Toponimlar xalqning hayoti, tarixini ko‘rsatishda yozma va arxeologik manbalar kabi muhim hisoblanadi. Joyning nomi o‘sha yerda qaysi xalq, qaysi millat, qaysi urug‘ qancha vaqt davomida, qanday yashaganini ko‘rsatadi. Ayni shu mavzuda filologiya fanlari bo‘yicha falsafa doktori Anvar Bo‘ronov va filologiya fanlari doktori, jurnalist Rustam Jabborov bilan suhbatlashdik.
– Shu ma’noda toponimlarning ahamiyati qanday, ularning o‘zgartirilishi nimalarga olib keladi?
Anvar Bo‘ronov: – Toponimlar, aslida, vatan tushunchasi bilan mushtarak. Biz yashayotgan joy aynan bizniki ekanini bilish uchun nomi bizning tilda bo‘lishi kerak. O‘zbekistonda turib “Kommunizm”, “Lenin”, “Moskva” degan kolxozlarda yashab ko‘rdik. Bizga begona joy nomlari bilan nomlashganda, bizning tafakkurga ham, mental xususiyatlarimizga ham ta’sir qildi. Moskvani orzu qiladigan, baxt-saodat o‘sha yerda deb o‘ylaydigan bo‘ldik.
Iyul oyida Oltoyga bordik, o‘sha yerda atay bir cho‘ponning uyida yashadik, qishloq nomi “Qirliq” ekan, xuddi vatanimizda yotganday orom yotdik. Ya’ni, joy nomlari ham ruhimizga ozuqa, tinchlik beradi. Nom keyingi avlod tarbiyasida milliy g‘ururni shakllantiradi. O‘zbek yashasa-yu, nomlar boshqacha bo‘lsa, bu g‘ururni shakllantirishi qiyin. Turli davrlarda bizni bosib olgan bosqinchilarning hammasi o‘zlarining nomlarini suqishtirishga harakat qilgan. Hozirgi toponimlarimizdagi turli xillik, begona nomlar saqlanib qolgani, bugun ham kirib kelayotgani juda fojiali narsa. Shuning uchun bu mavzu juda dolzarb. Yosh avlodda ham boshqa tilda nomlanishga qarshi immunitet shakllantiradigan davr keldi. Shunga tayyor bo‘lish kerak deb o‘ylayman.
Rustam Jabborov: – Joy nomi pasport hujjuti kabi. Shunga qarab turib joy kimga tegishli ekani bilinadi. O‘zbekiston hududida juda ko‘p xalqlar, madaniyatlar, sivilizatsiyalar to‘qnashgani uchun joy nomlarimiz turlicha – sug‘d, fors, arab, turkiy kabi turli tillarda. Lekin bugun O‘zbekistonda davlat tili aynan o‘zbek tili, davlat tili to‘g‘risidagi qonunda joylarni nomlashda o‘zbek tili qoidalariga rioya qilish shart deb belgilangan.
Bir holat boshlangan. Yurtimizdagi haqiqiy turkiycha joy nomlarini arabcha, forscha va boshqa tillardagi joy nomlariga alishtirish keng kuzatilyapti. Masalan, Toshkent shahridagi To‘ytepani Nurafshon deb o‘zgartirishdi. Bu so‘z ham o‘zbekcha-ku, deyishlari mumkin, lekin unday emas, arabcha, forscha so‘zlar yevropa tillaridan kirgan so‘zlar kabi ajralib turmasligi, tilimizga o‘rnashib qolgani sabab farqlay olmaydi odamlar. Holbuki, turkiy tilning o‘z ildizi bor, bir til oilasiga mansub. Bo‘ston, Guliston, Shahriobod kabi nomlar o‘zbekcha ko‘ringani bilan uning o‘zagi yo arabcha, yo forscha bo‘ladi.
Tojikistonda ko‘plab joy nomlari tojikchalashtirildi. Turkiycha bo‘lgan Qo‘rg‘ontepa shahri nomi Boxtar deb o‘zgartirildi. Yuzlab shunaqa nomlar almashtirilgan hozir. Nega deyilsa, turkiycha ekan, tojikcha bo‘lishi kerak, deyishadi.
Podkastni to‘liq holda havola orqali ko‘rishingiz mumkin.
Adabiyot
Til
Adabiyot
Adabiyot
Jarayon
Til
Til
Jarayon
Tarix
Ta’lim-tarbiya
Tarix
Tarix
Din
San’at
//
Izoh yo‘q