozning suyuklisi Xonzoda va uning raqibasi Ayburek bilan bog‘liq voqealarni alohida pardada bermasdan, birvarakayiga yonma-yon tasvirlab boradi. Shuning uchun, ushbu qismda Qo‘ng‘irot g‘alayoniga sabab bo‘lgan ziddiyatning boshlanishi, ya’ni xon va xalqning fikrlari bir-biriga mos kelmasligi, biylarning bo‘linishi bilan birga, Ajiniyozning javobsiz muhabbatiga o‘chakishgan Ayburekning Xonzodadan qasos olish ishtiyoqining kuchayishi ham bir pardada beriladi. Bu o‘z navbatida pardadagi voqealarning, ko‘rinishlarning xilma-xilligini va tomoshabinlarning zerikmasligini ta’minlaydi.

 

Uchinchi pardada Xonzoda bilan uchrashuvga chiqqan Ajiniyoz dushmanlar bosqiniga qarshi turadi va qo‘liga qurol olib jangga kiradi. Bunda muallif Ajiniyoz bilan Xonzodaning uchrashgan paytidagi tushkinlik ahvoli va eldagi urush kayfiyatini tabiatining tundlashgan bulutli tasviri orqali mahorat bilan tasvirlaydi. To‘rtinchi pardadagi voqealar Bo‘zatovdan tashqarida, tog‘da bo‘lib o‘tadi. Bu bo‘limda dushman qo‘lidagi asir Ajiniyoz, Xonzoda, Ayburek, Pirim biy, ularga qarshi dushman sardorining dialoglari berilgan. Ushbu qisqa pardada konflikt unchalik keskin bo‘lmagan, faqatgina personajlarning kelgusi voqealarga tayyorgarligi sifatida tasvirlangandek goyo. Sardor Ajiniyozni asirlar bilan birga olib ketmasdan, daraxtga bog‘lab, yolg‘iz o‘zini bo‘rilarga yem qilib jazolash uchun tashlab ketishi bilan parda yopiladi. Eng so‘nggi parda Ajiniyozning sevgan yorini izlab el kezishi faktiga asoslangan. Ajiniyoz sevganini dushman qo‘lidan olib ketmoqchi bo‘lganida u Ayburekning zaharlashidan vafot etishi, Ayburekning aqldan ozishi bilan voqea yakunlanadi. Libretto so‘ngida remarkadagi hayoliy orzu yurti Bo‘zatovda tong yorishayotgani, gullab-yashnab, go‘zal tusga kirishining tasvirlanishi bilan xalqning kelajagiga bo‘lgan ishonchi, umidi so‘nmagani tarannum etilgan bo‘lsa, odamlarning Bo‘zatov kuyini xirgoyi qilishi va Xonzoda jasadini dafn etish uchun olib chiqib ketishini sahnada ko‘rsatish orqali esa maqsadiga yetmagan g‘am-anduhli xalq ahvoliga urg‘u berilgan.

 

Librettoni yaratishdagi jahon tajribasida asosiy mavzu, voqealar va personajlarning tabiiy rivojlanishi musiqiy kompozitsiya qonuniyatlari bilan uyg‘un bo‘lishi kerak. Qofiyaga tushgan satrlarda yozilishi – librettoning asosiy qoidalaridan biri. Ajiniyoz librettosida muallif remarkalaridan tashqari barcha monologlar, dialoglar va voqealar she’riy satrlarda berilgan. Bunda shoir librettoning talablari bo‘yicha o‘zi tomonidan yaratilgan she’rlaridan tashqari xalq og‘zaki ijodi namunalari, xususan, Hakka qayda o‘yin-qo‘shig‘i hamda Ajiniyoz shoir qalamiga mansub bo‘lgan bir nechta she’rlar va Bo‘zatov poemasidan foydalanadi. Ajiniyoz shoirning ba’zi she’rlaridan o‘zgarishlarsiz foydalansa, ba’zilarining mazmunini saqlagan holatda o‘zining individual izlanishlari bilan to‘ldiradi yoki o‘zlashtirib qayta yaratadi. Buning uchun Ajiniyozning turli yillardagi she’rlarini jamlash orqali bitta umumiy syujetni shakllantirishga harakat qiladi. Shu bilan birga, Ibroyim Yusupov librettoni shakllantirishda o‘zining individual izlanishlarini yuzaga chiqaradi. U Ajiniyoz fenomeni bo‘yicha tarixiy faktlarni, Ajiniyozshunos olimlarning ishlarini, og‘zaki ma’lumotlarini, shoirning asarlaridagi avtobiografik ma’lumotlarni, shuningdek, qoraqalpoq adabiyotidagi Ajiniyoz obrazini (zamondosh shoirlari, K.Sultonov ijodi) interpretatsiyalash orqali o‘ziga xos yangi opera qahramoni siymosini yaratdi. Bunda shoir librettoning g‘oyasining asosiy o‘zagi sifatida xalq obrazini olib chiqadi. Chunki isyonning boshida ham, Ajiniyozning asirlikdan ozod etilishida ham, Xonzoda bilan Ajiniyozni zindondan olib chiqishda ham xalq ovozi yetakchilik qiladi. Shu bilan birga, librettoda Ajiniyozning sevganidan ayrilish voqeasini I.Yusupov mahorat bilan Ayburekning bergan zaharidan halok bo‘lishi orqali tasvirlaydi. Bu bilan shoir xalq og‘zaki ijodidagi va jahon badiiy adabiyotidagi kundosh yoki dushman tomonidan zaharlanib o‘lim topish motivini asar syujetiga kirgizadi va voqeaga yangi tus beradi.

 

I.Yusupovning librettosiga yaratilgan Ajiniyoz operasiga N.Muhammaddinov xalq musiqalarini asos qilib olib, o‘z qalbidan qaynab chiqqan yorqin rangli musiqa oqimi bilan sug‘orib, takomillashtirib, katta simfonik orkestr uchun tinglovchilarni o‘ziga ohanrabodek jalb qiladigan professional musiqa galereyasini yaratdi. Shunday qilib, N.Muhammaddinov o‘z xalqini uning buyuk siymolari bo‘lgan Ajiniyoz va Ibrohim shoirlarni ulug‘lash orqali o‘zi ham ulug‘ siymoga aylandi[3]. Ushbu opera 1987-yilda sahnalashtirildi. Bu libretto va operada vokal, xoreografik va simfonik epizodlarning almashinuvi, temp va dinamikaning o‘zgaruvchanligi, ariyalar, monologlar, ansambllar, lakonizm, turli janrlar va badiiy san’at turlarining bir vaqtning o‘zidagi kombinatsiyasi, shuningdek, operani qoraqalpoq tilida operaning musiqiy tabiati asosida ijro etish singari maxsus opera san’ati talablari yuksak mahorat bilan yaratilganini e’tirof etish o‘rinli.

 

Quvonchboy O‘RAZMBETOV,

filologiya fanlari doktori, professor

 

Gulmira TLEVNIYAZOVA,

filologiya bo‘yicha falsafa fanlari doktori, dotsent

 

 

Qoraqalpoq tilidan Rustam Musurmon tarjimasi.



[1] Yusupov I. Dala Orfeyi. / Әjiniyaz. – Nөkis: Qaraqalpaqstan, 1975. – B. 520.

[3] Muxammeddinov Najimaddin. Qaraqalpaqstan kompozitorlarы, muzыka dѳretio‘shileri həm izertleo‘shileriniң antologiyasы. – Nѳkis: Qaraqalpaqstan, 2024. – B. 86.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

So‘nggi maqolalar

Barchasi

Adabiyot

15:11 / 20.11.2024 0 106
Abdulla Qodiriy – o‘zbek detektivi asoschisi





Ko‘p o‘qilgan

Barchasi

San’at

16:08 / 28.08.2021 8 22029
Dunyoning eng mashhur va qadimiy besh muzeyi

//