Iste’dodli kinorejissyor Furqat Usmonov hujjatli filmlar ustasi sifatida bir qancha ishlarni amalga oshirdi. Uning jiddiy ishlaridan biri 2021-yilda suratga olingan olti qismli “Inson” hujjatli filmlar turkumidir. Turkumning birinchi qismi suronli Suriyaning sovuqlarida, chang-to‘zonlarida sarson-u sargardon tentiragan o‘zbek onalari-yu qizlarining dard-u dunyosiga bag‘ishlanadi. Kartinani “Adashganlar istig‘fori” deb qabul qilsak ham yanglishmaymiz. Filmni ko‘ryapman-u Abdulla Oripovning “Kuyi shunday bo‘lsa, g‘amning o‘ziga //Qanday chiday olgan ekan odamzod!” misrasi bot-bot xayoldan o‘tdi.
Film muvaffaqiyati shundaki, muallif qahramonlariga hukm o‘qishdan o‘zini tiyadi. Ularga “mo‘may daromad ilinjida” adashgan osiylar deya malomat toshlarini otmaydi. Aksincha, qismatning qahri qattiq shamollariga yo‘liqqan ojizalar deya hamdard bo‘ladi, ularni tinglaydi.
Shuning uchun ham mazkur hujjatli film davlatning maxsus buyurtmasi bilan suratga olingan bo‘lsa-da, tomoshabin uni tashviqot asari ekanini ma’lum muddat sezmaydi. Chunki rejissyor zargarona ehtiyotkorlik bilan birinchi o‘ringa g‘oyani emas, INSONni qo‘yadi. Ayol qalbi orqali voqelikka, urush kechayotgan yurtga nigohni qaratadi.
Ayol qayerda bo‘lmasin, kimning yonida turmasin, u doim hayot xamirini qorish bilan ovora. Xamir qorayotgan qo‘llar film leytmotivi bo‘lib qayta-qayta takrorlanadi. Uch qahramonning ham badiiy filmga asqotishi mumkin bo‘lgan o‘z dostoni, har bir ayolning er zotiga aytar o‘z arzu dodlari bor. Ayol dardi nima? Ayol dardi – jamiyat jarohati. Ayol ovozi – jamiyat ovozi.
Kartinada “Mehr” insonparvarlik operatsiyasi tarixiy voqea sifatida inson istig‘fori, ko‘zyoshlari orqali ko‘rsatilgan.
Yuzlab odamlar orasidan qahramonlar to‘g‘ri tanlangan. Ularning yuz-ko‘z ifodalarida, so‘zida samimiyat qalqib turibdi. Vazminlik bilan ifodalangan ichki tug‘yonlar ispan kinorejissyori Pedro Almadovarning ayol qahramonlarini eslatadi. Har bir omadli erkak ortida kuchli ayol turadi degan ko‘nikma bor, chindan shunday bo‘lsa, unda baxtsiz, lekin azamat ayol yelkasiga chiqib olgan kim? Bir eryigitning o‘ylamay tashlagan qadami ayol zotiga qanchaga tushadi?
Beminnat qaytar qo‘nalg‘amiz – Vatanning qadri ayollar tilidan ortiqcha pafoslarsiz aks etgan. Furqat Usmonov ijodidagi iztirob yorug‘, ruhni katta ishlarga chog‘laydi, qanotsiz ham uchish mumkin ekaniga ishonch uyg‘otadi. Aynan shu kayfiyat mahzunlik bilan nekbinlik qorishib ketgan film musiqasida aks etgan.
“Inson” turkumining ikkinchi qismi shifokorlar matonatiga bag‘ishlangan. Hujjatli film qahramonlarining hayotiy hikoyalari, dardchil xotiralari tomoshabinda hissiy kayfiyatni uyg‘otadi.
Tibbiyot fidoyilari qiyofasida nafaqat o‘z sohasining ustalarini, balki hayotning quvonch-u g‘amlaridan xoli bo‘lmagan oddiy odamlarni ko‘ra boshlaysiz. Faqat burch tuyg‘usining qat’iyligi ularni ayricha, xos inson ekanini eslatadi. Ularning faoliyati orqali yurtimizda tibbiyot sohasining oldinga qarab qanday odimlayotganidan xabar topamiz.
"Inson" – Davlat tashviqotini mag‘zida sir tutgan film. Ijodkorlardagi nozik did, hadni chamalash farosati mazkur film muvaffaqiyatining siridir. F.Usmonov qahramonning yuragi orqali ijtimoiy voqelikka yo‘l oladi. Go‘yo voqelik insondan keyin turuvchi unsurdek taassurot uyg‘otadi. Aslida aynan shu manyovr axborot asri odamlariga ta’sir qila oladi.
Iqbol QO‘SHSHAYEVA
Tarix
Tarix
Falsafa
Til
Ma’naviyat
Jarayon
Til
Ta’lim-tarbiya
Jarayon
Tarix
Tarix
Tarix
Din
Adabiyot
//
Izoh yo‘q