Eski turk jamiyatida, ayniqsa, islomgacha bo‘lgan davrda ayollarning o‘rni qanday bo‘lgani masalasi bugungi kungacha o‘zining to‘laqonli yechimini topmagan. Shunday bo‘lsa-da, ko‘plab izlanuvchilar Xun saltanati (mil. Old. II – mil. III asrlar), Xioniylar (IV–V asrl), Eftaliylar (450–565) va Turk xoqonligi (552–744) kabi ilk turkiy saltanatlar boshqaruvida ayollarning o‘rni bilan bog‘liq bugungi kungacha yetib kelgan ma’lumotlarga tayanib, qadimgi davr va ilk o‘rta asrlarda turkiylar jamiyatida xotin-qizlarning o‘rni boshqa el-uluslarga qaraganda ancha yuqori bo‘lganiga urg‘u beradilar. Ayrim izlanuvchilar esa yozma manbalardagi boshqaruvda qatnashgan turk ayollari to‘g‘risidagi ma’lumotlar ko‘proq yuqori tabaqa vakillariga tegishli bo‘lib, jamiyatning barcha jabhasida ayollar unchalik erkin bo‘lmagan, deb qaraydilar.
Xitoy yilnomalari, yunon, sug‘diy, tibet, baqtriy, fors arab tillaridagi yozma manbalar bilan birga, O‘rxun-Enasoy yozuvlarida turkiylar boshqaruvida ayollar faol qatnashib, el-yurt masalalari ko‘rib chiqilgan ulug‘ yig‘ilishlar (to‘y, qurultoy)da ishtirok etganliklari, buyuk xoqon o‘z xotun (qatun)lari bilan kengashib, qaror qabul qilgani to‘g‘risida yozilgan. Bundan turkiy siyosiy uyumshalarning xotin-qizlari o‘zlari bilan qo‘shni yoki birmuncha yaqin hududlar – Xitoy, Sosoniylar Eroni va Vizantiya ayollariga qaraganda birmuncha erkin bo‘lgani, Turkistonga kelgan chet elliklar, ayniqsa, elchilar bundan hayratlanib, kuzatishlarini qog‘ozga tushirgani anglashiladi.
Eski turk davlatchilik an’analariga ko‘ra, bosh xotun hukumatda xoqondan keyingi eng yuqori mavqedagi shaxs bo‘lib, u asosan saroy ichkarisidagi ishlarga aralashishi barobarida huquqiy masalalarni hal qilishda ham qatnashardi. Xitoy yilnomalarida Cheng-guan (627–649) yilining boshlarida (chamasi, 630-yillarda) hukm surgan uyg‘ur boshqaruvchisi Pu-saning onasi to‘g‘risida shunday yoziladi:
“Onasi Vu-lo-xun xotun maslahatchi edi. U da’volarga qarar, qonunni buzganlarga qattiq jazolar tayinlar, haqqoniylik yo‘li bilan adolatni yuzaga chiqarar edi” [Chavannes 2007: 132].
Shu bilan birga, turkiylarning an’anaviy oilasida patriarxal xarakter ustun, biroq ayollar boshqa ellarga qaraganda ancha erkin bo‘lganini ko‘rsatadigan ko‘plab dalillarga duch kelamiz. Buni ayniqsa Turk xoqonligi boshqaruvi chog‘iga tegishli bitiktoshlar, qabrtoshlar, tosh haykal “balbal”lar, saroy devoriy rasmlari, metallar va sopol buyumlar sirtidagi tasvirlar tasdiqlab turibdi. Ularning bir qismi yuqori toifa xotin-qizlari bilan bog‘liq bo‘lsa, sezilarli bir bo‘lagi esa turkiy jamiyatdagi oddiy ayollarga tegishli ekanini ko‘ramiz.
Qadimgi turk jamiyatida ko‘p xotinlilik (oddiy xalq orasida) bo‘lgani haqida bilgilar deyarli uchramaydi. “Xotun” deganda eski turk bitiklarida ko‘proq oliy hukmdor oilasiga mansub ayollar, ko‘pincha malika tushunilgan. Masalan, Mo‘g‘ulistondagi Kosho-Saydam o‘lkasidan topilgan bitiklarda turk xoqoni Bilganing, ya’ni oliy hukmdorning onasi qatun/xotun unvoni bilan eslatilganini ko‘rish mumkin [Kubatin 2016: 90]. Zeb-ziynat buyumlari sirtiga xotun nomiga ezgu tilaklar yozilgan, saroy etiket (saroy ahliga xos mulozimat va muomalalar)ida xotunga ham xoqonga bo‘lganidek teng hurmat ko‘rsatilganiga ko‘zimiz tushadi. Mafkuraviy tomondan esa eski turklarda faqat xoqon (Ashina) va xotun (Ashide) urug‘lari boshqaruvchilari orasida yo‘lga qo‘yilgan siyosiy va harbiy birdamlik – nikoh orqali ittifoqchilik negizida Turk xoqonligi hokimiyatining legitimligi (qonuniyligi) tan olingan, xoqonlik aholisining tinch-totuvligi ushbu urug‘lar birdamligiga bog‘liq bo‘lgan [Torlanbaeva 2004: 29-34]. Xotun – bosh malikaning urug‘doshlari xoqon hokimiyatiga sodiqlik ko‘rsatishi orqali jamiyatda va davlat boshqaruvida boshboshdoqlik va tarqoqlikning oldi olingan.
Bu an’ana Markaziy Osiyoning ilk turk musulmon va g‘ayrimusulmon davlatlari boshqaruvi chog‘ida ham davom etgan. Misol tariqasida malikalarning ulushi yuqori bo‘lgan Qoraxoniylar (960–1212), Saljuqiylar (1038–1157), Xorazmshoh-Anushteginiylar (1097–1231) va Qoraxitoylar (1140–1213) saltanatlari boshqaruvini keltirish mumkin.
Eski turklar jamiyatida xotin-qizlarning o‘rni bilan bog‘liq tarixiy ma’lumotlar “Tun-dyan”, “Si-fan-gui” kabi xitoy yilnomalarida ham keltirilgan:
“Birorta qizni yoqtirib qolgan yigit o‘sha qizning oilasiga odam yuborib‚ qizning ota va onasining ko‘nglini olishga intilardi”; “Biron yigit bironta qizni sevib qolib‚ unga nisbatan yaxshi tuyg‘ular paydo bo‘lgan paytda uylanish uchun hadyalar bilan birga qizning otaonasi ortiqcha e’tiroz bildirmasliklari uchun odam yuborilib rozilik so‘raladi”;
“O‘g‘il bolalar o‘tloq va daraxtzor joylarda o‘yin o‘ynashadi. Qizlar esa charm to‘p tepishadi”; “Aytishlaricha‚ qiz‚ yigit daraxtzor‚ maysazor joyda o‘yin o‘ynashadi. Qiz‚ yigit ichiga qil to‘ldirilgan charm to‘plar bilan oyoq to‘pi o‘ynashadi” [Taşağıl 2003: 98, 113].
Endi Turk xoqonligi tanga-pullari misolida eski turk jamiyatida xotun – malikalarning o‘rni qanday bo‘lganini ko‘rib chiqamiz. Undan oldin qadimgi turkiy boshqaruvga tegishli shahar – qo‘rg‘onlarga qisqacha to‘xtalib o‘tsam. Xoqonlikning kunbotar tomоni – G‘arbiy Turk xoqonligi (568–740) boshqaruv markazlaridan biri Choch o‘lkasidagi Jabg‘ukat (Hukmdor shahri) va uning yaqinida joylashgan Xotunkat (Malika shahri) davlat boshqaruvida ayollarning o‘rnini ko‘rsatishi jihati bilan diqqatni o‘ziga tortadi. Choch o‘lkasida G‘arbiy Turk xoqonligi o‘rdasi – qarorgohlaridan biri – Jabg‘ukat qo‘rg‘onining qurilgani ham bu yerda xoqonlik boshqaruvi ancha teran bo‘lganini ko‘rsatadi. Izlanuvchilarning aksariyati Jabg‘ukatning Tun yabg‘u-xoqon (618–630) davrida qurilganiga urg‘u beradilar. Jabg‘ukatning o‘rni bugungi Toshkent shahrining kunchiqar tomonlarida saqlanib qolgan bo‘lib, yerli aholi Oq-ota tepaligi deb ataydi. Qizig‘i shundaki, Toshkent–Chirchiq shaharlari oralig‘idagi Kavardon qishlog‘i tegrasida yonma-yon joylashib, yirik-yirik tepaliklar ko‘rinishida saqlanib qolgan eski shahar qoldiqlari ham yerli aholi tomonidan Xon-tepa, Xonim-tepa deb ataladi. Chamasi, har ikkala tepalik Turk xoqonligi davrida qurilib, ulardan biri bosh hukmdor – xon yoki xoqonning, ikkinchisi esa xotun (malika) – xonim yashagan qo‘rg‘onlar bo‘lgan.
Ayrim izlanuvchilar Jabg‘ukatni Tun yabg‘u-xoqonning qishlik qarorgohi bo‘lgan deb sanasalar-da, ushbu shaharning undan ancha oldin, G‘arbiy xoqonlikning bosh hukmdorlari yabg‘u/jabg‘u unvoni bilan boshqaruvda bo‘lgan kezlar – VI asarning oxiri – VII asrning boshlarida qurilgan bo‘lishi ham mumkin. Aynan o‘sha kezlarda jabg‘u unvoni bir sira G‘arbiy Turk xoqonligining bosh hukmdorlari uchun qo‘llanilgani va ulardan bir nechtasi aynan Choch o‘lkasiga kelib-ketgani ko‘zda tutiladigan bo‘lsa, Jabg‘ukat xoqonlikning ilk boshqaruv o‘rdalaridan biri bo‘lgani anglashiladi. Shu o‘rinda arab geograflari asarlarida uchraydigan “Jabg‘ukat – chiroyli shahar bo‘lib, qadimda Chochning harbiy lageri – lashkargohi edi” ko‘rinishidagi bilgi ushbu shaharning nima maqsadda qurilganini yanada oydinlashtiradi [Hudud ulolam. 2008: 32].
Bundan tashqari, arab geograflari asarlarida Jabg‘ukat bilan deyarli yonma-yon joylashgan Xotunkat nomli shaharning tilga olinishi, ushbu shahar nomining xitoy yilnomalarida ancha oldin, 640-yillarda G‘arbiy turk xoqonlaridan biri Ibi Dulu kexan (*El-Bilga Tulu xoqon; 638–642)ning Chochga qochib, Koxotun-chen (“Xotun shahri”)ga sig‘inishi munosabati bilan uchrashi ham diqqatni tortadi [Bichurin I: 288; Chavannes 1903: 58]. Arxeologlarning aniqlashicha, Xotunkatning o‘rni bugungi Toshkent shahrining shimolida, birmuncha kunchiqar tomonda, Durman qishlog‘idan 4 chaqirim uzoqlikda – kungay (janub) tomonda, Oq-ota tepaligining janubidagi Tug‘aytepa yodgorligiga to‘g‘ri keladi [Buryakov 1975: 73–74].
Qizig‘i shundaki, ushbu shahar nomi ostida ham qadimgi turkiy an’ana – davlat boshqaruvida bosh hukmdor – xoqon bilan birga doimo uning xotini – xotun unvonli malika o‘rin olishini ko‘rish mumkin. Xotunkat shahrining aynan Jabg‘ukat shahri bilan yonma-yon o‘rnashgan shahar deb eslatilishining o‘ziyoq uning qurilishi xoqonlik bilan bog‘liqligini ko‘rsatadi. Shuningdek, arxeologik izlanishlar ushbu shaharning ham Jabg‘ukat singari VI–VII yuzyilliklarda yuzaga kelganini tasdiqlab, Xotunkatning xoqonlik bilan bog‘liqligi borasida shubhaga o‘rin qoldirmaydi. Demak, Jabg‘ukat – Xotunkat paralleli bu – xoqonlik siyosiy markazida hukmdor o‘rdasi (yoki o‘tovi) bilan yonma-yon malika o‘rdasi o‘rin olishi an’anasining Choch o‘lkasida yonma-yon joylashgan shaharlar misolida o‘z tasdig‘iga ega.
G‘arbiy Turk xoqonligi tangalarining ko‘pchiligida hukmdor (xoqon) va xotun tasvirlarining o‘rin olishi o‘z-o‘zidan bo‘lmay, bu holat eski turk davlatchiligining o‘ziga xos an’analari bilan bog‘lanib ketadi. Xoqonlikkacha O‘rta Osiyoda bostirilgan birorta tanga turida bunday qo‘shaloq tasvirga duch kelinmasligi, Chochdan tashqari yana xoqonlik boshqaruvi bilan to‘g‘ridan to‘g‘ri bog‘lanuvchi O‘tror, Shimoliy Sug‘d, Buxoro va Chag‘oniyon (To‘xoriston) hukmdorliklari tangalarida ham eski turklarga xos tashqi ko‘rinishga ega hukmdor va xotun tasviri uchrashi – bularning barchasi shunchaki tasodif bo‘lmasa kerak. Bizningcha, bu eski turk boshqaruv tizimi bilan bog‘liq bo‘lib, turk xotunlarining davlat boshqaruvida o‘ziga xos o‘rin egallagani bilan ochiqlanadi. Qizig‘i shundaki, Turk xoqonligi boshqaruvi chog‘ida – VII-VIII asrlar oralig‘ida bostirilgan O‘tror, Sug‘d, Buxoro va To‘xoriston tangalarida birgina qo‘shaloq portret – hukmdor va malika boshi tasviri uchrasa, Choch tangalarida hukmdor (jabg‘u, jabg‘u-xoqon yoki xoqon + malika)ning quyidagicha ko‘rinishlari o‘rin olgan: 1) qo‘shaloq portret; 2) bog‘dosh (chordona) qurib “o‘runliq” (taxt)da yonma-yon o‘tirgan; 3) otliq va uning oldida qo‘lida qandaydir bir idish (“qut” – hokimiyat ramzi) tutgan xotun. Choch tangalarida “xotun” ikkita o‘rinda – ikkiqat xotin yoki qo‘lida bola tutgan (?) yo bo‘lmasa, xoqonga hokimiyat ramzi bo‘lmish “qut”ni topshirayotgan ko‘rinishlarda chizilgan bo‘lib, shu tomonlari bilan u “Umay”ga mengzatilgani ko‘zga tashlanadi.
Eski turk tushunchalariga ko‘ra, Umay – chaqaloqlarni asrovchi, mo‘l-ko‘lchilik, qut-baraka keltiruvchi, urush chog‘ida askarlarni qo‘riqlovchi iloha (farishta) sifatida qaralgan. Shuningdek, Tangridan xoqonga beriluvchi hokimiyat belgisi – “qut” u orqali topshirilgan deb tushunilgan. VIII asrning 30-yillarida o‘rnatilgan Kul Tegin bitiktoshida Bilga xoqon (716–734) o‘z ukasi to‘g‘risida so‘z yuritganda “Umaydek onam Elbilga-xotun quti (tole’)si evaziga inim Kul Tegin er (askar) bo‘lib yetishdi” deb urg‘u berishining o‘ziyoq bosh xotun – qirolichalarning Umayga o‘xshatilganini ko‘rsatadi [Abdurahmonov, Rustamov 1982]. Qisqasi, Choch tangalarida bu kabi o‘zgachaliklar xoqonlik boshqaruvchilarining o‘z tangalarida eski turk inonch tizimi bo‘lmish Tangrichilikka xos an’analarni ko‘rsatishga intilganliklarining belgisi.
Shu o‘rinda Choch o‘lkasidagiga o‘xshash holat Turk xoqonligining muhim hududi – Sug‘d o‘lkasida ham yetakchi bo‘lgani, bu bilan bog‘liq yozma manba bilgilari va turli arxeologik topilmalar bu to‘g‘rida yetarlicha ma’lumot berishini aytib o‘tish kera. Ayniqsa, Sug‘d tangalarining sezilarli bir bo‘lagini “Eski turk tangalari turkumi” tashkil etib, ular orasida ko‘rinishidagi Samarqand tamg‘asi bilan bostirilgan shu kabi tanga turlarida sug‘diy yozuvda “xoqon” unvoni uchraydi: 1) o‘ng yuzasida biroz qisiq ko‘zli, soqolsiz, dumaloq yuzli erkak kishi tasviri, orqa yuzasida esa “Turon hukmdori xoqon” unvoni o‘rin olgan tangalar; 2) o‘ng yuzasida to‘g‘riga qaragan, biroz qisiq ko‘zli, dumaloq yuzli erkak kishi tasviri va uning so‘l yonida “xoqon” unvoni, orqa yuzasida esa to‘g‘riga qaragan, dumaloq yuzli xotin kishi tasviri va uning so‘l yonida ko‘rinishidagi tamg‘a, o‘ng tomonida esa “xotun” unvoni o‘rin olgan tangalar.
O‘z vaqtida bu turkumdagi tangalarning ayrim turlari O.I.Smirnova tomonidan γwβ mwrnyn γnš’nh “Ezgu nishon (sohibi) hukmdor Muk/rnin” deb o‘qilgan [Smirnova 1981: 21-22]‚ biroq ko‘pchilik izlanuvchilar bu o‘qishga qo‘shilmay kelayotgan edi. Shu o‘rinda aytib o‘tish kerak, har ikkala tanga turining o‘zaro bir-biri bilan bog‘liq tanga turlari bo‘lganini ko‘rsatadigan ayrim belgilar ko‘zga tashlanadi. Birinchidan, “Turon hukmdori xoqon” so‘zlari birgina uzun sochli boshqaruvchi tasvirli tangalarda emas, ikkinchi tanga turidagi kabi ko‘rinishga hukmdor o‘rin olgan tangalarda ham uchraydi. Qizig‘i shundaki, ushbu “oraliq tanga” turida sug‘diy yozuv ko‘pincha teskari yozilgan ko‘rinishda uchraydi.
Boshqa tomondan o‘sha kezlarda G‘arbiy turk xoqonlarining qizlariga uylanib, xoqonlik bilan qarindosh-urug‘chilikni yo‘lga qo‘ygan Samarqand boshqaruvchilari tomonidan xoqonlar otiga chiqarilgan tangalar bo‘lishi mumkin. “Tan shu” yilnomasida 590–620-yillarda Samarqandni boshqargan ikki nafar yerli boshqaruvchining G‘arbiy turk xoqonlariga kuyov bo‘lib‚ “turklarga bo‘ysungani” va tevarak (Sug‘d)dagi qolgan hukmdorliklar ustidan ustunlikka ega bo‘lganiga ayricha urg‘u berib o‘tiladi. “Bey-shi” va “Suy-shu” yilnomalarida Kan (Samarqand) boshqaruvchilaridan Shifubining xotini turk xoqoni Dadu (Tardu – 576–603-y.y.) xoqonning qizi ekani aytilsa, “Tan-shu”da esa Samarqand boshqaruvchisi Kyuymuchjining Suy sulolasi (581–618) chog‘ida G‘arbiy turk xoqoni Shexu kexan (Yabg‘u-xoqon)ning qiziga uylangani tilga olinib, “u o‘sha kezlardan boshlab turklarga bo‘ysungani”ga urg‘u beriladi [Bichurin 1950, II:271, 281, 311; Chavannes1903: 132, 135]. Ayrim izlanuvchilar uni VII asr boshi (birinchi o‘nyillik)da Samarqand boshqaruvida bo‘lib, G‘arbiy turk hukmdori Yabg‘u-xoqon, ya’ni Tun yabg‘u-xoqon (618–630) tomonidan kuyov qilingach, ushbu xoqonning qo‘llab-quvvatlashi bilan dovruq qozonganini ilgari suradilar [Skaff 2002: 364–372; Sarıtaş 2005: 475–478].
Sug‘d o‘lkasiga tegishli ekani anchagina aniq bo‘lib, chamasi, Samarqandda yoki bugungi Samarqand viloyatining Ustrushonaga chegara shimoliy yerlarida bostirilgan qo‘shaloq tasvirli (boshqaruvchi va xotun (malika)) tangalarda sug‘diy yozuvda “xotun” unvoni uchraydi. Ushbu tangalarning ikonografiyasi Choch o‘lkasida bostirilgan G‘arbiy Turk xoqonligining xos tangalaridagi tasvirlar bilan o‘ta yaqin o‘xshashlikka ega. Bu o‘xshashlik har ikkala o‘lka tangalarida boshqaruvchi tasvirining uzun sochli, qisiq ko‘zli, soqolsiz chizilishi bilan birga xotun (malika) tasvirlarida uch qirrali qalpoq kiygan xotinning qisiq ko‘zli va dumaloq yuzli chizilishida ko‘zga tashlanadi.
Qizig‘i shundaki, boshqaruvchi va xotunning bunday ko‘rinishda chizilishi eski turklarni eslatib, ilk bor Turk xoqonligi boshqaruvi chog‘ida uchray boshlaydi. Izlanuvchilar tangalardagi bu syujetlar Vizantiya imperiyasi tangalaridan olinganini ilgari suradilar [Masson 1951: 97, 99; Rtveladze 1998: 11; Baratova 2005: 418; Babayarov, Kubatin 2008:3-5]. G‘arbiy Turk xoqonligi 560-yillarda Vizantiya bilan o‘rnatgan ittifoqchilik natijasida xoqonlikning Chochda bostirilgan xos tangalarida o‘rin ola boshlagan Vizantiya tangalariga xos tasvirlar ko‘p o‘tmay “milliylashuv” bosqichiga kiradi. Bu esa Sug‘d tangalariga ham o‘z ta’sirini ko‘rsatadi. Shu yo‘sinda Sug‘d o‘lkasining bu turkum tangalaridagi o‘ziga xosliklar (ikonografiya, unvon va b.)larga tayanib, ularga G‘arbiy Turk xoqonligi bilan to‘g‘ridan to‘g‘ri emas, bilvosita bog‘liq tangalar deb qaralmoqda. Boshqa tomondan esa qo‘shaloq tasvirli ushbu tangalar Samarqandning G‘arbiy turk xoqonlariga kuyov bo‘lgan yerli sulola boshqaruvchilariga tegishli tangalar bo‘lishi ham mumkin.
Demak, yuqorida keltirilgan ma’lumotlardan anglashiladiki, Turonda xotin-qizlarning o‘rni ancha yuqori bo‘lib, bu holat birgina boshqaruvchi toifadagilar uchun emas, qadimgi turk jamiyatining barcha vakillari turmushi misolida ham o‘z tasdig‘iga ega. Ayniqsa, Turk xoqonligi boshqaruvi chog‘ida turonlik xotin-qizlar ancha erkin bo‘lgani, ular jamiyatning boshqa vakillari tomonidan kamsitilmaganini yozma manbalar tasdiqlab turibdi.
Feruza JUMANIYaZOVA,
O‘zR FA Sharqshunoslik instituti katta ilmiy xodimi,
tarix fanlari bo‘yicha falsafa doktori
Foydalanilgan adabiyotlar
1. Abdurahmonov G‘., Rustamov A. Qadimgi turkiy til. – Toshkent: O‘qituvchi, 1982.
2. Бабаяров Г., Кубатин А. К вопросу о Византийском влияния на иконографию монет Западно-Тюркского каганата // O‘zbekistоn tariхi, № 4. – Tашкент, 2008. – С. 3–10.
3. Баратова Л.С. Византийско-согдийско-тюркский симбиоз на монетах Средней Азии // Second International Conгess on Turkic Civilization, Bishkek, October 4–6, 2004. – Bishkek, 2005. – С. 415–422.
4. . Бичурин Н. Я. (Иакинф). Собрание сведений о народах, обитавших в Средней Азии в древние времена. В 3-х томах. – М. Л.: Изд. АН СССР, 1950.
5. Буряков Ю. Ф. Историческая топография Ташкентского оазиса. – Ташкент: Фан, 1975.
6. Массон М.Е. К вопросу о взаимоотношениях Византии и Средней Азии по данным нумизматики // Труды САГУ, вып. 23. Ташкент, 1951. – С. 91–104.
7. Кубатин А.В. Система титулов Тюркского каганата: генезис и преемственность. – Ташкент: Yanginashr, 2016.
8. Ртвеладзе Э.В. Монеты на Великом Щелковом пути // Нумизматика Центральной Азии, III. - Ташкент, 1998. – С. 5–17.
9. Смирнова О.И. Сводный каталог согдийских монет. Бронза. – М., 1981.
10. Торланбаева К. У. Дуальная организация и система наследования у Восточных тюрок // Shygys. – Aлматы, 2004. – № 1. – С. 29–34.
11. Hudud ulolam (Movarounnahr tavsifi). Fors tilidan tarjima‚ so‘z boshi‚ izohlar va joy nomlari ko‘rsatkichi muallifi O. Bo‘riyev. – Toshkent, 2008.
12. Chavannes E. Documents sur les Tou-kiue (Turks) occidentaux // Sbornik trudov Orxonskoy ekspeditsii. Vыp. 6. – SPb. 1903.
13. Chavannes E. Çin yıllıklarına göre Batı Türkleri. Çeviri M. Koç. – İstanbul: Selenge, 2007.
14. Sarıtaş E. Göktürk Kültürünün Gaochanglılara etkileri üzerine bazı bilgiler // XV. Türk Tarih Kongresi, Ankara, 9–13 Eylül 2002. KongreyesunulanBildiriler. – Ankara, 2005. – Cilt. III. – S. 475–478.
15. Skaff K.J. Western Turk Rule of Turkestan’s Oases in the Sixth through Eighth Centuries // The Turks, 2, Ankara, 2002. –P. 364–372.
16. TaşağılA. Gök-Türk tarihi. – Ankara‚ 2003.
Adabiyot
Til
Adabiyot
Adabiyot
Jarayon
Til
Til
Jarayon
Tarix
Ta’lim-tarbiya
Tarix
Tarix
Din
San’at
//
Izoh yo‘q