Tasavvuf ta’limoti nafaqat ilohiyotshunoslik va islom huquqshunosligi, falsafa va axloq, tilshunoslik va adabiyotshunoslik, psixologiya va tarix kabi ilmlarni boyitishga xizmat qilgan, balki ta’lim-tarbiya sohasida “Murshid va murid odobi” maktabini, bugungi ta’bir bilan aytganda, “Ustoz va shogird etikasi” an’anasini ham shakllantirgan. Barcha irfoniy maktablarning ta’lim usuli, ya’ni tariqat asoschilari hamda peshvolaridan meros sifatida yetib kelgan ilohiy bilimlar va tariqat odobini keyingi avlodga yetkazish, shu orqali silsila davomiyligini ta’minlash tartibi mazkur an’ana asosida shakllangan. Tasavvuf tarixidagi ana shunday zanjirli ustoz-shogird an’anasining yorqin namunalarini Bahouddin Valad (Mavlono Jaloliddin Rumiyning padari buzrukvori) – Sayyid Burhoniddin Muhaqqiq Termiziy (Bahouddin Valadning shogirdi, Rumiyning ustozi) – Mavlono Jaloliddin Rumiy – Sulton Valad (Rumiyning farzandi, shogirdi va tariqatining davomchisi); Shams Tabriziy – Mavlono Jaloliddin Rumiy; Xoja Bahouddin Naqshband – Xoja Muhammad Porso Buxoriy; Mavlono Abdurahmon Jomiy – Amir Alisher Navoiy munosabatlarida ko‘ramiz.
Shams Tabriziy va Jaloliddin Rumiy to‘g‘risida nafaqat ularning zamondoshlari va keyingi davr tazkirachi, tarixchilarining bitiklarida, hozirgi davr tadqiqotchilari asarlarida ham hayrat va muhabbat bilan yoziladi. Bu sirada eronlik olimlar Abdulhusayn Zarrinko‘b, Muhammad Iste’lomiy, Taqiy Purnomdoriyon, Amir Qizilji, Atoulloh Tadayyun, turk olimi Abdulboqi Gulpinarlining tadqiqot, maqola va kitoblarini zikr etish mumkin.
O‘zbekistonda bu boradagi ilk maqolani taniqli shoir va tarjimon Asqar Mahkam yozgan edi. Uning “Shams va Mavlono” (“Sino”, 2003, 12-son) nomli mo‘jazgina maqolasi ilmiy uslubdan uzoq bo‘lsa-da, ammo ta’sirli va maroqli edi.
Oradan yillar o‘tib, olim va adib Ma’rufjon Yo‘ldoshev “Shams ila Mavlono” badiasini chop etdi (“Tafakkur”, 2023, 2-son). Badiiy uslubda yozilgan asarda ikki ulug‘ zot haqidagi rivoyatlar, tarixiy ma’lumotlar ham o‘rin olgan. Bu ikki maqola o‘zbek kitobxonlari va ayniqsa, Rumiy tafakkur olamining muxlislarida ustoz – shogirdlik, maslakdoshlik munosabatlariga oid tasavvurlarni boyitdi.
Mavlono Jaloliddin Rumiyning dunyoqarashi o‘ta keng edi. Balog‘atli ilm yillar davomida ustozlardan olingan saboqlar-u Qur’oni karim va Hadisi sharif, shuningdek, fiqh, tafsir, kalom, falsafa, mantiq, axloq, tarix va adabiyotga oid yuzlab kitoblar mutolaasi, tafakkur-u tadabbur natijasida hosil bo‘lgan. Mutafakkirning dunyoqarashini chuqurroq tadqiq etish uchun uning ustozlari ilmiy salohiyatidan xabardor bo‘lmoq lozim. Jumladan, Jaloliddin Muhammadga bolaligidan ta’lim-tarbiya bergan, tasavvuf ilmining sir-asrorlarini nazariy jihatdan o‘rgatgan ustozi Sayyid Burhoniddin Muhaqqiq Termiziyning hayoti va ilmiy merosini o‘rganish alohida ahamiyatga ega.
Muhaqqiq Termiziy nomi va merosi uzoq davrlar mobaynida Markaziy Osiyo ilmiy tadqiqot markazlari e’tiboridan chetda qolgan edi. Sho‘ro tuzumi islom ma’rifati bilan bog‘liq buyuk siymolar merosini o‘rganishga taqiq qo‘ygani ma’lum. O‘zbekistonda Muhaqqiq Termiziyga oid ilk ma’lumotlar 2000-yildan ilmiy nashrlar va matbuot sahifalarida ko‘rina boshladi. Ammo alloma hayoti va ilmiy merosi haqida shu vaqtgacha e’lon qilingan ma’lumotlar muxtasar axborot xarakteriga ega bo‘lib, asl manbalarga bevosita murojaat qilinmagan. Jumladan, islomshunos olim Jo‘rabek Cho‘tmatov Termiziy allomalar haqidagi qimmatli monografiyasida bunday yozadi: “Ko‘nya safaridan so‘ng Burhoniddin Termiziy Qaysariyaga o‘tdi va kichik bir hujrada istiqomat qildi. Saljuqiylar voliysi Shamsiddin Isfahoniy u zotga murid bo‘ldi. U zotning doimiy jazba, vajd va istig‘roq holatida yashaganlari aytiladi. Vafoti borasida ikki xil sana keltiriladi: biri 638 / 1240, boshqasi 674 / 1275. Qabr toshlarining ustiga 561–638 / 1165–1240 sanalari bitilgan” (Cho‘tmatov J. Termizning bezavol qal’alari yoxud Termiz tarixi. Toshkent, “Yangi nashr”, 2017. 313-bet).
“Termiz tazkirasi”da ham Muhaqqiq Termiziyga doir ma’lumotlar va manbalar o‘rin olgan (Kenjabek M. Termiz tazkirasi. Toshkent, “O‘zbekiston milliy ensiklopediyasi” davlat ilmiy nashriyoti, 2001. 56–64-betlar). Ushbu siymo haqida olim B. Murtazoyev keltirgan ma’lumotlar ham ahamiyatga molik (Murtazoyev B. Sayyid Burhoniddin Termiziy. “Til va adabiyot ta’limi”, 2002, 5-son. 88–91-betlar).
XIII asrning ulug‘ amaliyotchi so‘fiylaridan biri bo‘lgan Muhaqqiq Termiziy “Sayyidi sirdon” (sirlarni bilguvchi Sayyid) laqabi bilan mashhur bo‘lgan. Uning hayot yo‘li sulton ul-ulamo, ulug‘ faqih va mutasavvif olim, Imom Ahmad G‘azzoliy silsilasining davomchisi Bahouddin Valad va uning farzandi – buyuk mutasavvif va mutafakkir shoir Mavlono Jaloliddin Rumiyning hayot yo‘li bilan chambarchas bog‘lanib ketgan. Sayyid Burhoniddin Bahouddin Valadning eng peshqadam shogirdi hamda Rumiyning tasavvuf ilmi bo‘yicha ilk ustozi edi. Shu bois uning ilmiy merosi va falsafiy-irfoniy qarashlarini Bahouddin Valad va Mavlono Rumiy hayoti, ijodini o‘rganmasdan turib tadqiq etish amrimahol. Alisher Navoiy bunday yozadi: “Husayniy sayyiddur va Tirmizdin erdi va Shayx Bahouddin Valadning (q.s.) as’hobi va muridlaridindur. U xavotirg‘a ishrofi (ya’ni ichki o‘y-xayollarning ba’zisini farosat bilan sezishi) jihatidin Sayyidi sirdon nomi bilan mashhurdur. Ul kunki (Jaloliddin Rumiyning otasi) Shayx Bahouddin Valad olamdin o‘tti, Sayyid Tirmizda o‘lturub erdi. Dediki, shayxim va ustodim hazratlari dunyodin rihlat qildilar. Va necha kundin so‘ngra Mavlono Jaloluddin tarbiyati uchun Ko‘nyag‘a mutavajjih bo‘ldi. Va Mavlono Jaloluddin hazratlari to‘qqiz yilg‘acha alar xidmatlarida bo‘lub, irshodlar ko‘rub tarbiyat toptilar. Debdurlarki, chun Shayx Shihobuddin Suhravardiy Rumg‘a keldi. Sayyid hazratlarini ko‘rgali bordi. Sayyid kul ustiga o‘lturub erdi, o‘rnidin tebranmadi. Shayx yiroqdin ta’zim qildi va o‘lturdi, hech voqe’ bo‘lmadi. Muridlar sukut mujibin (sababin) so‘rdilar. Shayx dediki, hol ahli bila so‘zlashurg‘a hol tili kerak, yo‘qki (kifoya qilmaski) qol tili! Muridlar so‘rdilarki, Sayyidni nechuk toptingiz? Shayx dedi: daryoe toptuq, mavvoji maoniy durlaridin va Muhammad haqoiqidin bag‘oyat oshkor va asru yashurun. Shayx Salohuddin (ushbu) Sayyidning muridlaridindur. Sayyid derlar ermishki, holimni Shayx Salohudding‘a bag‘ishladim va qolimni Mavlonog‘a. Va Sayyidning mutabarrik mazori Qaysariyadadur. (Unga va barcha solih bandalarga Ollohning salomi va rahmati bo‘lsin!)” (Alisher Navoiy. Nasoyim ul-muhabbat. Toshkent, “Fan”, 2001. 318–328-betlar).
Bahouddin Valad hijriy 628-yili (1232) Ko‘nyada vafot etdi. Jaloliddin Muhammad o‘shanda yigirma to‘rt yashar yigit edi. Sulton ul-ulamoning o‘rnini bosa oladigan peshvo ustida so‘z yuritilar ekan, “barchaning ko‘zi Mavlonoga qadaldi. Bahovaladning o‘zi ham “Mendan keyin bu maqom Xudovandgor Jaloliddin Muhammadga loyiqdir”, derdi. Bu gap muridlarga ham maqbul edi. Boz ustiga saljuqiylar hukmdori Alouddin Kayqubod ham shuni xohlardi. Shu tariqa Mavlono yigirma to‘rt yoshida muftiy va faqih bo‘ldi, mudarrislik kursisiga o‘tirdi. U otasining maktabida ilohiy va majoziy muhabbat darsini olgan bo‘lsa-da, bir mudarris edi, ma’no ahlining asrorini oshiq oriflar tilida bayon qilishni xohlamasdi. Ammo bu faqihona siymo zamirida tug‘yon-u to‘fonlardan ham kuchliroq bir shaxs yashiringan, ul “go‘zal parichehra” zarurat yuzasidan parda ortini ixtiyor etgan edi. Bu hol Burhoniddin Muhaqqiq uni yangi olam bilan oshno etguncha davom etdi (Muhammad Iste’lomiy. Jaloliddin Rumiy haqida. “Masnaviy”ga muqaddima. Fors tilidan Ja’far Muhammad tarjimasi. Tehron, “Islamic Thought Foundation”, 2000. 15-bet). Ota o‘g‘lining o‘z o‘rnini egallashi, majlislarda va’z o‘qib, fatvo berish usullarini o‘rganishini istar, bu borada unga vasiyat qilgan edi. Shunday ham bo‘ldi...
Burhoniddin Termiziydan tasavvuf sir-asroriga oid “Maorif” nomli forscha asar qolgan bo‘lib, u Eronda 1960-yilda tasavvufshunos olim Bade’uzzamon Furo‘zonfar tomonidan tadqiqiy nashr etilgan. 1972-yilda Abdulboqi Gulpinarli, 1995-yilda Ali Rizo Karabulut tomonidan turk tiliga tarjima etilgan. Ali Rizo Karabulut kirish qismda asar mazmuni, qo‘lyozmalari va nashri haqida ma’lumot bergan, Burhoniddin Termiziy so‘zlari, she’rlarini istifoda etgan olim va shoirlarning nomlarini ham to‘liq keltirgan. Ular orasida termiziylardan Abu Bakr Varroq, Muhammad ibn Homid va Muhammad Hakim Termiziy bor (qarang: Seyyid Burhaneddin Tirmizî. Maârif. Ali Riza Karabulut tercűmesi. 1995).
“Maorif” asari Muhaqqiq Termiziyga mansubligi ba’zi olimlarda shubha uyg‘otgan. Jumladan, “Masnaviyi ma’naviy” asarining eng yaxshi ilmiy nashrlaridan birini tayyorlagan olim Muhammad Iste’lomiy rumiyshunos olim Bade’uzzamon Furo‘zonfarning bu boradagi shubhasiga tayanib bunday yozadi: “Mavlono uning hujrasidan parokanda yozuvlarni topib o‘zi bilan Ko‘nyaga olib keldi. Ehtimol, bu keyinchalik boshqa bir Burhonning so‘zlari bilan qo‘shilib, “Maorifi Burhon Muhaqqiq” nomi bilan ma’ruf bo‘lgan asardir”.
Bizningcha, bu shubha o‘rinli emas. Birinchidan, “Maorif” nomli tasavvufiy asar yozish Bahouddin Valad maktabida urf bo‘lgan va bu an’anani uning o‘zi boshlab bergan. Ikkinchidan, Muhaqqiq Termiziy Bahouddin Valadning peshqadam shogirdlaridan va tabiiyki, uning qarashlarida ustozining qarashlari ham o‘z aksini topgan. Bu holatni Muhaqqiq Termiziy “Maorif”ida kuzatish mumkin. Uchinchidan, Bahouddin Valad tegrasidagi shaxslar orasida yana bir “Burhon” yo “Burhoniddin” ismli mutasavvif bo‘lgani haqida manbalarda ma’lumot uchraydi.
Termiziy merosi va falsafiy-irfoniy dunyoqarashi haqida ma’lumot beradigan tarixiy, adabiy manbalar sanoqli. Bularga Mavlono haqidagi ilk manoqib – Faridun ibn Ahmad Sipahsolorning “Risolai Sipahsolor ba manoqibi Xudovandgor” asari, Shamsiddin Ahmad Aflokiy Orifiyning “Manoqib ul-orifin”i hamda keyingi davrda yozilgan “Tazkirat ush-shuaro” (Davlatshoh Samarqandiy) tazkirasini kiritish mumkin. Rumiyning “Masnaviyi ma’naviy”, “Devoni kabir” va “Fihi mo fihi”, Rumiyning o‘g‘li Sulton Valadning “Valadnoma” (“Ibtidonoma”) kabi asarlarida ham Termiziyga oid ishoralar mavjud.
“Manoqib ul-orifin” – Rumiyning irfoniy maqom va martabasi haqida tarixiy-badiiy uslubda fors-tojik tilida bitilgan nasriy biografik asardir. Aflokiy uni Mavlono vafotidan sakson yil o‘tgandan so‘ng, ya’ni h.q. 761 / m. 1360-yilda yozgan. Birinchi jildning ikkinchi fasli “Hazrati Sayyidi sirdon Burhon ul-Haqq va-d-din al-Husayn at-Termiziy (Olloh uning ruhini aziz aylasin) manoqibida” deb nomlanadi. Muallif mazkur faslni quyidagi qimmatli ma’lumotlar bilan boshlaydi: “Hazrati Sayyid Xuroson mulkida va Tirmiz-u Buxoro-yu boshqa joylarda mashhur edi... U doimo botin olami, sifliy va ulviy g‘aybiyotdan so‘zlardi”.
Aflokiyning yozishicha, Muhaqqiq Termiziy piri komili Bahouddin Valadga yuksak ixlos va muhabbat qo‘ygan, umrining oxirigacha ustozi va uning xonadoniga sodiq qolgan. Shu bois bo‘lsa kerak, ustozidan o‘rgangan irfoniy bilimlarni omonatdek saqlab, kun kelib uning farzandi arjumandi Jaloliddinga yetkazishni farzi ayn deb bilgan. Shuning uchun u Ko‘nyaga, yosh Jaloliddin Muhammad diydoriga oshiqadi. “Burhoniddin kelgan paytda Mavlono Loranda shahrida, qisqa muddatli xilvatda o‘tirib, og‘ir fikriy mehnatdan bir oz forig‘ bo‘lgan holda o‘ziga yorug‘ yo‘l izlardi. Harholda, Burhoniddinning maktublari Mavlononi Ko‘nyaga qaytardi. Burhon zukko va yoqimtoy go‘dak o‘rnida kamolga yetgan donishmandni ko‘rib, maftun bo‘ldi” (Muhammad Iste’lomiy. Jaloliddin Rumiy haqida. 16-bet).
Aflokiy yozadi: “Termiz ulug‘lari Hazrati Sayyid firoqida oh-nolalar chekdilar. (Sayyid Burhoniddin) bir necha yaqin do‘sti bilan yo‘lga chiqib ko‘zlagan manzili sari oshiqardi. Ko‘niya dorulmulkiga yetganida Shayxning olamdan o‘tganiga bir yil bo‘lgan... edi. Hazrati Sayyid bir necha oy davomida Sanjoriy masjidida e’tikof tutdi. So‘ng Mavlonoga turli hikmatli ma’no-mazmunlarga to‘la bir maktub bitib, unda albatta uning qaytib kelishini va volidining mozori yonida bu kuygan g‘aribni topishini, Loranda yashash va qolib ketish joyi emasligini, u (yerdagi) tog‘dan Ko‘nya ustiga (vulqonli) olov otilishini tayinlab, bir darvesh xodim orqali Lorandaga jo‘natdi. Mavlono maktubni o‘qigach, avvaliga qattiq iztirobga tushdi, so‘ng xursand bo‘lib, maktubni ko‘zlariga surtdi va o‘pdi. So‘ng dedi (she’r mazmuni): Hunar bog‘ida sendek bir gulning davlat shoxida unibo‘sishi uchun ming yil kerak bo‘ladi. Hech bir zamon va hech bir asrda hech kim og‘ir kunda yetib kelishda senga teng bo‘lolmaydi.
(Rumiy) zudlik bilan yo‘lga tushib, shaharga yetishi bilan Sayyid huzuriga shoshildi. Sayyid masjid eshigidan tashqariga otilib Xudovandgorga (Rumiy) peshvoz chiqdi. Quchoq ochib ko‘rishishdi va hushdan ketishdi. Do‘st-birodarlar dod-faryod chekdi. So‘ng Hazrati Sayyid qaysi ilmdan so‘rasa javob berdi. Sayyid o‘rnidan turib Xudovandgorning oyoqlarini o‘pa boshladi va ofarinlar aytib dedi: “Barcha diniy va yaqiniy (aniq hujjat va aniq dalil-isbotlarga asoslangan ilm) bilimlarda otangdan yuz hissa o‘tibsan. Ammo otang ham ilmi qolni (isbotlash yo‘li bilan mohiyatini tushunish va tushuntirish mumkin bo‘lgan ilm), ham ilmi holni (tasavvuf ilmi, botiniy ilm, faqat e’tiqod yo‘li bilan mohiyatini tushunish va bilish mumkin bo‘lgan ilm) mukammal egallagan edi. Ertadan boshlab ilmi holga qadam qo‘yishingni istardim. Bu ilm anbiyo va avliyoning ilmi bo‘lib, ilmi laduniy (g‘ayb ilmi) deb ataladi. Va bu ilm menga Hazrati shayximdan yetgan, sen esa uni ham mendan olib, ham zohiran va ham botinan otangning vorisi bo‘lmog‘ing va aynan unga o‘xshamog‘ing lozim”.
Rumiy Muhaqqiq Termiziy huzurida tasavvufga doir bilimlarini qayta takrorlab olgach, bu ilmning yangi bosqichiga o‘tdi. Bu orada “Burhon Mavlonoga Shomga borib bir necha yil ma’lumotini mukammallashtirib kelishni tavsiya qildi. Shunday qilib, uni Halabga jo‘natdi, o‘zi ham Qaysariyagacha unga hamroh bo‘ldi. Bundan so‘ng to‘qqiz yil davomida gohida uzoqdan, gohida esa yaqindan unga rahnamolik qilib turdi” (“Jaloliddin Rumiy haqida”, 16-bet).
Mavlono Halabda zohiriy bilimlarni o‘rganishga kirishdi, so‘ng Damashqda tahsil bilan shug‘ullandi. Mavlono yetti yil shu ikki shaharda yashagach, Ko‘nyaga qaytdi. “Faqihlar va shariat ulamolari uni peshvoz oldilar, Mavlononi o‘ziga yaqin tutgan botin ahli esa uning qaytishini muhim voqeaday qabul qildilar. Ammo Burhoniddin Muhaqqiqning ishi hanuz poyoniga yetmagan edi. Burhoniddin Mavlonodan ilmi qol zaxirasi hali ilmi hol g‘alviridan o‘tib sof bo‘lmagani, aks holda Mavlono madrasa kibr-u g‘ururidan qutulmasligini... bilardi. Burhon donishmand muridini chilla o‘tirish, sukut va uzoq xilvatga hidoyat etib, uch chilladan so‘ng bir oz xotirjam bo‘ldi. Mavlonoda g‘urur va xudbinlikdan asar qolmagan edi” (o‘sha manba, 17-18-bet).
Shom safaridan so‘ng “Burhoniddin hidoyati bilan o‘tirgan chilladan keyin ham Mavlono muridlari va do‘stlarining iltimosiga ko‘ra faqihlik, mudarrislik va rahnamolik kursisida o‘tirar, hanuz otasi uzoq yillar davomida bosib o‘tgan yo‘ldan borar edi. Ammo Burhon Muhaqqiqning ishora va irshodlariga tayanib, idroki unga “Sening so‘zingdan yorug‘roq, shiddatliroq shunday bir shu’la chiqishi, bu shu’lani yoqib yuboradigan biron kishining kelish fursati yaqinlashmoqda”, derdi. Uning dars-u bahslari hijriy 642 (1244)-yilgacha davom etdi. Mavlono suhbatlarining mundarijasi fiqhning turli masalalariga oid edi” (o‘sha manba). U to‘qqiz yil Termiziy huzurida bo‘lib, 1230-yilda Rumga qaytdi. Burhoniddin Termiziy o‘zi bilgan sirni Mavlonoga topshirgach, yelkasidagi og‘ir yukdan qutulganday yengil tortib, Qaysariyaga qaytdi. Bir yildan so‘ng (h. 638; m. 1240) uning bu dunyodagi hayot yulduzi shu yerda so‘ndi.
Rumiyshunos Abdulboqi Gulpinarli to‘g‘ri ta’kidlaganidek, ehtimol, Sayyid Burhoniddin Rumiyga bir kuni kelib Shams Tabriziydek bir kishi kelishini (ismini zikr etmay) xabar bergani uchun “Sayyidi sirdon” degan laqabni olgandir. Mavlaviylarning eng qadimgi manoqibi – “Risolai Sipahsolor”da esa u “Faxr ul-majzubin” (majzublar iftixori) nomi bilan tilga olinadi. Buning o‘ziyoq orifning bashariy darajadan yuksakroqqa ko‘tarilganini ko‘rsatadi.
Ustozi vafot etgach, Mavlono deyarli besh yil ajdodlaridan qolgan an’anaga ko‘ra madrasada fiqh va din ilmlaridan saboq beradi. Har kuni to‘rt yuzga yaqin shariat ilmi tolibi uning darsida hozir bo‘lardi. Shuningdek, o‘sha zamon faqihlari va din peshvolari odati bo‘yicha zikr uyushtirilar, xalq taqvo va ilm-ma’rifatga targ‘ib etilar edi.
Rumiy otasining muqarrab shogirdi, unga bolalik chog‘idan mehribonlik ko‘rsatgan ustozi Muhaqqiq Termiziyni bir umr katta ixlos va ulkan ehtirom bilan eslaydi. “Masnaviyi ma’naviy”da bir necha o‘rinda ustoziga ishora etib o‘tar ekan, uni nurga mengzaydi: “Nur bo‘l Burhon Muhaqqiq singari”. “Fihi mo fihi” asarida otasi Bahovalad, murshidi Shams Tabriziy va xalifasi Salohiddin Zarko‘b bilan birga Sayyid Burhoniddinni ham eslab, undan ba’zi hikoyalar keltiradi. “Devoni kabir”da ham ustozini ulug‘laydi.
Shak-shubhasiz, Sayyid Burhoniddin yosh Jaloliddin Muhammadning tasavvuf ta’limoti va irfon falsafasining buyuk bir vakili bo‘lib yetishishiga ulkan hissa qo‘shgan. Rumiyni irfon deb atalmish ma’naviy olamning ostonasiga yetaklab borgan, Shams Tabriziy bilan muloqotlarga hozirlab, buyuk murabbiy vazifasini o‘tagan.
Ja’far XOLMO‘MINOV
Sherali TURSUNOV
“Tafakkur” jurnali, 2024-yil 2-son.
Adabiyot
Til
Adabiyot
Adabiyot
Jarayon
Til
Til
Jarayon
Tarix
Ta’lim-tarbiya
Tarix
Tarix
Din
San’at
//
Izoh yo‘q