“Molxona”, “1984” asarlari muallifi Jorj Oruell: “Hech bir asar siyosiy an’analardan mutlaq xoli bo‘lmaydi”


Saqlash
12:11 / 25.11.2021 1942 0

Bolalik chog‘imdan, besh-olti yoshlarimda bo‘lsa kerak, ulg‘aysam, albatta, yozuvchi* bo‘laman deb o‘ylardim. O‘n yetti yoshimdan yigirma to‘rt yoshimgacha bu fikrimdan qaytishga harakat qildim, o‘shanda ham o‘zim haqiqiy qiziqqan sohaga sodiq qolmayotganim va ertami-kechmi, qachondir kitob yozishga o‘tirishimni his qilib turardim.

 

Biz oilada uch farzand bo‘lganmiz, men o‘rtanchasiman, ammo oramizda besh yildan farq bo‘lgan. Ustiga ustak, sakkiz yoshga kirgunimcha otamni biron marta ko‘rmaganman. Mana shunday va boshqa ayrim sabablar bois men odamovi, yakka-yolg‘iz bola bo‘lib ulg‘aydim va o‘quvchilik paytimda yoqimsiz qiliqlarim sababli o‘rtoqlarim mendan uzoqroq yurishardi. Yolg‘iz bolalarda turli voqealarni to‘qib chiqarish va tasavvurda tug‘ilgan suhbatdoshi bilan so‘zlashish kabi muammolar tug‘iladi. Mening adabiyotga da’voyim avval boshdan yakka-yolg‘izlik va izzattalabligim tufayli paydo bo‘lgan, deb o‘ylayman. Men o‘z so‘zimni ayta olishimni hamda turli nohaqliklar yuziga tik qarashga jur’atim yetishini anglardim. Qandaydir o‘z olamimni yaratishimni, bu olamda hayotda nelarni yo‘qotgan bo‘lsam, barchasini qaytarib olishim mumkinligini his etardim. Shunga qaramay bolalik va o‘smirligimda yozilgan jiddiy (ya’ni, jiddiy yozilgan) narsalarim o‘n sahifaga ham bormaydi. To‘rt yoki besh yoshdami, birinchi she’rim yozilgan; men aytib turganman, onam qog‘ozga qoralab qo‘ygan. Uni butunlay unutganman, faqat bu she’rning yo‘lbars haqidaligini elas-elas eslayman: yo‘lbarsning tishlari “stul”day kelardi (o‘xshatish chakkimas). Meningcha, bu mashq Bleykning “Yo‘lbars, o yo‘lbars” she’riga taqlid bo‘lsa kerak. O‘n bir yoshimda, 1914–1918-yillardagi urush kuchayganda vatanparvarlik mavzusida she’rlar bitdimki, ular mahalliy nashrlarda e’lon qilindi. So‘ngra, oradan ikki yil o‘tgach, boshqalar singari Kitchenerning (Goratsio Gerbert Kitchener (1850–1916) – ingliz harbiy va mustamlakachi arbob) o‘limiga bag‘ishlab marsiya yozdim. Yana biroz ulg‘aygach, ba’zida georgian davri she’riyati yo‘sinida, tabiat haqida yakuniga yetmagan she’rlar bitdim. Ikki marta hikoya yozishga uringanman, ammo bu harakatlarim muvaffaqiyatsizlik bilan tugagan. Ochig‘i, mening o‘sha yillarda jiddiy yozgan asarlarimning bori shu.

 

Har qanday vaziyatda ham men hamisha qandaydir ma’noda adabiy faoliyat bilan band bo‘lganman. Aytaylik, o‘rtoqlarim hazil she’rlar yozib berishimni so‘rashardi. Men tez, oson va alohida bir zavqlanib darrov to‘qib tashlardim. Maktab vazifasidan tashqari biron voqea munosabati bilan yarim kulgili, bo‘lar-bo‘lmas mashqlar yozardim, juda tez to‘qib tashlardim (hozir uddalay olmasam kerak – o‘n to‘rt yoshimda, taxminan, bir hafta ichida Aristofanga taqlidan butun boshli qofiyali pyesa yozganman). Yana turli qo‘lyozmalar va maktabimizda chiqadigan jurnallarni tahrir qilishga ko‘maklashardim. Bu jurnallar taqlidning arzimas namunasi bo‘lsa-da, bugungi nochor jurnalistikadan avloroq edi – menga katta tashvish orttirmasdi. Mana shular qatori o‘n besh yoshimda, adabiy faoliyatning turli yo‘nalishlarida yozishdan tashqari muntazam ravishda o‘zim haqimda intihosiz “qissa” boshlagandim, u xayolimda charx urgan fikrlardan paydo bo‘lgan o‘ziga xos kundalikka o‘xshab ketardi. Shubhasiz, bu o‘smirlar orasida keng tarqalgan odat bo‘lsa kerak, deb o‘ylayman. Bolalik chog‘imda, ba’zan o‘zimni Robin Gud deb tasavvur qilib, qiziqarli sarguzashtlar qahramoniga aylanardim. Ammo asta-sekin “qissa” mazmunida beo‘xshov izzattalablik yo‘qolib, kundalik ishlar va ko‘rgan-kechirganlarim tafsilotiga aylana boshladi. O‘shanda men boshimni qotirib, mana shunday ajoyib lavhalar yozardim: “U eshikni katta ochdi va xonaga kirdi. Quyoshning sariq nurlari deraza pardasi qatidan o‘tib, stolning ustiga tushdi, stolda siyohdon bilan yarim ochiq qolgan gugurt qutisi yotardi. U o‘ng qo‘lini kissasiga solgancha ochiq deraza qarshisiga keldi. Pastda, ko‘chada ola mushuk shamol uchirgan xazonlar ortidan quvardi” va hokazo, hokazo. Bu odat men yozuvchi bo‘lgunimcha, yigirma besh yillarcha cho‘zildi. Kerakli so‘zlarni topishga urinardim va ularni topardim. Bu nafsiz chiranishlar erkimdan tashqari, beixtiyor qandaydir tashqi ehtiyoj ta’sirida yuz berayotganini his etardim. “Qissa” turli yoshlarimda o‘zim sevib o‘qigan yozuvchilar uslublari ta’sirida yozilgan bo‘lsa kerak, ammo eslashimcha, unda yagona bir narsa saqlangan, bu – tavsifdir.

 

O‘n olti yoshga kirganimda, kutilmaganda so‘z topish baxtini, ya’ni so‘z ohangi va birikmalari baxsh etayotgan tuyg‘uni his etdim.

 

“Yo‘qotilgan jannat”dagi:

Ammo, olg‘a,

Qiynalib, tirishib uchardi Iblis,

Tirishib, qiynalib yengib o‘toldi

G‘ovni...

 

satrlari oddiydir, ammo o‘shanda menga shu qadar g‘aroyib tuyulardiki, o‘qiganda etim jimirlab ketardi. Tavsiflash tajribasini yaxshigina egallab olgandim. Xullas, qanday kitob yozishim (agar, o‘sha paytda kitob yozishga shaylanganimni aytsam) kundek ravshan edi. Men baxtsizlik bilan yakunlanadigan, jarangdor so‘zlar qo‘llangan, batafsil tavsiflarga va esda qoladigan taqqoslarga to‘la, dabdabali, kutilmagan voqealarga boy katta naturalistik romanlar yozishni istardim. Va umuman, mening birmuncha vaqt oldin o‘ylaganim, o‘ttiz yil yozganim va yakunlangan ilk romanim – “Birman kunlari”dir.

 

Bu tafsilotlarni keltirganimning sababi shundaki, yozuvchilik ishining takomil bosqichlarini bilmay turib, uni baholab bo‘lmaydi. Yozuvchi tanlagan mavzular u yashayotgan makon va zamon bilan izohlanadi (nima bo‘lganda ham bizning shiddatli va inqilobiy asrimizga nisbatan shunday desak, adolatlidir), ammo u yozishni boshlashidan avval, albatta, keyinchalik xalos bo‘lolmaydigan qandaydir (emotsional) tuyg‘uni his etadi. Albatta, yozuvchilik ishi xarakterni toblaydi, mijozini ko‘niktiradi, asab torlarini sozlaydi, hayotda voyaga yetmay turib qoqinishlardan, soxta ohanglardan asraydi. Biroq yozuvchi dastlabki tuyg‘ularidan butunlay xalos bo‘lsa, o‘zidagi ijodga bo‘lgan ichki turtkini so‘ndiradi. Meningcha, tirikchilik uchun yozishdan tashqari ijod qilishga, hech bo‘lmaganda nasrda yozishga turtki bo‘ladigan to‘rt asosiy omilni ajratib ko‘rsatish mumkin. Ular har bir yozuvchida turli darajada nisbiy muvofiqlikda uchraydi va har qanday yozuvchi yashayotgan muhitga ko‘ra vaqti-vaqti bilan o‘rin almashib turadi. Mana ular:

 

1. Haqiqiy xudbinlik. Boshqalardan aqlliroq ko‘rinish istagi: sen haqingda gapirishsin, vafotingdan keyin yodga olishsin, bolaligingda seni kamsitgan kattalardan o‘zib ketish va hokazo. Ochig‘ini aytish lozim: bu omil juda muhim va qudratli. Yozuvchilarga xos bu omilni olimlar, musavvirlar, siyosatchilar, advokatlar, jangchilar, ishi yurishgan tadbirkorlar, qisqasi, jamiyatning yuqori qatlami vakillarining aksariyatida uchratamiz. Odamlarning katta qismi o‘ta xudbin emas. Taxminan, o‘ttiz yoshlardan keyin ular o‘ziga xoslikni yo‘qota boshlaydi va asosan, boshqalar uchun yashay boshlaydi yoki asta-sekin joniga tekkan ishdan zerikadi. Ammo ular orasida hamisha iqtidorli ozchilik, o‘jarlar bo‘ladiki, ular umrining so‘ngigacha o‘zgarishsiz qoladi. Yozuvchi aynan shu toifaga mansub. Ta’kidlar edimki, jiddiy yozuvchilar jurnalistlarga qaraganda ko‘proq shuhratparast va egotsentrik bo‘ladi, moddiy boylikka esa kamroq qiziqadi.

 

2. Estetik jazava, zavqlanish. Dunyo go‘zalliklarini his etish yoki, boshqa tomondan, so‘z nafosatini, uning aniq talqinidan zavqlanish hissi. Bir tovushning boshqasiga ta’siridan, nasrning pishiqligi, hikoyaning ajoyib ohangidan qoniqish zavqi. Alaloqibat, tajriba almashinuv istagi – bu juda qadrli va undan ayro holda ijod rivojlanmaydi. Ko‘plab yozuvchilarda estetik zavqlanish kuchsiz, hatto pamfletchi yoki darslik tuzuvchining ham anglab bo‘lmas sababsiz sevimli so‘z va iboralari bo‘ladi, yozuvchi ba’zida bosmaxona harflari, qog‘ozda ochiq qolgan joylarga alohida mehr bilan qaraydi. Ya’ni, temir yo‘l ma’lumotnomasidan tashqari barcha kitoblar estetik tushunchalardan xoli emas.

 

3. Tarixiy turtki. Narsa va hodisalarni qanday bo‘lsa shundayligicha ko‘rish, haqqoniy dalillarni topish va ularni avlodlarga qoldirish istagi.

 

4. Siyosiy maqsadlar (“siyosiy” so‘zi imkon qadar keng ma’noda qo‘llanganda). Dunyoni aniq bir maqsad yo‘lida olg‘a siljitish, odamlarning fikrini qanday jamiyat qurish lozimligi haqidagi g‘oyalar bilan boyitish istagi. Va yana: hech bir asar siyosiy an’analardan mutlaq xoli bo‘lmaydi. Axir, san’at siyosat bilan hech qanday umumiylikka ega emas, degan fikrning o‘zi siyosiy nuqtayi nazarni anglatadi-ku!

 

Bu ichki turtkilarning ziddiyatini, odamdan odamga, davrdan davrga ko‘chishini anglash qiyin emas. Men tabiatimga ko‘ra (odam birinchi marta o‘zini ulg‘aydim, deb hisoblagandan so‘nggi tabiati, fe’li mutlaq deb hisoblansa), to‘rtinchi omil yuqoridagi uchtasidan ziyod bo‘lgan yozuvchiman. Tinchlik zamonlar bo‘lsa, balandparvoz yoki shunchaki tafsilotlarga boy kitoblar yozarmidim va o‘zimning siyosiy maslagimni oshkor etmasligim mumkin edi. Ma’lum ma’noda pamfletchiga o‘xshashga majbur bo‘lib qoldim. Avvaliga besh yil o‘zimga nomunosib ishlar (Birmada hind imperiya politsiyasida xizmat qildim) bilan shug‘ullandim, keyin qashshoqlik ta’mini tatib ko‘rdim, muvaffaqiyatsizliklarga uchradim. Bularning barchasi menda hukumatga nisbatan nafrat uyg‘otdi va ilk bor mehnatkashlar sinfi borligini teran anglab yetishimga sabab bo‘ldi. Birma tajribasi menga imperializmning mudhish tabiatini fosh etdi. Ammo, bu tajriba aniq siyosiy mo‘ljal olishimga hali yetarli emas edi. Keyin Gitler keldi, Ispaniyada fuqarolar urushi avj oldi va hokazo. 1935-yilning oxirida ham men to‘liq xulosa chiqarmagan – so‘nggi qarorimni qabul qilmagan edim. Oldimda turgan ikkilanishlarni ifodalaydigan kichik bir she’r ham yozgandim:

 

Ruhoniy bo‘larmidim,

Yuz yil avval yashasam,

Chohdan qo‘rqitarmidim,

Bog‘-u uy qurib muhtasham.

 

Afsus, bevaqt tug‘ildim,

Jannat rangi yo‘q bunda.

Ruhoniy soqolsiz, jim,

Ajab mo‘ylab bor menda.

 

Biz go‘l o‘sha pallalar

Hayot baxtli, tush kabi.

G‘amlarimiz allalar

Yashil ranglar soyasi.

 

Yasharmiz, dilda armon,

Endi begona davron.

Qushlar sayrardi biyron

Dushman chekardi afg‘on.

 

O‘rikzor, sarvbo‘y qizlar,

Baliq to‘la salqin suv,

Arg‘umoq, tonggi qushlar

Bari tushday o‘tdi-ku!

 

Endi ko‘rolmaymiz tush,

Qalbda saqlaymiz hali,

Arg‘umoq bo‘ldi behush,

Zolimlar taqaladi.

 

Men – qurt, eshik og‘asi,

Hech qo‘ymaslar haramga,

Men – ruhoniy, komissar,

O‘xshamayman Eremga**.

 

Karnayda chorlar meni,

G‘alabaga komissar.

Ruhoniy avrar meni,

Jannatiy boqqa chorlar.

 

Tushda Samoviy bog‘ va,

Orzular ushalganday.

Men bu kunga begona,

Smit-chi? Jons-chi? Sen-chi?

 

1936-1937-yillardagi Ispan urushi va boshqa qator voqealar mening ruhiy muvozanatimni buzdi; shundan so‘ng o‘z o‘rnim qayerda ekanini anglab yetdim. 1936-yildan buyon mening har bir jiddiy satrim bevosita yoki bilvosita totalitarizmga qarshi va o‘zim anglab yetgan demokratik sotsializm yoqlab yozilgan. Bizning davrga o‘xshash tuturiqsiz zamonlarda bu mavzudan qochib qutulib bo‘lmaydi deb o‘ylayman. Masalaning mohiyati shundaki, kim qaysi tomonda va kimga qanday munosabat bo‘lmoqda. O‘z siyosiy manfaatingni qanchalik chuqurroq anglasang, estetik va ma’naviy butunligingni saqlagan holda siyosiy maqsad sari intilish imkoniyati shunchalik ko‘p bo‘ladi.

 

Keyingi o‘n yillikda ko‘proq siyosiy adabiyotni san’at darajasiga ko‘tarishga intildim. Boshlang‘ich nuqta – daxldorlikni, nohaqlikni his etish bo‘ldi. Kitob yozishga o‘tirganimda o‘zimga: “San’at asari yarataman” demayman. Men yolg‘on, haqsizlikka qarshi yozaman, demak, uni fosh etishim kerak, bunga dalillar yetarli, boshqalar e’tiborini jalb etishim lozim va mening bosh vazifam – so‘zimni eshitishlariga harakat qilishdir. Ammo men estetik kechinmalar tuymasam, kitob yoki hatto, jurnal uchun katta maqola ham yozolmayman. Istagan odam ishlarimni tahlil qilsa, asarlarimda, hatto ochiqdan-ochiq targ‘ibotlarimda ham mohir siyosatchilar noo‘rin deb hisoblagan o‘rinlar ko‘pligini ko‘radi.

 

Men bolaligimda shakllangan dunyoqarashimdan voz kecholmayman, buni istamayman ham. Tirik va salomat ekanman, nasr uslubi haqida jiddiy qayg‘urishdan, zaminni sevishdan, moddiy narsalardan va benaf axborot deb ataluvchi uzuq-yuluq xabarlarni o‘qib quvonishdan tolmayman. Mening bu sifatlarimga bosim o‘tkazishdan naf yo‘q. Gap boshqa yoqda – gap shundaki, yoqimli va yoqimsiz bo‘lgan shaxsiy tashvishlarni jamiyatdan, asrimiz zimmamizga yuklagan umumiy harakatlardan ustun qo‘ymaslik lozim.

 

Bu oson emas. Talqin va til muammosi tug‘iladi, haqchillik masalasi yangicha qo‘yiladi. Shu singari hali pishib yetilmagan qiyinchiliklardan misol: Ispaniyadagi urush haqidagi kitobim – “Kataloniya xotirasi”, albatta, ochiqdan-ochiq siyosiy asar, ammo uning ma’lum qismi xolisona va kompozitsiyaga asoslanib yozilgan. Men, avvalo, qat’iy turib haqiqatni yozishga urindim. Ammo adabiy istaklarim aks etgan kitobdagi turli bo‘limlar orasida Franko bilan kelishuv vaqtida ayblangan troskiychilarni himoya qilishga qaratilgan gazetalardan ko‘chirmalar va boshqa materiallar jamlangan katta bob bor. Shak-shubhasiz, bu singari boblar oradan bir-ikki yil o‘tmay, har qanday kitobxonning zavqini so‘ndirishi va kitobni barbod qilishi turgan gap. Men hurmat qiladigan bir tanqidchi bu haqida bir o‘zimga butun boshli ma’ruza o‘qidi: “Nega kitobni safsataga to‘ldirib tashladingiz? – deb so‘radi u mendan. – Axir, yaxshigina asarni chinakam jurnalistikaga aylantirib qo‘yibsiz-ku!” Bu to‘g‘ri, ammo men boshqa yo‘ldan borolmasdim. Mutlaqo begunoh odamlar tuhmatga qolganini bilardim, Angliyada deyarli hech kim bilmasdi, bundan g‘azablanmaganimda yozmagan bo‘lardim.

 

Muammo u yoki bu ko‘rinishda qayta-qayta ko‘tariladi. Til masalasi g‘oyat nozik va batafsil tahlil, muhokamani talab qiladi. Faqat shuni aytishim mumkinki, keyingi yillarda men kamroq obrazli, ko‘proq aniq yozishga harakat qilyapman. Nima bo‘lganda ham, anglab yetganim – u yoki bu uslubda mukammallikka erishsang, bu bosqichdan o‘tgan bo‘lasan. “Molxona” – nima ish qilayotganimni chuqur anglab, siyosiy va badiiy maqsadlar mushtarak etilgan birinchi kitobim bo‘ldi. Oradan sakkiz yil o‘tdi, birorta roman yozmadim, ammo umid qilamanki, tez orada yozsam kerak. U muvaffaqiyatsizlikka uchradi, har bir kitob – muvaffaqiyatsizlikdir, ammo, men qanday kitob yozishni xohlayotganimni yaqqol tasavvur qilaman.

 

Mazkur maqolaning so‘nggi ikki sahifasi muhokama qilib ko‘rilsa, adabiyotda meni yozuvchi sifatida ijtimoiy mavzular ruhlantirayotganday ko‘rinadi. O‘quvchida shunday fikr qolishini istamagan bo‘lardim. Barcha yozuvchilar shuhratparast, xudbin va dangasa, ammo buning zamirida sir bor. Kitob yozish – bu o‘ta kuchli, holdan toydiruvchi, uzoq davom etadigan kasallik xurujiga o‘xshash zo‘riqishdir. Agar qandaydir shayton undamasa hech kim bunday ishga qo‘l urmaydi. Uni tushunib bo‘lmaydi, unga qarshi kurashib ham bo‘lmaydi. Kim biladi, balki u kattalar e’tiborini o‘ziga qaratish uchun yosh bolani qichqirishga undagan sezgidir. Ayni paytda boshqasi ham haqiqat – butun kuch bilan o‘z-o‘zingdan xalos bo‘lmasang, hech qanday o‘qimishli asar yozolmaysan. Yaxshi nasr deraza oynasiga o‘xshaydi.

 

Ijod omillarimdan qay biri kuchli ekanini ishonch bilan ayta olmayman, ammo ulardan qay biri meni boshqarishini yaxshi bilaman. Va amalga oshirgan ishlarimga qarab, asarlarimda siyosiy maqsadga erisholmagan hollarimda hamisha hissiz kitoblar tug‘ilgan, men ularni muallif sifatida dabdabali, kutilmagan voqealar, puch iboralar, chiroyli vasflar va shunchaki siyqasi chiqqan gaplarga to‘ldirganman.

 

Jorj ORUELL

1946-yil.

 

 

*Jorj Oruell – (1903–1950) Buyuk britaniyalik yozuvchi va publitsist. O‘z zamonasining ziddiyatli shaxslaridan biri bo‘lgan. “Molxona” satirik qissasi va hikoyalari bilan tanilgan. Demokratik sotsializm tarafdori, antiutopiya adabiyoti vakili.

**Yujin Erem (1704–1759) – ingliz donishmandi, qotilligi uchun qatl etilgan.

 

HUMOYUN tarjimasi.

“Ijod falsafasi” kitobidan “Men nega yozaman?” maqolasi

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

So‘nggi maqolalar

Barchasi





Ko‘p o‘qilgan

Barchasi

Adabiyot

18:04 / 05.04.2024 0 19260
Yaponiya sotuvga qo‘yiladi

San’at

11:08 / 28.08.2021 8 16137
Dunyoning eng mashhur va qadimiy besh muzeyi