Nasriddin Afandi haqidagi hikoya, rivoyat, multfilm yoki kinoni qo‘ya turing, hatto uning ismini eshitganimizda ham barchamizning yuzimizda tabassum, ruhiyatimizda iliqlik paydo bo‘ladi. Uning sarguzashtlari va ko‘rgan-kechirganlari haqidagi afsonalar xalqimizning qalbi to‘ridan joy olgan. Afandi obrazi nafaqat o‘zbeklar, balki qo‘shni va qardosh xalqlar, forslar, arablar folklorida ham uchraydi. Shu sababli Afandi haqidagi latifalar UNESKOning nomoddiy madaniy merosi ro‘yxatiga kiritilgan. Afandi obrazi Markaziy Osiyo, O‘rta va Yaqin Sharq xalqlari folkloriga kirganidan to bugungi kungacha asosan u og‘ir vaziyatlardan oson chiqa oladigan aqlli, zukko kishi sifatida, oddiy xalq xizmatida yuruvchi, zulmdan qiynalgan xalqning dardiga darmon bo‘luvchi, yetimlarning haqi uchun kurashuvchi obrazlarda gavdalanadi.
Biz bu maqolamiz Afandi haqidagi latifalar bilan ulg‘aygan avlod va u haqida asar yaratgan ijodkorlarning dilini xira qilishini istamaymiz. Faqatgina Afandiniki deya iddao qilingan aksariyat latifalardan sho‘rolar davrida qay maqsadda foydalanishgani hamda ushbu holatning bugungi asoratlari haqida so‘z yuritmoqchimiz.
Nasriddin Afandi tarixiy shaxsmi?
Nasriddin Afandi latifalari asosida uning tarixiy shaxs yoki to‘qima obraz ekanligini aniqlash yuzasidan olib borilgan ilmiy tadqiqotlar natijalari bir-birini inkor qiladi. Ayrim olimlar “Nasriddin Afandi to‘qima obraz”, deyishadi. Yana bir guruh olimlar esa “Nosiriddin Tusiy mazkur obrazning prototipidir”, degan fikrni ilgari surishadi. Boshqa kishilar esa obraz hayotdagi real shaxs – 1206–1284-yillarda Kichik Osiyo (Turkiya)da yashagan Nasriddin Xo‘ja ekanligini ta’kidlashadi. Shu o‘rinda ayni so‘nggi qarash haqiqatga yaqinroq ekanini aksariyat ilm ahli tasdiqlaganini qayd etmoq joiz. Ularning fikriga ko‘ra, Xo‘ja Nasriddin Ko‘niya Saljuqiylari davlati poytaxti bo‘lgan Aqshehir elida tug‘ilgan va madrasa ta’limini olgan. O‘z qishlog‘ida masjidda imom, keyinchalik bir necha shaharlarda qozi lavozimlarida ishlagan. Uning Mavlono Jaloliddin Rumiy bilan ham yaqin bo‘lgani va so‘fiy sifatida ko‘plab shaharlarga borgani to‘g‘risida ma’lumotlar bor.
Soxta sarguzashtlar
Nasriddin Afandi haqida Mojoristondan Sharqiy Turkistongacha, Janubiy Sibirdan Shimoliy Afrikagacha tarqalgan latifalarga ko‘ra, gohida u donishmand va hozirjavob, gohida aldoqchi va makkor, adolatli qozi yoki so‘fiy sifatida gavdalanadi. Afandi folklor namunalarida baxillar, mutaassiblar, munofiqlar, poraxo‘rlarni masxara qiladi. U so‘zamollik bilan og‘ir vaziyatlardan chiqib keta oladigan hozirjavob kishi sifatida tasvirlanadi.
Mazkur katta jug‘rofiy makonda Afandi latifalari, ayniqsa, bosma nashrlar rivojlanganidan keyin yanada ko‘proq tarqaldi, ommalashdi. Sho‘ro mafkurachilari Afandi obrazi va uning latifalaridan o‘z maqsadi yo‘lida foydalanishga o‘tishdi. Maxsus ssenariylar asosida kinofilm va multfilmlar tayyorlab, ommaviy ravishda xalqqa taqdim qila boshlashdi. Bu orqali mustamlakachilar Turkistondagi xonliklar tuzumini yo‘q qilgani, boylar, yirik yer egalarining mol-mulki tortib olinib, o‘zlari “quloq” qilgani, olim-u ulamolarning qatliom etganini oqlashga harakat qilishdi.
Qolaversa, ular Afandi obrazi oddiy xalqning mahalliy ziyolilarga nisbatan munosabatini sovuqlashtirish, ularni zolim, johil, ikkiyuzlamachi, tovlamachi, poraxo‘r qilib ko‘rsatish va sho‘rolar jamiyatining “adolati”ga urg‘u berishda samarali targ‘ibot quroli bo‘lishini yaxshi anglaganlar. Mafkura targ‘ibotchilari Afandi obrazini Turkistonning zolim xon va amirlari, adolatsiz qozi va vazirlari, muttaham hokim va askarlari, laqma va dangasa yer egalari hamda boylaridan aziyat chekkan yo‘qsillarning vakili, ularning himoyachisiga aylantirishga intildilar.
Afandi sarguzashtlari asosida tayyorlangan bir nechta kino va multfilm 1943-yildan boshlab to sobiq Ittifoq tanazzulga yuz tutgunicha uning hududidagi kinoteatrlarda, telekanallarda muntazam namoyish qilingan. Shu tariqa o‘tmishda xalq xizmatida bo‘lgan davlat amaldorlarning “adolatsiz, johil, xotinboz, laqma, mutaassib, ochko‘z”, bo‘lganligi haqidagi soxta qarashlar zimdan xalq ongiga singdirildi. Natijada millatga xizmat qilgan xon-u amirlarga, vazir-u ulamolarga, umuman nisbatan salbiy munosabat shakllandi. Albatta, biz ularning barchasi oppoq bo‘lgan, degan fikrdan yiroqmiz. Lekin aynan mana shunday vizual targ‘ibot vositalari orqali yurtdoshlarimiz ko‘nglida ajdodlarimizga, tariximizga va eng achinarlisi, o‘zimizga nisbatan ishonchsizlik paydo bo‘ldi.
Nemislarning Afandisi
Nemis adabiyotida Baron Myunxauzen Nasriddin Afandining analogi hisoblanadi. Qator kino va multiplikatsion filmlardan yaxshi bilamizki, u zodagonlar qatlamiga mansub bo‘lgan. Uning hayoti va sarguzashtlari asosida tayyorlangan ssenariylarda sho‘rolardan farqli ravishda mulkiy tengsizlikka urg‘u berilmagan. U kambag‘allar vakili emas, harbiy, katta yer-mulk egasi sifatida namoyon bo‘ladi. Yoki zamonaviy inglizlarning haqiqiy Afandisiga aylanib ulgurgan Mister Binni olsak, u ham yo davlat agenti yoki yana boshqa vazifalarda ishlash asnosida o‘zining beo‘xshov xatti-harakatlari va kulgili sarguzashtlari orqali jamiyatdagi ayrim illatlarni fosh etadi.
Xulosa o‘rnida
Agar Afandi obrazining prototipi Nasriddin Xo‘ja ekanligiga ishonadigan bo‘lsak, uning sho‘rolar yaratgan filmlarda tasvirlanganidek kinodagidek ateist emas, balki Jaloliddin Rumiy, Hoji Bektosh Vali, Yunus Emro singari allomalar ta’limotini o‘ziga singdirgan tasavvuf tariqati vakili ekanligiga guvoh bo‘lamiz. Shu ma’noda, Afandi timsolidan diniy va milliy qadriyatlarimizga bepisand qaraydigan sun’iy qahramon yasashga bo‘lgan urinishlar hech qanday mantiqqa to‘g‘ri kelmaydi. Ustiga ustak, mazkur obraz vositasida o‘g‘rilik kabi illatlar oddiy holat sifatida tasvirlangani ham achinarlidir. Bunday talqin birovlarning molini o‘zlashtirib olish u yoqda tursin, o‘zganing narsasiga beruxsat qo‘l tekizishni-da ayb sanaydigan xalqimizning pokiza tabiatiga ham mos kelmaydi.
Bekzod ABDIRIMOV,
Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi
Xorazm viloyati bo‘limi rahbari
“Jadid” gazetasi, 2024-yil 13-sentyabr 38-son.
Tarix
Tarix
Falsafa
Til
Ma’naviyat
Jarayon
Til
Ta’lim-tarbiya
Jarayon
Tarix
Tarix
Tarix
Din
Adabiyot
//
Izoh yo‘q