Usmon Azimning “ramka”ga tushmagan portreti


Saqlash
22:35 / 23.09.2024 1291 0

Maktab darsliklari ta’siridan endi chiqqan kezlarim edi. Toshkent havosiga ko‘nikib ulgurmay, qo‘limga “Usmon Azim” tushib qoldi. Ko‘p o‘qidim, takror o‘qidim. She’rdan she’rga ko‘chayotib tushunib qoldimki, bu shoirning charsligi, “murosasiz”ligi, hamma bir yoqdan kelsa – uning tamoman boshqa yoqdan kelishi ruhimga yaqin ekan. Keyin do‘st bo‘ldim, keyin qadrdon, keyinroq esa aka-uka bo‘ldim bu she’rlar bilan. Shoirning o‘zi bilan ancha keyin – poytaxtning kibr-u havosi vujudimga singib ketgan paytlarda ko‘rishdim. Bu orada uni menga yaqin qilgan “Saylanma”sidan keyin “Kuz”i ham, “Jodu”si ham, hatto “Sog‘inch”i bilan “Fonus”i ham chiqib bo‘lgan, men ham o‘sha “Saylanma”dan oldingi “G‘ussa”ni, “Surat parchalari”ni, “Dars”u “Ikkinchi aprel”larni topib o‘qib bo‘lgan edim.

 

Sirdaryoda qandaydir tadbir edi – bu uncha muhim emas – yig‘indan keyingi dasturxon ustida tanishdik. Usmon aka men o‘ylagandan ko‘ra ancha erka, o‘jar, olifta va juda yaxshi notiq edi. Shu suhbatdan so‘ng o‘zimdagi ixtiyorni yengib, u bilan kamroq ko‘rishishga harakat qila boshladim. Chunki menda uning ta’siriga tushib qolish ehtimoli katta edi.

 

* * *

Usmon Azim ko‘ngilni aldamaydi. She’rlari odamga orom baxsh etmaydi, hasratning hovurini bosmaydi, yurakni tinchlantirmaydi. Uning yozganlarini dam olish uchun o‘qib bo‘lmaydi. Aksincha, hordiqni rasvo qiladi, oromni buzadi, yurakka sanchiq soladi. Uyqusirab-mudrab yurganlarning ikki yuziga shapaloq tortib yuboradi. G‘ubor bosgan ko‘zguni avval yap-yangi paltosining yengi bilan artib yarqiratadi-da, keyin sizning yelkangizdan g‘ijimlab yetaklagancha toshoyna qarshisiga olib boradi. “Mana shu g‘aflat bosgan nusxa sensan. Loqayd va erinchoq tanang ichida “yurak” degan zormanda bor. O‘zingga rahm qilmasang, hech yo‘q yuragingga rahming kelsin. Vujudingni yechib, ot. Yuragingni tashqariga chiqar!” deydi. Siz esa unga “Jinnimi bu!” degandek hayratlanib qaraysiz. Shunda ko‘rasizki, yelkangizdan ushlamagan ikkinchi qo‘lida o‘zining yuragini tutib turgan bo‘ladi.

 

Usmon Azim ko‘ngilni aldamaydi. O‘zi his qilmagan dardni birovga yuqtirishga urinmaydi. Barmog‘ini kesib olmay turib, barmoqni kesib olgandagi og‘riqni tushuntirmaydi. Tishi og‘risa yoki shamollab qolsa, darrov o‘lim haqida ayyuhannos solmaydi. Shamollash yo tish og‘rig‘i haqida shu qadar berilib yozadiki, siz beixtiyor “Buncha qiynalgandan ko‘ra o‘lgani yaxshi edi!” deb o‘ylay boshlaysiz.

 

Darvoqe, siz “Usmon Azim” deganimda shu nomli shoirni tushuning, shu ismli odamni emas. Axir men Usmon Azimning xarakterini hech qancha bilmayman. Bilishning hojati ham yo‘q. Men faqat uning shoir qiyofasi va shu qiyofada yaratilgan she’rlari borasida gapiryapman, xolos.

 

 

* * *

O‘zi qancha qoldi? Bormanmi? Qaray.

Uvalanib ketgan ruhmi yo vujud?

Jonimda zimillab, miyamni yoray

Deb turgan sabrmi, ko‘nglimning kuchi?

Ortimda kunlarim qolyapti saf-saf,

Umrni bu tarzda o‘chirmoqchiman:

Men bor-u yo‘g‘imni etmoqchiman sarf,

Qoldirmay so‘zlarga ko‘chirmoqchiman.

O‘lsam, xotiramga tosh bosasizmi,

Tuproq tortasizmi – menga baribir:

Malol kelmagaydir ularning vazni –

So‘zning zalvoridan og‘irmas, axir!

 

Bu satrlarni Usmon aka shu yaqin-o‘rtada yozdi. Uning ushbu she’ri kirgan kitobi hali o‘quvchilari qo‘liga yetib bordimi-yo‘qmi, bilmayman. Men ham qo‘lyozmasini ko‘rgandim, xolos. Ko‘rdim-u, xayolimda avvalo hech kimni, hech nimani tan olmaydigan navqiron Usmon; keyin Toshkentda aqli tinib Surxonni – Boysunni qo‘msay boshlagan Usmon Azimov; so‘ng yorug‘lik tezligida kitobxonlar qalbini egallagan, so‘zni so‘z, she’rni she’r maqomida muqaddas bilgan Usmon Azim; oxirida esa oltmish yillik umrini bir yon, o‘n-o‘n beshta kitobini bir tomon qo‘yayotgan – bu ishi bilan izdoshlariga adabiyot yukini anglatayotgan ustoz Usmon Azim gavdalandi. Va, his qildimki, bu to‘rt qiyofaning har biriga mening ham, boshqalarning ham hurmati baland ekan.

 

* * *

Men juda ko‘p shoirlarning she’rini o‘z og‘zidan eshitganman (eshitmaganlarim esa undan ham ko‘p). Ularni tinglayotganimda shunga amin bo‘lganmanki, Xudo bergan ovozi o‘sha shoirning o‘z she’rlariga aksar hollarda mos keladi. Abdulla Oripov she’r o‘qiyotganda, negadir xayolimga yunon faylasuflari kelaveradi. Erkin Vohidovning ovozi mahorat bilan ijro etilayotgan sharq mumtoz kuylarini yodga soladi. Rauf akaning ohangida xuddi jangdan horib qaytayotgan qo‘shinning qadam tovushlari... Usmon Azimda esa tog‘dan dumalayotgan toshning gumburidek sado bor. U to she’rining birinchi misrasidan oxirgi satrigacha o‘qib bo‘lgunicha, tosh ham dumalab tushib bo‘ladi.

 

Yuqorida tilga olingan shoirlarning birontasida quruq shovqin yo‘q – ovozida ham, ijodida ham. Olatasir, to‘s-to‘polon ko‘tarish, tomoq yirtilguncha qichqirish ularning ishi emas.

 

E’tibor bersangiz, quv, ayyor va maddoh shoirlarning ohangi ham, hayron qolasiz, o‘z she’rlariga chippa yopishib tushadi. Shunda o‘ylab qolaman, o‘pkadan tovush bo‘lib chiqayotgan havo yo‘l-yo‘lakay yurakka ham kirib o‘tarmikan...

 

* * *

Bu she’rni har gal o‘qiganimda, shoir she’rini nega aynan “O‘sha meni hech kim sog‘inmagan shom...” satri bilan boshlagan, deb o‘ylayman. Axir qancha variant bor edi: “Oddiy bir oqshom edi...”, “Ajoyib kunlarning birida...” yoki “Yolg‘izlik jondan o‘tganda...” qabilida boshlasa (albatta, bu jumlalarni she’riy yo‘sinda ifoda etib), she’rning qiymati, yakuni o‘zgararmidi?

 

Usmon Azim (yoki uning lirik qahramoni deymizmi) to‘satdan o‘zini hech kim sog‘inmayotgan shom haqida gap boshlab, she’rning ilk satridanoq o‘quvchining yoqasidan changallab o‘ziga qaratib oladi. Keyin tamom – hech qayoqqa qochib bo‘lmaydi. Bu xuddi Kamyuning “Bugun onam o‘ldi, yo kechamidi...”, deya asar (“Begona”) boshlaganidek bir usul.

 

Ilk bor o‘qiganimda, shoir meni yetaklab o‘sha shom qo‘yniga, avtobekat yoniga, yigit bilan qizning qarshisiga olib bordi. Hamma-hamma detalni – palto, uning belbog‘i-yu tugmasi, hatto qiz manglayidagi bir tutam sochni ham ushlab ko‘rsatdi. Ammo... “Yigit! Yigit bilan qancha ishim bor!” misrasiga kelgach, shom ham, bekat ham, she’r ham, taqdir ham tamoman meniki bo‘lib qoldi – endi menga Usmon Azimning keragi yo‘q edi. Endi o‘zim qorning sovug‘ini seza boshladim, yonimdan o‘tayotgan avtolar shovqinini tinglashni o‘rgandim, hadeb lipillab o‘chib-yonayotgan yo‘lchiroqning ranglari ko‘zimga sanchila boshladi. Va men – bekatda hayrona turgan yigit bu she’rni ichkin ovozda yakunlay boshladim:

 

Toshkentday shaharda, balki dunyoda

Yagona – hammadan go‘zal edi qiz.

Chiqmasa ham telba orzum ro‘yobga,

Bo‘zlab qarshisiga cho‘kkim keldi tiz.

 

Yigit... Ammo nega seni o‘ylayman,

Hozir ham havasdan muzlaydi etim.

Men qorli bekatda vayron turgan shom,

Sen mendan, hammadan baxtiyor eding!

 

Ha, men o‘zim haqimda shunday hukm chiqardim. Biroq she’r tugashi bilan qarshimda “Usmon Azim” paydo bo‘ldi. Ajabki, mening she’rim bir baxtli shoir tomonidan avvalroq yozib bo‘lingan edi...

 

* * *

Men asarlarni yagona talab – o‘qib bo‘lganimdan keyin meniki bo‘lib qolishi kerak, o‘sha asarda yashashim shart, degan prinsip bilan mutolaa qilaman. Axir, Jek Londonning Martinida, Remarkning Robbisi va Dumbadzening Bachanasida o‘zimni ko‘rmaganimda, bu asarlar meniki bo‘lolmasdi. “Sag‘ri teri” (Balzak), “Telba” (Dostoyevskiy), “Alvido, qurol!” (Xeminguey)dagi qahramonlarga ham xuddi o‘z suratimga qaraganday hayratga tushganman. Ehtimol, bu yozuvchilarning vijdoni tirik bo‘lgani uchun ham yillar, asrlar o‘tsa-da, ular yaratgan qahramonlar o‘zining hamdard-hammaslaklarini topaverar... Bu jarayonda na millatning, na zamonning ahamiyati bor.

 

Jumladan, Usmon Azimning insoniy qiyofasi, qaysi davr yoki qaysi oqimga mansubligi, qaysi guruhga a’zoligi, yoshligida “shakkoklik” qilgan-qilmaganligi – bularning menga zarracha qizig‘i yo‘q. Bu maqolani ham bir ijodkor boshqa bir shoir haqida yozishi mumkin bo‘lgan darajada yozdim. Men Usmon Azimning she’rlarida yashaganim – qushdek uchganim, bargdek to‘kilganim, momaguldirakdek qaldiraganim, suvdek oqqanim, royal chalganim, qahvaxonada tamaki burqsitib o‘tirganim, sevganim, inkor etilganim – xullas, o‘z holimcha yashaganim uchun ham bu shoirni umrbod hurmat qilishga majburman.

 

Nosirjon JO‘RAYEV

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

So‘nggi maqolalar

Barchasi

Adabiyot

15:11 / 20.11.2024 0 106
Abdulla Qodiriy – o‘zbek detektivi asoschisi





Ko‘p o‘qilgan

Barchasi

San’at

16:08 / 28.08.2021 8 22030
Dunyoning eng mashhur va qadimiy besh muzeyi

//